Jahongir Musayev 

5 702

 Antiquye World Xalqaro Ilmiy Akademiyasining doktori, geografiya fanlari nomzodi, dotsent Jahongir Payozovich Musayev 1972-yil  27-dekabrda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan. 

Jahongir Musayev Mirzo Ulug`bek nomidagi O’zbekiston milliy universitetining geografiya fakultetida o’qib, 1994-yilda imtiyozli diplom bilan tugatgan va o’sha yili mazkur universitetning kunduzgi aspiranturasi kirgan.

1998-yilda 11.00.02. – iqtisodiy va sotsial geografiya ixtisosligi bo’yicha nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan va oradan 2 yil o’tib, Qori Niyoziy nomidagi O’zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti doktoranturasiga qabul qilingan.  

Pedagogik faoliyatini talabalik yillari Toshkent tumanidagi 2-umumiy o`rta ta'lim maktabida o’qituvchilikdan boshlagan. 1994-1995-yillarda Respublika-o’quv metodika markazida metodist, 1998-2001-yillarda Qori Niyoziy nomidagi O’zPFITIda ilmiy xodim, bo’lim boshlig`i lavozimlarida ishlagan. 

Mehnat faoliyati 2001-2013-yillarda Xalq ta’limi vazirligida davom ettirdi.  Xalq ta’limi vazirligining Oliy ta’lim muassasalari sho`basida  ishlash davomida uning tashabbusi va jonbozligi asosida Jizzax, Toshkent viloyati DPIlarida aspirantura, Qori Niyoziy nomidagi O’zPFITIda yangi yo’nalishda doktorantura ochildi. Samarqand viloyatida hududiy nazoratchi sifatida faoliyat ko’rsatgan davrda viloyatning Jomboy tumanidagi 21-umumta’lim maktabi bazasida mustaqillikdan keyingi davrda birinchi bor geografiya maydonchasini tashkil etishga bosh qosh bo’ldi. 

Yuqoridagi vazifalar bilan bir vaqtda A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish Markaziy institutida hamda Maktabgacha muassasalar xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish respublika o’quv metodika markazida 2004-yildan buyon xalq ta’limi rahbar xodimlariga muntazam ma’ruzalar o’qib keldi. Jahongir Musayev malaka oshirish va qayta tayyorlash kurs tinglovchilari uchun tabiiy fanlardan, jumladan, geografiyadan davlat talablari, taqvimiy-mavzuiy reja va o’quv dasturlarini tuzuvchisidir. 

Jahongir Musayev xalq ta’limi rahbar xodimlariga «Ta’lim tizimi islohotining konseptual asoslari», «Darsliklar bilan ta’minlash ijara tizimi», «Geografiyadan davlat ta’lim standartlarining ta’limni tashkillashtirishdagi o’rni» kabi mavzularda ma’ruzalar o’qiydi. Uning ma’ruzalari ilmiy-metodik yangiliklarga boyligi, amaliyotga  hamohangligi bilan tinglovchilarga manzur bo’lmoqda. 

U mazmundor ma’ruzalari bilan bir qatorda ilmiy-pedagogik hamda publistik janrlarlarda ko’plab maqolalar bilan chiqib turadi. «Ma’rifat» gazetasi, «Ta’lim taraqqiyoti» va «Xalq ta’limi» jurnallarida e’lon qilingan ishlarining o’zi 40 dan ortadi. U maqolalarida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati, yangiliklar, ayniqsa, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» ijrosi, geografiya ta’limini modernizatsiyalash bilan bog`liq tahliliy hamda uslubiy materiallarni keng yoritmoqda.

Jumladan, "Iqtisodiy geografiyaning ijtimoiylashtirish zaruriyati va uni maktabda o’qitish metodikasi”, "O’zbekiston iqtisodiy va sotsial geografiyasini yangicha o’qitish”,  "Geografiya ta’limida tafakkurlashning o’ziga xosligi”, "Geografik timsol – mustaqil fikrlashga undovchi vosita sifatida”, "Darslik ham o’rgatsin, ham o’ylatsin”, "Fikr sayqallashuvining geografik omili”, "Geografiya maydonchasi”, "Geografiya darslariga ilg`or pedagog texnologiyalarni tatbiq etish yo’llari”, "Darslik – bu didaktik majmua” kabi materiallari keng jamoatchilikka manzur bo’lmoqda.

Jahongir Musayev umumiy o’rta ta’lim maktabi 8-sinflari uchun O’zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi o’quv atlasi va yozuvsiz xaritalarini yaratishda faol (1999-2006) ishtirok etgan.  
 
Umumiy o’rta ta’lim maktablari uchun Jahongir Musayev hammualliflikda yaratgan 8-sinf "Geografiya” darsligi o’zbek, rus va barcha qardosh tillardan chop etib kelinmoqda. Mazkur darslik 2005-yil "Yilning eng yaxshi darsligi” tanlovida II darajali diplom bilan taqdirlangan. Darslik bilan bir qatorda o’qituvchilar uchun «O’qituvchi kitobi» metodik qo’llanmasi ham yaratilgan bo’lib (hammualliflikda) u uchta tilda chop etilgan. 2006-yil mehnatda erishgan natijalari uchun "O`zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” ko’krak nishoni bilan taqdirlangan.

Jahongir Musayev turli yillarda Respublika ta’lim markazida faoliyat yuritadigan geografiyadan ilmiy metodik kengashining, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalar markazi Idoralararo ilmiy-texnikaviy kengashining a’zosi sifatida faoliyat yuritdi.  
 
Davlat test markazi tomonidan o’tkazilgan "Yilning eng yaxshi test tuzuvchisi” tanlovida geografiya fani bo’yicha qatnashib 2006-yili 1-darajali diplom bilan taqdirlangan.
 
Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik borasida ham samarali faoliyat ko’rsatib kelmoqda. Osiyo taraqqiyot bankining «Umumta’lim maktablari uchun darsliklar va o’quv adabiyotlarini nashr qilish tizimini takomillashtirish» loyihasi doirasida 2001-yilda tashkil etilgan «Darsliklarni nashrga tayyorlash tizimini takomillashtirish» mavzusidagi halqaro seminar-treningda ma’ruzalari bilan qatnashdi. Mazkur loyihani mahalliy konsultanti sifatida faoliyat ko’rsatib endilikda umumta’lim maktablarida o’quvchilarning darsliklar bilan ta’minlashda keng tarqalgan ijara tizimini yaratilishi va amaliyotga joriy etilishini asoschilaridan biri hisoblanadi. 

Darsliklarni yangi avlodini yaratish tizimini takomillashtirish mavzusida 2008-yili Germaniyaning qator shaharlarida umumiy o’rta, o’rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini o’rganib tajriba almashib qaytdi. 

Jahongir Musayev xalqaro va respublika miqyosida o’tkazilgan 10 dan ortiq ilmiy, ilmiy-amaliy, ilmiy texnik seminar va konferensiyalarning faol ishtirokchisi. Uning ma’ruzalari yangi pedagogik texnologiyalar qo’llangan holda, ilmiy-metodik jihatdan yuqori saviyada o’tmoqda.

Chop etilgan ishlari orasida 2 ta monografiya, 1 ta darslik (umumta’lim maktablari uchun), 2 ta o’quv qo’llanma (umumiy o’rta va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun), 1 ta o’quv dasturi (o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun), umumiy o’rta va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun geografiya ta’limini rivojlantirish konsepsiyasi muallifidir. 

Internet nashrlarida qator maqolalari chop etilgan. 1993-1999-yillar davomida umumta’lim maktab o’quvchilari uchun O’zbekiston teleradiokompaniyasi orqali efirga uzatilgan "Geografiya” o’quv ko’rsatuvining muallifi va boshlovchisi sifatida faoliyat yuritdi. 
  Jahongir Musayevning ilmiy ishlari horijiy mamlakatlar (Germaniya, Polsha, Rossiya, Qirg`iziston)ning nufuzli nashrlarida ingliz va rus tillarida chop etilgan. 

Payoz Musayev bilan hammualliflikda "Kompyuter-Osiyo” ilmiy-texnika parki tomonidan 2008-yil "O’zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi", "Jahon iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi” o’quv filmlari, "O’zbeko’quvavtomatika” birlashmasi tomonidan "O’zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi” elektron darsligi ishlab chiqilib amaliyotga joriy etilgan. 

Ayni paytda Jahongir Musayev O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida geografiya ta’limini takomillashtirish, darslik va o’quv adabiyotlarining yangi avlodini yaratish borasida amaliy ishlarni olib bormoqda.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.