Ekspertiza haqida tushuncha
XX asrning 60-70-yillaridan e’tiboran yirik
xo‘jalik korxonalarini qurish va boshqa loyihali tadbirlar mutaxassislarning
har tomonlama ko‘rigidan o‘tib, ularning ruxsati bilangina amalga oshirila
boshlandi. Bu jarayon umumiy ma’noda ekspertiza deb ataladi. Mavzular bayonida
ekspertiza tushunchasi, ularning turlari, ekspert xulosalarini chiqarish va
O‘zbekiston hududida geografik-ekologik ekspertiza o‘tkazilishi bilan bog‘liq
masalalarni o‘rganamiz.
Ekspertiza deb yirik muhandislik inshootlarini
qurish loyihalarining mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazilishiga aytiladi.
«Ekspert» so‘zi lotin tilida
«tajribali» degan ma’noni bildiradi. Ekspert - biror sohada ekspertiza
o‘tkazuvchi mutaxassisdir. Masalan, qurilish, geologiya, qishloq xo‘jaligi, suv
xo‘jaligi, atom energetikasi, mashinasozlik va h.k. sohalar bo‘yicha ekspertiza
asosan loyihalanayotgan muhandislik inshootining atrof-muhitga ta’sirini
baholash yuzasidan o‘tkaziladi. Ekspertizalar geografik va ekologik ekspertizaga bo‘linadi.
Geografik ekspertiza deb loyihalanayotgan
muhandislik inshootining atrof-muhit talablariga mos kelish-kelmasligini aniqlashga aytiladi.
Ekologik ekspertiza deb inson faoliyatining
geografik muhit biologik (o‘simlik, hayvonot dunyosi va mikroorganizmlar) qismiga ta’sirini baholashga aytiladi.
Geografik va ekologik ekspertiza bir-biriga
barcha jihatdan yaqin va bir-birini taqozo qilishini e’tiborga olib,
geologik-ekologik ekspertiza deb ataladi.
Ekspertiza - ilmiy tekshirish, loyihalash boshqa tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan
loyihalar va ishlanmalarni o‘rganish hamda ularni amalga oshirish maqsadga
muvofiq ekanligini aniqlab, chuqur asoslangan xulosa berishdan iboratdir.
Ekspertiza jarayonida muhandislik inshootining atrof-muhitga, aholi salomatligiga
qanday ta’sir qilishi e’tiborga olinadi.
Ekspertiza turli darajalarda amalga
oshiriladi. Davlat ekspertizasi, Vazirlik ekspertizasi, Davlat fan va texnika
qo‘mitasi ekpertizasi, ilmiy va jamoatchilik ekspertizasi va boshqalar.
Atrof-muhit bo‘yicha ekspertiza O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza
qilish Davlat qo‘mitasi tomonidan belgilanadi. Ushbu tashkilotda
ekologik-geografik ekspertiza boshqarmasi mavjud.
Loyihalarning mazmuniga binoan mazkur
yo‘nalish bo‘yicha yetakchi mutaxassislar u bilan tanishib chiqib, o‘z
mulohazalarini bildiradilar. Masalan, ma’lum bir foydali qazilma konini ishga
tushirish loyihasi ekspertizasini geologlar, tog‘-kon sanoati muta- xassislari,
iqtisodchilar, ekologlar va boshqa mutaxassislar o‘tkazishadi.
Ekspertiza bir necha usulda amalga
oshiriladi: shaxsiy ekspertiza usuli, jamoa
ekspertiza usuli, ekspertlar komissiyasi usuli.
Bitta ekspert xulosasiga asoslangan
ma’lumotlar asosiy manba sifatida qabul qilinadigan ekspertiza - shaxsiy ekspertiza usuli deb ataladi.
Jamoa ekspertiza usuli jamoaga kiradigan
ekspertlarning mustaqil xulosalari tahlili asosida umumlashgan ekspertiza
xulosalarini ishlab chiqishga asoslangan.
Ekspertlar komissiyasi usuli tegishli ekspertiza guruhlari
tomonidan ma’lum bir hudud yoki obyektning alohida jihatlari (qismlari)
bo‘yicha ishlab chiqilgan ekspertiza xulosalarining yagona ekspertiza
xulosasiga birlashtirilishiga asoslanadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.