Yevropa subregionlari 

17 014

Yevropa  –  Yevrosiyo  materigining g‘arbiy  qismini  egallagan  qit’a.  Yevropa hududining maydoni 10 mln km.kv.ga  teng. Shundan  4,1  mln  km.kv  Rossiyaning Yevropada  joylashgan  qismiga  to‘g‘ri  keladi.  Yevropa  siyosiy xaritasida  44 mustaqil davlat  (Rossiya  bilan  birga)  joylashgan.  Bundan tashqari, Turkiya va Qozog‘iston davlatlari  ham  qisman Yevropada  joylashgan,  ammo  xalqaro statistikasida ular Osiyo qit’asi  tarkibiga  kiritilgan. Yevropa  davlatlari  odatda  4  ta yirik subregionlarga bo‘linadi:  Shimoliy, G‘arbiy,  Janubiy  va  Sharqiy  Yevropa.
 
Shimoliy Yevropa davlatlari. Bu subregion  tarkibiga  qit’aning  Shimoliy  Muz  okeani hamda  Atlantika  okeanining  Shimoliy  va  Boltiq dengiziga  tutash  8  ta  davlati kiradi.  Bu  davlatlar,  odatda,  2  ta  tarixiy-geografik guruhga bo`linadi: Skandinaviya davlatlari - Norvegiya, Shvetsiya, Daniya, Finlyandiya, Islandiya hamda Boltiq davlatlari - Estoniya, Latviya, Litva. Bu ikki guruh davlatlar o`rtasida tarixan shakllangan mustahkam siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalari mavjud. Daniya, Shvetsiya va Norvegiya konstitutsiyaviy monarxiya, qolgan davlatlar esa parlamentar respublika hisoblanadi.
 
Tabiiy sharoitining umumiy jihatlari asosan iqlimining ko`proq mo`tadil va dengiz xarekterga egaligida o`z aksini topadi. Faqat Islandiya hamda Norvegiya, Shvetsiya va Finlyandiyaning Shimoliy hududlariga subarktika va arktika iqlim tiplari xos. Norvegiya va Islandiyaga tog`li relyef xos bo`lsa, qolgan davlatlar yer yuzasi, asosan, tekisliklardan iborat. Subregion davlatlaridan faqat tektonik jihatdan faol mintaqada joylashgan bo`lib, vulqon va geyzerlari bilan butun dunyoga  mashhur. Islandiya jahondagi  geotermal resurslaridan  keng  va oqilona  foydalanayotgan davlatlardan biri  hisoblanadi. Norvegiya  va  Daniya  Shimoliy  dengiz  tubidan tabiiy gaz  va  neftni  qazib  oladilar, ayniqsa, bu jihatdan Yevropadagi eng yirik gaz eksportyorlaridan  biri  hisoblangan Norvegiyaning  salohiyati  yuqori. Estoniya  – energetikasi  yonuvchi slanesga asoslangan dunyodagi  yagona mamlakatdir,  bu davlatda  elektroenergiyaning 90 foizidan ortig‘i yoqilg‘ining bu turidan foydalanadigan IESlar ishlab chiqaradi. Subregionning ko‘p davlatlarida gidroenergetika sohasi yaxshi rivojlangan, va bu borada Norvegiya va Islandiya kabi tog‘li mamlakatlar yetakchilik qilmoqdalar. Shvetsiyada yuqori sifatli temir rudalari, Estoniyada esa fosforit zaxiralari katta. Shuningdek, subregion davlatlari o‘rmon resurslariga ham boy.
 
Shimolly Yevropa mamlakatlaridagi demografik vaziyatning umumiy jihatlari tug'ilish va o`limning past ko'rsatkichlari bilan tavsiflanadi. Biroq Skandinaviya va Boltiq mamlakatlarida demografik lmlat bir xil emas. Litva, Latviya va Estoniyada, uzoq muddat mobaynida Skandinaviya davlatlariga xos bo'lmagan aholining tabiiy kamayishi va migratsiyaning manfiy balansi kuzatilmoqda, ya’ni bu uch davlatning aholisi vaqt o'tgan sari kamayib bormoqda. Shimoliy Yevropa, ayniqsa, Skandinaviya davlatlari uchun aholi zichligining birinuneha past ko'rsatkiehlari xos. Urbanizatsiya barcha davlatlarda 70 fotzdan yuqori darajada, Islandiya, Norvegiya, Daniya va Shvetsiyada esa bu ko'rsatkieh 90 foizdan ham o`tib ketadi. Shimoliy Yevropadagi eng yirik aglomeratsivalar poytaxti shaharlari negizida vujudga kelgan.

Skandinaviya davlatlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi jihatidan dunyodagi eng rivojlangan davlatlar safidan joy olgan. Turmush darajasi ko'rsatkichlari bo'yicha bu mamlakatlar ko'plab xalqaro reytinglarda eng yuqori qatorlarini egallaydi. Boltiq davlatlari esa sobiq sotsialistik tuzumidagi mamlakatlar sifatida o'tish iqtisodiyotidagi davlatlar hisoblanadi. Lekin bu blokdagi davlatlar ichida Litva, Latviya va, ayniqsa, Estoniya ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari bo'yicha peshqadamlikka erishib, ko'p jihatlari bilan rivojlangan mamlakatlarga yaqinlashgan.

Xalqaro mehnat  taqsimotida  Shimoliy  Yevropa davlatlari  o‘rmon va sellyuloza-qog‘oz sanoati, elektr energiyani ko‘p talab qiladigan rangli metallurgiya sanoati, ko‘p tarmoqli mashinasozlik (kemasozlik, avtomobilsozlik,  elektronika  va  elektrotexnika  va boshqalar),  baliqchilik,  sut-go‘sht  chorvachiligi  mahsulotlarini  ishlab  chiqarish, dengiz  transporti hamda  turizm  xizmatlarini  ko‘rsatish  bilan  faol  ishtirok  etadilar. Shuningdek, Shimoliy Yevropa davlatlarida tarixiy-madaniy va ekologik turizm ham yaxshi rivojlangan. Finlyandiyaga, ayniqsa, Rojdestvo bayrami (25-dekabr)  arafasida millionlab turistlar  tashrif buyuradilar,  chunki bu davlatda  Santa-Klaus  (ya’ni, Qorbobo)ning "rasmiy qarorgohi” joylashgan.  Latviya esa  dengiz turizmi  (Riga, Yurmala shaharlari) rivojlanishi bilan alohida ajralib turadi.
 
G‘arbiy Yevropa davlatlari. Yevropaning bu subregioniga qit’adagi eng  ulkan  iqtisodiy salohiyatga  ega  uchta  davlat  –  Germaniya,  Fransiya  va Buyuk  Britaniya, shuningdek, Avstriya,  Shveytsariya,  Belgiya, Niderlandiya,  Irlandiya  hamda  "mitti” davlatlar safiga mansub Lixtenshteyn, Lyuksemburg va Монако kabi mamlakatlar kiradi. Alp tog`larida joylashgan Avstriya, Shveytsariya va Lixtenshteyn Alp mamlakatlari guruhini tashkil qiladilar. Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg davlatlariga nisbatan esa ular o'rtasidagi iqtisodiy integratsiya jarayonlari juda yuqori darajada ekanligini hisobga olgan holda "Benilyuks" umumiy nomi ishlatiladi.

Subregion mamlakatlarining iqlim sharoiti mo'tadil. Fransiya janu-bida esa iqlimi subtropik. Foydali qazilmalardan Shitnoliy dengiz akvatoriyasidagi neft-gaz (Niderlandiya. Buyuk Britaniya), qo‘ng‘ir va toshko'mir (Gcrmaniya. Fransiya, Belgiya, Buyuk Britaniya), temir rudalari (Fransiya, Gennaniya. Lyuksemburg, Belgiya) va kaliy tuzlari (Germaniya) konlari diqqatga sazovor. Alp mamlakatlari gidroenergiya resurslariga boy.

G'arbiy Yevropa mamlakatlarida tug'ilish va tabiiy ko'payish ko'rsat-kichlari juda past, Germaniyada esa ko‘p yillardan buyon depopulyatsiya jarayoni ro‘y bermoqda. Lekin tashqi migratsiya baiansi yuqori musbat ko‘rsatkichlarga ega bo'lganligi bois, subregion davlatlarida aholi o'sishi davom etmoqda. G‘arbiy Yevropa qit’a subregionlari ichida aholisi eng zich joylashgan hudud hisoblanadi. Urbanizatsiya ko‘rsatkichlari, Lixtenshteyndan tashqari, barcha davlatlarda yuqori bo`lib, Buyuk Britaniya, Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburgda 90 foizdan baland, Monakoda esa 100 foizga teng. Yevropa va butun jahon miqyosida katta ta’sir doirasiga ega London, Parij, Berlin. Gamburg, Bryussel, Amsterdam, Syurix va ular singari boshqa yirik shaharlarning aynan G‘arbiy Yevropada joylashganligi ham bu subregionning  muhim o‘ziga xos xususiyatidir. 
 
G'arbiy Yevropa davlatlarining barchasi rivojlangan davlatlar safiga mansub bo`lib, jahon xo'jaligining hududiy tarkibida juda muhim o'ringa ega. Jahon iqtisodiyotida G'arbiy Yevropa davlatlari ko'p tarmoqli mashinasozlik va kimyo sanoati, intensiv chorvachilik va dehqonchilik, bank-moliya va turizm sohalarining xalqaro ahamiyatli darajada rivoj-langanligi bilan alohida ajralib turadilar.

Janubiy Yevropa mamlakatlari. Janubiy Yevropa siyosiy xaritasida Ispaniya, Portugaliya, Italiya, Gretsiya hamda Andorra, San-Marino, Malta va Vatikan "mitti” davlatlari joylashgan. Bu davlatlar iqtisodiy-geogralik o'mi va xo‘jalik rivojlanishi jihatidan uzoq tarixi davomida O'rta dengiz bilan chambarchas bog'liqligi sababli Yevropaning O‘rta dengizbo'yi inamlakatlari deb ham ataladi. Bu mintaqa Yevropa sivilizatsiyasi va madaniyatining chin beshigi hisoblanadi, chunki bu qit'adagi eng qadimgi davlatlar - Gretsiya bilan Rim aynan O'rta dengiz qirg'oqlarida rivoj topgan.

Malta O'rta dengizdagi orollarda joylashgan kichik davlat bo'lsa, subregionning qolgan davlatlari geogralik o'rni nuqtayi nazaridan yarimorol mamlakatlari hisoblanadi. Andorra, San-Marino, Vatikan davlatlari yarim orollarda joylashsada, dengizga chiqish imkoniyati yo'q. San-Marino bilan Vatikan anklav davlatlar hisoblanadi, chunki ular faqat bitta davlat, ya’ni Italiya bilan chegaradosh bo‘lib, butunligicha uning hududi bilan o'ralgan. Janubiy Yevropa mamlakatlaridan Ispaniya va Andorra boshqaruv shakli jihatidan konstitutsiyaviy monarxiya, Vatikan davlati Yevropada yagona mutlaq teokratik monarxiya (davlat rahbari - Rim-katolik cherkovi yetakchisi hisoblanmish Rim Papasi), qolganlari esa respublikadir.

Janubiy Yevropa davlatlariO'rta dengiz geosinklinal mintaqasida joylashganligi tutayli seysmik jihatdan faol hudud hisoblanadi. Qadimdan olamga mashhur Etna, Vezuviy, Stromboli vulqonlari ham Yevropaning shu qismida joylashgan. Foydali qazilmalardan rangli metall rudalari va mineral tuzlar zaxiralari mavjud. O'rta dengiz tipidagi subtropik iqlim (yozi issiq, birmuncha quruq. qishi esa iliq va yomg'irli) qishloq xo'jaligi va turizm uchun juda qulay sharoit yaratadi. Lekin Yevropaning boshqa subregionlarga nisbatan suv resurslar bilan ta'minlanish darajasi pastroq bo'lib, ayrim hududlarda suv tanqisligi ham sezilmoqda.
 
Janubiy Yevropadagi demogralik vaziyatga aholining tabiiy va migratsion ko'payishining past ko‘rsatkichlari xos. Ular orasida, ayniqsa, aholisi kamayib borayotgan Ispaniya, Portugaliya va Gretsiya davlatiari alohida ajralib turadi. Rivojlanayotgan davlatlardan, xususan Shimoliy Afrikadan, ko'plab immigrantlar ko'chib kelishi bilan bir vaqtda bu yerdan G‘arbiy Yevropa mamlakatlariga tomon emigration oqimning taolligi subrcgionning migratsiya qoldig'ini ancha pasaytiradi, yuqorida aytib o‘tilgan davlatlarda esa manfiy ko‘rsatkichlargacha tushirmoqda. Janubiy Yevropa relyefi, asosan, tog`lardan iborat bo`lganligi tufayli aholisi juda notekis joylashib, asosan qirg‘oqbo‘yi tekisliklari va daryo vodiylarida joylashgan. Urbanizatsiya Shimoliy va G‘arbiy Yevropa mamlakatlariga nisbatan biroz pastroq bo‘lsa-da, 60 foizdan yuqori darajada.

Yevropaning O‘rta dengizbo‘yi mamlakatlari Shimoliy va G‘arbiy Yevropa davlatlariga nisbatan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko'rsatkichlari nisbatan past. Ayniqsa, Gretsiya, Ispaniya va Portugaliya iqtisodiyotidagi inqirozli vaziyat Yevropa Ittifoqi doirasida ko'zga tashlanadi. Italiya garchi "katta yettilik” guruhi a'zosi bo'lsada, mamlakatning turli hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi keskin farq qiladi. Shimoliy Italiya Yevropadagi eng rivojlangan iqtisodiy rayonlardan biri hisoblansa, Janubiy Italiya, aksincha, Yevroittifoqning eng qoloq rayonlaridan biri hisoblanadi.

Xalqaro mehnat taqsimotida Janubiy Yevropa mamlakatlari, eng avvalo, subtropik dehqonchilik (uzum, sitrus mevaiari, yong'oq, zaytun va hokazo) bilan turizmga ixtisoslashgan. Bu subregion den-giz turizmining dunyodagi eng yirik rayoni hisoblanadi. Sanoat tarmoqlari ichida eng rivojlanganlari yengil (to'qimachilik, tikuvchilik, charm-poyabzal) va oziq-ovqat (yog‘-moy, konserva, vino) sanoatlari. Italiya va Ispaniya mashinasozlik sanoati, ayniqsa, avtomobilsozlikning rivojlanishi bilan ham ajralib turadilar.
 
Sharqiy  Yevropa  davlatlari. Bu subregionga  qit’ada  joylashgan  sobiq Ittifoqdosh respublikalar  (Rossiya  Federatsiyasi, Ukraina, Belarus, Moldova) hamda  sobiq sotsialistik  mamlakatlar (Polsha,  Chexiya,  Slovakiya,  Vengriya, Ruminiya,  Bolgariya, Sloveniya,  Serbiya,  Xorvatiya,  Bosniya  va  Gersegovina,  Chernogoriya, Makedoniya, 
Albaniya)  kiradi. Bu mamlakatlarning muhim  umumiy jihatlaridan  biri o‘tish iqtisodiyotidagi davlatlar blokiga mansubligidir. Yettita davlati  – Belarus, Chexiya, Slovakiya, Vengriya,  Moldova, Serbiya, Makedoniya – dengizga chiqish imkoniyatiga ega emas. Bolgariya, Albaniya, Makedoniya,  Serbiya,  Bosniya  va  Gersegovina,  Xorvatiya, Chernogoriya davlatlari Bolqon yarimorolida joylashganligi bois odatda Bolqon mamlakatlari deb nomlanadi.
 
Sharqiy  Yevropaning  siyosiy  xaritasida  o‘tgan  asrning  oxirida  jiddiy  o‘zgarishlar ro‘y  berdi.  Sovet  Ittifoqi  tarqalib  ketganligi  natijasida Rossiya,  Ukraina,  Belarus va  Moldova  davlatlari  tashkil  topdi.  Yugoslaviya Sotsialistik Federativ respublikasining parchalanishi chog‘ida birin-ketin  Sloveniya,  Xorvatiya,  Bosniya  va Gersegovina,  Makedoniya, Chernogoriya, Serbiya kabi davlatlar mustaqilligini e’lon qildi. Chexiya va  Slovakiya  respublikalari  Chexoslovakiya  davlati  tarkibidan  ajralib chiqdi. Jahon hamjamiyati tomonidan to‘laligicha tan olingan oxirgi siyosiy-geografik  o‘zgarish 2006-yildagi  Serbiya  va  Chernogoriya  federatsiyasining  tarqalishi  bo‘ldi. Ahamiyatlisi shundaki,  Bolqon  yarimorolidagi  ayrim  davlatlarning  mustaqillikka erishish  jarayoni tinch  ravishda  kechmasdan,  harbiy  ziddiyat,  millatlararo  va dinlararo fuqarolik urushlarni keltirib  chiqardi. Bunday  urushlarning  eng qonlilari Bosniya va Gersegovina  hamda  Xorvatiya  davlatlarida  1992–1995-yillarda  sodir bo‘ldi.  Sobiq Yugoslaviya  hududida,  xususan  Serbiya  va  Makedoniya  davlatlarida, geosiyosiy vaziyat  haligacha  to‘liq  barqarorlashgani  yo‘q.  Sharqiy Yevropa subregionining yana bir  xususiyati  bironta ham  monarxiya  davlati  yo‘qligidan iborat.  Rossiya  hamda Bosniya  va Gersegovina hududiy-davlat tuzilish jihatidan federativ, boshqa davlatlar esa unitar tuzilishga ega.
 
Subregion hududi  asosan,  ulkan  Sharqiy Yevropa  tekisligidan iborat bo‘lsada,  yirik tog‘  tizimlari  ham  mavjud.  Tog‘lar  Chexiya, Slovakiya, Ruminiya, Albaniya  va sobiq Yugoslaviya  davlatlari  hududining  katta qismini  egallaydi.  Foydali  qazilmalardan neft  va  tabiiy  gaz  (Rossiya, Ruminiya), tosh va qo‘ng‘ir ko‘mir (Ukraina, Rossiya, Polsha, Chexiya, Slovakiya,  Serbiya),  temir  rudalari  (Rossiya,  Ukraina,  Polsha), rangli metallar  (Albaniya,  Serbiya,  Bosniya  va  Gersegovina,  Ruminiya),  kaliy tuzlari (Belarus,  Rossiya),  torf  (Belarus,  Rossiya)  zaxiralarini  alohida ko‘rsatib o‘tish mumkin. Sharqiy Yevropaning tog‘li  mamlakatlari gidroenergiya  resurslariga boy bo‘lib, ulardan  samarali  ravishda  foydalanilmoqda.  Shuning  uchun  ham  Slovakiya, Bosniya va  Gersegovina, Ruminiya,  Albaniyaning  energetika  balansida GES ulushi yuqori. 

Aholi  daryo  vodiylari,  dengiz  bo‘ylarida hamda yirik sanoat rayonlarida zich joylashgan.  Urbanizatsiya  darajasi,  Moldova,  Bosniya  va  Gersegovina  hamda Sloveniyadan tashqari,  50  foizdan  yuqori,  ayrim  davlatlarda  esa 70 foizdan  ham ortib  ketadi. Lekin o‘rtacha olganda, boshqa  subregionlarga nisbatan Sharqiy Yevropaning shaharlashuv darajasi  biroz pastroq. Eng yirik  shahar  aglomeratsiyalari Moskva,  Sankt-Peterburg,  Praga,  Kiyev, Budapesht negizida, Ukrainadagi Donetsk-Dneprbo‘yi va Polshadagi Sileziya sanoat rayonlarida, Rossiya hamda Bolgariyaning Qora dengizbo‘yi sohillarida shakllangan.
 
Sharqiy Yevropa davlatlarida  oxirgi  yillarda  shakllangan  demografik vaziyat inqirozli ko‘rinishga ega  bo‘lib,  tug‘ilishning  o‘lim  darajasidan pasayib ketganligi bilan tavsiflanadi. Shuning uchun ham Sharqiy Yevropadagi  aksariyat  mamlakatlar  aholi soni tez  sur’atlar  bilan  kamayib borayotgan davlatlar  qatoriga kiradi. Aholining milliy tarkibida slavyan xalqlari yetakchilik qiladi. Slavyan xalqlari guruhiga rus, ukrain, belarus, polyak, bolgar, serb, xorvat, chex, slovak, bosniyalik, sloven, makedoniyalik, chernogoriyaliklar kiradi. 

Sharqiy Yevropa mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy darajasi bir-biridan  ancha  farq qiladi.  Garchi  bu  yerdagi  hamma  mamlakatlar  o‘tish iqtisodiyotidagi  davlatlar safiga  kiritilgan  bo‘lsada,  Sloveniya,  Chexiya, Vengriya,  Slovakiya, Xorvatiya, Polsha kabi davlatlarning aksariyat iqtisodiy  ko‘rsatkichlari  Yevropadagi  rivojlangan  davlatlar pog‘onasiga yaqinlashgan bo‘lsa, Albaniya, Makedoniya, Moldovaning  ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari  birmuncha  past  bo‘lib,  ko‘proq  rivojlanayotgan mamlakatlarning darajasiga tortadi. Sharqiy Yevropa mamlakatlarining xalqaro ixtisoslashuvi asosan ko‘p tarmoqli sanoat, jumladan, yoqilg‘i-energetika (Rossiya, Polsha, Chexiya, Ruminiya), qora metallurgiya (Rossiya, Ukraina, Polsha, Serbiya, Chernogoriya), rangli metallurgiya (Serbiya, Chernogoriya, Albaniya), kimyo (Rossiya,  Belarus,  Ukraina,  Polsha), mashinasozlik  (Rossiya,  Ukraina, Belarus, Polsha, Chexiya, Slovakiya, Vengriya, Sloveniya), yengil sanoati  (Rossiya,  Polsha,  Chexiya),  oziq-ovqat (Chexiya, Ukraina, Bolgariya,  Serbiya,  Ruminiya,  Makedoniya,  Moldova)  ishlab  chiqarishlari bilan belgilanadi. Ba’zi davlatlar dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlarining eksporti bilan ham ajralib turadi (Vengriya, Polsha, Serbiya, Bolgariya). Ko‘p davlatlari uchun turizm sohasi ham muhim daromad manbayi hisoblanadi.  Iqtisodiyotning  bu  tarmog‘i, ayniqsa,  Bolgariya,  Ruminiya, Chexiya, Slovakiya, Xorvatiya, Chernogoriya, Sloveniya, Vengriya kabi davlatlar uchun katta ahamiyat kasb etadi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.