Sangijumanning g`aroyib toshlari 

4 348

Navoiy viloyati Xatirchi tumanida Sangijuman qishlog'i bor. Tabiati betakror, go'zal bu maskan sayyoh va ziyoratchilarni o'ziga turli shakldagi xarsangtoshlari bilan jalb etadi. Qishloq tugashi bilan bepoyon qirliklarda sochilib yotgan xarsanglarga ko'zingiz tushadi. Ularning biri uzroq yo'ldan charchab kelib cho'kkalagan tuyaga o'xshasa, ikkinchisi dushmanga himoya qilishga shaylangan kapcha ilonga, uchinchisi o'zga sayyoralikning bosh kosasiga, to'rtinchisi qanotini yoygan kabutarga o'xshaydi. Qirlik Nurota tizma tog'larining janubiy shaxobchasi bo'lib, uzunligi 70 km, eni esa 9, 28 km.dir. Mahalliy aholi uni Oq tog' deb atashadi. Oq tog'ning janubiy qismida Sangijumon deb ataladigan kamyob intruziv - tosh massivi mavjud. Aynan shu erda tabiat o'zining xaykaltaroshlik mahoratini ro'y - rost ko'rsatgan.
 
Sangijumon massivining paydo bo'lish tarixi olimlar tomonidan turlicha qarashlarni ilgari surishlariga olib keldi. Ba'zilar massiv bundan 280 million yil avval, er yuziga qaynoq va suyuq tog' jinslarining Yer yuziga ko'tarilishi natijasida vujudga kelgan deyishsa, boshqalari uning yoshini 250 mln. yilga tenglashtirishadi. Shu bilan birgalikda bu erda paleozoy davrida shovullab turgan Tetis dengizi o'rtasidan yuqoriga ko'trilgan tog' jinslari yarim oy shaklda orolni vujudga keltirganini ham qayd etishadi. Keyinchalik orolning turli xil tashqi va ikichki ta'sirlar natijasida parchalanishidan mazkur toshlar vujudga kelgan degan fikrlar ham mavjud. Nima bo'lganda ham ushbu toshlar hamon o'z sirini saqlamoqda.
 
Sangijumonning g'aroyib toshlari ichida eng mashhuri og'irligi 250 tonna, aylanasi 20 metr, diametri 9, balandligi esa 6 metrga yaqin keladigan xarsangdir. Qizig'i uni yosh bola ham arzimagan kuch sarflab tebrata oladi. Sangijumon so'zining o'zi fors tilidan olingan bo'lib "tebranadigan tosh” ma'nosini anglatadi. Tabiatning bunday noyob toshlari dunyo bo'ylab sanoqlidir. Ulardan biri Argentinada Buenos-Ayres shahrining chekkasida, ikkinchisi Isroilning Quddus shahrida va uchinchisi O'zbekistonda Sangijumanda joylashgan. Aytish joizki qolgan toshlar Sangijumon bilan na tebranish tezligi, na g'aroyib shakllari bilan bellasha olmaydilar. Tebranadigan toshning janubida ulkan granit xarsang bo'lib, ularning orasidan o'tgan tor yo'lakda yurgan inson tepaga qarasa, o'zini 20 metrli quduq ichida turgandek his etadi. Harsangning turtib chiqqan uchi uzoqdan qo'nayotgan burgut shaklini eslatadi. "Teshiktosh” deb ataladigan bu ulkan xarsang esa bir necha yuz yildan buyon mahalliy aholi uchun "gunohlarini o'lchovchi tosh” hisoblanadi. Uning pastida katta teshik bo'lib, aytishlaricha undan eson-omon o'tgan odam "gunohsiz” hisoblanar ekan.
 
Ayni paytda Sangijumonda 100 dan ortiq kamyob, o'ziga xos tabiiy yodgorliklar mavjud. Ularni asrab-avaylash, hududda turizmni rivojlantirish kunning dolzarb masalasiga aylangan.
 
Nargis QOSIMOVA 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.