Orolni qutqarish mumkin: o'zbek olimi buning loyihasini taqdim etdi.
Orol dengizini to'liq qayta tiklash imkoni yo'qligi tobora ayon bo'lib borayotgani, 5,5 million gektardan ortiq maydonda Orolqum sahrosi paydo bo'lgani, undan 100 million tonna chang va zaharli tuzlar ko'tarilib, kuchli shamollar qanotida qum bo'ronlari mazkur hududdan ancha olis mintaqalarga tarqalayotgan bir sharoitda Orol mintaqasida daraxtzorlar tashkil etish o'ta dolzarb masaladir.
Orol hududida 2-3 yil ichida millionlab ko'chatlar yetishtirish mumkin. O'sha yerda o'stirilgan ko'chatlar shu yerning sharoitiga moslashib, Orol hududining barcha yerida o'saveradi.
Avvalo, Farg'onada bajariladigan ishlar loyihasi bilan tanishsak. Buning uchun fermer xo'jaliklari yerlari atrofidagi terak, tol kabi daraxtlarning surx novdalarini aprel oyigacha kesmay turish lozim. Mart oyida fermerlar yeri atrofidagi qalamchabop surx navdalarini kesib olib kelish, ulardan ko'chatbop qalamchalar tayyorlash kerak bo'ladi. Tayyorlangan qalamchalarni 100 tadan bog'lab, qoplarga joylash va 3 kundan kechiktirmay Nukusga jo'natish, bundan tashqari, oktabr, fevral yoki mart oylarida Jo'qori Kengeshga 2 kishini rasmiy xat bilan yuborish kerak. Chunki ekiladigan maydonlarni aniqlab kelish zarur bo'ladi.
Nukusda bajariladigan ishlarni quyidagilar tashkil etadi:
1. Oktyabr, noyabr oylarida ko'chat ekiladigan maydonlarni aniqlash, mahalliy o'g'it solish, yerni shudgorlab, bir ikki marta yaxob berish;
2. Tayyorlangan maydonlarga nechta ko'chat (qalamcha) ekish mumkinligi haqida Farg'onaga xabar berish.
IZOH: 1 sotixga 800 tadan 1000 tagacha qalamcha ekiladi.
3. Yuborilgan ko'chatlarni 2-3 kundan kechiktirmay ekish (ekish agrotexnikasini bilib olish).
4. Ko'chatlarni parvarishlash uchun mas`ul shaxslarni belgilash.
Loyihaning dolzarbligi shundan iboratki, Respublikamizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov Orolni qutqarish xalqaro jamg'arma raisi sifatida Orol dengizi qurishi oqibatlari insoniyat xavfsizligiga tahdid solayotganligini 1993 yilda BMT Bosh Assambleyasining 68-sessiyasida tashvish bilan aytgan edi. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ham 2017-yilning yanvar oyida Orol hududida ko'plab ko'chatlar ekish lozimligini ta`kidladi.
Alohida ta`kidlab o'tish lozimki, Nukus shahrida bo'lib, bu hududda qanday daraxtlar ko'proq o'sishi aniqlandi.Tashqaridan yuborilayotgan ko'chatlar u yerning sharoitiga moslasha olmay ko'pchiligi qurib qolayotganini ko'rdik va shu yerning o'zida ko'chat yetishtirish lozimligi o'rganib chiqildi.
2013, 2014, 2015-yillarda tajriba sifatida terak, tol, sapura kabi daraxtlarning surx novdalaridan 100000 ta qalamcha, 1200 ta turli mevali daraxt ko'chati Nukusga yuborildi. 2015 yilning iyun oyida Nukusga borib, ko'chatlar qanday o'sayotgani bilan tanishdik. Manzarali daraxt qalamchalari 80-90 foiz, mevali daraxt ko'chatlari 50-60 foiz ko'klabdi. Ayniqsa, o'rik, olma, yong'oq ko'chatlari yaxshi o'sibdi. O'sha yerda yetishtirilgan ko'chatlar sharoitga moslashib, Orol mintaqasining hamma joyida o'saveradi.
Bundan tashqari, odamlar o'zlari yetishtirgan ko'chatlarni qayerga eksalar ham mehr bilan parvarish qiladilar. Ekkan daraxtini tashlab, hech kim hech qayerga ketgisi kelmaydi. Bu - demografik muammoni ijobiy hal qilishga ko'maklashadi.
Shu tajriba asosida 2-3 yilda Orol mintaqasida millionlab ko'chatlar yetishtirish mumkin. Ko'chatlar 5-6 yilda katta daraxt bo'ladi, daraxtlarni kesib, turli qurilish materiallari olish, gugurt ishlab chiqarish fabrikasi qurish mumkin, bu bilan yuzlab ishchi o'rinlari yaratiladi, chiqindisi esa o'tin bo'ladi. Daraxtlar to'ngagidan o'sib chiqadigan surx novdalar 4-5 yilda yana katta daraxt bo'ladi.
Muhimi, bu loyihaning ko'p bandlarini hashar yo'li bilan bajarish mumkin. Davlat byudjyetidan ko'p mablag' talab qilinmaydi.
Ona yurtini, ona tabiatni sevgan har bir sofdil inson bu loyihani ma`qullaydi, imkoni bo'lsa ko'maklashadi, deb ishonamiz.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.