7-sentyabr Braziliyaning mustaqillik kuni 

1 649

1822-yil 7-sentabr – Janubiy Amerikaning yuragi  hisoblangan Braziliya o’z mustaqilligiga erishgan. Portugal sayyohi Amerigo Vespuchchi Janubiy Amerikani alohida materik sifatida 1497-yilda kashf etgan, uch yil o’tgach, Braziliya 1500-yilda boshqa Portugal sayyohi – Pedru Alvaresh tomonidan kashf etilgan. Braziliya 1822-yilning 7-sentyabrida o’z mustaqilligiga erishgan, 1889-yildan boshlab respublika deb e’lon qilingan. Kashf etilgan vaqtda portugaliyaliklar Braziliya hududiga Vera Krush Yeri (portugalchada "Vera – Krush” "haqiqiy xoch” ma’nosini anglatadi), deb nom berishgan. Ammo keyinchalik ushbu mamlakat Braziliya deb atala boshlagan. Mutaxassislarning fikricha, mamlakat hozirgi nomining kelib chiqishi bu yerdan Yevropaga katta miqdorda olib ketilgan sandal daraxtining turi – "pau – brazil” bilan bog’liq. Mazkur qimmatbaho daraxt Yevropaga buyoq, mebel va musiqa asboblari ishlab chiqarish uchun olib kelingan. Mamlakat aholisi dunyodagi eng aralash tarkibga ega bo’lgan braziliyaliklardan tashkil topgan. Jumladan, oq tanlilar, asosan, portugaliyaliklar, italiyaliklar, ispanlar, nemislar, arablar aholining 53,9 foizini, mulatlar (oq va qora tanlilarning avlodlari) – 38,5, qora tanlilar – 6,2, osiyoliklar (asosan, yaponlar) – 0,5, hindular – 0,43 foizini tashkil etadi. Aholi soni XIX asrning 80 yillaridan boshlab tez ko’paya boshlagan. XVIII asrning boshlarida mamlakat hududida 1,2 mln. kishi yashagan, 1790 yilda 2,9 mln. kishi, XIX asr oxirida – 17,9 mln. kishiga yetgan.

7-sentyabr Amerikada Kolbasa bayrami (Solyami) kuni
Noan’anaviy "Solyami” kolbasasi 2006-yil 7-sentyabrda AQShning Virdjiniya shtatida ikki dugona Kristina va Virdjiney tomonidan barchaning sevimli kolbasasi "Solyami” kashf etildi. Ushbu kun har yili Amerikada bayram sifatida nishonlanadi. Bu kungi bayram dasturxonini solyami kolbasalarisiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Bayramona dasturxonda uning turli xil, chiroyli shakllarda kesib qo’yilganini ko’rib, ko’zlar quvonadi. Solyami turli-tuman salatlarda o’zini betakrorligi bilan boshqa kolbasalardan ajralib turadi. Bu kolbasani Italiyalik kambag’al dehqonlari go’shtni uzoq qish kunlarida yaxshi saqlanishi uchun o’ylab topishgan. U o’z nomi bilan "Solyami” italyancha so’zdan olingan bo’lib, "Sale” – tuz, ya’ni tuzning turmushimizdagi ahamiyatini shu orqali ko’rsatib berishdi.

7-sentyabrda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tashkil etilgan.
1991-yil 7-sentyabr – O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tashkil etildi. Toshkent iqtisodiy faoliyat milliy banki, O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (Amir Temur shohko’chasi, 101) - O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991 yil 10 sentyabrdagi farmoni bilan tashkil etilgan. Bank ta'sischisi va ustav kapitalining yagona aksiyadori O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidir. Bank zamonaviy bank tizimini shakllantirish va respublikaning xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasidagi siyosatini amalga oshira boshlanishi jarayonida qatnashib, tashqi iqtisodiy aloqalarning samarali qo’llab-quvvatlanishini ta'minlaydi. Bank eksportga mo’ljallangan va import o’rnini bosuvchi ishlab chiqarishlar uchun xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda yuqori sifatli zamonaviy bank xizmatlarining keng doirasini taqdim etishda faol ishtirok etadi. Bank tomonidan moliyaviy jihatdan qo’llab-quvvatlangan investitsiya loyihalari energetika resurslari va metallarni qazib olish hamda qayta ishlash, qishloq xo’jalik, to’qimachilik va kimyo sanoati, transport, aloqa va sayyohlik infratuzilmasi, kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik sohalarini jadal rivojlantirishni ta'minlamoqda. Keng vakillar tarmog’i Milliy bankka operatsiyalar geografiyasini kengaytirish hamda respublikadagi korxona va tashkilotlarning boshqa mamlakatlardagi sheriklar bilan hisob-kitoblarini uzluksiz amalga oshirish imkonini beradi. Milliy bank 640 dan ziyod yetakchi xalqaro banklar bilan vakillar munosabatlarini o’rnatgan. Bankning 93 ta filiali mamlakatning barcha iqtisodiy muhim mintaqalarida joylashgan, ular qariyb 1390,2 ming korporativ va xususiy mijozlar uchun keng doiradagi xizmatlar ko’rsatadi. Respublika hududida 72 mini banki va 104 ta ixtisoslashtirilgan maxsus kassalari faoliyat yuritmoqda. Bu maxsus kassalarning 34 tasi Toshkent shahrida joylashgan. Bankning Toshkent shahar boshqarmasi 2001-yil 2-iyulda tashkil etilgan. Tarkibida 15 ta bo’lim va filiali bor. Qabul qilingan menejment mexanizmlarining yuksak samaradorligiToshkent shahar boshqarmasiga o’z mijozlari bazasini ancha kengaytirish imkonini berdi. 2007-yilda 7688 xususiy tadbirkor, 11202 yuridik shaxs va 131166 jismoniy shaxs bankning poytaxtda joylashgan filiallari xizmatlaridan foydalandi. Faqat poytaxtning o’zida 2008 yilning 1 iyul holatiga ko’ra bank plastik kartochkalarining egalari 421 ming kishidan oshdi.Bankning ustav kapitali ( mlrd. so’m)-22,4; umumiy kapitali-652,4;- jami aktivlari- 3166,7; kredit portfeli-2036,8 ni tashkil etadi. (2008, 1 yanvar).Bank bir qancha ijtimoiy jamg’armalarga doimiy asosda yordam ko’rsatadi, ijtimoiy, madaniy, sport tadbirlariga homiylik qiladi. Toshkent shahridagi O’zbekiston Tasviriy sanat galereyasini moliyalaydigan asosiy muassasa. 

7-sentyabr Marg’ilon shahrining 2000 yillik yubileyiga bag’ishlangan tantanali marosim o’tkazilgan kun
2007-yil 7-sentyabr – Marg’ilon  shahrining  2000 yillik yubileyiga bag’ishlangan tantanali marosim o’tkazildi. Ulug’ alloma Muhammad al-Marg’inoniy "Nazm al-jam'i al-kabir” asarida "Agar Farg’ona vodiysi Turon o’lkasida tog’lar orasida unib chiqqan, barq urib ochilib, qizil yonoqlarini oftobga tutgan lolaga o’xshasa, Marg’ilon shahri lolaning yonog’iga qo’ngan bir tomchi shabnam, ya'ni vodiyning marvaridiga monand”, deb yozadi. O’rta asrlarda yashab o’tgan allomaning ushbu o’xshatishi bejiz emas. Bugungi kunda Marg’ilon o’zining asl qadriyatlariga erishmoqda, latofatli, dilbar va ko’rkam shaharlardan biriga aylanmoqda. Farg’ona vodiysining geografik joylashuvi, ajoyib iqlimi tufayli bu yerda qadimdan qishloq xo’jaligini rivojlantirish uchun barcha shart-sharoit mavjud bo’lgan. Eramizning II asridan boshlab Marg’ilon janubi-sharq va shimoli-g’arb tomonga qarab kengaya borgan. Hozirgi Toshkenttepa mahallasi o’rnida bo’lgan Qizlartepada olib borilgan tadqiqotlar natijasiga ko’ra, otashparastlarning ibodatxonasi huddi shu davrda qurilgan. Ibodatxona qadimgi shahar chetida, balandligi 3 metrlik maxsus platforma ustiga qurilgan. Vaqt o’tib xona osti 1.4 metrga ko’tarilgan. Arxeologik tadqiqotlar qadimgi Marg’ilon aholisining turmush tarzi va mashg’uloti haqidagi bilimlarimizni ancha boyitdi. Ikki ming yil avval bu yerlarda bug’doy, tariq, arpa ekilgan. Bog’dorchilik va sabzavotchilik tarraqiy topgan. Uzumchilik va sharob tayyorlash rivojlangan.Qadimgi Marg’ilon shahri aholisining diniy qarashlari I asrga mansub qizil angobli idishlarda ham aks etgan.To’lqinli chiziqlar, nuqtalar, doiralar va xoch shakllari odatda, farg’onaliklar ezozlaydigan tog’, yomg’ir, quyosh timsollari deb qaraladi. Marg’ilon shahri, o’tgan asrlarda bo’lganidek, bu davrda ham Qashqar bilan savdo munosabatlarida muhim o’rin tutgan. Qashqardan olib kelingan mollar Farg’ona viloyati shaharlari qatorida Qo’qon va Marg’ilon bozorlariga kelib tushgan va shu yerdan butun Turkistonga tarqalgan. Marg’ilon shahrida ananaviy hunarmandchilik turlaridan biri bo’lgan ipakchilik ham mahorat bilan davom ettirilgan. 1926-yilda o’tkazilgan Butunittifoq aholini ro’yxatga olish malumotlariga qaraganda, Marg’ilon shahrida 43 ming 965 kishi istiqomat qilgan. Marg’ilonliklar o’zbek halqiga hos bo’lgan mexmondo’stlik va rahimdillik ko’rsatib, urush davrida ko’chirib keltirilgan oilalarga, yetim qolgan bolalarga boshpana berdi va ularning iqtisodiy axvolini yaxshilash uchun sharoit yaratdilar. Marg’ilonda urushdan keyingi xo’jalik barcha tarmoqlarining tinch qurilish yo’liga o’tishi ancha murakkab kechdi, shahar hayoti qiyin va ziddiyatli rivojlandi. Marg’ilon shahrining haqiqiy gullash davri O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng boshlandi.Marg’ilon shahridagi qurilish, pedagogika, buxgalteriya-kredit, tibbiy, tijorat kabi jami 11 ta kollejda qariyb 10 ming o’quvchi talim oladi. 2 milliy xunarmandchilik, 35 ta umumtalim maktabi, "Istiqbol” litseyi va tibbiy fanlar litseyi, 2 ta musiqa maktabida o’quvchilarga teran bilim va kundalik turmushda zarur bo’lgan ko’nikmalar beriladi. Marg’ilon shahrida 12 ta kutubxona, 6 ta madaniyat uyi, madaniyat va sanat muzeyi, "Nurxon” halq teatri, madaniyat va istirohat bog’i  mavjud. Keng ko’chalar, zamonaviy ko’p qavatli uylar va tarixiy-memoriy yodgorliklar, to’kin bozorlar va go’zal xiyobonlar Marg’ilon aholisi va mehmonlari etiborini tortib keladi. Marg’ilonda ibodatxonalar ko’p bo’lgan. Mustamlaka davrida Marg’ilonda 25 madrasa bor edi. 1908 yilda shahar maktablarida 1245 bola va 330 qiz talim olgan. Marg’ilon shahrida o’z davrida ko’plab olim va marifatparvarlar yetishib chiqqan. Marg’ilon - Farg’ona vodiysidagi muhim madaniyat markazi hisoblanadi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.