Turizmning vujudga kelishi va rivojlanishi 

5 228

Turizm (sayohat) ijtimoiy-tarbiyaviy xususiyatlarga ega bo‘lgan nazariy va amaliy fan sifatida o‘qitiladi. U o‘zining ijtimoiy tizimlar (formatsiya) bilan bog‘liq bo‘lgan o‘z tarixi hamda rivojlanish jarayonlariga ega. Turizm umumiy ma’noda sayr-sayohatlar, sarguzashtlarni ifoda etadi. Shu sababdan ular ijtimoiy-turmush va mehnat jarayonlaridan tarkib topadi. Turizm haqida ilmiy-ommabop risolalar, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar juda ko‘p. Ularning mazmunida turli yoshdagi kishilar va aholining talablariga qarab sayr-sayohatlarni tashkil qilish yo‘llari bayon etilgan. Turizmning vujudga kelish omillari va davrlari ijtimoiy turmush, madaniy hayot va mehnat jarayonlari bilan bevosita bog‘liqdir. Eng qadimgi insonlar yashash uchun ov va mehnat qurollarini yaratishga harakat qilganlar. Shu tarzda tog‘lar, daryo va ko‘llarning sohillarida yashab, yovvoyi hayvonlarni ov qilganlar, ularni qo‘lga o‘rgatib o‘z mehnatlarida foydalanganlar. Ov manzillari va dam olishga qulay bo‘lgan joylarda ma’lum bir belgilarni (tur) qo‘yishgan va zarur bo‘lgan paytlarda ana shu joylarga kelib hordiq chiqarishgan, turli o‘yinlar tashkil qilib musobaqalashishgan. Ishlab chiqarish va mehnat jarayonlarining takomillashuvi, ov va jang qurollarini yaratishining yangi usullari odamlarning uzoq joylarga borib ov va mehnat qilishi, shu asosda eng qulay va yaxshi joylarni tanlab dam olish, hatto o‘troqlashib qolishlariga olib kelgan. Shu tariqa daryolar, ko‘llar, dengizlarda ov qilish, sayr o‘tkazish,  izlanish uchun kemalar  yasab, ulardan maqsadli  foydalanganlar. Bu sohada Xristofor Kolumbning Amerika qit’asiga borib qolishi (kashfiyot), turli sayohatchilarning Hindiston, Afrika, Avstraliya va boshqa qit’alar, mamlakatlarga borganligi tarixdan ma’lum.
XIX asrning ikkinchi yarmida bir qator rus sayyohlari, mutaxassis olimlari (asosan harbiylar) Markaziy Osiyoning iqlimi, tabiiy boyliklari, aholining madaniyati va boshqa jihatlarini o‘rganish uchun tashrif buyurishgan. Ular orasida P.P.Semyonov, Tyanshanskiy, Prejevalskiy kabilar tog‘ sharoitlarini chuqur o‘rganib, maxsus xaritalar tayyorlaganlar. O‘zbekistonda turizmning dastlabki rivojlanish davri asosan o‘tgan asrning birinchi choragiga to‘g‘ri keladi. 1925–1930-yillarda Markaziy Kasaba uyushmalari kengashi qoshida maxsus turistik jamiyat, ya’ni ishchi-dehqonlar turizm tashkilotini ta’sis etgan. Bu jamiyat asosan mehnatkashlarning turli shaharlarga sayohatini (ekskursiya) uyushtirish, o‘quvchi-yoshlarni tarixiy obidalar bilan tanishtirish, o‘lkani o‘rganish  kabi tadbirlar bilan shug‘ullangan. Shuningdek, dam olish kunlari ommaviy ravishda shahar atroflariga piyoda chiqish, chang‘ida yurish, velosiрedda sayr qilish kabi amaliy faoliyatlarni tashkil qilgan. Ularning asosiy maqsadi jismonan chiniqish, mehnat faoliyatini oshirish va mudofaa ishlariga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat edi. Ikkinchi jahon urushi yillarida (1941–1945-yillar) harbiy tayyorgarlik jarayonlarida o‘quvchi-yoshlar va mehnatkashlarning topografik bilimlarini oshirishga alohida e’tibor berildi. Atroflarni chamalab (ориентирование) topish, xaritani o‘qish, mo‘ljalga tez yetib borish (jismoniy harakat) kabi turistik faoliyatlar keng rivojlandi. Bu jarayonlar o‘sha davrlarda va hatto keyinchalik ham "Mehnat va mudofaga tayyor” majmuyidan o‘rin oldi. Urushdan keyingi yillarda (1950–1960-yillar) Markaziy Kasaba uyushmalarining tashabbusi bilan barcha viloyatlarda va ularning quyi tarmoqlarida turistik klublar tashkil etildi. Klublar turizm bo‘yicha (piyoda yurish, tog‘ turizmi, velosiрed turizm va hokazolarni uyushtirish)  seksiyalar, to‘garaklar, jamoalar  tashkil  etib, musobaqalar tashkil etishga kirishdi. Keyingi 30–40 yil davomida (1955–1990-yillar) Respublikalar, hududlar (Markaziy osiyo, Kavkaz, Boltiq bo‘yi, O‘rol, Sibir va hokazo) miqyosida slyotlar (musobaqalar) tashkil etildi. Ularning dastur mazmunida kategoriyali (darajali) piyoda yurish, tog‘ so‘qmoqlari va dovonlaridan oshish, daryolardan kechib o‘tish, arqonlarga osilib daryo, jarlarning us- tidan o‘tish hamda belgilangan joylarni kompas orqali va chamalab topish, gulxan yoqish, chodirlarni tez (vaqtga) o‘rnatish, jarohatlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, jamoaning ish faoliyatlarini ifoda etuvchi albomlarni namoyish etish, qo‘shiq-raqs bo‘yicha ko‘rik-tanlov o‘tkazish kabi ko‘p qirrali ijtimoiy-tarbiyaviy jihatlar o‘rin egallagan edi. Bunday nufuzli turistik tadbirlar boshlang‘ich jamoalarda (ta’lim muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari va hokazoga) ham u yoki bu darajada o‘tkazilishi odatga aylandi. Ommaviy piyoda yurish, shahar va tarixiy yodgorliklarni tomosha qilish sayr-sayohatlari asosan quyi jamoalarda yaxshi yo‘lga qo‘yildi. Markaziy shaharlar, viloyatlarda tashkil qilingan seksiyalardagi terma jamoalar tog‘ turizmi, velosiрed turizmi kabilar bilan  shug‘ullanib, ularda chamalab topish (ориентирование) bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlar tashkil qilindi. Shu asosda yuqorida zikr etilgan turlar maxsus sportga aylandi. Ularning qoidalari (ni- zomlar) ishlab chiqilib, sport razryadlari (I-II-II darajalar, sport ustaligiga nomzod, sport ustasi, xizmat ko‘rsatgan sport ustasi va hokazo unvonlar) tasdiqlandi. Belorussiya, Boltiqbo‘yi, O‘rol, Sibir o‘lkasida o‘z hududlariga mos, asosan turizmning tog‘ turizmi, chamalab topish,  suv turizmi kabi turlari amalga oshirildi. Kavkaz, Qirg‘iziston va shu kabi boshqa tog‘li hududlarda esa tog‘ turizmi (g‘orlarni topish, qoyalarni zabt etish) ko‘proq rivojlanadi. Boshqa hududlarda ommaviy piyoda yurish turizmi keng rivojlandi. Jamiyatdagi qayta qurish (1980–1990-yillar) tadbirlari boshqa sohalar  kabi  turizm  ishlariga,  ayniqsa, jamoalarda  ommaviy sog‘lomlashtirish sayohatlarini tashkil qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatdi,  ya’ni: – shug‘ullanuvchilarning erk va istaklarini chegaralash, moddiy-texnik ta’minotni bekor qilish, faollarning sa’y-harakatlarini to‘xtatish kabi tadbirlar rasmiy ravishda amalga oshirildi. Buning oqibatlari hozirgacha turizmning rivojlanish jarayonida seziladi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.