Agrogeografik tadqiqotlar va Yer kadastri
Geografiya serqirra fan bo‘lib, uni
o‘rganish jarayonida juda ko‘plab sohalar, kasblar, mutaxassisliklar bilan
tanishish imkoni bo‘ladi. Amaliy geografiya fani ko‘plab tadqiqot usullarini
o‘z ichiga oladi. Ishlab chiqarish faoliyatining ko‘plab sohalarida amaliy
geografiya ishtirok etadi. Amaliy geografiyaning asosiy tadqiqot yo‘nalishlari:
agrogeografik, muhandis-geografik, tibbiy-geografik, rekreatsiya, kartografik,
rayon planirovkasi, demografik va boshqa yo‘nalishlardan iborat. Quyida
ularning ayrimlari haqida bilib olamiz.
Agrogeografik («agro» —
yunoncha so‘z bo‘lib, dala ma’nosini bildiradi) tadqiqotlar natijasida yer
resurslari qishloq xo‘jalik maqsadlari nuqtayi nazaridan baholanadi.
Agrogeografik tadqiqotlar davomida olingan ma’lumotlar asosida har bir hudud
uchun yerdan foydalanishning aniq chora-tadbirlari ishlab chiqiladi.
O`zbekiston yer resurslaridan foydalanish
Jami: 448,9 ming km.kv
O`rmon va bo`tazorlar - 3,2 %
Tabiiy yaylovlar va o`tloqlar - 50,1%
Sug`oriladigan yerlar - 9,7 %
Lalmikor yerlar - 1,7 %
Foydalanilmaydigan yerlar - 35,3 %
Qishloq xo‘jalik yerlariga
ekin ekiladigan yerlar, bo‘z yerlar, ko‘p yillik daraxtzorlar, pichanzor va
yaylovlar kiradi. Qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashtirishda relyef va uni
tashkil qilgan yotqiziqlar muhim ahamiyatga ega. Joyning relyefi hududning
tuproq, grunt suvlari va yer usti suvlari me’yorini, o‘simlik qoplami va iqlim
xususiyatlarini belgilaydi. Madaniy ekinlar ham joy relyefiga mos ravishda
tabaqalashtiriladi. Masalan, daryolarning (Sirdaryo, Amudaryo, Qoradaryo,
Norin, Chirchiq, Ohangaron, Zarafshon va h.k.) yuqori terrasalari
sug‘oriladigan yerlardan iborat bo‘lib, ularda paxta, g‘alla, yem-xashak
ekinlari yetishtiriladi. Daryolarning quyi terrasalarida (I-II) sholi va
boshqa suvni ko‘p talab qiladigan ekinlar yetishtiriladi. Adirlarda, o‘rtacha
balandlikdagi tog‘larning yonbag‘irlarida lalmi ekinlar, cho‘llarda va tog‘
yonbag‘irlarida yaylov va pichanzorlar joylashgan. Shunga ko‘ra, O‘zbekistondagi yerlar
terrasali, deltali, yoyilmali,
adirli, tog‘ yonbag‘irli yerlarga ajratilishi mumkin.
Ma’lum bir davlat, viloyat, tuman yoki
hududda yer resurslari bo‘yicha muntazam ravishda o‘tkazilgan kuzatishlar
natijasida yig‘ilgan ma’lumotlarning jamlanmasi kadastr deb ataladi. Kadastr yer, suv, qazilma
boylik, yaylov, o‘rmon va boshqalar bo‘yicha ham tuzilishi mumkin.
Davlat yer kadastri quyidagi ma’lumotlarni
o‘z ichiga oladi: yerning kimga qarashli ekanligi; uning miqdor va sifat
xususiyatlari; tuproq bonitirovkasi; yerning iqtisodiy baholanish natijalari.
Yer kadastri mamlakat bo‘yicha yagona
tizimga ega bo‘lib, unda yerning aniq maydoni va sifati, tabiiy, xo‘jalik va
huquqiy holati to‘g‘risida to‘liq ma’lumot bo‘ladi. Yer kadastri asosini tuproq bonitirovkasi tashkil qiladi. Yer
resurslarini sifat jihatdan qiyosiy baholash tuproq bonitirovkasi deb ataladi.
Tuproq bonitirovkasi tuproq hosildorligiga qarab belgilanadi va odatda 100
balli shkala asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekistonda bonitirovka asosini paxta
hosili tashkil qiladi. Paxtadan gektariga 40 sentner hosil beradigan yerlar 100
balli bonitetga teng deb olinadi.
O‘zbekistonda eroziyaga uchramagan tipik va
bo‘z tuproqlar yuqori bonitetga (80-100 ball), deltalardagi sho‘rlangan,
sug‘oriladigan o‘tloq tuproqlar o‘rtacha bonitetga (40-60
ball), kuchli sho‘rlangan, toshloq, taqirli va gilli tuproqlar past bonitetga
(10-39 ball) ega.
Sho‘rlanish, shamol va suv eroziyasi tuproq unumdorligining
pasayib ketishiga kuchli ta’sir etadi. Yer osti suvlari sathi ko‘tarilib ketgan
joylarda tuproqlarning sho‘rlanishi kuzatiladi. Sho‘rlanishning oldini olish
uchun quritish melioratsiyasi amalga oshiriladi («melioratsiya» so‘zi — lotin
tilidan olingan bo‘lib, «yaxshilash» degan ma’noni bildiradi), buning uchun
zovurlar qaziladi. Masalan, Mirzacho‘l, Qarshi cho‘llarida yerlarning zaxini
qochirish uchun zovurlar 2,5-3,5 m chuqurlikda qaziladi. Bu esa ikki zovur oralig‘ida
yer osti suvlarining chuqurligi 2-3 metr bo‘lishini ta’minlaydi. Yer osti
suvlari sathi qanchalik chuqur bo‘lsa, bug‘lanish shuncha kam bo‘ladi va
tuproqlar sho‘rlanmaydi.
Yer osti suvlarining sathi yer yuzasiga
juda yaqin joylashgan hududlarda tuproqlarning sho‘rlanishi juda kuchli
bo‘ladi. Uning oldini olish uchun har yili qishda tuproqning sho‘ri yuvib
turiladi (Xorazm, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Sherobod, Mirzacho‘l, Qarshi
vohalari).
Shamol kuchli esadigan hududlarda (Markaziy
Farg‘ona, Mirzacho‘l, Dalvarzin, Qarshi, Sherobod cho‘llarida) tuproqning ustki
qismi eroziyaga uchraydi, oqibatda tuproqning unumdor chirindili qatlami uchib
ketadi.
Shamol eroziyasining oldini olish uchun
shamolning yo‘nalishiga ko‘ndalang tarzda ihota daraxtzorlari tashkil
qilinadi. Ihota daraxtzorlari shamolning kuchini kamaytiradi va tuproqdagi
namni uzoqroq ushlab turishga imkon beradi.
Sug‘orish jarayonida nishab yerlar suv eroziyasiga
uchraydi. Bunday eroziya sug‘orish (irrigatsiya) eroziyasi deb ataladi. Sug‘orish
eroziyasining oldini olish uchun nishab yerlarni haydash va sug‘orishni
ko‘ndalangiga amalga oshirish lozim. Bunda suv nishab joylarda tuproqni o‘yib
ketmaydi va bir tekis oqadi.
Eslab
qoling!
Agrogeografik tadqiqotlar — yer
resurslarini qishloq xo‘jalik maqsadlarida baholash.
Ma’lum bir davlat,
viloyat, tuman yoki hududda yer resurslari bo‘yicha muntazam ravishda
o‘tkazilgan kuzatishlar natijasida yig‘ilgan ma’lumotlarning jamlanmasi kadastr
deb ataladi.
Tuproq bonitirovkasi — yer
resurslarini sifat jihatdan qiyosiy baholash.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.