Sh - harfiga oid izohli lug`atlar 

12 656

Shabnam- iliq havo kirib kelganda sovuq predmetlar (o`t, bo`ta, daraxt, tosh va b.) sirtida hosil bo`ladigan suv pardasi. Havo harorati 0 darajadan past bo`lganda muz pardasi hosil bo`ladi.

Shamol- havoning yuqori bosimli joylardan past bosimli joylarga gorizontal yo`nalishdagi harakati. Shamol qaysi tomondan esishiga qarab nomlanadi. Bosimlar orasidagi farq qancha katta bo`lsa, shamol ham shuncha kuchli bo`ladi. Shamolning yo`nalishi va tezligi asboblar yor­damida aniqlanadi va Bofortning xalqaro shkalasi bo`yicha 0 dan 12 gacha ballar orqali baholanadi.

«Shamol guli» - muayyan vaqt davomidagi shamollarning yo`nalishi to`g`risida yaqqol tasavvur beradigan diagramma. «Shamol guli» chizish uchun markaziy nuqtadan gorizont rumblari bo`ylab to`g`ri chiziqlar tortiladi. Har bir chiziqning uzunligi shu yo`nalishdagi shamol­ning takrorlanishiga to`g`ri proporsionaldir; shundan so`ng chiziqlarning uchi birlashtiriladi.

Shamol kuchini aniqlash uchun Bofortning xalqaro shkalasi

Ballar Sekundiga, metr Shamol tavsifi
0 0 - 0,5 Shtil, tinch havo
1 0,6 - 1,7 Sekin
2 1,8 - 3,3 Yengil
3 3,4 - 5,2 Kuchsiz
4 5,3 - 7,4 O`rtacha
5 7,5 - 9,8 Xunuk
6 9,8 - 12,4 Kuchli
7 12,5 - 16,2 Qattiq
8 15,3 - 18,2 Juda qattiq
9 18,3 - 21,5 Dovul
10 21,6 - 25,1 Kuchli dovul
11 25,2 - 29,0 Ashaddiy dovul
12 29,0 dan ortiq To`fon

 
Sharlavuq - daryo, jilga va soylarning tezoqar joylari. Daryolar qattiq, tub jinslarni kesib o`tgan joylarda chuqurlatish eroziyasi kuchsiz bo`lib, o`zan keng va sayoz bo`ladi. Daryo bunday joylarda tez oqadi.

Shartli yoqilg`i - issiqlik be­rish quvvati 7000 kkal/kg ga baravar deb qabul qilingan yoqilg`i. Shartli yoqilg`i turli yoqilg`ilarning issiqlik quvvatini taqqoslashga imkon beradi.

Sharshara - daryo suvining o`zandagi jarliklar otilib tu­shishi. Bunday jarliklar qattiq jinslardan tuzilgan joylarda vujudga keladi. Qator sharsharalar kaskad deyiladi. Eng mashsur sharsharalar Shimoliy Amerikadagi Niagara (51 m), Janubiy Afrikaning Zambezi daryosidagi Viktoriya (120 m); 

Sharqirama- sharshara so`zining sinonimi; 

Shax(shax qatlam)- tuproqning ortiqcha nam sharoitda ma’­lum chuqurlikda vujudga keladi­gan zich qatlami. Og`ir tuproqlarda ko`p uchraydi. Suvning shimilishiga yo`l qo`ymay, tuproqning botqoqlanishiga sabab bo`ladi.

Shaxta- yer osti ishlariga xizmat qilishga mo`ljallangan vertikal yoki qiya teshik (quduq). Shaxta tegishli qurilmalar bilan jihozlangan bo`ladi. Ba’zi bir shaxtalarning chuqurligi bir necha km ga yetadi. Yer ostidan qazilmalar chiqaradigan mustaqil korxonalar ham shaxta deyiladi.

Shag`al– tog` jinslarining oqar suv yoki dengiz to`lqini ta’­sirida silliqlangan parchalari. Kattaligi 2-10 sm bo`lgan silliq toshlar yirik. Shag`al 2-20 mm bo`lganlari mayda shg`al deyiladi.

Shahar- aholisi asosan sano­at va savdo, shuningdek maishiy xizmat ko`rsatish, boshqaruv, fan, madaniyat shoxobchalarida mashg`ul bo`lgan yirik aholi punkti. Aholi punktlarining shahar kategoriyasiga o`tkazilishi asosan aholining soni va mashg`uloti, sanoat korxonalari va davlat uy-joy fondining mavjudligi, savdo va umumiy ovqatlanish, maktab, sog`liqni saqlash, kommunal xo`jalik va maishiy xizmat korxonalari hamda madaniy-maishiy xizmat muassasalari tarmoqlarinnng rivojlanganligiga bog`liq.

Shahar atrof xo`jaligi - shahar yoki sanoat markazi yaqinida joylashgan va shahar aholisini tez buziladigan oziq-ovsat mahsulotlari (sabzavot, kartoshka, ho`l meva, sut, tuxum va h.k.) bilan ta’minlashga ixtisoslashgan qishloq xo`jaligi korxonasi. Shaharni o`rab turgan va u bilan o`zaro aloqada bo`lgan hudud shahar atrof zonasi deyiladi.

Shelf(inglizcha) - dunyo oke­ani tubining qirg`oqqa yaqin qismi;

Shelf muzligi - materikdan dengizga surilib tushib, taxminan qirg`oq sayozligigacha yetib borgan muzlik.

Shiblyak - O`rta dengiz bo`yidagi o`lkalardagi va MDHning ba’zi bir joylaridagi bargini to`kadigan past bo`yli bo`ta va o`tlardan iborat chakalakzorlar. Bun­day bo`tazorlarda qoratikan, na’matak, do`lana, grebennik va boshqalar o`sadi. Odatda ular kesib yuborilgan o`rmonlar o`rnida pay­do bo`ladi.

Shlyuz(gollandcha shlyuz, lotincha ekshlyudo - ushlab turaman, bo`laman) - sahi turlicha bo`lgan suv havzalarining biridan ikkinchisiga kema yoki sol o`tkazishga xizmat qiladigan gidrotexnik inshoot. Shlyuz daryolarga, kanallarga va dengiz portlariga quriladi. Shlyuz kema bemalol sig`adigan bir necha shlyuz kamerasidan iborat. Shlyuz kamerasining ikki tomonida temir darvoza bor. Kema shlyuzidan o`tayotganda ikki yonma-yon kamera suvi sathi tenglashtiriladi; kema bir kameradan ikkinchi kameraga o`tgandan so`ng orqadagi darvoza yopiladi; shundan so`ng shlyuzdagi suv kema kirishi kerak bo`lgan kamera suv sathi bilan baravarlashtiriladi, shundan so`ng kema shlyuzdan chiqadi; necha kamera bo`lsa, shu taqlidda davom etadi. Shlyuzdagi suv sathi devorlardagi maxsus quvurlar orqali suv oqizilib yoki kuchli nasoslar yordamida haydab ko`tari­ladi yoki pasaytiriladi.

Shovva - daryo suvi tepadan otilib tushadigan joy.

Shovush - daryolarda katta-kichik muz parchalarining oqishi. Daryolarda kuz va bahorda, O`rta Osiyo daryolarida qishda ham shovush oqadi. Daryo kuzda muzlash oldida unda muz parchalari bilan birga ho`l qor, qilamiq oqadi, bahorda suv ko`payishi va haroratning ko`tarilishidan muz parchalanib, oqa boshlaydi.

Shottlar - Afrikada tekto­nik botiqlarda joylashgan sho`r­xok tekisliklar.

Shtil - umuman shamol bo`lmaydigan yoki salgina shabada esib turadigan payt. Odatda antitsiklonning ichki qismlarida bo`ladi.

Shug`a - kuzda, qishda suv muzlashi oldidan suvda oqadigan g`ovak muz parchalari. Ular yumshoq muz, qilamiq va o`zan osti muzlaridan hosil bo`ladi. Suv yuzasida ivigan qorga o`xshab oqadi.

Shxeralar – to`rtlamchi davr muzliklari bosgan joylardagi dengiz va ko`llarning juda parcha­lanib ketgan qoyali qirg`oqlari yaqinida uchraydigan qoyali kichik- kichik orollar. Baltika, Shimoliy, Norvegiya dengizlarida, Kanada Arktika arxipelagida ko`p uchray­di. Bunday orollar ko`pincha qadimgi kristallashgan tog` jinslaridan iborat bo`ladi.

Sho`r – qurg`oqchil o`lkalarda yerning pastqam joylarida minerallashgan yer osti suvlarining chiqishi, ko`llarning yozda qurib qolishi natijasida tuproqda xlorid va sulfat tuzlarining yig`ilishidan hosil bo`ladigan botqoq, sho`r yer.

Sho`rtob - tarkibida tuz (aso­san osh tuzi) ko`p bo`lgan tuproq; tuzlar tuproq eritmasi yoki yer osti suvi orqali to`planadi. Sho`rtob ko`proq sho`rxokning yomg`irdan yuvilishi va yer osti suvlarining pasayishidan kelib chiqadi. Oqibatda yuza qatlamdagi tuzlar quyi qatlamlarga tushib ketadi. Sho`rtobda o`simlik siyrak shuvoq, sho`ra o`sadi. Ekin ekish uchun yuviladi, gipslanadi, chuqur haydab, ko`p yillik o`tlar ekiladi. Afrika, Osiyo, Janubiy Amerika va Avstraliyaning dasht, chala cho`l va cho`l zonalarida, shuningdek shimoliy Qrim va O`rta Osiyoda orollar kabi uchraydi. Sho`rxoklarni o`zlashtirish uchun yuvish va yer osti suvi sathini pasaytirish kerak bo`ladi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.