Monitoring va uning turlari
Inson omilining atrof-muhitga bo‘lgan
ta’siri tobora kuchayib borayotganligini e’tiborga olib, maxsus kuzatish
tizimini tashkil qilish zarurati paydo bo‘ldi. Mazkur kuzatish natijasida
to‘plangan ma’lumotlar tabiiy muhitda yuz berayotgan o‘zgarishlarni baholash va
tegishli xulosalar chiqarishga imkon beradi. Shuning uchun ham monitoring
tizimini tashkil qilish bo‘yicha takliflar o‘rtaga qo‘yildi. Atrof-muhit
holatining monitoringi masalasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1972-yilda
Stokgolmda bo‘lib o‘tgan tabiiy muhit muhofazasiga bag‘ishlangan konferensiyasi
arafasida vujudga keldi. U «SKOPE» (atrof-muhit muammolari bo‘yicha ilmiy
qo‘mita) tomonidan ishlab chiqilgan edi. Monitoring tushunchasining mazmuni,
turlari hamda O‘zbekiston hududida atrof-muhit monitoringini amalga oshirish
masalalari ushbu bo‘limda ochib beriladi.
XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab fan-texnika inqilobi natijasida jamiyatning tabiatga ta’siri kuchayib ketdi. Oqibatda sayyoraviy, mintaqaviy va mahalliy ekologik muammolar kelib chiqa boshladi. Bu esa atrof-muhit holatini doimiy kuzatib borish tizimini tashkil qilishni taqozo etdi. Shu munosabat bilan fanda yangi, monitoring (lotincha «monitor» — esga soladigan, ogohlantiradigan) tushunchasi paydo bo‘ldi.
XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab fan-texnika inqilobi natijasida jamiyatning tabiatga ta’siri kuchayib ketdi. Oqibatda sayyoraviy, mintaqaviy va mahalliy ekologik muammolar kelib chiqa boshladi. Bu esa atrof-muhit holatini doimiy kuzatib borish tizimini tashkil qilishni taqozo etdi. Shu munosabat bilan fanda yangi, monitoring (lotincha «monitor» — esga soladigan, ogohlantiradigan) tushunchasi paydo bo‘ldi.
Monitoring — tabiiy resurslardan oqilona
foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida ma’lum bir hudud tabiiy
sharoitining holatini kuzatish, nazorat qilish va boshqarish tizimidir.
Monitoringning
asosiy maqsadi tabiiy muhitning inson faoliyati ta’sirida o‘zgarishini
kuzatish, olingan ma’lumotlar asosida baholash va tegishli boshqaruv apparatini
ishga solishdir.
Monitoring asosida atmosfera havosi, suv
havzalari, yerosti suvlari, tuproq, o‘simlik qoplamining turli chiqindilar,
zaharli kimyoviy moddalar, radioaktiv elementlar bilan ifloslanishi kuzatiladi. Kuzatish ishlari insonning ma’lum ekologik sharoitda yashashining
buzilishiga qaratiladi. Atrof-muhitning o‘zgarish darajasi hali ifloslanmagan
tabiiy sharoit holatiga nisbatan olinadi.
Akademik I.P.Gerasimov tomonidan monitoring tashkil qilishning bioekologik, geoekologik va biosfera bosqichlari ajratilgan.
Bioekologik monitoring bosqichi yoki pog‘onasida
atrof-muhitning ifloslanishi uning inson salomatligiga ta’siri nuqtayi
nazaridan kuzatiladi. Mazkur pog‘onada odamlarning kasallanishi, o‘lim, tug‘ilish,
uzoq umr ko‘rish va boshqa ma’lumotlardan foydalaniladi. Bu ma’lumotlar
insonning atrof-muhit o‘zgarishiga aks ta’siri hisoblanadi. Ushbu bosqichda
monitoring kuzatish shoxobchalari va sanitariya-gigiyena xizmati
ma’lumotlariga tayanib ish ko‘riladi.
Bioekologik monitoring inson salomatligi
uchun zararli bo‘lgan chiqindi va moddalar bo‘yicha kuzatishni tashkil qiladi.
Geoekologik (geotizimli) monitoring bosqichi yoki pog‘onasida
asosan tabiiy-hududiy, tabiiy-texnogen va demografik (aholi) geotizimlari
kuzatiladi va nazorat qilinadi. Mazkur bosqich (pog‘ona) uchun tabiatni
ifloslantiruvchi moddalarning ruxsat etilgan miqdori va tabiiy komplekslarning
(geotizimlarning) o‘z-o‘zini tozalash qobiliyati haqidagi ma’lumotlar muhim
hisoblanadi. Kuzatishlar geografik statsionarlarda, maxsus zona yoki
mintaqaviy poligonlarda olib boriladi.
Geotizimli
monitoringni amalga oshirishda hududda havo, suv, tuproq, o‘simlik, hayvonot
dunyosi, inson salomatligiga salbiy ta’sir etuvchi omillar va ifloslantiruvchi
manbalar bo‘yicha kuzatish tashkil qilinadi. Bu borada geotizimning o‘ziga xos
xususiyatlari e’tiborga olinmog‘i lozim. Cho‘llarda kemiruvchilar turli
xatarli kasalliklarni tarqatuvchi manba hisoblanadi. Buning oqibatida ma’lum
vaqt mobaynida katta hududda yuqumli kasallik o‘chog‘i yuzaga keladi. Shuni
hisobga olib, cho‘l geotizimida muntazam ravishda monitoring ishlarini olib
borish lozim bo‘ladi.
Biosfera monitoringi bosqichining asosiy vazifasi
atrof-muhitni dunyo miqyosida kuzatishdan iborat. Bunda atmosferaning
changlanishiga, Dunyo okeanining ifloslanishiga va boshqa ko‘rsatkichlarga
ko‘proq e’tibor beriladi. Kuzatishning asosiy maqsadi dunyo miqyosida
bo‘ladigan o‘zgarishlarning aholi salomatligi va faoliyatiga ta’sirini
baholashdir. Kuzatishlar biosfera poligonlari tizimida olib boriladi. Biosfera
poligonlari tizimiga qo‘riqxonalar va aholining xo‘jalik faoliyati zonalari
kiradi.
Atmosferani kuzatishda asosiy e’tibor chang
miqdorining ortib ketishiga, «issiqxona samarasi»ning vujudga kelishiga, qutbiy
mintaqalarda ozon qatlamining yupqalanishiga qaratiladi.
Eslab qoling!
Monitoring deb, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida ma’lum bir hudud tabiiy sharoitining holatini
kuzatish, nazorat qilish va boshqarish tizimiga
aytiladi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.