16-iyul Ajariya Muxtor Respublikasi tashkil topgan kun 

1 656

Ajariya Muxtor Respublikasi Gruziya Respublikasi tarkibida. 1921-yil 16-iyulda tashkil topgan. Zakavkazyening janubiy-g’arbida, Qora dengiz sohilida joylashgan. Maydoni 3 ming km.kv. Ajariyada 5 tuman, 2 shahar, 7 shaharcha bor. Poytaxti - Batumi shahri. Ajariya dengiz sohili past-baland, boshqa joylari tog’li. Turkiya bilan chegara bo’ylab baland Shavshet tog' tizmasi o’tadi. Mesxeti, Arsiyan tizmalari ham bor. Ajariya hududida500 m gacha balandlikda iqlim subtropik, tog’larda mo’tadil sovuq. Pasttekislikda yanvarning o’rtacha temperaturasirasi 4°, 7°, iyulda 20°, 23°, tog’larda yanvarda - 2°, iyulda 16°. Yillik yog’in miqdori ichki vodiylarda 1000-1400 mm, sohilda 2400-2800 mm. Eng katta daryosi – Chorox, Batumi shahri yaqinida Qora dengizga quyiladi. Bu daryoning yuqori oqimi Turkiyada, uning irmog’i - Ajarisskali Sharqdan G’arbga butun mamlakatni kesib o’tadi. Foydali qazilmalari: mis va polimetall rudalar, oltingugurt kolchedani, o’tga chidamli tuproqlar. Tuproqlari tog’larda tog-o’tloq va tog’- o’rmon, dengiz sohilidagi tog’ oldida qizil tuproq. Hududining 50% dan ko’prog’i o’rmonlar bilan qoplangan. Tog’ yon bag’irlarida kashtan, dub, grab, archa, pixta, dengiz bo’yida subtropik o’simliklar (palma, magnoliya) o’sadi. Evkalipt, bambuk ham uchraydi. Kintrishi qo’riqxonasi bor. Ajariyada gruzin (ajar)lar, shuningdek ruslar, armanlar, ukrainlar va boshqalar yashaydi. Ajarlar tili gruzin tili lahjalaridan biri hisoblanadi. Yirik shaharlari: Batumi, Kobuleti. Tarixi. Milodan avvalgi VI-II asrlarda Ajariya Kolxida podshohligi, so’ngra G’arbiy Gruziya davlati tarkibiga kirgan. XI-XV asrlarda Ajariya hududi birlashgan gruzin davlatining bir qismi bo’lgan. XVI asrning 2-yarmida Gruziyaning zaiflashuvi sababli Ajariyani Turkiya bosib oldi va aholi orasida musulmon dinini tarqata boshladi. 1877-1878-yilgi Rossiya-Turkiya urushi natijasida Ajariya Rossiyaga qo’shib olindi. XIX asrning 80-yillarida Ajariyada sanoat rivojlana boshladi. 1897-1907-yillarda Boku - Batumi neft quvuri yotqizildi. 1918-yil aprelida Batumi, Axalsixe, Ardagan va Guriyaning bir qismini turk qo’shinlari, dekabrda esa butun Ajariyani ingliz qo’shinlari bosib oldi. 1920-yil iyulda ular hokimiyatni mensheviklarga topshirdi. 1921-yil martda sovet hokimiyati o’rnatildi. 1990-yil dekabrdan Ajariya Muxtor Respublikasi bo’lgan. Ajariya iqgisodiyotining asosini qishloq xo’jaligi tashkil qiladi. Subtropik ziroatchiligi, ayniqsa sitrus mevalari yetishtirish rivojlangan. Makkajo’xori asosiy qishloq xo’jaligi ekini hisoblanadi. Bog’dorchilik, tokchilik, tamakichilik katta o’rin oladi. 1949-yildan Ajariyaning butun sohil bo’ylariga choy ekila boshladi. Chorvachilik, parrandachilik, pillachilik, asalarichilik, sohilda baliqchilik bilan shug’ullaniladi. Sanoat korxonalarining aksariyati Batumi shahrida joylashgan. Shaharning ko’pchilik aholisi portda va Qora dengizning sharqiy sohilidagi neftni qayta ishlash zavodida ishlaydi. Ajariyada mashinasozlik, kemasozlik, taxta tilish, yogochsozlik, faner va mebel fabrikalari, oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalari, bir necha yirik choy fabrikasi bor. Batumi kofein zavodi mashhur. Elektr energiyaning yagona mahalliy manbai Ajarisskali GESI, shuningdek bir necha issiqlik elektr stansiyalaridir. Ajariya hududidan Batumi - Boku temir yo’l, Batumi - Samtredia, Batumi - Axalsixe avtomobil yo’li o’tadi. Asosiy dengiz porti - Batumi shahri Ajariyada Batumi, Maxinjauri, Sixisdziri, Beshumi, Kobuleti, Yashil Burun kurortlari bor. Ajariya chetga neft mahsulotlari, yangi va konservalangan sitrus mevalar, choy, ho’l meva, uzum, tung va efir moylari, tamaki mahsulotlari, choy va vino sanoati uchun asbob-uskuna, faner, mebel chiqaradi. Chetdan metall, asbob-uskuna, qurilish materiallari, un, to’qimachilik mahsulotlari oladi. Madaniyati. Ajariyada barcha turdagi umumiy ta'lim maktablarida 65 mingdan ortiq o’quvchi o’qiydi. O’rta maxsus o’quv yurtlari, Batumi dengizchilik akademiyasi, Batumi unversiteti, Batumi politexnika instituti, akvarium, delfinariy, iliy tadqiqot muassasalari, botanika bog’i, ommaviy kutubxonalar, klub muassasalari, kino qurilmalar bor. Gruzin va rus tillarida gazeta chiqadi. Radioeshittirishi va retranslyatsiya teleko’rsatuvi mavjud. Ajariya adabiyoti - gruzin adabiyotining tarkibiy qismi. Yozuvchilardan M.Varshanidze, 3 Gorgiladze, P.Loriya, N.Malazoniya, Sh. Rokva, P.Rurua, F.Xalvashi, G. Salukvadze, A. Shervashidze va boshqa uni rivojlantirishga o’z hissalarini qo’shganlar. Ajariya me'morlik obidalari: Goniadagi qal'a, Vizantiya davridan qolgan Sixisdziridagi Petr qal'a-shahri (6-asrda asos solingan), Tamarissixe qal'asi, Sxaltdagi ibodatxona (XIII asr), Maxunseti, Dandalo, Saputkretidagi bir arkali ko’priklar va boshqa Ajariyada qadimdan amaliy bezak san'ati (yog’och o’ymakorligi, zarb qilish, kashtachilik) rivojlangan. Keyingi yillarda professional san'at o’sdi (rassomlar Sh.Xoluashvili, S.Artmeladze, X.Inaishvili; haykaltaroshlar T.Chanturia, M.Bolkvadze va boshqa). Batumida Davlat qo’shiq va raqs ansambli, xalq ijodi uyi, musiqa xoreografiya jamiyati bor. 1937-yildan Batumida I.Chavchavadze nomidagi teatr ishlab turibdi. Teatrdagi Yu.Kobaladze, A.Mgeladze, N.Tetradze kabi mashhur artistlarning ijodi diqqatga sazovor. 1980-yildan qo’g’irchoq teatri, 1993-yildan opera teatri ishlaydi. Batumi shahardagi o’lkashunoslik muzeyida Ajariya aholisi etnografiyasiga oid buyum va ashyolar mavjud.

 16-iyul Odessada qovun bayrami
Odessada 16-iyul kuni qovunlar kunini nishonlashadi. Ushbu bayram Ukrainaga Turkmanistondan kelgan bo'lib, Turkmanistonda 1994-yildan buyon o'tkazilib keladi. Bu kunda Odessada qovunlar yarmakasi bayramona kayfiyatda ochiladi va turli tuman konkurslar o'tkaziladi. Qovun to'g'risida 3-4 ming yil avvaldan eslab kelishadi. Misrliklarda sovg'a tariqasida qovunlarni tasvirlab rasmlar chizishgan. Bunday ko'rinib turibdiki, qovunlar madaniyati Nil vodiylarida ham keng tarqalgan. Undan tashqari qovun urug'lari Тutanxamon qabrlarida ham topilgan. Ushbu poliz ekini O'rta Osiyo, Eron va Xitoyda madaniyatlashtirilgan bo'lib, Yevropada Rim imperiyasi davrida ommalashib kelgan.  

16-iyul Kiribatida qariyalar kuni
Kiribatida mustaqillik kuni davomida turli tadbirlar o'tkaziladi. Shulardan eng qadrlisi "Qariyalar kuni” dir. Kiribatida qariyalarga juda katta hurmat bilan e'zozlab qarashadi. 50 yoshdan oshgan yosh kattalar Kiribatida 11% ni tashkil qiladi. O'rtacha hayotni davomiyligi erkaklarda-57, 2 yosh bo'lsa, ayollar 62,3 yoshlarga to'g'ri keladi. Shu munosabat bilan davlat qariyalar, yoshi kattalarga g'amxo'rlik qilishga, ularga o'ziga xos hayot darajasini yaxshilab berishga intiladi. Qariyalar kuni Kiribatida davlat bayrami hisoblanadi. Ushbu kunda davlat aholisi barcha qariyalarni bayramlari bilan tabriklab, sovg'a salomlar bilan taqdirlashadi. Rasmiy nomi - Kiribati Respublikasi. Poytaxi-Janubiy Tarava. Britaniya Hamdo'stligi a'zosi. Nukunau oroli 1765-yili ingliz dengizchisi J.Bayron, Gilbert va Ellis orollari-D.Gilbert va D. Marshallar tomonidan XVIII asrning 60-80 yillarida kashf etilgan. 1892-yida orollar Britaniya prorektoratiga, 1915-yilda Buyuk Britaniya mustamlakasiga aylanadi. Ellis orollari 1975-yilda ajralib chiqib, 1978-yilda mustaqil Tuvalu davlati deb e'lon qilinadi. Gilbert orollari Britaniya Hamdo'stligi tarkibida 1979-yil 12-iyulda mustaqil Kiribati Respublikasini tashkil etdi.

16-iyul norveg qutb sayyohi Rual Amudsen tavallud topgan kun
Norveg qutb sayyohi Rual Amudsen 1872-yil 16-iyulda dunyoga kelgan. U 1903–1906-yillarda "Yoa” kemasida Shimoliy-g’arbiy dengiz yo’li orqali Gerlandiyan Alyaskaga o’tdi. Kanada Artikasidagi King – Vilyam orolida 2 yil davomida muhim geomagnit kuzatishlar o’tkazdi. Sayyoh 1904-yil Butiy-Feleks yarim orolida Shimoliy magnit qutbini tekshirdi va shu atrofdagi 100 ga yaqin orollarni birinchi bo’lib xaritaga tushirdi. 1911-yil "Fram” kemasida Antartikaga ekspeditsiya uyushtirdi. O’sha yili 14–dekabrda tarixda birinchi bo’lib (R.Skottdan bir oy oldin) Janubiy qutbga yetb bordi va u yerdan qaytishda Qirolicha Mod tog’ tizimini (balandligi 4500 m.) kashf etdi. Rual Amudsen 1926-yil 12-13-mayda birinchi marta Artika ustidan "Norvegiya” dirijablida Shpisbergen – Shimoliy qutb – Alayska mashruti bo’yicha uchib o’tdi. 1928-yilda Umberto Nobile ekspeditsiyasi halokatga uchragach, sayyoh ekspeditsiyachilarga yordam ko’rsatish uchun 18-iyunda gidrosamolyotda uchib borayotganda u ham Barens dengizida halokatga uchrab bedarak yo’qolgan. Rual Amudsen o’z sayyohatlari haqida bir necha asar yozgan. Sayyohning rus tilida: 1927-yil L.Elsvort bilan birgalikda yozilgan "Muz okeani ustidan uchib o’tish”, 1929 yil "Mod” kemasida Osiyoning shimoliy sihili bo’ylab ekspeditsiya, 1937-yil "Janubiy qutb”, 1936–1939-yilda 5 jildlik asarlar to’plami,  1959-yil "Mening hayotim” va boshqa asarlari bosilib chiqqan. Antarktida yaqinidagi bir dengiz va Amerika qutb stansiyasi (Amundsen-Skott) hamda tog’ tizmasi, qo’ltiq, suv osti soyligi (Shimoliy Muzlik okeanida) Rual Amudsen nomiga qo’yilgan.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.