T - harfiga oid izohli lug`atlar 

15 289

Tabiat- 1) bizni o`rab olgan borliq, olam. Tabiat vaqt va fazoda cheksizdir, to`xtovsiz ravishda harakatda, rivojlanishda va o`zgarishda bo`lib turadi. Kishilik jamiyati tabiatning, moddiy olamning o`ziga xos bo`lagidir; 2) Yer sharidagi jonsiz va jonli tabiat. Tabiatni tabiatshunoslik fanla­ri o`rganadi.
Tabiat kompleksi (geografik kompleks)-tabiatning o`zaro ta’sir etib va bir-birini taqozo qilib, yagona sistema hosil qilib turuvchi komponentlari: reylef, iqlim, yer usti va yer osti suvla­ri, tuproq, o`simlik, hayvonot dunyosining qonuniy uyg`unligi.
Tabiat komponentlari, tabiat elementlari - tabi­atni hosil qiluvchi asosiy tarki­biy qismlar, ya’ni tog` jinslari, reylef, yer usti va yer osti suvla­ri, tuproq, o`simlik, hayvonot dunyosi, havo massalari. Tabiat komponentlari landshaft komponentlari deb ham yuritiladi. Tabiat komponentlarining o`zaro nisbatiga qarab landshaftlar xilma-xil bo`ladi. Tabiat komponentlarining o`zaro nisbati o`zgarsa, tabiat, ya’ni landshaft o`zgaradi. Shu sababli tabiatni o`zgartirish uchun unga ta’sir ko`rsatilganda (suv omborlari, tug`onlar qurish, yerlarni sug`orish, botqoqlarni quritish, ovchilik va daraxtlarni kesish va h.k.) uning barcha oqibatlarini hisobga olish kerak.
Tabiatni muhofaza qilish, tabiatni qo`riqlash - ta­biatni insoniyat manfaatlarini ko`zlab saqlashga va ongli ravish­da o`zgartirishga, uning mahsuldorligini saqlab qolishga hamda resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan barcha xil tadbirlar sistemasi. Bu tadbirlar davlatlar, xalqaro va jamiyat, fan-texnika, ishlab chiqarish tashkilotlari, shuningdek iqtisodiy hamda ma’muriy tashkilotlar to­monidan amalga oshiriladi. Fan-texnika taraqqiyoti va jahon aholisining nihoyatda tez ko`payishi (demografik portlash) munosabati bilan jamiyatning tabiatga bo`lgan ta’siri tobora kuchaymoqda. Bu ta’sir ijobiy yoki salbiy bo`lishi mumkin. Shu tufayli tabiatni muhofaza qilish muammosini tobora muhim bo`lib qolmoqda. Tabiatni muhofaza qilishning eng asosiy masalalari – atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va barcha xil tabiiy resurslar: yer, suv, iqlim, o`simlik, hayvonot resurslari hamda qazilma boyliklardan oqilona, ya’ni ularni nest-nobud qilmay foydalanishdir. Tabiatni muhofaza qilish sayyoramizdagi muhim muammo bo`lganligi sababli u bi­lan bog`liq ko`pdan-ko`p masalalarni ijobiy hal qilishda jahon mamlakatlarining xalqaro hamkorlik qilishini taqozo etadi.
  Tabiatni muhofaza qilishning ikki xil talqini mavjud: 1) alohida ajratilgan hududlardagi tabiiy komplekslar, ya’ni landshaftlar­ni tabiiy holda saqlash-qo`riqlash, noyob o`simlik hamda hayvonlarni saqlab qolish va ko`paytirish. Bunday ishlar milliy parklar, qo`riqxonalar va buyurtmalarda olib boriladi. tabiatni undan xalq xo`jaligida foydalanish jarayonida, uni o`zgartirib, antropogen landshaft­lar bunyod etish jarayonida muhofaza qilish. Bu - tabiatni faol muhofaza qilishdir.

Tabiiy geografik oblast - tabiiy geografik rayonlashtirish birligi. Tog`li tabiiy geografik o`lkalarning yirik regional bir­ligi. Masalan, Qutbiy Uralning tundra oblasti, Shimoliy Ural­ning tayga oblasti va h.k.
Tabiiy geografik provin­siya - tabiiy geografik rayon­lashtirish birligi. Geografik zonaning tabiiy geografik ob­last doirasidagi qismi. Masalan, Shimoli-g`arbiy tayga provinsiyasi, Pechora tundrasi provinsiyasi, Pechora taygasi provinsiyasi va h.k.
Tabiiy geografik bashorat - landshaft komplekslarining ta­biiy va antropogen omillar ta’­sirida yaqin va uzoq kelajakda bo`ladigan sifat va miqdoriy o`zgarishlarni aniqlash, ta’riflash. Tabiiy geografik bashorat qilishda landshaftlar rivojlanishining barcha asosiy omillari: iqlimiy, tektonik, litogen, biogen va antropogen omillarning roli hisobga olinadi. Tabiiy geografik bashorat qilishda tabiatning (geografik qobiqning) rivojlanish qonuniyatlarnni o`rganish va hisobga olish katta ahamiyatga ega.
Tabiiy geografik jarayonlar - tabiatdagi modda va energiya o`zgarishlari, shakl o`zgarishlari, hamda umuman tabiiy geografik komplekslarning rivojlanishiga sabab bo`luvchi barcha xil jarayonlar. Tabiiy geografik jarayonlarga atmosfera sirkulyatsiyasi, namning aylanib yurishi, reylef hosil bo`lishi, nurash, tuproq hosil bo`lishi, o`simlik va hayvonot dunyosining mavsumiy hamda asriy o`zgarishlari, komponentlararo aloqalarda ro`y beruvchi jarayonlar yaqqol misoldir. Tabiiy geografik jarayonlarni tadqiq etish landshaftlarni di­namik sistema sifatida o`rganishga, ularni muhofaza qilish va o`zgartirishning oqilona yo`llarini tanlashga imkon beradi. Bunda geografik komplekslararo hamda komponentlararo modda va ener­giya almashinuvi mexanizmini aniqlash ayniqsa katta nazariy ahamiyatga egadir.
Tabiiy-geografik rayon - tabiiy geografik rayonlashtirishdagi eng kichik regional birlik. Tabiiy geografik rayon ko`pincha geografik landshaft va re­gion atamalarining sinonimi sifatida ham qo`llaniladi.

Tabiiy geografik rayonlashtirish - yer yuzasining hududiy yaxlit va ichki tuzilishi hamda tabiiy xususiyatari jihatdan bir butun bo`lgan tabiiy geografik rayonlarga ajratishga aytiladi. 

Tabiiy geografik rayonlash­tirish - hududlarni tabiiy-geografik xususiyatlariga qarab turli katta-kichiklikdagi regional birliklarga bo`lish sis­temasi. Tabiiy geografik rayonlash­tirish tabiatda ob’ektiv mavjud bo`lgan va regional jihatdan bir-biri bilan bog`liq re­gional tabiiy geografik kom­plekslar (o`lkalar, provinsiyalar, okruglar, rayonlar va h.k.) ajratiladi, asoslab beriladi, tasvirlanadi hamda xaritaga tushiriladi. Tabiiy geografik rayonlash­tirish har bir regionning o`ziga xos sharoiti va resurslarini baholashga imkon beradi. Shuning uchun ham tabiiy geografik rayonlash­tirish qishloq xo`jaligi tarmoqlarini joylashtirish va ixtisoslashtirishda, yer­larni o`zlashtirish hamda tabiat­ni o`zgartirishning har bir joyga xos ilmiy asoslangan metodlarini aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Umumiy tabiiy geografik rayonlash­tirishdan tashqari amaliy tabiiy geografik rayonlash­tirish ham mavjud. Bunga qishloq xo`jalik maqsadlarini ko`zlab tabiiy geografik rayonlash­tirish qurilish maqsadlari uchun tabiiy geografik rayonlash­tirish yerlarni obikor dehqonchilik maqsadida rayonlashtirish va boshqalar ki­radi. Tabiiy geografiyada regional tabiiy geografik birliklar zonallik va azonallikning bir butunligi asosida rivojlanadi, binobarin, har bir regional birliklardagi regionda tabiatning ham zonallik, ham provinsiallik qonuniyati aks etadi, degan tasavvur qaror topdi. Tabiiy geografik rayonlash­tirish quyidagi prinsip va metodlar asosida amalga oshiriladi: hududiy yaxlitlik (umumiylik) prinsipi, genetik prin­sip (bunda turli landshaftlar­ning paydo bo`lishi va rivojlanishiga ko`ra o`xshash tomonlar yoki tafovutlari hisobga olinadi), komplekslik prinsipi, nisbiy bir xillik prinsipi; juz’iy (komponentlar bo`yicha) rayonlash­tirish sxemalarini bir-biriga taqqoslash metodi, yetakchi omil metodi, regional birliklarni landshaft - tipologik kompleks­lar xaritalariga qarab ajratish metodi, miqdoriy ta’riflash me­todi, tabiiy geografik birlik­larni bevosita dalada aniqlash metodi. Kompleks tabiiy geografik rayonlash­tirishdan tashqari, ayrim tabiiy komponentlarni rayonlashtirish, ya’ni juz’iy tabiiy geografik rayonlashtirish ham mavjud. Bunga geomorfologik, iqlimiy, tuproq-geografik, geobotanik va zoogeografik ray­onlashtirish misoldir.
  Kompleks tabiiy geografik rayonlashtirishning asosiy birliklari quyidagilardir: geogra­fik mintaqa, geografik zona, geo­grafik zonacha, tabiiy geografik o`lka, tabiiy geografik provin­siya, tabiiy geografik okrug, ta­biiy geografik rayon.
  Hozirgi vaqtda geografik qobiqning differensiatsiyasi (tabaqalanishi), ya’ni regional land­shaft komplekslariga bo`linishi haqidagi ta’limot tabiiy geografik rayonlash­tirish nazariy asosidir, chunki tabiiy geografik rayonlash­tirish shu tabaqalanishning aniq aks etishi deb hisoblanmoqda. Materiklar bilan okeanlarni birgalikda tabiiy geografik rayonlash­tirish g`oyasi olg`a surilmoqda.

Tabiiy geografik o`lka - ta­biiy geografik rayonlashtirish­ning yirik birliklaridan biri. Tabiiy geografik o`lka materikning katta qismidan iborat bo`lib, asosan geogra­fik o`rni, geologiyasi va morfostrukturasining umumiyligi, o`zi­ga xos makroiqlimn hamda landshaftlari hududiy taqsimlanishining o`ziga xosligi bi­lan ajralib turadi. Masalan, Rossiya tekisligi o`lkasi, Novaya Zemlya - Ural tog`li o`lkasi, G`arbiy Si­bir tekisligi o`lkasi, O`rta Si­bir o`lkasi, Shimoli-Sharqiy Sibir o`lkasi, O`rta Osiyo tekis­lik o`lkasi, O`rta Osiyo tog`li o`lkasi va h.k.
Tabiiy geografiya - 1) geogra­fik qobiq va landshaftlar haqidagi fan, tabiiatshunoslikning asosiy tarmoqlaridan biri, Yer haqidagi fanlar qatoriga kiradi. Geografik qobiqning moddiy tar­kibi, strukturasi, rivojlanishi va hududiy bo`linishini o`rganadi. Tabiiy geografik kompleks­lar, ya’ni geografik qobiq va tur­li katta-kichik landshaftlar, ya’ni tabiiy huduiy komplekslarning zamon va makonda mavjudligini tan olish tabiiy geografiyaning oliy yutugi va asosiy metodologik prinsipidir. Tabiiy geografiyaning bu ta’rifi nisbatan yangi bo`lib, uni  A.A.Gri­gorev, L.S.Berg, A.G.Isachen­ko, S.V.Kalesnik va V.B.Sochavalar asoslab bergan; 2) ta­biiy geografik fanlar sistemasi. Bu sistema umumiy tabiiy geogra­fiya yoki umumiy yer bilimi, re­gional tabiiy geografiya yoki landshaftshunoslik, geomorfolo­giya, iqlimshunoslik, quruqlik gidrologiyasi, okeanografiya, glyatsiologiya, geokriologiya yoki muzloqshunoslik tuproqlar geografiyasi, biogeografiya (geobotani­ka bilan zoogeografiya), fenolo­giya, paleogeografiya va boshqalardan iborat.
  Har ikkala ma’noda ham hozirgi zamon tabiiy geografiyaning predmetini - geografik qobiq (landshaft qobig`i), tabiiy hududiy kompleks (tabiiy kompleks, land­shaft, geokompleks, geosistema) va komponent tushunchalari aks ettiradi. Shunga ko`ra tabiiy geografiya uch asosiy tarmoqqa: umumiy tabiiy geografiya, regional tabiiy geografiya va komponentlar geografiyasiga bo`linadi.
  Umumiy tabiiy geografiya geografik qobiqni bir butun ilmiy tadqiqot ob’ekti sifatida qarab, uning tarkibi, strukturasi va rivojlanishining umumiy qonuniyatlarini o`rganadi. Umumiy tabiiy geografiyaning na­zariy asoslari negizida quyidagi geografik qonuniyatlar yotadi:
1) geografik qobiqning butunligi qonuniyati;
2) aylanma harakatlar qonuniyati, ya’ni geografik qobiqda moddalar va energiyaning turli aylanma harakatlari mavjudligi (chunonchi, suvning aylan­ma harakati, atmosfera sirkulyatsiyasi, biologik aylanma harakatlar, tog` jinslarining aylanma harakati va h.k.); 3) geografik qobiqning ritmika qonuniyati, ya’ni barcha tabiiy geografik jarayon va hodisalarning ma’lum vaqt davomida qonuniy takrorlanishi;
4) hududiy tabaqalanish (bo`linish) qonuniyati, ya’ni geografik qobiqning katta-kichik tabiiy hududiy kompleks­lar - tabiiy o`lka, zona, provin­siya, oblast, rayon va h. k. larga bo`linish qonuniyati;
5) geogra­fik zonallik yoki dunyo zonalligi qonuniyati;
6) geografik zonallikning davriy qonuniyati;
7) azonallik qonuniyati;
8) zonallik va azonallikning bir butunligi (birgalikda uchrashi) qonuniyati;
9) qutbiy asimmetriya qonuniyati;
10)geografik qobiqning rivojlanishi qonuniyatlari va h. k.
  Regional tabiiy geografiyaning mazmuni landshaftshunoslikdagi yangi tasavvurlar, chunonchi, antropogen landshaftlar, landshaftlar re­kultivatsiyasi, ekologiyasi, dinamikasi haqidagi g`oyalar tufayli ancha kengaydi va chuqurlashdi. Landshaftlarning o`z-o`zini boshqaruvchi informatsion sistema si­fatida talqin qilinishi uni o`r­ganishda kibernetika prinsiplarini va sistema uslubini qo`llashga, landshaftlarning tobora mukammal modellarini tuzishga imkon bermoqda. Landshaftlar morfologiyasi (topologiyasi), geokimyosi, geofizikasi va botanikasiga doir katta ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
  Tabiiy komponentlarni o`rga­nish bilan maxsus geografik fan­lar-geomorfologiya, iqlimshunoslik, quruqlik gidrologiyasi, okeanografiya, tuproqlar geografiyasi (geografik tuproqshunoslik) va biogeografiya shug`ullanadi.

Tabiiy resurslar, tabiat resurslari (fransuzcha re­surs- mablag`) - insoniyat uchun yashash vositasi bo`lib xizmat qiladigan va xo`jalikda foydalaniladigan tabiat elementlari (moddiy boylik va energiya tur­lari). Yerlar, foydali qazilmalar, o`simlik hamda suv boyliklari, yovvoyi hayvonlar, qulay iqlim sharoiti, suv va shamol ener­giyasi kabilar tabiiy resurslardir.
  Tabiiy resurslar tugaydigan ammo, qayta tiklanishi mumkin bo`lgan (Masalan, yer, o`simlik va hayvonot resurs­lari), tugaydigan hamda qayta tiklanmaydigan (Masalan, foydali qazilmalar konlari) va tugamaydigan (Masalan, quyosh energiyasi, sha­mol energiyasi) resurslarga bo`linadi.
  Tabiiy-hududiy    kom­pleks - bir butun sistemani tash­kil etadigan geografik kompo­nentlar (tog` jinslari, reylef shakllari, havo, suv, tuproq, o`simlik va hayvonot dunyosi) ning qonuniy majmui; komponentlar bir-birlariga doimo ta’sir etib tu­radi.

Tayga- mo`tadil-mintaqa o`rmonlar zonasining shimoliy qismidagi igna bargli o`rmonlar. Tayga Yevropa, Osiyo va Shimoliy Ame- rikaning shimolida juda katta maydonni egallaydi. Tayga shimolga tomon siyraklasha borib, o`rmonli tundraga aylanadi. Tayganing janubiy chegarasi G`arbiy Yevropada 60-paralleldan o`tadi, sharqqa ketgan sari janubroqqa tusha bo­radi va Uzoq Sharqda 50-parallelga yetadi. Tayga iqlimi kontinen­tal bo`lib, qishi qattiq sovuq va uzoq keladi, yozi yetarlicha issiq, iyulning o`rtacha harorati +10 darajadan + 20 darajagacha, yiliga 300-600 mm yog`in yogadi, chuqur joylar botqoq.
  Tuprog`i asosan podzol tuproq. Yevrosiyo tekisliklarida ko`proq qora qaragay, oq qarag`ay, kedr, Sharqiy Sibirning konti­nental hududlarida aksari tilog`och o`sadi; bargli daraxtlardan qayin, tog`terak uchraydi. Hayvonot dunyosi boy, mo`ynali hayvonlar (tiyin, tulki, ayiq, silovsin, sobol, ondatra), o`txo`r hayvonlardan los, shimol bug`usi ko`p.
Taygada aholi ancha siyrak. Aholi yog`och tayyorlash va yog`och oqizish, mo`ynali hayvonlar ovlash, darrandachilik bilan shug`ullanadi.

Tayfun- Uzoq Sharq dengizlarida ko`tariladigan kuchli tro­pik siklon. Tezligi 30-50 km/soat, ba’zan 100 km/soatgacha yetadi. Tayfun, asosan yozda va kuzda okeanda Filippin orollari yaqinida paydo bo`lib, Xitoy, Yaponiya, Koreya qirg`oqlariga, ba’zan Uzoq Sharq hududiga yetib kelishi mumkin. Tayfun turganda o`ta qattiq shamol esib, jala yog`adi, suv toshqini va katta vayronagarchilik ro`y beradi.
Tal, tall  (arabcha) - tepa, tepalik. Zarafshon vodiysida joy nomlari shaklida ayniqsa ko`p uchraydi. (Talli - Barzu, Tallig`ulon va h.k.)
Tarixiy geografiya - tarix va geografiyaning tarmog`i. Tarixiy geografiya biror mamlakat yoki hududning tarixiy davr mobaynidagi (ko`pincha uning muayyan bosqichidagi) tabiiy, iqtisodiy, siyosiy geografiya va aholi geografiyasidir. Shunga ko`ra tarixiy geografiya tarixiy tabiiy geografiya, tarixiy iqtisodiy geografiya, tarixiy siyosiy geografiya va tarixiy aholi geografiyasiga bo`linadi. Tarixiy geografiya - tari­xiy o`tmish geografiyasidir.
  Tarixiy davr mobaynida ta­biat bilan insonning o`zaro munosabati, geografik muhitning jamiyat taraqqiyotiga ta’siri, inson o`z faoliyatida tabiatdan qanday foydalanib kelganligi, turli shahar hamda mamlakatlarning geografik o`rni mavqeining o`zgarishi kabi masalalar tarixiy geografiyaning asosiy masalalaridir. Tari­xiy geografik tadqiqotlarda turli davrlarda yaratilgan qo`lyozma va adabiy manbalardan, ar­xeologiya, toponimika, tilshunoslik materiallaridan, shuningdek statistik va iqtisodiy ma’lumotlardan keng foydalaniladi.

Tarmoq- asosiy (bosh) daryo va kanallardan ajrab chiqqan suv, asosiy tog` tizmasidan ajrab chiqqan ikkinchi, uchinchi va h.k. darajali tizma, asosiy yo`llardan ajralib chiquvchi yo`l va h.k.
Taroq- tog`larning qator o`tkir cho`qqilari bo`lgan qirrasi, muzlikdagi yoriq.
Tashqi kuchlar, ekzogen jarayonlar(yunoncha ekso - tashqi, genos - paydo bo`lish) - Yer yuzasi yoki yer po`stining yuqori qatlamlarida quyosh energiyasi, og`irlik kuchi (surilish, ko`chkilar) va organizmlar faoliyati ta’si­rida sodir bo`ladigan jarayonlar. Bu jarayonlarga nurash, eroziya, yer osti suvlari harakati, dengiz to`lqinlarining qirg`oqsa urilishi, muzliklar va shamol faoliya­ti kiradi. Tashqi kuchlar natijasida tog` jinslari yemiriladi, yemirilgan mahsulotlar ko`chadi va yangi joy­larda to`planadi.
Tashqi savdo balansi - mam­lakatning muayyan vaqtdagi (masalan, 1 yilgi) eksport va im­port qiymati orasidagi o`zaro nisbat. Agar eksport importdan oshsa, mamlakat tashqi savdo balansi faol balans, import eksportdan oshsa, past balans deyiladi.
Taqir– cho`l va chala cho`l o`lkalarda pastlik joylarni egallagan ancha keng, deyarli tep-tekis maydon. Yer yuzasi, asosan, gil jinslardan tarkib topgan. Yog`ingarchilik vaqtida ko`pincha suv to`planib, sayoz ko`llarga aylana­di. Kun isishi bilan suv bug`la­nib ketib, taqir yuzasida betartib yoriqlar hosil bo`ladi. Taqirlarda oliy o`simliklar o`smaydi. Tuproqda chirindi kam - 0,3-0,8%. Tuproqni ba’zan sho`r bosadi. Taqirlar odatda qum tepaliklari orasi­dagi botiqlarda, tekis pastlik yerlarda bo`ladi. Ko`pincha qadimgi daryo vodiylarida, deltalarda, tog`oldi tekisliklarida uchraydi. Taqirlar odatda ikki xil bo`ladi: berch taqir va bo`zloq taqir. Berch taqirda odatda tuproq zar­ralari changsimon og`ir mexanik tarkibli gildan iborat bo`ladi. Bir dona ham giyoh bo`lmaydi. Bo`z­loq taqirda tuproq mexanik tarki­bida gil bilan birga qum ham bo`ladi. Yer yuzasi uncha yorilib ketmaydi, har yer - har yerda kavar va boshqa o`simliklar uchraydi.
Tekislik- yer yuzasi yassi yoki bir oz o`r-qir bo`lgan katta may­don.

Teraya - botqoqlashgan changalzorlar.

Tektonika, geotektonika (yunoncha tektonikos - binokorlikka oid)-geologiyaning bir tarmog`i bo`lib, yer po`stining tuzilishini, uning tektonik harakatlar va deformatsiyalar ta’sirida o`zgarishini o`rganadi.
Tepa, tepalik - usti gumbaz shaklidagi, yonbag`irlari qiya do`ng, baland joy. Nisbiy ba­landligi 200 m dan oshmaydi. Joy nomlari tarkibida ham uchraydi: Oqtepa, Qo`shtepa, Beltepa va boshqalar.
Teraylar - Himolay tog`lari etagidagi geobotanik zona, botqoq bosgan chakalakzorlar. Chirmovuq o`simliklar chirmashib ketgan qalin o`rmonlarda sal, g`arov, sovun daraxt, mimoza, magnoliya o`sadi. Iqlimi yashash uchun juda og`ir - sernam, dim, issiq. Hozirgi vaqtda ancha qismida botqoqliklar quritilib, qishloq xo`jaligi yerlariga aylantirilgan.
Terrasa, ko`hna qayir - reylef shakli; daryo vodiysi, tog`, tepalik yonbag`irlaridagi gorizontal yoki bir oz qiya maydon. Daryo terrasalari - daryo o`zanining qadimgi qoldiqlari; yirik daryo­larda terrasaning eni 10 km ga yetadi va undan ortiq bo`ladi; ko`l terrasalari ko`lning suv sathi baland bo`lgan paytda to`lqin urilishidan hosil bo`lgan quruqlik polosalari; dengiz terrasalari dengiz sathi pasayganda yoki quruqlik sathi o`zgarganda qirg`oqda qolgan quruqliklar.
Temir yo`l paromi - temir yo`l poyezdlarni dengizlar, qo`ltiqlar orqali o`tkazib qo`yish uchun xizmat qiladigan kema. Masalan, Kaspiy dengizida Krasnovodsk-Boku paromi ish­lab turipdi.
Teokratik monarxiya (yunon­cha teos - xudo, kratos - hokimimiyat) - butun hokimiyat ruhoniylar, cherkov qo`lida bo`lgan davlat formasi.
Terskay – tog` va tizma tog`larning, jar, vodiylarning quyoshga teskari, shimolga qaragan, soya yonbag`ri, Quyosh nuri kam tushadigan joy. Geografik nomlar tarkibida ham uchraydi: Terskay Olatov.

Tetis (yunonlarning dengiz ma`budasi nomidan) mezozoy-kaynozoy boshlarida O`rta dengiz geosinklinal mintaqasida mavjud bo`lgan qadimgi dengiz havzalari sistemasi. "Tetis" atamasi XIX asrning axirlarida E.Zyuss tomonidan taklif qilingan. Ilgari Tetis egallagan hududlar Markaziy O`rta dengiz deb atalgan. Uning qoldiqlari hozirgi zamon O`rta, Qora va Kaspiy dengizlari va Fors qo`ltig`idir.  

Texnika ekinlari - sanoat­ning turli tarmoqlari uchun xom-ashyo beradigan qishloq xo`jaligi o`simliklari. Qanday mahsulot olinishiga qarab bir necha guruhga bo`linadi: kraxmalli ekinlar (kartoshka, batat - shirin kartoshka va b.), qandli ekinlar (shakarsamish, qand lavlagi va b.), moyli ekin­lar (kungaboqar, yeryong`oq, soya, kanakunjut, kunjut, zig`ir, gorchitsa, zaytun, tung va b.), efir moy­li ekinlar (yalpiz, geran, atirgul, lavanda, koriandr va b.), tolali o`simliklar (paxta, uzun tolali zig`ir, jut, kanop, kanoplya va b.); bundan tashqari, guttaperchali, dorivor, oshlovchi, bo`yoq beruvchi va h.k. ekin­lar bo`ladi.
Tinch okean burmalanishi - mezozoy erasida Tinch okean atroflarida ro`y bergan burmalanish (Sharqiy Osiyodagi tog`lar, Kordilyera, And tog`lari). 
Tipologik landshaft kom­plekslari - tipologik xususiyatlarga qarab ajratiladigan ta­biiy geografik komplekslar. Tipologik landshaft komplekslarini ajratish va klassifikatsiya qilishda hududlarning tabiatiga ko`ra bir butunligi (yaxlitligi) emas, balki turli yerdagi landshaftlarning o`zaro o`xshashligi (bir landshaft tipiga kirishi) hisobga olinadi. Binobarin, bunda bir xil landshaft tipi bir necha uzoq areal hosil qiladi. O`rta Osiyo tekis­lik landshaftlari quyidagi tiplarga bo`linadi: subtropik chala cho`llar, cho`llar, subtropik o`tloqlar, madaniy - voha tipla­ri. Tog` landshaftlari tiplari: glyatsial - nival, tog` tundralari, tog` o`rmonlari, tog` o`tloqlari, tog` o`rmonli dashtlari, tog` dashtlari, tog` chala cho`llari tiplari.
Tirsak- daryo, soy va yo`llarning burilib, aylanib o`tgan joyi. Daryolar yo`lida qattiq jinslar yer yuzasiga chiqib qolgan joylarni aylanib o`tib hosil qiladi. Masalan, Volga daryosining Sa­mara tirsagi daryoning Jiguli qirini aylanib o`tishidan hosil bo`lgan. Tog`larning keskin burilgan joyi ham tirsak deyiladi.
Tovoqsoy - yer yuzidagi hamma tomondan balandliklar bilan o`ralgan yoki daryo oqib o`tsa, u ke­ladigan va chiqib ketadigan joy­da tashqari bilan yo`lak (vodiy, dara) orqali tutashgan botiq joy. Shakli va vujudga kelishi har xil bo`lishi (tektonik, muzlik, erozion) mumkin. Reylefi ana shunday bo`lgan joylarning nomi sifatida ham uchraydi. Masalan, To­voqsoy.
Tolali o`simliklar – to`qimachilik sanoati uchun tolalar beradigan ekinlar: paxta, uzun to­lali zig`ir, jut, kanop, kanoplya va b.
Tomirjins - yer po`stidagi yoriqlarni to`ldirgan mineral jismlar. Ular chuqur magmatik manbalardan chiqqan moddalar bo`ladi. Tomirlarda ko`pincha rangdor, qora, nodir metall rudalari uchraydi.
Tomoq - daryolarning quyar joyi, dara o`g`zi, dengizlarning tog` qismi.
Tonna-kilometr - 1 t yukning 1 km masofaga olib borilishi. Tonna-kilometr transport ishining o`lchov birligi.
Tonnel, tunnel (inglizcha) - transport vositalari, ki­shilar o`tishi, suv oqishi uchun mo`ljallangan gorizontal yoki qiya yer osti inshooti, boshliq. Nimaga xizmat qilishiga qarab transport tonnellari, ya’ni temir yo`l, avtoyo`l, met­ropoliten, piyoda kishilar tonnella­ri, gidrotexnik tonnellar, kommunal (vodoprovod, kanalizatsiya, issiq­lik - gaz ta’minotiga xizmat qiladigan) tonnellar va b. bo`ladi. Qayerda qurilishiga qarab tog`, suv osti va tekislik yoki shahar tonnella­ri (Masalan, metropoliten tonnellari) bo`ladi.
Topografik xaritalar (yunon­cha topos - joy, grafo - yozaman)-1:5000 dan 1:200000 gacha bo`lgan yirik masshtabdagi xarita­lar. Topografik xaritalarda joydagi predmetlar aniq va mufassal tasvirlanadi; turli ob’ektlar maxsus belgilar bilan, reylef esa gorizontallar bilan ko`rsatiladi. Xarita ramkasining o`ng va chap chekkalari meridianlarning yo`nalishiga to`g`ri ke­ladi. Topografik xaritadan xalq xo`jaligida va mamlakat mudofaasi maqsadlarida foydalaniladi.

Toponimika (yunoncha topos- joy, onima - nom) - toponimlarni, geografik nomlarni o`rganadigan fan. Toponimika muayyan tildagi geo­grafik nomlarni to`plash, ular­ning rivojlanish, o`zgarish tendensiyalarini, areallarini aniq­lash, nomlarning muhim leksik- semantic, grammatik xususiyatla­rini yoritish, toponimik lug`atlar tuzish, joy nomlari transkripsiyasi singari muammolar bilan shug`ullanadi.
 Toponimlar til lug`at tarkibining bir qismi bo`lib, til qonuniyatlariga bo`ysunadi; shunga ko`ra toponimika tilshunoslik fanlari qatoriga kiradi. Biroq joy nomla­ri boshqa so`zlardan farq qiladi va muayyan hududda tarkib topa­di, binobarin geografik qonuniyatlar, tushunchalar va atamalarni (reylef shakllari, o`simlik va hayvon nomlarini, qazilma boyliklarni) aks ettiradi; shu jihatdan toponimika geografiyaning ham ajralmas qismidir. Toponimlar uzoq yashaydi, ularda har xil ta­rixiy voqealar, tarixiy shaxslarning nomlari, xalq, elat, qabila, urug` nomlari aks etgan bo`ladi; shu nuqtai nazardan toponimika tarix fan­lari bilan ham bog`liq. Joy nom­lari majmui toponimiya deb ata­ladi. Toponimiya til tarixi (tarixiy leksikologiya, dialekto­logiya, etimologiya va b.) uchun mu­him manba bo`lib xizmat qiladi. Ba’zi toponimlar uzoq davrlar­dagi xalqlarning tili, tarixiy o`tmishi, yashagan hududini aniqlashga, foydali qazilmalarni qidirib topishga xizmat qiladi.

Tornado- AQShning janubi-sharqida, Meksika qo`ltig`i yaqini­da ko`tariladigan kuchli quyun.
Toros - qutbiy dengizlarda katta-kichik muz parchalari uyumi. Katta-katta yassi muz bo`laklari shamol ta’sirida sinib, parchalanib, bir-birining ustiga mingashadi; Toroslarning suv ustidan chiqib turgan qismi 8-10 m, qirg`oqqa yaqin joylarda 20 m ga yetadi.
Torf (nemischa yertezak) - botqoqlikdagi o`simliklarning tabiiy qurishi va sernam sharoitda chala chirishi natijasida hosil bo`ladigan foydali qazilmalar. Torf, yertezak - botqoqliklarda chala parchalangan o`simlik qoldiqlaridan hosil bo`lgan tog` jinsi. Tabiiy holda namligi 88-94%. Torf asosan yoqilg`i sifa­tida, shuningdek qishloq xo`jaligida (o`g`it), tibbiyotda ishlatiladi. Torfdan termoizolyatsion materiallar, koks va boshqalar olinadi. Dunyodagi torf zahirasining 2/3 qismi shimoliy yarimsharning asosan tayga zonasida mavjud.
Toshko`mir- o`simliklardan paydo bo`lgan yonuvchi cho`kindi jins; tarkibida 75-97% ugle­rod bor. Toshko`mir eng muhim qazilma yoqilg`ilardan biri. Toshko`mirdan koks, yonuvchi gaz olinadi. Torf kimyo sa­noati uchun xom ashyo hisoblanadi. Issiqlik berish qobiliyati 7- 8,7 ming kkal/kg. Konlari: Rossiya, Ukraina, AQSh, GFR, Buyuk Bri­taniya, Fransiya, Yaponiya va b.
Toshqin- daryolarning o`zandan chiqib, atrofdagi tekisliklarni bosib ketishi. O`zbekiston daryolarida toshqin ko`p yomg`ir yog`adigan va past tog`lardagi qorlar eriydigan bahorda va baland tog`lardagi muz hamda qor eriydigan yoz­da kuzatiladi.
Tog`lar - yer po`stining yakka-yakka yoki qator tizmalar shaklida ko`tarilgan joylari. Burmali, palaxsali, palaxsali-burmali bo`lishi mumkin. Tog`lar turli xil ba­landlikda bo`ladi.
Tog` vodiysi - tog`larda bo`ladigan juda kambar vodiy, ni­shabi turli joyda turlicha bo`ladi. Tog` vodiysida qayirlar katta bo`lmaydi va vodiyning kengaygan joylaridagina uchraydi.
Tog`-vodiy shamoli – tog`li o`lkalarda tunda tog` yonbag`ri va vodiy bo`ylab pastga tomon, kun­duzi esa vodiy va yonbag`ir bo`ylab yuqori tomon esuvchi shamol. Tog`-vodiy shamoli havoning tog`lar bilan atrof­dagi tekisliklarda, vodiy tagi bilan yonbag`irda turli darajada isishi hamda tunda tog`larda va yonbag`irda tez sovib ketishi natijasida bir xil balandlikda at­mosfera bosimida tafovut vu­judga kelishi oqibatida hosil bo`ladi.
Tog` jinslari - yer po`stini tashkil qilgan tabiiy mineral birikmalar. Tog` jinslari bir mineraldan (Masalan, marmar kaltsitdan tarkib topgan) yoki bir necha mineraldan (Masalan, granit dala shpati, kvars va slyudadan tarkib topgan) yoyinki turli tog` jinsla­ri parchalaridan iborat bo`lishi mumkin. Paydo bo`lishiga qarab tog` jinslari yer po`sti ichida yoki yer yuzasida magmaning sotishidan paydo bo`lgan otqindi yoki magmatik jinslarga (Masalan, granit, bazalt), turli tog` jinslarining yer yuzasida yemirilib, boshqa joyga olib borib tashlanishidan kelib chiqqan cho`kindi tog` jinslariga (qumtosh, ohaktosh), yer po`stining ichki qismlarida issiqlik va bosim ta’sirida boshqa tog` jinslarining o`zgarishidan hosil bo`lgan metamorfik tog` jinslariga bo`linadi (Masalan, gneys, kristalli slanets, marmar, grafit).
Tog` massivi - u qadar pasti-baland bo`lmagan yoki eni ham, bo`yi ham deyarli teng bo`lgan keng tog`li o`lka; Masalan, Tyanshan tog`laridagi Xontangri tog` massivi.
Tog` og`zi - daraga kiraverishdagi eng tog` joy. Odatda tekto­nik uzilmalarda, qattiq, tub jinslar yer yuzasiga chiqqan joy­larda vujudga keladi. Darvoza, dahan atamalari bilan ham ifodalanadi.

Tog` paydo bo`lishi - Yerning ichki va tashqi kuchlari ta’siri­da yer yuzasida tog`lar paydo bo`lishi. Yerning vertikal ko`tarilishi hamda oqar suvlar faoliyati ta’sirida tog` tizmalari, tog` massivlari, vodiylar, soyliklar va tekisliklar vujudga keladi.
Tog` tizmasi - har ikki yon bag`ri aniq ko`rinib turgan uzun cho`zilgan tog`.
Tog`li o`lka, tog`lar - tevarak atrofdagi tekisliklardan baland ko`tarilib turadigan pas­ti-baland keng hududlar. Tog`li o`lkada tizmalar va ayrim tog`lar orasi­da vodiylar, botiqlar bo`ladi. Tog`li o`lkalarning balandligi bir necha km, uzunligi bir necha ming km bo`ladi.

Tog`liklar - ham tog` tizmalarini, ham yassi tog`larini o`z ichiga olgan juda katta tog`li hududlar. 

Tog`liq - dengiz sathidan juda balandda joylashgan, usti­da tekislangan yuzalar bilan birga tog` tizmalari ham bo`lgan keng, baland tog`li o`lka. Masalan, Tibet, Eron, Pomir tog`li o`lkalari.
Tranzit (lotincha tranzitus- o`tish) - biron stansiya, rayon, davlat orqali yuk yoki fuqaro olib o`tish. Yuk yoki fuqaro transportning boshqa turiga o`tkaziladigan yoyinki boshqa tomon­ga yo`naltiradigan stansiya ham tranzit deyiladi. Irmoq qabul qilmasdan biron hududdan oqib o`tib ketadigan daryo tranzit daryo deb ataladi.
Transgressiya (lotincha trans­gressiy- o`tish) - materik bir qismining cho`kishi oqibatida dengizning quruqlikka bosib ke­lishi. Transgressiya hodisasi Yerning butun geologik tarixi davomida bo`lib kelgan. Transgressiya - quruqlikning cho`kindi yoki dengiz sathining ko`tarilishi natijasida quruqlikka bo`sib kelishi.
Trog (nemischa tog`ora) - muzlik o`yib o`zgartirgan tog`orasimon tog` vodiysi.

Transport (lotincha transpor­to- tashiyman) - xalq xo`jaligi­ning yuk va fuqaro tashiydigan tarmog`i, transportning asosiy turlari temir yo`l, dengiz, daryo, avtomo­bil, havo va truboprovod transportla­ri. Transport ishi yuk oboroti va tashilgan fuqarolar miqdori bilan o`lchanadi. MDHda transportning eng muhim turi – temir yo`l transportidir. Bunda dengiz yuk oborotida eksport-import operatsiyalari aso­siy o`rin tutadi. Daryolarda yuk va fuqaro tashishning roli ortib bormoqda. Avtomobil, trubo­provod va havo transportlari tez sur’atlar bilan taraqqiy etmoqda.
Trapplar (shvedcha trappa - zinapoya)-otqindi tog` jinslaridan (bazalt, diabaz, gabbro) hosil bo`lgan reylef shakli-zina - qoyalar (pog`onalar). Trapplar Sharqiy Sibir yassi tog`ligida, Ja­nubiy Afrika va Hindistonda uchraydi (Dekan yassi tog`ligi).
Trog (nemischa trog – tog`ora) – tog` daryosining bir zamonlar muzlik o`ygan vodiysi. Vodiy tubi keng bo`lib, ma’lum balandlikkacha ikki yonbag`ri birdan tik ko`tarilib, vodiy yanada kengayadi va bir ozdan so`ng yana tik yonbag`ir boshlanadi.
Tropik iqlim - tropik kengliklarning yil bo`yi havo issiq bo`ladigan iqlimi. 20 darajali yillik izoterma tropik iqlim chegarasi deb qabul qilingan. Issiq mintaqa hududida quyidagi tiplari uch­raydi; ekvatorial tropik iqlim - ekvator atroflaridagi o`lkalar uchun xarakterlidir (Masalan, Zair daryosi bo`ylari, Amazonka pasttekisligi, Malay arxipela­gi); bu yerlarda shamol kam bo`lib, o`rtacha yillik harorat +26°, yil fasllari harorati deyarli farq qilmaydi; yiliga 1500-2500 mm, ba’zan 3000-3500 mm va undan ham ortiq yog`in yogadi. Havo doimo issiq va rutubatli.
  Mussonli tropik iqlim ekvatorial tropik iqlimning har ik­ki tomonida uchraydi (Hindiston yarim oroli, HIndixitoy, Shimoliy Avstraliya, Sharqiy Afrika); harorat ekvatorial tropik iqlim haroratidan kam farq qiladi, lekin ekvatordan musson esadigan sernam davrda yog`in juda ko`p (mussonga ro`para tog` yonbag`irlarida 10000 mm gacha) yog`adi; quruq iqlimli o`lkalardan musson esadi­gan davrda esa havo quruq bo`ladi. Passatlar tropik iqlimi tropiklar yonidagi hududlar uchun xarakterlidir. Passat shamollarining yo`nalishi va tezligi doi­miy bo`lib, tog`li hududlarni istisno qilganda, yog`in kam yogadi. Havo issiq bo`ladi.

Tropik mintaqalar - Yer sharidagi ikkita tabiat mintaqasi. Shimoliy va Janubiy yarim sharlarda, taxminan 20° va 30° keng­liklar orasida. Harorat issiq (oylik o`rtacha harorat - 10° dan ortiq passat esib turganidan yog`in kam - yiliga 50-200 mm (mate­riklarning sharqiy togli hududlariga 1000-2000 mm) yog`in yog`adi. Quruqlikda cho`llar va chala cho`l­lar, sernamroq hududlarda savannalar va o`rmonlar asosiy o`rin tutadi.
Tropik o`rmonlar - tropik mintaqada, yil bo`yi issiq, seryog`in joylarda, 25° sh. k. bilan 30° j. k. orasida o`sadigan o`rmon­lar. Tropik o`rmonlar ko`p yarusli bo`lib, xil­ma-xil o`simliklardan, aksari ba­land bo`yli daraxtlardan (60- 70 m va hatto 80 m) iborat; daraxtlar tagida soya-salqinni sevadigan daraxtlar, so`ngra bo`ta­lar va ko`pdan-ko`p parazit o`simliklar o`sadi. Xilma-xil chirmovuqlar daraxt tanalarini o`rab olgan. Tropik o`rmonlarda katta-kichik har xil hayvonlar yashaydi. Iqlim nosog`, aholi siyrak yashaydi. Tropik o`monlar Janubiy Amerikada, ekvatorial Afrikada, Malayya arxipelagida ayniqsa katta maydonni egal­laydi.
Tropiklar, madorlar - ekvatordan 23,5° sh.k. va j.k. dan o`tgan doiralar, parallellar. Ekvatordan shimoldagisi shimoliy tropik yoki Saraton tropigi (ma­dori), janubdagisi janubiy tropik yoki Jad tropigi (madori) deyi­ladi. Har bir tropikda faqat bir marta: shimoliy tropikda 22-iyunda, janubiy tropikda 22-dekabrda Quyosh zenitda (tik tepada) turadi. Tropiklar orasidagi joy­larda Quyosh yiliga ikki marta zenitga chiqadi. Shimoliy tropikdan shimolda va janubiy tropikdan janubda Quyosh hech qachon zenitda turmaydi.
Troposfera (yunoncha tro­pos - o`zgarish, sfera - shar) - atmosferaning yer yuzasiga yaqin eng quyi qismi. Troposferaning qalinligi qutbda 8-10 km, o`rtacha kengliklarda 10-12 km, ekvator atroflarida 16-18 km. Troposferadagi havo asosan yer yuzasidan issiq ola­di. Havo harorati troposferaning ustki chegarasida qutbda -55°, ekvator yaqinida -80°. Atmosferadagi bu­tun havo massasining 4/5 qismi­da ko`prog`i va suv bug`ining de­yarli hammasi troposferada havo gorizontal va vertikal harakat qilib, bulutlar paydo bo`ladi va yog`in (qor, yomg`ir, do`l) yog`adi.
Truboprovod transporti, quvur, truboprovod - suyuq, gazsimon yoki qattiq yuklarni trubalar orqali haydash transporti. Truboprovod transportidan asosan gaz, neft va qattiq materiallarni (g`alla, qu­rilish materiallari, toshko`mir va b.) haydashda foydalaniladi.
Tub jins - paydo bo`lgan joyida qolgan va nurash ta’si­rida kam o`zgargan tog` jinsi.
Tub kon - nurash ta’sirida o`zgarmagan yoki kam o`zgargan tub jinslar (magmatik, cho`kindi, mematog`fik jinslar) orasida pay­do bo`lib, o`sha yerning o`zida qolgan kon.
Tuman - atmosferaning quyi qismida (ba’zan bir necha yuz metr balandlikkacha) uchraydigan mayda suv tomchilari yoki muz kristallari. Tuman tushganda 1 km va bir necha yuz metrdan narini ko`rib bo`lmaydi. Tepaga ko`tarilgan tuman bulut deyiladi. Havo qizisa, suv tomchilari bug`ga aylanib, tuman tarqalib ketadi.
Tumshuq– tog`, tepa, orol va h.k. larning uchli, turtib chiqqan chekkasi. Joy nomi sifatida ham qo`llanadi. Masalan, G`obdun tog`ining sharqiy tumshug`idagi qishloq Tumshuq deb ataladi.
Tundra (fincha tunturi – o`rmonsiz yalang qir) - Subarktika mintaqasidagi tabiat zonasi. Tundra shimolda arktika muz sahrolari zonasi bilan, janubda esa o`rmonli tundra zonasi bilan chegaradosh. Tundra iqlimi sovuq: qish qattiq bo`lib, 8-9 oy davom etadi, yoz qisqa va salqin. Iyul oyining o`rtacha harorati +10° dan oshmaydi. Vegetatsiya davri 50-100 kun. Tekisliklarda 150-350 mm, tog`­larda 500 mm gacha yog`in yogadi. Qor qoplami yupqa. Yezda tuproqning 0,5-1,5 m li ustki qismigina eriydi. Tundrada botqoqliklar va ko`llar ko`p. Asosiy o`simliklari - mox, lishaynik, past bo`yli o`tlar, bo`talar va chala bo`talar. hayvonlardan shimol bug`usi, bo`­ri, lemming; qushlardan oq kaklik, tundra kakligi uchraydi, suvlarda baliq ko`p. Yozda har xil qushlar uchib keladi. Aholining asosiy mashg`uloti – bug`uchilik, baliq tutish, ovchilik.
Tundra tuproqlari - tundra zonasida aksari botqoqlangan tuproqlar. Tundra tuproqlari yupqa (ba’zan ko`pi bilan 5 sm), chirindisi kam (1-2%) bo`ladi. Tundra tuproqlari ko`p yillik to`ngan zamin ustida iqlim sovuq, nisbiy namlik katta sharoitda paydo bo`lgan. Bunday sharoitda o`simlik qoldiqlari parchalanishga ulgurmay torfga aylanadi. Tundra tuproqlari Yevrosiyo va Shimoliy Amerikaning shimoliy qismida, Grenlandiyaning janubiy qismida, Shimoliy Muz okeanidagi ba’zi orollarda uchraydi.
Tuproq- yer po`stining o`simliklar o`sa oladigan darajada unumdor bo`lgan eng ustki yumshoq qismi. Tuproq biosfera, atmosfera va litosferaning o`zaro ta’sir etishi natijasida paydo bo`ladi. Tuproq asosan har xil minerallardan, shuningdek organik moddalardan iborat bo`lib, tarkibida suv, tuproq eritmalari, havo va har xil mikroorganizmlar bor. Tuproqning mineral moddalari ona jinsning nurashidan, organik moddalar - chirindi esa o`simlik hamda hayvon qoldiqlarining chirishidan hosil bo`ladi. Tuproqning unumdorligi chirindi miqdori va tarkibi­ga bog`liq. Mexanik tarkibiga (zarralarning katta-kichikligiga) ko`ra qumli, gilli qumoq, qumloq tuproqlar, paydo bo`lishiga ko`ra podzol, chimli podzol, qora, kashtan, sur, qizil va boshqa tuproqlar bo`ladi. Tuproq tiplari yer sharida geogra­fik zonalar bo`ylab joylashgan.
Tuproq eritmasi - tuproq ichida uchraydigan va tarkibida erigan holda gazlar, mineral va organik moddalar bo`lgan suv. Tuproq eritmasi tuproq paydo qilish jarayonida, turli reaksiyalarda, tuproqda moddalar almashinishida va o`simliklarning oziqlanishida ishtirok etadi.
Tuproq havosi - tuproq ichidagi bo`shliqlarda, kapillyar teshiklarda uchraydigan havo.
Turizm (fransuzcha tur- safar) - jonajon mamlakat yoki chet mamlakatlar bilan tanishish maqsadida yoki sport maqsadlarida muayyan yo`nalishda sayohat qilish. Turizm - geografik bilimlarni amaliyot qilish, geografik va o`lkashunoslikni boyitish vositasidir. turizmi alpinizm deyi­ladi.
Tuf- turli yo`l bilan pay­do bo`lgan tog` jinslari. Ohakli tuf yoki travertin - mineral buloqlarning ohakli cho`kindisi. Qurilish materiali sifatida, se­ment sanoatida va ohak olish uchun ishlatiladi. Vulkanik tuf vulkan otilganda chiqadigan kul, shlakm, lapilli va boshqalarning sementlashishidan hosil bo`ladi. Qurilish materiali bo`lib xizmat qiladi. 
To`zima qum - o`simlik bilan qoplanmagan, shamolda to`zib, bir joydan ikkinchi joy ga ko`chib yuradigan qum. To`zima qum barxanlar, qum dalalarini hosil qiladi. To`zima qum cho`l o`lkalarda turli xil qurilishlarga, qishloq xo`jaligiga zarar yetkazadi. Bunday qum­lar Qizilqum va Qoraqumda ko`p uchraydi.
To`lin suvlik - yilning ma’­lum mavsumida daryoda suvning har yili ko`payishi va erta bahorda qorning, yozda tog`lardagi qor hamda muzlarning erishi, shu­ningdek uzoq vaqt davomida yomg`ir yog`ishidan suv sathining ko`tarilishi.
To`lqin - okean, dengiz, ko`l, daryolarda suv yuza qismining tebranma harakati.
To`rtko`l- 1) qadimgi yaxlit yassi qirlarning yemirilishidan qolgan supasimon tepalar. Unda cho`kindi tub jinslar qatlamlari gorizontal yotadi. Amudaryo etagida ko`p uchraydi. To`rtko`llar ba’zan bir yerga to`planib, to`rtko`l tipli reylef hosil qiladi; 2) qadimgi istehkomlarning xarobasi; ma’naviy jihatdan choldevor (chordevor) so`ziga to`g`ri keladi. To`rtko`lning ko`l so`ziga hech aloqasi yo`q. Qirgizlar To`rtko`lni to`rtkul deyishadi. Xorazmda atrofi devor bilan o`ralgan joy To`rtko`l deyilgan. Hozirgi vaqtda ko`proq joy nom­lari shaklida uchraydi.
To`qay, to`qayzor - daryo bo`yidagi qalin, changalzor o`rmon. Suv serob, mikroiqlimi atrofda­gi cho`ldan namroq va yumshoqroq bo`lganidan o`simlik hamda hayvonot dunyosi o`ziga xos bo`ladi. Tuprog`i ham allyuvial, gidromorf. To`qaylarda daraxtlar bilan birga bo`talar ham qalin o`sadi. O`rta Osiyo to`qaylarida terak, tol, zarang, yulg`un, jiyda, qamish va b. o`sa­di. Hayvonot dunyosi: to`ng`iz, kiyik, chiyabo`ri, to`qay mushugi, tustovuq va b.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.