30-yanvar Angliyada jahonda ilk marta dengizda qutqaruv qayig'i sinab ko'rilgan kun

1992-yil 30-yanvar – O‘zbekistonning Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lgan kun.
O‘zbekiston 1992-yil 30-yanvarda Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lib kirgan edi. Shundan buyon u ana shu nufuzli xalqaro tashkilot ishlari jarayoniga faol qatnashib kelmoqda. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ekspertlari Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining turli majlislarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etyapti. 1993-yil Varshava, Vena, Dagomis, 1994-yil esa Varshava, Xelsinki, Bishkek shaharlarida shunday yig‘inlar bo‘lib o‘tdi. 1993-yil 20-22-aprel kunlari esa Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining raisi – Shvesiya Tashqi ishlar vaziri Margareta av Uglass O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurdi.
Tashkilotning Bosh kotibi, shuningdek parlament assambleyasi hay’atlari O‘zbekistonga kelib ketdi. O‘zbekiston hay’ati esa kengash doimiy qo‘mitasining Venada o‘tgan 4 majlisida, shuningdek, oliy mansabdagi shaxslar qo‘mitasining Pragadagi yig‘inida qatnashdi. Ayniqsa, O‘zbekiston Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 1992-yil iyulda Xelsinkida bo‘lib o‘tgan majlislaridan biriga raislik qilishi, 1994-yil dekabrda Budapeshtda chaqirilgan oliy darajadagi majlisida nutq so‘zlab, davlat arboblari diqqatini yana bir bor mintaqamiz, xususan, Afg‘oniston va Tojikistondagi vaziyatga qaratishi, shuningdek, Orol muammosini ko‘tarishi yosh mamlakatimiz tashqi siyosati tarixidagi muhim sahifalar hisoblanadi.
1992-yil 30-yanvar – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashkil topgan kun.
Milliy gvardiya O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tarkibiy qismidir. Milliy gvardiyaning asosiy vazifasi – O‘zbekiston Respublikasining davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini muhofaza etish. Gvardiya tarkibi fuqarolarni majburiy harbiy xizmatga chaqirish va armiya xizmatiga o‘z ixtiyori bilan borishini birgalikda muvofiqlashtirish asosida to‘planadi. Gvardiya zimmasiga bir qancha o‘ziga xos vazifalar, jumladan, davlat tantana marosimlarida ishtirok etish yuklatilgan. Shu maqsadda gvardiya tarkibida faxriy qoravul rotasi tuzilgan.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.