Jeyms Kuk
Jeyms KUK
(1728-1779)
Jeyms Kuk mashhur
ingliz dengizchi-sayyohi va kartografi, qator
yangi yerlarni kashf etgan shaxs hisoblanadi.
Dunyo okeanini tadqiq qilish maqsadida
amalga oshirilgan Yer shari bo`ylab uchta aylanma
sayohatlarga boshchilik qilgan va bir talay muhim
geografik kashfiyotlar qilgan. Jumladan, sayyoh XVIII asrgacha juda kam o`rganilgan Nyufaundlend oroli va Kanadaning sharqiy qirgoqlarini, Avstraliyani, Shimoliy Amerikaning g`arbiy qirg`oqlarini, Tinch, Hind va Atlantika okeanlarini tadqiq etgan va xaritaga tushirgan. Kartografiyaga alohida
e’tibor berganligi bois, Kuk tomonidan tuzilgan xaritalar aniqligi
bilan alohida ajralib turgan va XIX asrning oxiriga qadar
ulardan dengizchilar keng foydalanishgan. Jeyms Kuk dengizchilar uchun eng
xavfli sanalgan dard - singa kasalligiga qarshi
samarali kurash usulini o`zlashtirib, o`ziga
xos inqilob yasadi. Shuning uchun ham
sayyoh tashkil etgan ekspeditsiyalarda ushbu kasallik tufayli yo`qotishlar
juda kam bo`lgan.
Jeyms Kuk 1728-yilning 27-oktyabrida
Buyuk Britaniyaning Janubiy Yorkshir grafligidagi Marton qishlogida tug`ilgan.
1736-yilda Kuklar oilasi Greyt Ayton qishlogiga kuchib o`tib, Jeyms shu yerdagi
maktabda ta’lim oldi. 18 yoshga tulganda, ya’ni 1746-yilda ko`mir tashiydigan
«Frilav» savdo kemasiga yunga bo`lib ishga yo`llangach, bo`lajak sayyohning
dengizdagi hayoti boshlangan. Keyinchalik Kuk kema kapitani yordamchisi
sifatida Gollandiya, Norvegiya va Boltiq dengizi bandargohdariga sayohat qildi.
1755-yilda savdo kemasining xo`jayini
Kukka «Frendship», deb nomlangan alohida kemaga qumondonlik qilishni taklif qilsa-da,
sayyoh rad javobini bergan. Shu yilning iyun oyida Britaniya Qirollik harbiy-dengiz
flotiga oddiy dengizchi bo`lib xizmatga kirgan va bu borada tuzukkina tajribasi
borligi sababli bir oy o`tgach, botsman etib tayinlandi. 1762-1767-yillarda
kema qumondoni sifatida Nyufaundlend oroli qirgoqlarini va uning ichki qismlarini
tadqiq qilgan. Shuningdek, Sant-Lavrentiy va Gonduras qo`ltiqlari xaritalarini
tuzdi.
Jeyms Kuk Yer
shari bo`ylab amalga oshirilgan uchta aylanma sayohatga boshchilik qilgan.
Jumladan, 1768-1771-yillarda «In-devor» kemasida Tinch okeaniga amalga
oshirilgan birinchi ekspeditsiya Janubiy materikni topish va Avstraliya qirgoqlarini,
ayniqsa, uning hali o`rganilmagan sharqiy qismini tadqiq etishni o`z oldiga maqsad
qilib qo`ygandi.
Kuk ekspeditsiyasi 1768-yilning 26-avgustida
Plimut shahridan chiqib, 1769-yilning aprelida Taiti oroliga yetib borgan.
Tinch okeanida yana to`rtta orolni kashf etib, ochiq dengizda 2,5 ming km
suzib, 1769-yilning oktyabrida qor bilan qoplangan baland tog`li noma’lum yerga
yetib keldilar. Bu Yangi Zelandiya bo`lib, sayyoh uch oy davomida uning barcha qirgoqlarini
tekshirib chiqqan. Tekshirishlar natijasida Kuk ushbu orol Abel Tasman
aytganidek, Janubiy yerning bir qismi bo`lmay,
balki o`rtasidan bo`g`iz bilan ajralib turuvchi ikkita
yirik oroldan iborat ekanini tasdiqlagan va xaritaga
tushirgan. Keyinchalik bu ikki orolni ajratib turuvchi bo`g`iz Kuk nomi bilan atalgan.
1770-yilning
aprel oyida Kuk birinchi bo`lib Avstraliyaning sharqiy qirg`oqlariga kelgan.
Sayyoh Avstraliyaning umumiy uzunligi 4000 km.ga teng sharqiy qirg`og`i va Katta
marjon qoya tusiqlarining barcha qismlarini (2300 km) o`rgangan va
xaritaga tushirgan. Kuk Avstraliyada noma’lum hayvonga duch kelgan va mahalliy
aborigendan «bu qanday hayvon?», deb so`raganda, inglizchani bilmagan aborigen o`z
tilida «tushunmayman», deb javob bergan va bu so`z «kenguru» qabilida talaffuz
etilgan. Jeyms Kuk va tabiatshunos Jozef Benks hayvonni xuddi shu nomda
ta’riflab, o`z ma’lumotlarini ikkinchi ekspeditsiya natijalari bilan birga
e’lon etishgan va shu tariqa yevropaliklarga kenguru ma’lum bo`ldi.
Kuk Avstraliya
qirgoqlarini Katta marjon qoya to`siqlari okeandan ajratib turishini
tekshirayotib, Avstraliya va Yangi Gvineya o`rtasidagi bo`g`izga duch kelgan va
«Yangi Gvineya Avstraliya bilan tutashmi yoki yo`q?», degan savolga aniqlik
kiritgan. Xuddi shu bo`g`iz orqali Kuk Bataviyaga (hozirgi Indoneziya poytaxti Jakarta shahri) kelgan. Kuk
singa xastaligiga qarshi kurashning samarali usulini topganini yuqorida eslatib
o`tdik. Ammo tropik bezgak kasalligi tufayli uning ko`plab hamrohlari vafot
etgan. 1771-yilning 14-martida Kuk ekspeditsiyasi Keyptaun bandargohiga
kelganda, kemada ishga yaroqli 12 kishigina qolgan edi. Keyptaunda kema ekipaji
to`ldirilib, ekspeditsiya 1771-yilning 12-iyulida Britaniyaga qaytib kelgan.
Jeyms Kukning birinchi, ikkinchi va uchinchi sayohati
1772-1775-yillarda «Rezolyushn» va
«Edvencher» kemalarida Jeyms Kukning ikkinchi ekspditsiyasi tashkil etilgan bo`lib,
uning asosiy maqsadi Janubiy materikni (Antarktida) topish va Yangi Zelandiya
orollarini to`laroq tadqiq etish edi. Mazkur Yer shari bo`ylab aylanma sayohat
XVIII asrning ikkinchi yarmida amalga oshirilgan geografik kashfiyotlar va tadqiqotlar
ichida eng ko`zga ko`ringan voqea bo`ldi. Kuk boshchiligidagi ekspeditsiya
Okeaniya va Janubiy Atlantika orollari xaritalariga aniqlik kiritish, ularning
geologiyasi, hayvonot va nabotot olamini o`rganish bo`yicha katta hajmdagi tadqiqotlarni
amalga oshirgan. Kukning ekspedisiyasi 1773-yilning yanvarida dengiz
sayohatlari tarixida birinchi bo`lib 40° sharqiy uzoqlikda Janubiy qutb
doirasini kesib o`tib, 66° janubiy kenglikdan ham janubroqqa suzishga erishdi. O`sha
yili Janubiy materikni qidirib topish maqsadida yana ikki marta 71°10' janubiy
kenglikkacha suzib bordi. Birinchi marta usti yassi aysberglarni uchratgan
sayyoh ularni «suzib yuruvchi muz orollari», deb atagan.
Qutb yaqinida quruqlik borligiga
Kuk qattiq ishonardi. Biroq, muzlarning to`planishini hisobga olib, janub
tomonga boshqa suzish mumkin emas, degan xulosaga kelgan. Bu bilan sayyoh «aholi
yashaydigan ulkan Janubiy materikning (Antarktida) mavjudligi» hakidagi turli
taxminu farazlarga chek qo`ydi. Rus sayyohlari F.Bellinsgauzen va M.Lazarevlar 1820-yilda
o`zlarining Janubiy qutb atrofi bo`ylab aylanma sayohati natijasida Antarktida
materigini kashf etdilar va Kukning yuqoridagi xulosasi noto`g`ri ekanini
isbotladilar.
Janubiy materikni topa olmagan Kuk
Yangi Zelandiya tomon yo`l olgan. Bu yerda ekspeditsiya a’zolari mahalliy aholi
o`rtasida kannibalizm (odamxo`rlik) holati mavjudligining shohidi bo`lishgan.
Shu ahvolni ko`rgan va oziq-ovqat g`amlab olish uchun qirgoqqa tushgan ekipaj
a’zolaridan 10 kishining sirli g`oyib bo`lishidan vaximaga tushgan «Edvencher»
kemasi Kuk orolni tekshirish bilan band bo`lgan paytda o`zboshimchalik bilan
Angliyaga junab ketgan. Bittagina «Rezolyushn» kemasi bilan qolgan Kuk Yangi
Zelandiya qirgoqlaridagi Sharlotta qo`ltigidan yana qutb tomon yo`l olgan va
1773-yilning 21-dekabrida ikkinchi marta Janubiy qutb doirasini kesib o`tsa-da,
baribir Antarktida qirg`og`ini topa olmagan.
Shundan so`ng, Kuk 1774-yilning
martida Pasxa oroliga, aprelning boshlarida Maggiz orollariga va aprelning
oxirida Taiti oroliga yetib bordi. Taitidan so`ng sayyoh Xuaxine, Raiatea, Do`stlik,
Fiji
orollariga ham langar tashladi. Ekspeditsiya tomonidan 1774-yilning 3-sentyabrida
Yangi Kaledoniya oroli kashf etilgan. 1774- yilning oktyabrida sayyoh Yangi
Zelandiyaning Sharlotta qo`ltigiga qaytdi va bu yerda bir oycha turib,
Keyptaunga yo`l oldi. Keyptaunga kelgach, Kuk uchinchi va oxirgi marta qutb
tomon suzganida Janubiy Georgiya orolini kashf etgan. Ammo sayyoh bu safar ham
Antarktidani topa olmagan. Shundan so`ng, Kuk to`ppa-to`g`ri Angliyaga junab,
1775-yilning 30-iyulida vataniga qaytib keldi.
Kukning uchinchi ekspedisiyasi 1776-1780-yillarda "Rezolyushn” va
"Diskoveri” deb nomlangan ikkita kemada Shimoliy Amerikaning shimolidagi
dengizlar orqali Tinch okeanidan Atlantika okeaniga o`tadigan shimoli-g`arbiy
suv yo`lini topish maqsadida tashkil etilgan. Ekspedisiya 1776-yilning iyulida
yo`lga chiqqan va Keyptaunga keta turib, Kanar orollaridagi Tenerife
orolida to`xtagan. 1776-yil dekabrda esa Keyptaundan chiqqan Kuk Tasmaniya
tomon yo`l olib, Hind okeani janubidagi Kergelen orolini kashf etgan.
Tasmaniyada oziq-ovqat, suv va o`tin zahiralarini to`ldirgach, ekspeditsiya
1777-yilning fevralida Yangi Zelandiyadagi Sharlotta qo`ltigiga keldi. Bu yerda
Kuk avvalgi safari chog`ida hamrohlarining nobud bo`lishiga sabab bo`lgan
kannibal aborigenlarni boshqa go`shtlarni ham iste’mol qilishga o`rgatish maqsadida
ularga Angliyadan olib kelgan qo`lardan bir qismini ajratgan.
Kuk kemalari Yangi Zelandiyadan
Taiti tomon yo`l oldi va qarshi shamol tufayli dastlab, Do`stlik orollariga, so`ngra
1777-yilning avgustida Taitiga yetib borgan. O`sha yilning dekabrida
ekspeditsiya shimoliy yarimshar tomon harakat qildi va 22-dekabrda Ekvatorni
kesib o`tib, 24-dekabrda Rojdestvo orolini kashf etdi. 1778-yilning 18-yanvarida
Kuk Gavayi orollarini kashf qilib, ularga Sendvich orollari, deb nom bergan.
Kuk 1778-yilning aprelida Alyaska
tomon borishga qaror qildi. O`sha yili avgust oyida Bering bo`gizi orqali
Shimoliy qutb doirasini suzib o`tib, Chukotka dengiziga yetib oldi. Ammo suzib
yuruvchi yirik muzlarning ko`pligi sababli ortiga qaytib, rus sayyohlari
tomonidan ochilgan Aleut orollariga kelib, tadqiqot ishlarini davom ettirdi.
1778-yil noyabr oyi oxirlarida Kuk ekspeditsiyasi Gavay orollariga qaytib
kelib, bu yerda faqat 1779-yil yanvar oyi o`rtalarida kema to`xtashi uchun qulay
joy topgan.
Dastlab, Gavay orollaridagi bir
necha ming kishilik mahalliy aholi bilan ekspeditsiya a’zolari o`rtasida iliq munosabat o`rnatildi. Bunga
gavayliklarning Kukni o`z xudolaridan biri, deb qabul qilishgani sabab. Sayyohning
kemasidagi turli buyum va anjomlar gavayliklar uchun muqaddas tuyulib,
asta-sekin u-bu narsalarni ug`irlay boshladilar. Gavayliklar hatto, sayyoh
suzib kelgan kemaning eng muhim qismlarini sindirib olib ketib, uning ishdan
chiqishiga sabab bo`lishgan. Buning natijasida ekspeditsiya a’zolari va mahalliy
aholi o`rtasida to`nashuvlar yuzaga keldi. Kemaning o`g`irlab olib ketilgan qismlarini
qaytarib olish ilinjida J.Kuk gavayliklar sardori Kalaniopuni garovga oldi.
Sardorlari hayotining xavf ostida qolganini payqagan gavayliklar Kuk kemasini o`rab
olib, Kalaniopuni qaytarib berishni talab qilib, dengizchilarga ochiqdan-ochiq
po`pisa qila
boshlashgan. 1779-yilning 14-fevralida ana shunday to`qnashuvlarning birida
Jeyms Kuk mahalliy aborigen tomonidan orqasiga nayza sanchib, o`ldirilgan.
Ekspeditsiya a’zolari Kuk jasadining kannibal aborigenlardan ortgan qoldiqlarini
oradan ancha kun o`tib, ya’ni 22- fevralda dengizga dafn etdilar.
Kukning
halok bo`lganiga qaramasdan uchinchi ekspeditsiya juda sa marali bulganini
ta’kidlash joiz. Bu sayohati davomida
Kuk orollar zanjiriga kiruvchi 3 ta atollni, Layn arxipelagidagi 2 ta orolni va
5 ta Gavay orollarini kashf qilgan. U Shimoliy Amerikaning shimoli-g`arbiy qirgoqlarini
44°20' shimoliy kenglikdan 70°44' shimoliy kenglikka qadar o`rganib,
Prins-Uilyam, Kuk, Bristol va Norton qo`ltiqlarini kashf etdi. Shuningdek, Muqaddas
Ilya tog`lari, Kenay, Alyaska va Styuard yarimorollari, Alyaska va Aleut tog`
tizmalarini o`rgangan. Osiyo bilan Amerika o`rtasida Bering bo`gizi
mavjudligini tasdiqlab berdi.
Jeyms Kuk butun hayoti davomida
«intilish va maqsadga erishish» degan shiorga qat’iy amal qilib yashagan. Uning
xotirasi 20 dan ortiq geografik ob’ektlarda abadiylashtirilgan bo`lib, ular
orasida uchta qo`ltiq, ikki guruh orollar va ikkita bo`giz mavjud.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.