4-mart «Sog'lom avlod uchun» ordeni ta'sis etilgan kun 

4 043

Farzand - oila quvonchi, hayotimiz mazmuni. Uning salomatligi kungil xotirjamligi, halovatidir. Azaldan xalqimiz bolaning dunyoga kelishi, uning parvarishi va ta'lim-tarbiyasiga yuksak e'tibor qaratgan. O'zaro mehr-oqibat tuyg'ularini shakllantirish, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko'rsatish, el ishiga kamarbasta, vatanparvar, jismonan chiniqqan va ma'nan yetuk avlodni kamol toptirish umrboqiy qadriyatlarimizning asosini tashkil etadi. Davlatimiz birinchi prezidenti I.Karimovning 1993-yil 4-mart kuni qabul qilingan farmoniga muvofiq ta'sis etilgan mustaqil O'zbekistonning ilk ordeni «Sog'lom avlod uchun» deb nomlanishida ham ana shu ezgu maqsad mujassam. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohatlar jarayonida millat genofondini saqlash va yaxshilash, axolining umr ko'rish davomiyligini va turmush darajasini oshirish, sog'lom zurriyodni dunyoga keltirish va tarbiyalash uchun sharoitlar yaratishga alohida e'tibor qaratilgan. Bugun shaharu qishloqlarimizda faoliyat yuritayotgan zamonaviy maktablar, akademik liseylar, kasb-hunar kollejlari, bolalar ijodiyoti markazlari, sport saroylari, tibbiy muassasalar sog'lom va barkamol avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’naviyati yuksak, ijodiy-intellektual salohiyatli avlodni tarbiyalashda jismoniy tarbiya va sportning o'rni bexiyos. Mamlakatimizda bolalarning sport bilan shug'ullanishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan va bu ish izchil davom etmoqda. O'zbekistonda navqiron avlod salomatligi, kamoloti va istiqboli, oila, onalik va bolalik manfaatlarini kuchli ijtimoiy ximoyalash borasidagi tizimli va puxta o'ylangan amaliy chora-tadbirlar xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Хalqaro musobaqalar, yirik chempionatlar, san’at va madaniyat festivallari, ijodiy tanlov va bellashuvlar, intellektual olimpiadalarda navqiron yurtdoshlarimiz faol qatnashib, Vatanimiz sharafini jahon mikyosida munosib himoya qilayotgani mamlakatimizda har jixatdan sog'lom va barkamol shaxsni voyaga etkazish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning yorqin natijasidir. «Sog'lom avlod uchun» ordeni bilan taqdirlash - bu jarayonga ulkan hissa qo'shayotgan mehridaryo insonlar mehnatining yuksak e'tirofidir. Ikki darajadan iborat mazkur orden bilan onalik va bolalikni muhofaza qilish, atrof-muhitni yaxshilash, sog'lom avlodni kamol toptirish yo'lida fidokorona xizmat qilayotgan insonlar mukofotlanadi. Mazkur orden bilan boshqa davlatlar fuqarolari ham mukofotlanishi mumkin. Ordenning tasvirida o'ziga xos ramziy ma’no-mazmun mujassam. Uning o'ng qismidagi quyosh nurlari fonida farzandini opichlab turgan Ona siymosi aks ettirilgan. Vatan timsoli bo'lgan munis volida mehr va xotirjamlik bilan farzandiga termulib o'tiribdi, ezgu orzu-intilishlar ro'yobi bo'lmish beg'ubor go'dak esa quvonch va ishtiyok bilan nurga - ezgulikka talpinmoqda. Orden biriktirilgan dastaning ichki qismi yashil rangdagi tovlanuvchi lenta bilan o'ralgan. Lentaning o'rtasida gullab turgan o'rik novdasi tasviri tushirilgan. Gulayotgan o'rik novdasi - ko'klam, tabiatdagi, ongu tafakkurimizdagi uyg'onish timsoli. Bu tasvir yasharish va yangilanish ramzi bo'lgan yashil rang fonida yanada go'zal jilo va teran mazmun ifoda etadi. Sog'liqni saqlash, ta’lim, sport sohalarida samarali mehnat qilib, sog'lom avlodni voyaga yetkazishga munosib hissa qo'shayotgan ko'plab vatandoshlarimiz «Sog'lom avlod uchun» ordeni bilan taqdirlangan. «Sog'lom avlod uchun» ordeni buyuk kelajagimiz vorislarini tarbiyalashda yurtdoshlarimizga kuch-g’ayrat bag'ishlayveradi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.