14-mart Butunjahon uyqu kuni bayrami 

3 317

Ilk bora Butunjahon uyqu kuni bayrami (World Sleep Day) 2008-yili nishonlangan, shundan beri har yili tush va salomatlik muammolari bo'yicha Butunjahon sog'liqni saqlash tashkiloti loyihasi bo'yicha uyqu kuni o'tkaziladi. Uyqu – kunduzgi uyg'oqlikdan hech qolishmaydigan, organizm mavjudligidan dalolat beruvchi bir xolatdir. Kechasi tinch uxlansa, kunduzgi faoliyati vaqtida ketkazilgan kuchlar tiklanadi, organizm toliqmaydi, Aynan shuning uchun ertalab turgan sog'lom odam o'zini tetik va bardam xis qiladi. Butunjahon uyqu kuni bayramida uyqu muammolari, inson sog'ligiga va jamiyatga ta'sir beruvchi omillar haqida anjumanlar, konferensiyalar uyushtiriladi, ijtimoiy reklama faollashadi. To'g'ri ovqatlanish, ish kunini to'g'ri tashkillashtirish, uyqu uchun etarli vaqt ajratilishi -ko'p yillarga jismoniy va psixologik salomatlikni saqlash uchun zarur shartdir. Uyqu - odam va hayvonlarda davriy yuz beradigan fiziologik holat. Bunda fiziologik jarayonlar bir qadar sekinlashadi va organizmning, chunonchi, markaziy nerv sistemasining ish qobiliyati tiklanishi uchun eng yaxshi sharoitlar yaratiladi. Uyqu har bir insonning zarur hayotiy ehtiyojidir. Inson butun hayotining uchdan biri har kecha-kunduzda davriy kuzatiladigan uyqu holatida o'tadi. Uyqu vaktida muskullar susayadi (uyqudagi odamning ko'p muskullari bo'shashgan bo'ladi), sezuvchanlikning barcha turlari — ko'rish, eshitish, ta'm bilish, hid sezish, teri sezuvchangi keskin susayadi. Shartsiz va shartli reflekslar tormozlanadi. Qattiq uyquda nafas uyg'oqlikdagiga nisbatan ancha chuqur, yurak urishi sekin, arterial qon bosimi, to'qimalarga qon kelishi, moddalar almashinuvi, gavda temperaturasi past bo'ladi. Bularning barchasi uyqu holatida miya bilan bir qatorda hujayralar va to'qimalar hayot faoliyatini ta'minlovchi hamma ichki a'zolarning ham «dam» olishidan dalolat beradi. Ammo uyqu haqidagi zamonaviy tasavvurlarga ko'ra, uyqu faqat dam olish emas, balki kun bo'yi olingan turli axborotni qayta ishlash va ertasi kun yana qabul qilish qobiliyatiga erishish uchun qaratilgan jarayondir. Odam asta-sekin uxlaganda nafas olish va yurak ritmi pasayadi, ko'z sekin yumula boshlaydi. Tez uxlab qolganda esa bu harakatlar, odatda, tezlashadi. Asta-sekin uxlab qolish tungi uyquning 75-80%ni, tez uyquga ketish esa 20-25%ini tashkil etadi. Tez va sekin uxlab qolishning navbatlanishi, odatda, sog'lom odamlar uchun xosdir va bunda odam o'zini uyquga qongan hamda bardam his etadi. Tez va sekin uxlash muddatining o'zgarishi, sekin uxlashning etarli darajada chuqur bo'lmasligi, tez uxlash davrida tez-tez uyg'onib turish odam nerv sistemasining turli buzilishlariga olib keladi, uning ruxiy va emosional holatiga ta'sir ko'rsatadi. Normal (fiziologik) uyquning davriy kecha-kunduzlik va davriy faslli (hayvonlarning yozgi va kishki uyqusi) turlari va bir necha xil patologik (narkotik, letargik va boshqalar), shuningdek, maxsus ta'sirlar oqibatida yuzaga keladigan gipnotik uyqu farq qilinadi. Uyquning ko'pincha kuzatiladigan buzilishlariga uyquchanlik (gipersomniya) va uyqusizlik kiradi. Bu bayram yana bir bora o'z uyqumizga, demak salomatligimizga e'tiborli bo'lishimizga undaydi. Yoqimli, sog'lom, to'la qimmatga ega bo'lgan tushlar tilaymiz! 
Qiziqarli ma'lumot. Finlyandiyada iyul oyida Uyquchilar kuni bayrami nishonlanadi. 


14-mart – Xalqaro to`g`onlarga qarshi kurash kuni
«Xalqaro to‘g‘onlarga qarshi kurash kuni» (yoyinki «Daryolar, suv va hayotni muhofaza qilish kuni») millatlararo sana hisoblanib, u har yili o‘nlab mamlakatlarda nishonlanadi. Mazkur sana ilk marta 1998-yilda nishonlangan.

«Xalqaro to‘g‘onlarga qarshi kurash kuni»ni nishonlash tashabbusi «Xalqaro daryolar tarmog‘i» nomini olgan Amerika Qo‘shma Shtatlari ekologiya tashkiloti tomonidan ilgari surilgan. Ekotashkilot faollari «To‘g‘onlarga qarshi kurash kuni»ni «Daryolar, suv va hayot uchun» shiori ostida nishonlashni taklif qilishgan.

1997-yilning 14-mart kuni Braziliyaning Kuritiba shahrida yirik to‘g‘onlar qurilishiga qarshi birinchi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir ishtirokchilari 14-martni – Xalqaro to‘g‘onlarga qarshi kurash kuni deb e’lon qilishar ekan, "Biz kuchli va birdammiz, bizning ishimiz adolatli” degan shiorni o‘rtaga tashladilar.

O‘sha kuni jahonning 20dan ortiq mamlakatida to‘g‘onlar qurilishiga qarshi 50 dan ortiq namoyish bo‘lib o‘tdi. «Suv o‘lim emas, balki hayot olib kelsin» shiori ostida o‘tgan anjuman ishtirokchilari «daryolar, suv va hayotni muhofaza qilish maqsadida» 1998-yildan boshlab har yili 14-martda Xalqaro to‘g‘onlarga qarshi kurash kunini nishonlashga kelishib oldilar.

To‘g‘on, deb asosan gidroelektr stansiyalari uchun suv oqimini to‘xtatish va muvofiqlashtirish maqsadida quriladigan inshootga aytiladi. Energiya manbayi sifatida suv oqimidan olinadigan energiyalar asosan GESlarda ishlab chiqariladi. GESlar esa odatda daryolarga to‘g‘on va suv omborlari qurilishi natijasida barpo etiladi. Buning uchun daryolarda yil bo‘yi suv bo‘lishi, daryolar esa imkon qadar nishablikda joylashishi lozim.

Ma’lumki, daryolar tabiiy suratda muntazam yo‘nalishini o‘zgartiradi, goh toshib, goh qurib qoladi. To‘g‘onlar esa mana shu tabiiy jarayonga, shuningdek, suv haroratiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatib, suvdagi kimyoviy tarkibni o‘zgartirib yuboradi. To‘g‘onlar suv toshqinlarini oldini olishga emas, balki suv toshqinlarini keltirib chiqarishga xizmat qiladi. Shuningdek, to‘g‘onlar suvlarning sho‘rlanishi, xavfli kasalliklar tarqalishining omili hamdir. Chunki suv omborlari chivin kabi yuqumli kasalliklar tarqatuvchi zararkunandalar ko‘payadigan makondir. Masalan, Sayano-Shushensk suv ombori yaqinida har yili 2 mingdan ortiq kishining yuqumli kasallikka chalinishi bilan bog‘liq hodisa qayd qilinadi.

So‘ngi vaqtlarda jahonda yirik GESlar uchun qurilgan to‘g‘onlarning foydasidan ko‘ra ko‘proq zarari haqida bong urilmoqda. Tog‘larda to‘g‘on qurilishi esa zilzilalarni keltirib chiqarishi ehtimoli haqida aytilmoqda. Mutaxassislar yirik to‘g‘onlar joylashgan xududning o‘qiga bosim tushishi oqibatida kichik zilzilalar yuz berayotganini aytishadi. GESlarning zilzilalar keltirib chiqarishi mutaxassislar tomonidan tan olingan. Chunki bugungi kunda suv omborlarida jahondagi barcha daryolardagi suv hajmidan uch barobar ko‘p suv saqlanmoqda. Bu esa zilzilalarni keltirib chiqarishi aniq. Masalan, avval zilzila kuzatilmagan hududlarda GES qurilganidan so‘ng, mazkur mintaqalarda yer qimirlashi bilan bog‘liq hodisalar yuz bergani borasida ko‘p aytilgan.
 
14-mart Toshkentda Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil topgan kun
1996-yil 14-mart – xalqaro Amir Temur jamg’armasini qo’llab – quvvatlash to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.Temuriylar tarixi davlat muzeyini tashkil etish to’g’risida  O’zbekiston Respubliikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Muzeylarning jamiyat madaniy-ma'rifiy hayotidagi ahamiyati nihoyatda katta - u kishilarning milliy ongini shakllantirishda muhim omil vazifasini kasb etadi. Hukumatimizning muzeylar faoliyatiga oid qarorlarida xalqimiz tarixini to’laqonli aks ettiruvchi noyob ashyolarni to’plash-katta ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligi ta'kidlanadi. Iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay, davlatimiz muzeylar faoliyatini rivojlantirishga va yodgorliklarni tiklashga ahamiyat berayotganligi tufayli bu borada ijobiy natijalarga erishilmoqda.Poytaxtimizning Amir Temur xiyoboni yonida Temuriylar tarixi davlat muzeyining barpo etilishi bunga yaqqol misol bo’la oladi. Hozirgi kunda mazkur muzeyning dovrug’i jahonni lol qoldirmoqda. Toshkentga xorijdan kelgan sayyohlar mamlakatimiz bilan tanishuvni shu muzeydan boshlashadi.

14-mart Bug’ avtomobili yaratilgan kun
Avtomobil so‘zi ikki so‘zdan tashkil topgan: grekcha «avto» o‘zi, lotincha «mobilis» esa harakatlanuvchi degan ma’noni bildiradi. Hammasini birga qo‘shib tarjima qilsak, «o‘zi harakatlanuvchi» degan so‘z kelib chiqadi. Birinchi bug’ avtomobili 1870-yil 14-martda fransuz Nikola Kyunyo tomonidan yaratilgan. U o‘zi harakatlanuvchi narsadan qurollarni tashishda foydalanish mumkin deb o'ylagan. Ammo bug‘ avtomobili konstruksiyasi mukammal bo'lmagani uchun ommalashmadi.O’zichopar kolyaska 1869-yil 18-martda ichki yonuvchi dvigatelning kashf etilishi suyuq yonilg‘i - benzinda ishlovchi kichik avtomobillar yaratish imkonini berdi. 1885-yil 5-mayda nemis muhandisi Karl Bens benzinda yuruvchi dvigatelli birinchi avtomobilni yaratdi. Bu uch oyoqli mashinada ikki kishi harakatlanishi mumkin edi.

14-mart AQSH kosmonavt-uchuvchi Borman Frenk tavallud topgan kun
Borman Frenk (1928.14.03, Geri, Indiana shtati) – AQSH kosmonavt-uchuvchi. Harbiy-hovo kuchlari polkovnigi. "Jeminay-7” kosmik kemada (J. Lovell bilan birga, 1965 yil dekabr). Yer atrofida 206 marta aylandi. "Apollon-8” kosmik kemasida  (U. Anders va J. Lovell bilan birga, 1968-yil dekabr) dunyoda birinchi marta Oy atrofida 10 marta aylandi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.