E - harfiga oid izohli lug`atlar 

9 351

 
Ekvator– yerning aylanish o`qiga perpindikulyar bo`lgan va har ikkala qutbdan teng masofada jo`ylashgan katta aylana chizig`i. Ekvator (lotincha ekuator - tenglashtiruvchi, tengkunlik chiziq) - Yer yuzasida qutblardan ba­robar uzoqlikdan o`tkazilgan kat­ta aylanma chiziq. Ekvator Yer sharini ikki yarim sharga - shimoliy va janubiy yarim sharlarga bo`ladi. Geografik kengliklar ekvatordan hisoblanadi. Ekvator  uzunligi (Krasovskiy ma’lumotiga ko`ra) 40 075696 m, 1 daraja yoyining uzunligi 111321,4 m. Ekvatorda kecha bilan kun­duz doimo teng bo`ladi. Quyosh ekvator ustida har yili ikki marta – 21-mart va 23-sentyabrda zenitdan o`tadi.

Ekvatorial mintaqa - taxminan 5-8° shimoliy kenglik bilan 4-11° janubiy kenglik orasida joylashgan geogra­fik mintaqa. Yil bo`yi havo haroratining yuqoriligi (o`rtacha oylik harorat +24, (28°), yog`inlarning ko`pligi +1500- 3000 mm, maksimum 10 000 mm ga­cha), biogeokimyo va geomorfologik jarayonlarning intensivligi bilan ajralib turadi. Hududni asosan ekvatorial o`rmonlar zonasi ishg`ol etgan.

Ekvatorial o`rmonlar (gileya) zonasi - ekvatorial mintaqa ta­biat zonasi. Bu zona tabiat ritmikasida mavsumiylikning yo`qligi, podzollashgan laterit tuproqlardagi qalin doimiy yashil ser­nam o`rmonlar-gileyalarning tarqalganligi bilan xarakterlanadi. Ekvatorial o`rmonlar zonasi Janubiy Amerika, Afri­ka, Janubi-Sharqiy Osiyo va Okeaniyaning ekvatorial hududlarida tarqalgan.

Ekzaratsiya, muzlik ero­ziyasi- siljib yurgan muzlikning tagini o`yishi.

Ekzogen jarayonlar - Yer yuza­sida va yer po`stining yuza qismida quyosh radiatsiyasi energiyasi, yerning tortish (gravitatsion) kuchi va or­ganizmlar hayot faoliyati natija­sida ro`y beruvchi jarayonlar. Bu jarayonlar endogen jarayonlarga qarama-qarshi bo`lib, yer yuzasidagi notekisliklarni tekislaydi. Bu­larga nurash, suv va shamol eroziyasi, muzliklar, yer osti suvlari ishi, dengiz to`lqinlari va h.k.larni kiritish mumkin.

Ekzosfera (yunoncha yekzo - tashqi, sfera - shar) - atmosfera­ning eng siyrak tashqi qismi. Yer yuzasidan 450-800 km balandda boshlanib, bir necha ming km ga yetadi. Ekzosferada havo shu qadar siyrakki, yengil gaz (vodorod, geliy, kislorod) zarralari katta tezlik bilan harakat qilib, kosmik fazoga o`tib ketishi mumkin. Ekzosfera– yer atmosferasining ionasfera ustidagi tashqi qismi.

Ekliptika (yunoncha yeklipsis - tutilish) - osmon sferasining Quyoshning yillik ko`rinma  harakati ro`y beradigan katta doirasi. Bu harakat Yerning Quyosh atrofidagi harakatini aks ettirganligidan, ekliptikani osmon sferasining Yer orbitasi tekisligi bilan kesishishi deyish mumkin. «Ekliptika» so`zining kelib chiqishiga sabab shuki, Oy orbitasi ekliptika bilan kesishgan nuqtalar yaqiniga Oy kelgan paytlardagina Quyosh bilan Oy tutiladi.

Ekologik geografiya - ekolo­giya va biogeografiya fanlarining tarmog`i. U hozirgi muhitning organizmlarning geografik tarqalishidagi rolini o`rganadi. Ekologik geografiya o`simliklar, hayvonlar va mikroorganizmlar ekologik geografiyasiga bo`linadi.

Ekologik muvozanat - orga­nizmlar va inson uchun zaruriy tabiiy sharoit muvozanati. Bu mu­vozanat buzilsa tabiiy landshaft­lar nomaqbul rivojlanadi, atrof-muhitning ekologik sharoiti yomonlashadi, binobarin, inson va organizmlar hayoti xavf ostida qo­ladi. Ekologik mmuvozanatning buzilishiga at­mosfera havosining ifloslanishi, mahalliy iqlim sharoitining kes­kin o`zgarib ketishi, suvlarning ifloslanishi va boshqalar misoldir.

Ekologik omillar - Organizmlarning yashashi va geografik tarqalishiga ta’sir etuvchi hayot sharoiti elementlari. Ekologik omillar quyidagi guruhlarga bo`linadi: 1) iqlim omillari (havo, yorug`lik, issiqlik, suv va h.k.);  2) edafik omillar (tuproq - grunt qoplami); 3) orografik omillar oro­grafiya va reylef shakllari); 4) biologik omillar (organizmlarning o`zaro ta’siri); 5) antro­pogen omillar (inson ta’siri) va 6) tarixiy omillar. Shuningdek, bevosita va bilvosita ta’sir etuvchi ekologik omillar.

Ekologiya (yunoncha oykos - uy, makon, logos - fan) - organizm­lar bilan tabiiy muhit o`rtasidagi aloqalarni, ularning o`zaro borliqligini o`rganuvchi fan. O`rta Osiyoni ekologik jihatdan o`rga­nishda ekologiyaning asoschilaridan D.N.Kashkarov va Ye. P. Korovinlarning roli kattadir. Hozirgi kunda ekologik tadqiqot­lar tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilish muammolarini hal qilishda nihoyatda katta ilmiy va amaliy ahamiyatga molikdir.

Ekspansiya (lotincha ekspansion - kengaytirish) – biror davlatning boshqa yerlarni bosib olish hisobiga o`z hududini kengaytirish uchun harakat qilishi. Iqtisodiy ekspansiya - tovarlarini sotadigan bozor va xom ashyo manbalarini qo`lga kiritish.

Ekspozitsiya, yonbag`ir ekspozitsiyasi – tepalik, tog`, vo­diy, jar va boshqa yonbag`irlarining go­rizont tomonlariga, binobarin Quyoshga nisbatan qanday joylashganligi; masalan, yonbag`ir janubga qaragan bo`lsa, janubiy ekspozitsiya bo`ladi.

Eksport (lotincha eksporto - tashqariga chiqaraman) - tashqi bozorda sotish uchun mamlakatdan tovar chiqarish. Eksport tovar, kapital va qimmatbaho qog`ozlarni tashqi bozorga olib chiqish va sotish. 

Ekstensiv qishloq xo`jaligi - fovdalanilayotgan yerlarning bi­ron bir o`lchovi, masalan, gektar hisobiga xarajat ham, daromad ham kam bo`lgan xo`jalik. Masalan, yaylov chorvachiligi.

Elyuviy– ona tog` jinslarining kimyoviy, mexanik va organik jarayonlar ta`sirida nurashi va nurash mahsulotlarining o`z joyiga qolib to`planishi natijasida hosil bo`lgan jinslar.

Emigratsiya (lotincha yemigro – ko`chib ketaman) - kishilarning doimiy yashash uchun yoki uzoqroq muddatga, bir mamlakatdan ikkin­chi mamlakatga majburiy yoki ixtiyoriy kuchib ketishi.

Endogen jarayonlar - Yerning ichki qismida ro`y beradigan fi­zik va kimyoviy jarayonlar. Ular yer yuzasida turli xil tektonik harakatlar, vulkan otilishlari, yer po`stining o`zgarishi, yorilishi, zilzilalar tarzida aks etadi.

Energetik resurslar, energoresurslar - tabiatda mav­jud bo`lgan va texnikaning hozirgi darajasida moddiy boyliklar ishlab chiqarish uchun inson amalda foydalana oladigan energiya zahiralari. Hozirgi vaqtda turli yoqilg`ilar (toshko`mir, neft, yonuvchi gaz, yonuvchi slanets, torf, o`tin), gidroenergiya, dengiz suvining ko`tarilishi va qaytishi, shamol energiyasi, atom energiyasi energetic resurslar hisoblanadi.

Energetika, energetika xo`jaligi - sanoatning xalq xo`jaligini energiya bilan ta’minlash uchun turli yoqilg`i va boshqa ener­getik resurslar olish va ulardan foydalanish bilan shug`ullanadigan tarmog`i.

Energiyani ko`p ishlatadigan ishlab chiqarishlar - mahsuloti tannarxi strukturasida energetik xarajatlar asosiy o`rin tutadigan ishlab chiqarishlar. Rangli metallurgiya, elektrometallurgiya, qotishmalar ishlab chiqarish, kimyo sanoatining ayrim tarmoqla­ri va boshqalar energiyani ko`p ishlatadigan ishlab chiqarishlardir. Bunday korxonalar ko`pincha elektr ener­giya va yoqilg`ining boshqa turlari arzonga tushadigan hududlarga joylashtiriladi.

Energosistema - elektr uzatkich liniyalar va tarmoqlar bilan o`zaro birlashgan va iste’molchilarni birgalikda elektr energiya bilan ta’minlab turadigan yirik elektr stansiyalar birlashmasi. Lokal (shahar elektrosistemalari), zonal (rayonlararo) va milliy (butun mamlakatning elektr stansiyalarini birlashtiradigan) elektrosistemalar bo`ladi. 

Eol jarayonlari (yunoncha eolos - shamol xudosi) - shamol ta’sirida reylef hosil bo`lish jarayonlari. Shamol qattiq tog` jinslarini yemiradi, o`yadi, silliqlaydi, mayda jinslarni bir joydan ikkinchi joyga uchirib bo­radi.

Eol yotqiziqlar – shamol vositasida hosil bo`lgan yotqiziqlar.

Eol - qadimgi yunonlarning shamol xudosi Eol nomidan olingan. Shamol ishi ta`sirida yer yuzasining o`zgarish jarayonlari.

Epigeosfera- geografik qobiq tushunchasining sinonimi. A.G.Isachenko tomonidan taklif etilgan.

Epitermal konlar – yer yuzasidan uncha chuqur bo`lmagan joylarda past haroratli eritmalardan hosil bo`lgan konlar.

Epitsentr- yer ichidagi zil­zila uchog`ining ustida yer yuzasida joylashgan joy. Gorizontal harakat qiluvchi to`lqinlar epitentrdan tarqaladi. Epitsentr – zilzila o`chog`i yaqinidagi yer silkinishlari eng kuchli zilzila hududi.

Epeyrogen harakatlar – yer po`stining asta-sekin ko`tarilib yoki pasayib borishi.

Erglar- Afrikaning Sahroi Kabir cho`llarida qator-qator qum do`nglari ko`p bo`lgan cho`llar. Erglar odatda allyuvial jinslar tarqalgan keng soyliklarda ko`proq uchraydi. Erglarda o`simliklar va hayvonlar yashashi uchun sharoit reg, hamada, serirlarga qaraganda qulayroq bo`ladi.

Eroziya (lotincha erosio - yemirish) - tog jinslari va tuproqni oqar suvlarning yuvib, oqizib ketishi. Eroziya reylef hosil qiluvchi omillardan biri. Yuvilish yuzalama va chuqurlatma bo`lishi mum­kin, yana yon eroziya va tag eroziya bo`ladi. Normal eroziya va insonning noratsional xo`jalik faoliyati oqibatida bo`lgan tezlatilgan eroziya bir-biri­dan farq etiladi.

Estuariy (lotincha daryoning suv bosadigan etagi)- daryoning dengizga quyiladigan joyi kengayib, daryo etagini dengiz suvi bosishidan hosil bo`lgan qo`ltiqcha. Estuariy-daryoning dengiz­ga quyiladigan joydagi kengaygan qismi. 

Eski dunyo – Yevrosiyo va Afrika materiklari.

Etak - daryo quyi oqimidagi yerlar (daryo etagi), qishloq, shahar yoki biror joyning pastki chekka qismi (qishloq etagi, yerning eta­gi), tog` etagi va h.k.

Etnografiya(yunoncha etnos - xalq, grafo - yozaman) - dunyo xalqlarining madaniy va maishiy xususiyatlarini, xalqlarning ke­lib chiqishi (etnogenez), madaniy-tarixiy aloqalarini o`rganadigan fan. 

Efemer o`simliklar (yunoncha efemeros - bir kunlik) – qurg`oqchil o`lkalarda o`sadigan, vege­tatsiya davri qisqa bir yillik o`simliklar. Masalan, O`rta Osiyo cho`llarida rango`t, qo`ngirbosh, lolaqizg`aldoq kabi efemer o`simliklari may oyi boshlaridayoq qurib qoladi. Efemer - bir yillik o`simliklar.

Efemeroid - ko`p yillik o`simliklar.

Effuziv tog` jinslari – yer usti yoki suv ostidagi vulqon faoliyati natijasida hosil bo`lgan magmatik jinslar.

Exolot– dengiz va okeanlarning chuqurligini o`lchovchi asbob.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.