Yuklanmoqda...

Antarktidada hosil bo'lgan moviy ko'llar olimlarning xavotirlariga sabab bo'lmoqda


Sharqiy-Antarktika muzli qalqonida ko'plab moviy ko'llar paydo bo'lmoqda. Ularning birinchisi Langxovd muzligida kuzatilgan. Bu holat esa olimlarning xavotirlariga sabab bo'layapti. Chunki, shu kabi jarayonlar Grenlandiyada anchadan beri kuzatilayotgan edi,deb yozmoqda Gizmodo Geophysical Research Letters jurnalida chop etilgan maqolaga asoslanib. 

Muzusti ko'llari — erigan muzlardan hosil bo'lgan «suv havzalari» bo'lib, yozning issiq harorati tufayli paydo bo'ladi. Ular allaqachon Grenlandiya muzliklarida qayd etilgan. Bunday ko'llar global iqlim o'zgarishi alomati hisoblanib, muzli qalqonlarning barbod bo'layotganini ham anglatadi. Suv muz orasiga sizib, uning asosini «eritadi». Ana shu jarayon Grenlandiya muzliklarining erishi sabablaridan biridir: 2011-2014 yillarda bu orolda salkam trillion tonna suv yo'qotilgan. 

Endilikda, shu kabi muzusti ko'llari Janubiy qutbda ham paydo bo'lgani aniqlangan. Bundan avval, Janubiy qutb muzliklari barqaror hisoblanar edi. Ma`lum bo'lishicha, 2000-2013 yillarda Langxovd muzligida qariyb 8 mingga yaqin ko'l hosil bo'lgan. Olimlar mazkur holatlarni so'zsiz iqlim o'zgarishi bilan bog'lashmoqda. Chunki, suv havzalarining aksariyati 2012-2013 yillarda kuzatilgan o'ta issiq yoz mavsumida vujudga kelgan. 
Antarktidadagi muz ko'llarining olimlar xavotiriga sabab bo'layotgan omillardan biri shundaki, Janubiy qutb muz zaxirasi Grenlandiyanikiga qaraganda juda ko'pdir. Uning erishi esa, Yer sayyorasidagi dengiz sathining juda tez ko'tarilishiga sabab bo'ladi. Bu o'z navbatida insoniyat uchun sertalofat tabiiy ofatlarni keltirib chiqarishi mumkin. 

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar

kodni yangilash