Kim qancha tosh bosadi? yoxud, biomassa haqida... 

2 746

Odamzot o‘zini Yer sayyorasining egasi deb o‘ylaydi. Ko‘pchilikning g‘aliz tushunchasiga ko‘ra, biz – Yerdagi eng asosiy mavjudotmiz. Bir qarashda bu mutlaqo to‘g‘ri va yaqqol haqiqatdek ko‘rinadi: qayoqqa qaramang, har tarafda inson omili, uning faoliyati ta’sirini ko‘rish va kuzatish mumkin. Lekin, vaziyatga xolis baho beradigan bo‘lsak, biz Yerda unchalik ham asosiy mavjudot emasmiz...
Ayniqsa, biz Yerdagi biomassa nuqtai nazaridan qaralganda, hech vaqo emasmiz. Biomassa deganda – Yerda yashayotgan barcha-barcha tirik organizmlarning umumiy massasi nazarda tutiladi. Yer biomassasini aniq raqamlar bilan hisoblab chiqish juda mushkul. Lekin, dag‘al yaxlitlash orqali hisoblangan ma’lumotlarga ko‘ra, bakteriyalarni inobatga olmaganda, bugungi kunda Yerda 1,7 trillion tonna tirik biomassa mavjud. Ushbu biomassaning hayratlanarli darajada katta ulishi o‘simlik dunyosi hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘simliklar, Yerdagi tirik organizmlarning 99% qismini tashkil qiladi. Qolgan barcha tirik mavjudotlar – hayvonlar, baliqlar, hashoratlar va hakazolar jumlasidan odamzot ham qo‘shib hisoblaganda, biomassaning atiga 1% qismini tashkil etadi xolos!
 
O‘sha atiga 1% mavjudotlar tarkibida ham, odamzot (IV) juda kam ulushni – atiga 350 million tonnani tashkil qiladi xolos. Shunga ko‘ra, hali beri umumiy diyetaga o‘tirishimizga biroz erta . Yirik chorva, ya'ni, mollarning (II) umumiy vazni 520 mln tonna; baliqlar (VIII) esa 4200 mln tonna tosh bosadi. Kutilmagan raqam chumolilarga (I) tegishli: bu mitti jonzotlar 2700 million tonnadan ziyodroq umumiy vaznga ega ekan!

Yuqoridagi hisob-kitoblarda bakteriyalar inobatga olinmagan. Olimlarning tekshirishlariga qaraganda, bakteriyalarning (IX) umumiy biomassasi, qolgan barcha tirik organizmlarning biomassasiga yaqindir. Ular umumiy holda 1,3 trillion tonna tosh bosadi. Boshqacha aytganda, Yerdagi har bir odamga 4 tonna bakteriya to‘g‘ri keladi.
So‘z boshida har tarafda inson faoliyati ta’sirini kuzatish mumkinligiga urg‘u bergan edik. Taassufki, inson faoliyati ta’siri natijasida biomassadagi ulkan ulushidan mosuvo bo‘lgan jonivorlar ham mavjud. O‘tmishda qachonlardir 36 million umumiy biomassa tashkil qilgan ko‘k kitlar, shafqatsiz ravishda ovlanishi sababli 72 barobarga kamayib ketdi va hozirda qirilib ketish xavfi ostida turibdi. Bugungi kunda ko‘k kitlarning umumiy biomassasi atiga 500 ming tonnani tashkil qilmoqda xolos...

Ushbu raqamlarning barchasi qanchalik ulkan tuyulmasin, lekin Yerga oid boshqa raqamlar bilan taqqoslaganda bular ham hech vaqo bo‘lmay qoladi. Xususan, Yerdagi umumiy chuchuk suv miqdorining massasi, umumiy biomassadan ko‘ra 2000 marta kattaroqdir. Yerning o‘zining massasi esa, unda yashayotgan tirik mavjudotlarning umumiy biomassasidan 10 trillion marta katta! Shunday ekan, kamtarroq bo‘lavering do‘stlar! 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.