Pasxi orolidagi sivilizatsiya qanday yo’q bo’lgan? 

4 213

  Pasxi orolida istiqomat qilgan tub aholi vakillarining  taqdiri nima bilan yakunlangan? Tinch okeanida joylashgan mazkur orol bilan bog`liq shov-shuvlar hamon tinmagan. Tosh haykallari bilan mashhur bu orol ekoxalokat sabab fojea bilan to’qnash kelgani aytiladi.
  Mahalliy xalq tomonidan Rapa-Nui deb ataluvchi orol o’rmonlari  muntazam ravishda kesilgan. Buning oqibatida ekotizim barbod bo’lib, qishloq xo’jaligiga katta ziyon yetgan. Natijada orolda ocharchilik boshlangan va xalq ovqat topish maqsadida bir-birini qirib tashlagan. Olimlarning fikricha, orol aholisi bu yerga yevropaliklar kelishidan avvalroq yo’q bo’lib ketish arafasida edi. Ma’lumki, yevropaliklar orolga ilk bor 1722-yilda qadam qo’ygan.
 Pasxi (Rapa-Nui) oroli Tinch okeanining janubiy-sharqiy qismida joylashgan bo’lib, quruqlikdan eng olisda joylashgan jahondagi eng olis orol  sifatida ko’riladi. Orol yaqin atrofdagi qitadan, to’g`rirog`i Chili sohillaridan 3 ming 514 kilometr uzoqlikda joylashgan. Pasxi orolida ayni damda 3 ming 700ga yaqin aholi istiqomat qiladi. Bu orolga ilk bor eramizdan avvalgi 400 yilda odamlar ko’chib kelgan. Olimlar mazkur orol vulqon kullaridan tashkil topganini taxmin qiladilar. Orolda daryo yo’q. Aholi toza ichimlik suvini ko’ldan oladi. Florasi unchalik boy emas. Atigi 30 xil o’simlik mavjud. Yevropaliklar ilk bor orolga qadam qo’yganlarida bu yerda daraxtlar yo’qligidan hayron bo’lishgan edi. O’shanda ular odamlarning aybi bilan o’rmonlar yo’q bo’lib ketishganini taxmin qilgandilar. XX asrda olib borilgan tadqiqot natijalariga qaraganda, bir vaqtlar orol qalin o’rmon bilan qoplangan bo’lgan. Keyinchalik odamlar qishloq xo’jaligi ekinlarini ekish va o’tin g`amlash maqsadida o’rmonlarni kesa boshlagan. Qadimiy odamlarning toshga aylangan tishlari o’rganilganda, Pasxi oroli aholisining asosiy taomi batat (shirin kartoshka) bo’lgani aniqlandi. Aynan kartoshka ekish maqsadida o’rmonlar yo’q qilingan bo’lishi ham mumkin. Tadqiqotlarga qaraganda orolda palma daraxtlari XVI asrda yo’qolib ketgan. Olimlar orolga batat ilk bor IX asrda olib kelinganini isbotlashdi. Aholi soni oshib borishi bilan palma daraxtlari kesilib, uning o’rniga shirin kartoshka ekila boshlangan. Bu o’z navbatida yerlarning eroziyaga uchrashiga olib kelgan. Natijada qirg`in-barotlarga  sabab bo’lgan Oradan ko’p o’tmay orol aholisi keskin qisqarib ketgan. XXI asrga kelib tarixchi olim Jared Daymond odamlarning qirlib ketishiga tabiatga bo’lgan noto’g`ri munosabat sabab bo’lgan degan qarashni ilgari surdi. "Bir necha asr davomida orol aholisi o’z o’rmonlarini qirg`in qilib, o’simlik va xayvonat dunyosini yo’q qilishdi. Buning oqibatida jamiyatda boshboshdoqlik kelib chiqdi. Ular so’nggi daraxtni qirqishayotganda nimalarni o’yladi ekan?” dedi olim. Jared  Daymond tabiatga qiron keltirayotgan insoniyat Pasxi oroli taqdiridan xulosa chiqarishi lozimligini eslatib o’tdi. Hatto, Buyuk Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcher 1989-yilda BMT minbaridan turib, bugungi sivilizatsiya Pasxi oroli yo’lidan ketayotganidan ogohlantirgan edi.
  Biroq so’nggi yillarda orol fojeasi xaqida boshqacha taxminlar ham ilgari surilmoqda. Masalan, amerikalik arxeologlar Terri Xant (Terry L. Hunt) va Karl Lipo (Carl P. Lipo)lar 2006-yilda Science jurnalida e’lon qilingan maqolasida fojeaga kalamushlarni ayblab chiqishgandi.
  Olimlar bir fikrda yakdildirlar. Ularning xammasi millionlab Paschalococos disperta palma daraxtlari XIII-XVII asrlarda yo’q bo’lib ketganini ta’kidlaydilar. Biroq daraxtlarni yo’q bo’lishiga insonlarmi, yoki kemiruvchilar aybdormi, degan savol xamon ochiq qolmoqda. Xant va Lipo kalamushlar daraxtlarni bir zumda yo’q qilishini isbotladilar. Tinch okeani kalamushlari (Rattus exulans) orolga biror bir qarshilik va raqibka uchramay kelgani taxmin qilinadi. Daraxtlarning yo’q bo’lib ketishiga aynan kalamushlar aybdor ekanini arxeologlar tomonidan  olib borilgan qazishmalar xam isbotlamoqda. Olimlar kalamushlar 400-500 yil davomida orol o’rmonlarnni yo’q qilganini aytishmoqda.
  Biroq bu borada boshqa bir qarashlar ham mavjud.  Ayrim  olimlar tub aholi ekologiya qurboni bo’lmaganini, balki bosqinchilar tomonidan genotsidga uchraganini aytishadi. Ya’ni tub aholi yevropaliklar tomonidan olib kelingan mikroblar va o’q otar qurollar tufayli nobud bo’lgan. 
 Sharofidin To’laganov
"O`zbekiston" teleradiokanali DUK "Axborot" informatsion eshittirishlar
muharririyati "Xalqaro hayot" guruhi bo`lim mudiri

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.