Yuklanmoqda...

Nima uchun Niderlandiya Gollandiya deb ataladi?


Bu mamlakatni qanday atash to'g'ri sanaladi: Gollandiyami yoki Niderlandiya? Qanday qilib butunlay har xil bo'lgan nomlar bir mamlakatga tegishli bo'lib qoldi? Bu savolga oydinlik kiritish uchun tarixga yuzlanishimizga to'g'ri keladi.
 
«Niderlandiya» nomining o'zi «quyi yerlar» deya tarjima qilinadi. Balki, so'zlashuv nutqida bu atama X asrda bu hudud Muqaddas Rim imperiyasi hukmi ostida bo'lgan vaqtda paydo bo'lgandir. Biroq yozma manbalarda XIV asrga kelib yodga olina boshlandi. Uzoq vaqt mobaynida bu yerda bir-biri bilan aralashgan turli xalqlar yashagan. Nemis hukmdorlari esa bu hududni belgilash maqsadida uning dengizga yaqin joylashganini hisobga olib, oddiygina qilib «quyi yerlar» deb ataganlar. Vaqt shiddat bilan o'tardi, hukmdorlar o'zgardi, davlatlar quladi. Oxir-oqibat, «quyi yerlar» mustaqillikka ega bo'ldi. Biroq Nederland nomi mustahkam o'rnashib qoldi va hozir ham jahon siyosatida qo'llaniladi. Shuning uchun bu mamlakatni aynan Niderlandiya deb atash to'g'ridir.
 
U holda Gollandiya atamasi qayerdan kelgan? Bu Niderlandiya tarkibidagi hududning nomigina xolos. Gollandiya hududi mamlakatning ikki hududi - Shimoliy va Janubiy Gollandiyadan iborat. Tarixdan shimoliy provinsiyada joylashgan, poytaxti Amsterdam bo'lgan Gollandiya mamlakatning rivojlangan qismi bo'lgan. Gollandiyaning madaniy va iqtisodiy yutuqlari Yevropa bo'ylab tarqalgan. 1697 yilda Rossiya imperatori Petr I o'z yaqinlari bilan aynan Gollandiyaga tashrif buyurgan va armiya hamda flotni qaytadan jihozlash uchun ustalarni yollagan. Ulardan «Qayerdan keldingiz?» deya so'rashganida o'zlarining rivojlangan hududlaridan faxrlanib, «Gollandiyadan» deyishgan. Vaqt o'tishiga qaramay, odamlar Gollandiya va Niderlandiyani bir mamlakatning ikki nomi deya tushunishlari taajjublanarli emas. Bunday yanglish tushuncha faqat rus tilida so'zlashadigan mamlakatlargagina xos emas. Niderlandlarning oltin davrida mustamlakalarga asos solish, qullar savdosi va iqtisodiy munosabatlarni o'rnatish bilan asosan kelib chiqishi gollandiyalik bo'lganlar shug'ullanishgan. Ular o'z navbatida xorijliklar oldida hududlarining ustunligini alohida qayd etishni unutmaganlar.
Manba: kun.uz

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar