Yuklanmoqda...

Geografik qobiqning kenglik zonalligi va sektorligi


Geografik  qobiqda  zonallik  qonuniyati  geografiyadagi  ilk  qonuniyatlardan  biridir.  Iqlim  mintaqalari  va  zonallikning  mavjudligini  qadimgi  yunon  va  rim olimlari  aniqlashgan.  Ular Yer yuzasini  bir  qancha  iqlim  mintaqalariga  ajratganlar.  Zonallik  qonuniyati ning  rivoj lanishida  A.Gumboldtning  (XVIII asr)  xizmatlari  katta. U iqlim va botanik-geografik zonallikni aniqladi. Keyinchalik bu ishlar  V.V.Dokuchayev  tomonidan  rivojlantirilib,  geografik  zonallik  qonuniyati  kashf  qilindi  va  asoslab  berildi.  Hozirgi  paytda,  geografik  zonallik haqidagi bilimlar V.V.Dokuchayev ta’limotiga asoslanadi.

Geografik qobiqda zonallik qonuniyati Yerning sharsimonligi va unga  bog‘liq holda  quyosh radiatsiyasining Yer  yuzida notekis taqsimlanishi,  dengizbo‘yi  hududlarida iliq  va  sovuq oqimlar,  okeandan  materik ichkarisiga  kirgan  sari  namlik  va  haroratning  o‘zgarib  borishi  oqibatida  yuzaga  keladi.  Natijada  Yer  yuzida  harorat,  bug‘lanish,  yog‘inlar,  nurash  jarayonlari,  tuproqlar,  o‘simliklar,  hayvonlar  va  boshqalar  zonalar  hosil qilib  tarqalgan.  Geografik  zonallik  faqatgina  Yer  (suv)  yuzasida,  ya’ni  atmosfera,  litosfera,  gidrosfera  tutashgan  joyda  yaqqol  namoyon  bo‘ladi, atmosferada yuqoriga ko‘tarilgan, litosfera  va  gidrosferada  esa  chuqurlikka tushgan sari zonallik yo‘qoladi. Geografik zonallik ekvatordan qutblarga tomon hamda okeanlardan  quruqliklar  ichkarisiga tomon  geotizimlarning  almashishida  namoyon  bo‘ladi.  Shuning  uchun  kenglik  zonalligi va sektorlik tushunchalari ajratiladi.

Kenglik  zonalligi  –  quyosh  nurlari  tushish  burchagining  o‘zgarishi  hisobiga  tabiat  komponentlari  va  geotizimlarning  ekvatordan  qutblarga  tomon qonuniy o‘zgarib borishi.

Geografik qobiqning eng yirik zonal birliklari iqlim (geografik) mintaqalardir. Ularning ichida issiqlik va namlik nisbatiga bog‘liq holda tabiat (geografik) zonalari ajratiladi.
 
Tabiat zonalari – geografik qobiqning  iqlim mintaqalari doirasida, asosan, issiqlik bilan namlik miqdori va nisbatiga qarab muayyan tartibda qonuniy almashinib boradigan geotizimlar. Har bir tabiat zonasida o‘ziga xos tuproqlar, o‘simliklar va hayvonlar tarqalgan bo‘ladi. Shuningdek, Yerning tashqi kuchlari bilan bog‘liq  bo‘lgan  tabiiy  jarayonlar  –  nurash,  eroziya,  deflyasiya,  ekzaratsiya  va  h.k.lar ham tabiat zonalari bo‘yicha farq qiladi.

Geografik qobiqning eng yirik zonal birliklari iqlim (geografik) mintaqalardir. Ularning ichida issiqlik va namlik nisbatiga bog‘liq holda tabiat (geografik) zonalari ajratiladi.
 
Tabiat zonalari – geografik qobiqning  iqlim mintaqalari doirasida, asosan, issiqlik bilan namlik miqdori va nisbatiga qarab muayyan tartibda qonuniy almashinib boradigan geotizimlar. Har bir tabiat zonasida o‘ziga xos tuproqlar, o‘simliklar va hayvonlar tarqalgan bo‘ladi. Shuningdek, Yerning tashqi kuchlari bilan bog‘liq  bo‘lgan  tabiiy  jarayonlar  –  nurash,  eroziya,  deflyasiya,  ekzaratsiya  va  h.k.lar ham tabiat zonalari bo‘yicha farq qiladi.

Har bir tabiat zonasida o‘ziga xos iqlim, tuproq, o‘simlik va hayvonot  olami, hattoki tabiiy geografik jarayonlar shakllangan bo‘lib, inson xo‘jalik faoliyatiga, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi va qurilishga katta ta’sir ko‘rsatadi.  Issiq  o‘lkalarda  paxta,  uzum,  issiq  va  nam  o‘lkalarda  kofe,  sitrus mevalar,  choy,  sholi,  salqin  o‘lkalarda  bug‘doy,  arpa,  sovuq  o‘lkalarda  esa,  faqatgina  issiqxonalarda  sabzavot  va  ko‘katlar,  gullar  yetishtiriladi.  Bino  va  inshootlar,  ayniqsa,  turarjoy  binolarining  arxitekturasi, ishlatiladigan qurilish materiali turli tabiat zonalarida bir-biridan farq qiladi.

Sektorlik  –  quruqlik  ichkarisiga  tomon  okeanlardan  uzoqlashgan  sari  iqlim xususiyatlarining  o‘zgarishi hisobiga tabiat komponentlari va  geotizimlarning o‘zgarib borishi.  

Sektorlik quruqliklarda iqlim mintaqalarining ichida iqlim tiplari ning  ajratilishida aniq namoyon bo‘ladi. Masalan, mo‘tadil iqlim mintaqasida  quruqlikda dengiz, mo‘tadil  kontinental, keskin  kontinental  va  musson  iqlim  o‘lkalari  shakllangan.  Bu  esa  tuproq-o‘simlik  qoplami  va,  umuman,  tabiat zonalarida  ham  aks  etgan.  Iqlim  o‘lkalariga  bog‘liq  holda  aralash va keng bargli o‘rmonlar, o‘rmon-dasht va dashtlar, chalacho‘llar  va cho‘llar, musson o‘rmonlari tabiat zonalari shakllangan. Iqlim o‘lkalarining  xususiyatiga  monand  aralash  va  keng  bargli  o‘rmonlar  hamda musson o‘rmonlari meridional yo‘nalishda, o‘rmon-dasht va dashtlar  hamda chalacho‘llar va cho‘llar esa kenglik bo‘ylab cho‘zilgan.

Azonallik  qonuniyati zonallik  qonuniyatidan  farq  qilib,  Yerning  ichki  jarayonlari  va  mahalliy  omillar  tufayli  tabiat  komponentlari  va  geotizimlarning o‘zgarishi.
 
Azonallikning omillari– Yer yuzini qopla gan  tog‘ jinslaridagi va relyef tuzilishidagi tafovutlar, grunt suvlari sathi ning  relyef va tog‘ jinslarining suv o‘tkazuvchanlik xususiyatiga qarab o‘zgarishi,  insonning  xo‘jalik  faoliyati va h.k. Bu omillar kenglik  zonallik  qonuniyatiga  bo‘ysinmaydi.  Ayniqsa, geologik-geomorfologik omillar Yerning  ichki  kuchlari  bilan  bog‘liq  bo‘lgani  uchun  boshqalariga nisbatan keng  qamrovlidir.  Geologik  omillar  ichida  neotektonik  (hozirgi  zamon tektonik) harakatlar, ularning Yer yuzining  turli joylarida har xil  kuch va jadallikda ro‘y berayotgani eng muhim omillardir. Shuningdek,  tog‘ jinslaring kimyoviy va fizik xususiyatlari ham faol ta’sir ko‘rsatadi.  Masalan,  tarkibida  tuzlar  keng  tarqalgan  tog‘  jinslari  tarqalgan  joylarda  sho‘rxoklar,  suvda  tez  eriydigan  tog‘  jinslari  tarqalgan  joylarda  esa  karstlar  avj  olib,  tuproq-o‘simlik  qoplamining  va,  oxir-oqibatda,  land- shaftlarning zonal xususiyatlarini o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.

Yer yuzasining nishabligi kichik bo‘lgan joylarda, odatda, grunt suvlarining  sathi  yuza  joylashgan  bo‘ladi.  Bunday  sharoitda  atmosfera  yog‘inlari  va  atrofdan  kelgan  oqar  suvlar  hisobiga  ortiqcha  namlik  to‘planib,  botqoqliklar  vujudga  keladi.  Masalan,  G‘arbiy  Sibir,  Kongo botig‘i, La-Plata, Orinoko pasttekisliklarida botqoqliklar keng tarqalgan.  Botqoqlik – ortiqcha namlik sharoitida doimo yoki uzoq vaqt zax bo‘lib  yotadigan,  namsevar  o‘simliklar va  torf  qatlami  (30  sm  va undan  ortiq)  mavjud bo‘lgan yerlar.  Botqoqlarda  o‘simlik ildizlari  torf  ostidagi  tuproq-gruntga yetib bormaydi. Agar torf qatlami bo‘lmasa yoki yupqa  (30 sm dan kam) bo‘lsa, botqoqlashgan yerlar deyiladi. Botqoqlar tundra, o‘rmon tundra,  tayga  va nam ekvatorial o‘rmonlar kabi tabiat zonalarida keng tarqalgan.  

Cho‘l  tabiat  zonasida  joylashgan  O‘zbekistonda  ham  azonal  omillar tufayli zonallik qonuniyati "buzilib”, o‘ziga  xos  landshaftlar  shakllangan.  Qizilqum  va  Ustyurtning botiq  relyef  shakllarida  sho‘rxoklar  vujudga  kelgan.  Sho‘rxoklarning,  ayniqsa,  Ustyurtda  keng  tarqalishiga  sabab relyefning  botiqligidan  tashqari  bu yerda  tez eruvchan ohaktosh,  gips,  mergel  kabi  jinslarning  keng  tarqalganligidir.  Daryolarning  qayirlarida esa rel yefning tekisligi, grunt  suvlarining  yer betiga  yaqinligi  va mikroiqlimning atrofdagi cho‘ldan namroq va salqinroq bo‘lganidan  to‘qaylar shakllangan. To‘qay  – daryo  bo‘ylaridagi daraxt  – buta – o‘t  o‘simliklaridan iborat qalin changalzor o‘rmon.

Insonning  xo‘jalik  faoliyati  ham  tabiat  zonalari  ichida  ularga  xos  bo‘lmagan,  ya’ni  "azonal”  landshaftlarni  vujudga  keltirmoqda.  Masalan,  O‘zbekistonda cho‘llarga  suv  chiqarilib, o‘zlashtirilishi  oqibatida  katta-katta  maydonlar  vohalarga  aylantirilgan. Voha  –  cho‘l  va  chalacho‘llarda suv chiqarilib obod qilingan yer. Agar O‘zbekistonning aholi  xaritasiga  qarasangiz,  aholisi eng zich  hududlar, yirik  va katta  shaharlarning barchasi vohalarda ekanini ko‘rasiz.

Yer  yuzi  tabiiy  sharoitining  xilma-xilligi  va  rivojlanishi  zonal  va  azonal omillarning yig‘indisi va o‘zaro ta’siri natijasidir. Geografik qobiqda  faqat  zonal  xususiyatlar  yoki  faqat  azonal  xususiyatlar  uchraydigan  bironta  joy yo‘q.  Zonal  hamda  azonal  xususiyatlar  hamma  vaqt  va har doim birga uchrab, o‘zaro ta’sirda bo‘ladi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar