Nima uchun dunyodagi eng toza koʻlda choʻmilishga ruxsat berilmaydi? 

1 929

Yangi Zelandiya mamlakati hududida, dengiz sathidan 1200 metr balandlikda joylashgan Rotomayrevenua koʻli ikkita jihati bilan butun dunyoga mashhur boʻlgan. Ulardan bittasi – koʻlning oʻta toza ekanligi hisoblanadi. Ikkinchisi – koʻlga yaqinlashish taqiqlab qoʻyilgani. Ushbu taqiqlarning sababi nimada? Nima uchun sayyohlar dunyodagi eng toza koʻlda choʻmila olmaydilar? Yoki koʻlda choʻmilish odam hayoti uchun qandaydir xavf tugʻdiradimi?

Dunyoda mukammal darajada toza va tiniqligi bilan mashhur suv havzalari, ayniqsa koʻllar koʻp emas. Suvi billurdek toza havzalardan biri – Rotomayrevenua koʻli hisoblanadi. U Yangi Zelandiyaga qarashli hududda joylashgan. Bu koʻlda nafaqat choʻmilish, balki suvga qoʻl tekkizish ham mumkin emas. Koʻl sayyohlar hayoti uchun xavf tugʻdirmaydi, ammo sayyohlar koʻl uchun xavf tugʻdiradilar. Yangi Zelandiya hukumati vakillarining bunga ishonchlari komil va ularning haq ekanligini ham tan olish kerak.

Gap shundaki, Rotomayrevenua kabi joylar soni juda kam qolgan. Mazkur koʻl tabiat boyligi va qoʻriqxona deb eʼlon qilingan.
Suv havzasini Nelson-Leyks bogʻi oʻrab turadi, unga tarixda odamlar tomonidan deyarli hech qancha zarar yetkazilmagan. Shu sababli, nafaqat koʻlga, balki qoʻriqxonaga kirish ham taʼqiqlangan. Albatta, bu yerga sayyohlar kelib turishadi. Lekin, ularning soni qatʼiyan cheklab qoʻyiladi. Hisob-kitoblarga koʻra, Nelson-Leyk bogʻi va Rotomayrevenua koʻliga bir yilda mingta odam tashrif buyuradi.

Mahalliy hukumat sayyohlar oqimi asta-sekin bogʻning yoʻq boʻlib ketishiga olib keladi deb hisoblaydilar. Afsuski, sayyohlarning hammasi ham oʻzlarini bu yerda munosib tuta olishmaydi, ayrimlar tabiatni asrash-avaylash kerakligiga eʼtibor bermaydilar ham. Bogʻ ichiga hech qaysi bir sayyoh shunchaki kira olmaydi. Birinchidan, bu qatʼiyan taʼqiqlangan. Ikkinchidan, hudud kameralar, harakat datchiklari va harbiylar tomonidan qoʻriqlanadi. Nelson-Leyk bogʻini ayrim davlat chegaralaridan koʻra yaxshiroq qoʻriqlashadi. Bogʻ hududiga ruxsatsiz kirishga urinish katta jarima bilan jazolanadi, agar bu harakat xorijlik sayyoh tomonidan sodir etilsa, unga Yangi Zelandiya hududiga kirish uchun butun umrlik taqiq qoʻyiladi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.