Marko Poloning sayohati
Venetsiyalik Marko Polo (taxminan 1254-1324-yillar) o’sha vaqtlarda unchalik ma’lum bo’lmagan Osiyo bo’ylab sayr qilgan birinchi sayyohdir. U sharq davlatlari va xalqlarini aniq va batafsil ta’riflab bergan hamda Yevropa uchun sirli Xitoyni ochgan.
Marko Poloning otasi va amakisi savdogar bo’lib, Sharqda savdo-sotiq bilan shug’ullanishgan. Ular ko’p yillar Chingizxonning nabirasi Xubilay xonga xizmat qilishgan. 1270-yilda ular Venetsiyaga qaytib kelishgan, biroq birmuncha vaqt o’tib Eron orqali Mog’uliston imperiyasiga va Oltin 0 ‘rdaga qarab yo’l olishgan, bu safar ular o’n yetti yashar Markoni ham o’zlari bilan olib ketishgan. 1271-1275-yillarda ular dengiz orqali Kichik Osiyoning janubiy-sharqiy qirg’oqlariga chiqishgan, u yerdan quruqlik orqali Xitoyga (Arman tog’lari, Mesopatamiya, Eron tog’lari, Pomir va Qoshg’ar orqali) borishgan. Xitoyda Polo Xubilay xonga yoqib qolgan va unga 15 yil xizmat qilib, yaxshi martabalarga erishgan, xizmat davomida u mamlakatning turli viloyatlariga tashrif buyurgan. U mamlakatni boshqarish qanchalik murakkab ekanligiga ishonch hosil qilgan, masalan uning pochtatizimi shunchalik samaradorli ediki, imperiyaning turli burchaklaridan xabarlar atigi bir necha soat ichida poytaxtga yetib kelardi (300 ming ot pochta xizmatini amalga oshirardi).
1295-yilda Venetsiyaga qaytgan Marko Polo Genuya bilan bo’lgan to’qnashuvda ishtirok etadi va 1297-yilda asirga tushadi. Qamoqda o’tirgan vaqtida u hamxonasiga o’z sayohati haqida gapirib berib yozdiradi. «Marko Polo kitobi» (1298) — Armaniston, Gruziya, Eron, Xitoy, Mog’uliston, Hindiston, Indoneziya va boshqa mamlakatlar geografiyasi, etnografiyasi va tarixi haqidagi ma’lumotlar bo’yicha qimmatli manba hisoblanadi. Kitobdan shuningdek xalq rivoyatlari, afsonalari va ertaklari ham o’rin olgan. Bu kitob juda mashhur bo‘lib ketdi va XIV-XVI asrlardagi dengizchilar, harita tuzuvchilar, yozuvchilarga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Xristofor Kolumb Amerikaga birinchi bor suzganida bu kitob unga juda qo’l keladi deb hisoblab uni o’zi bilan olib ketdi.
Marko Polo fors tilini (o’sha vaqtdagi xalqaro aloqa tili) bilardi, Xitoyda yashab mongol tilini (o’sha davrda Xitoydagi ma’muriy til) o’rgandi,biroq xitoy tilini o’rganishga zarurat sezmadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.