Yuklanmoqda...

31-iyul Eng sevimli kitoblarni eslash kuni


Kitob axborotlarni, g`oya, obraz va bilimlarni saqlash hamda tarqatish, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy, estetik qarashlarni shakllantirish vositasi; bilimlar targ`iboti va tarbiya quroli; badiiy, ilmiy asar, ijtimoiy adabiyot. Xalqaro statistikada YUNESKO tavsiyasiga ko`ra, hajmi 48 sahifadan kam bo`lmagan, taboqlab tikilgan nodavriy nashrni, shartli ravishda, kitob deyish qabul qilingan. Kitob  ishi, kitobni yaratish, tayyorlash, uni tarqatish, saqlash, tavsiflash va o`rganish bilan bo`liq katta jarayonni o`z ichiga oladi. Fan, adabiyot, san`at asarlaridan matbaada ko`paytirish va tarqatish uchun tanlash, ularga ilmiy va badiiy nuqtai nazardan yondoshish, tahrir qilish, badiiy bezash, matbaa ijrosini belgilash va nashrga tayyorlash noshirlikning vazifasi. Kitobni ko`plab chiqarish, kitob bosish ishi poligrafiya sanoati olib boriladi. Kitoblarni to`plash, saqlash, o`quvchilar o`rtasida tashviqot qilish, ulardan kitobxonlar foydalanishlari uchun qulay sharoit yaratish kutubxona ishiga qaraydi  Kitob va bosma nashrlar haqida muayyan maqsad bilan o`quvchilarga ma`lumot berish va ularni tashviqot qilish bibliografiya vazifasidir. Kinobning paydo bo`lish tarixi yezuvning yaratilishi va shakllanishi jarayoni bilan o`zviy bog`liq. Yozuvning uzilish xususiyatlari (belgilar tizimi, ularning joylashish tartibi), yozuv materiali va qurolining o`ziga xos tomoni va boshqalar. Ma`lum darajada Kitob tuzilishini ham belgilab berdi. Qadimgi  Misr, Rim, Yunoniston va O`rta Osiyoda kishilar tosh, palma daraxti barglari, sopol va boshqalar. Materiallarga yozib fikr izhor etganlar. Har bir kitob o`nlab shunday materiallardan tayyorlangan plitalardan iborat bo`lib, og`irligi bir necha kg bo`lgan. Yozuv materiali sifatida papirus o`simligi ishlatilishi (mil. av. 4 ming yilliklarda) bilan o`rama kitoblar paydo bo`ldi. Bunday kitoblarning uzunligi o`rtacha 10 m atrofida bo`lib, ingichka, yumaloq tayoqlarga o`raglan va maxsus charm yoki yog`och g`iloflarda saqlangan. Sharq mamlakatlari, Qadimgi Rim va Yunonistondagi ko`pgina nodir asarlar papirusga bitilgan.  II asrga kelib kitob materiali sifatida pergament (teri)dan foydalanish keng rasm bo`ldi. Dastlab bunday kitob  o`rama holda saqlangan. Ayrim ma`lumotlarga qaraganda, O`rta Osiyoda, xususan, Xorazmda milodan avalgi 1-ming yillikning 1-yarmida vujudga kelgan zardo`shtiylik dinining muqaddas kitoblaridan Avestoning qadimiy nusxasi ham 12 ming mol terisiga bitilgan. Arablarning O`rta Osiyodagi istilosiga qadar u yerda ko`p nodir kitoblar saqlangan kutubxonalar bo`lgan. Lekin ularning ko`pi bosqinchilikurushlari natijasida yo`qotib yuborilgan. 2-asrlardan boshlab Qadimgi Rimda xuddi hozirgi kitoblarning varaqalari singari buklab, tikib tayyorlangan va bir-biriga biriktirilgan, muqovali kitoblar  kodeks paydo bo`ldi. Ular dastlab papirus, so`ng pergamentga yozilgan. Bunday kitoblar og`ir va besunaqay edi. 6-asrdan boshlab kodeks shakli asosida hozirgi ko`rinishdagi kitoblar paydo bo`ldi. Teriga ishlangan noyob kitoblardan biri Mus-hafi Usmon Qur`onidir. Qur`oni Karimning bu nusxasi 644-656-yillarda xalifa Usmon ko`rsatmasi bilan Muhammad (s.a.v)ning kotiblari Zayd ibn Sobit, Amir ibn alo`s va Hishom ibn Hakimlar tomonidan kufiy xatida yozilgan. Mazkur qo`lyozma kitob Amir Temur tomonidan Samarqandga olib kelingan. Jami 353 varaq, hajmi 68x53x22 sm. O`zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanadi. Qog`ozning kashf qilinishi kitob tarixida yangi davr ochdi. Ayrim ma`lumotlarga qaraganda, 650 yillardayoq Samarqandda qog`ozli kitoblar bo`lgan. 13-asrdan Yevropada qog`oz asosiy yozuv materiali bo`lib qoldi. Qog`oz kitobning ko`payishiga va tarqalishiga yangi imkoniyat ochdi. Kitob bezashga alohida ahamiyat berildi. Uning sahifalariga turli miniatyuralar, hoshiyalariga bezaklar ishlana boshladi. Asta-sekin xattotlik (kalligrafiya), muqovasozlik kabi kasblar ajralib chiqdi. Ayniqsa, O`rta Osiyoda o`rta asrlarda xattotlik san`ati keng rivojlandi. Mashhur xattotlarning ko`p avlodlari kitob tayyorlash usulini materiallar, siyoh, xat ko`chirish texnikasini takomillashtirib bordilar.12-asrlarda Movarounnahrda muayyan soha sifatida shakllangan kitobat san`ati 15-asrlarda yangi taraqqiyot bosqichiga ko`tarildi. Har bir kitob qog`ozidan tortib muqovasigacha, siyohdan to buyoqlari-yu zarhaligacha ma`lum me`yordagi modda, reja va qoida asosida tayyorlanadi, hatto kitobdan xushbo`y hid anqib turishi uchun ba`zan siyohga gulob yoki anbar qo`shilardi. Qo`lyozmalar nafis husnixat, zarafshon (tilla suvi sochish), suvli buyoqlar bilan hoshiyaga nafis naqshlar ishlab badiiy bezatildi. 16-asrlarda bir qancha iste`dodli xattot, musavvir, lavvoh va sahdoflar (Abdurahmon Xorazmiy, Sultonali Mashqadiy, Sultonali Xandon, Mirali qilqalam va b.) yetishdi. Hirot xattotlariga ustozlik qilib, kitobat san`ati ravnaqiga ulkan hissasini qo`shgan. Xushnavis xattotlardan Sultonali Mashhadiy edi. U Nizomiy, Hofiz, Sa`diy, Navoiy, Husayn Boyqaro va boshqalarning asarlarini ko`chirib shuhrat qozondi. Sultonali tomonidan ko`chirilgan 50 dan ziyod kitob bizning davrimizgacha yetib kelgan. Temuriy hukmdorlar devonxonalari qoshida, xususan, Samarqand, Hirotda maxsus saroy kutubxonalari tashkil etilgan. Bunday kutubxonalar o`rta asrning o`ziga xos hunarmandchilik korxonasi bo`lib, ularda qo`lyozma kitoblarni to`plash va saqlash bilan birga kitobsozlik bilan bog`liq bo`lgan bir qancha amaliy ishlar bajarildi. Bunday saroy kutubxonalarining boshliklari "kutubxona dorugasi" yoki "kitobdor" deb atalgan. Ularning qo`l ostidagi ko`plab xushnavis xattot, naqqosh-musavvirlar, lavvoh, sahhoflar kitob yaratishga doyr turli vazifalarni bajarishgan. Masalan, 15-asrning 1-yarmida Hirotda Ulug`bekning ukasi Boysunqur kutubxonasida 40 xattot va bir qancha naqqosh qo`lyozma asarlardan nusxalar ko`chirish va ularni bezash bilan band bo`lgan. Har bir qo`lyozma kitob bir necha mutaxassis qo`lidan o`tardi. 1425-1429-yilarda Ja`far Boy-sunquriy tomonidan Abulqosim Firdavsiyning mashhur "Shohnoma" asari ko`chirilib, 20 ta turli mazmundagi rangdor miniatyuralar bilan bezatilgan. Noyob san`at asari sifatida bu kitob Tehron muzeyida saqlanadi. Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy saroy kutubxonasi ham o`z davrida mashhur bo`lgan. Navoiy badiiy qo`lyozma san`atini rivojlantirishga katta hissa qo`shdi. Uning bevosita ko`magi bilan Behzod, Sultonali Mashhadiy, Shoh Muzaffar kabi o`nlab kitobsoz ustalar yetishib chiqdi. Bu ustalarning uslub va an`analari keyingi yillardagi kalligrafiya san`atining asosini tashkil etdi. Turkistonda xattotlik yo`li bilan kitob tayyorlash uzoq vaqt davom etdi. Hatto kitob bosish kashf qilingandan keyin ham, dastlabki vaqtlarda kitoblar qo`lyozma yo`li bilan ko`paytirilar edi. Kitob nusxalarini ommaviy ko`paytirish yo`lidagi izlanishlar natijasida ksilografiya paydo bo`ldi. 15-asrning 40-yillarida Germaniyada Iogann Gutenberg tomonidan kitob bosish ixtiro qilinishi kitob taraqqiyotida yangi davr ochdi. Kitob bosish texnikasi asta-sekin takomillashib, boshqa mamlakatlarda ham tarqala boshladi. Turkistonda bosma usuli bilan kitob chiqarish O`rta Osiyo Rossiyaga qo`shib olingandan keyin tarqaldi. 1868-yil Toshkentda Turkiston harbiy okrugi shtabining bosmaxonasi tashkil etildi. Shu bosmaxonada nashr etilgan rus olimi va sayyohi N.A.Seversovning "Chu va Norin tizmalari etagidagi tog`li o`lka to`g`risida lavhalar" (rus tilida) kitobi Turkistondagi ilk bosma kitobdir. O`zbek tilidagi birinchi bosma kitob Shohimardon Ibrohimovning 1871-yil Xivada bosilgan "Kalendar"idir. Birin-ketin Turkistonning boshqa shaharlarida ham xususiy litografiyalar tashkil etildi. Bulardan Otajon Abdalov (Xivada), Semyon Laxtin (Toshkentda), G`ulom Hasan Orifjonov (Toshkentda) litografiyalari mashhur. Bu bosmaxonalarda adabiy, falsafiy,  tarixiy asarlar va darsliklar chiqarildi. Istiqloldan keyingi yillarda kitob mahsulotlari mavzu-mundarijasida keskin o`zgarish bo`ldi. Tarixiy,  milliy qadriyatlarga taalluqli kitoblar nashriga alohida ahamiyat berildi. Qur`oni Karimning o`zbek tilidagi tarjimasi ikki bor nashr etildi (1991-y., "Cho`lpon" nashriyotida; 2001-yil., Toshkent Islom universiteti nashriyotida). Imom Buxoriyning 4 jildli "Hadis"lari (1991-96 yillar, Qomuslar Bosh tahririyati), Amir Temur mavzui bilan bog`liq o`nlab kitoblar chiqarildi. Alisher Navoiyning 20 jildli to`la asarlari (1998-2002, O`zbekiston "Fan" nashriyoti) chop etildi. Turli nashriyotlarda Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Najmiddin Kubro, Mahmud az-Zamaxshariy, Ulug`bek, Yassaviy, Abdulla Qodiriy, Cho`lpon, Munavvarqori, Fitrat, Usmon Nosir va boshqalarning asarlari, 33 jildli "Xotira" kitobi chiqarildi. "O`zbekiston" nashriyotida O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning 10 jildli asarlari nashr qilindi (1997-2002). Mavjud nashriyotlar ommaning talab ehtiyojlaridan kelib chiqib badiiy, ilmiy, ommabop, darslik  kitoblar nashr etmoqdalar. Kitoblarning badiiy va matbaa ijrosi ham jahon andozalari talablariga javob beradigan darajada yuksalib bormoqda. 

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar