Yuklanmoqda...

Quyi Zarafshon tabiiy geografik o’lkasidagi joyning geografik o’rniga bog`liq toponimlar


Joy nomlari (toponimlar) ni o’rganish zaruriy masala hisoblanadi. Sababi, toponimlar shu hududning tabiati, tarixi va etnografiyasini o’zida aks ettiradi. Yurtimizda so’ngi yillarda geografik joy nomlari (toponimlar)ni o’rganish va tartibga solishga katta e’tibor qaratilmoqda. Buni 2011-yil 12-oktyabrda qabul qilingan "Geografik ob’ektlarning nomlari to’g`risida” gi O’zbekiston Respublikasining Qonuni va unga muvofiq holda 2012-yil 16-oktyabrda tasdiqlangan geografik ob’ektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqidagi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 295-sonli qarori misolida ham ko’rib turibmiz. Mamlakatimizning bir necha ming yillik tarixga ega bo’lgan, o’zining sharif shahri va ilm-fan, madaniyat taraqqiyotiga beqiyos hissa qo’shgan yetti piri bilan mashhur bo’lgan Quyi Zarafshon tabiiy geografik o’lkasi joy nomlariga ham ancha boy. Mamlakatimizning ko’pgina hududlarida bo’lgani singari, o’lka toponimlari orasida ham etnonimlar va antroponimlar ko’pchilikni tashkil qiladi. Shu bilan birgalikda o’lkada joyning geografik o’rni bilan bog`liq toponimlar ham serob. Biz ushbu maqolada Quyi Zarafshondagi joyning geografik o’rni bilan bog`liq ayrim toponimlar va ularning izohiga kengroq to’xtalib o’tmoqchimiz. 

Quyi Zarafshon tabiiy geografik o’lkasi O’zbekistonning janubi-g`arbiy qismida, ma’muriy jihatdan Buxoro viloyati, qisman Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hududida joylashgan. O’lka Zarafshon daryosi vodiysining Xazar yo’lagida toraygan qismidan boshlanib, Buxoro va Qorako’l deltalarini, Qizilqumning janubiy va janubi-sharqiy qismlarini, Kemirakqum cho’lini, Sandiqli qumligini o’z ichiga oladi. 

O’lka hududi arid iqlimli mintaqada joylashgan bo’lib, tabiiy geografik jihatdan bir-biridan keskin farq qiluvchi ikkita yirik tabiiy kompleks – Janubiy Qizilqum cho’llari va Zarafshon daryosi hosil qilgan Buxoro va Qorako’l vohalaridan iborat. Bu vohalar ilm-fan, madaniyatning qadimgi o’choqlaridan  bo’lib, o’lkadagi joy nomlarining kelib chiqishi ham uzoq tarixga borib taqaladi.  Toponimlar  joyning turli xususiyatlarini o’zida aks ettiradi. Jumladan o’lkadagi joyning geografik o’rnini o’zida aks ettiruvchi toponimlarga quyidagilarni misol qilib keltirish mumkin:  

Peshku – tuman nomi. Toponim tarkibidagi pesh – "old”, "oldi”, "oldingi tomon”, ko’y – "ko’cha”, "guzar” degan ma’noni bildiradi. Professor S. Qorayev toponim tarkibidagi ko’y so’zi ko’h – tog` bo’lishi ham mumkin deb hisoblaydi. Agar shunday bo’lsa Peshku toponimi "tog` oldi” degan ma’noni bildiradi. 

Labirut  –  G`ijduvon tumanidagi qishloq. Aslida Labiro’d – daryo labi, suv yoqasi demakdir. Qishloq ariq, suv yoqasida joylashganligi sababli shunday atalgan bo’lsa kerak.

Qoraqir – Quyi Zarafshon tabiiy geografik o’lkasidagi qir nomi (Peshku tumani janubiy chegarasiga yaqin joyda cho’zilgan). Toponim tarkibidagi "qora” so’zi faqat rangni bildirmasligi va uning "shimol” ma’nosi ham borligini hisobga oladigan bo’lsak, toponim "shimoldagi balandlik”, "shimoldagi tepalik (qir)” demakdir. Haqiqatdan ham Qoraqir qirlari aholi manzillari – vohalar (Buxoro va Qorako’l vohalari) ga nisbatan shimolroqda joylashgan. O’lkada xuddi shu nom bilan ataluvchi ko’l, urochishe, tepalik, quduq ham mavjud. 

Quyimozor – o’lkadagi kanal nomi. Gidronim tarkibidagi "quyi” so’zi "janub”, "janubiy”, "mozor” so’zi (arabcha ma+zara) esa "ziyorat qilinadigan joy” degan ma’noni anglatadi. Kanal Jondor, Buxoro va Kogon tumanlarining janubiy qismidan oqib o’tadi. Hoyna hoy kanal yaqinida birorta ziyoratgoh (muqaddas joy yoki qabriston) bo’lgan va kanalga shunday nom berilgan bo’lsa kerak.

O’rtaquduq – o’lkadagi quduq nomi. Gidronim Qorako’l va Jondor tumanlari chegarasiga yaqin yerlarda joylashganligi sababli shunday nomlangan bo’lsa kerak. Aslida Qorako’l tumani hududida joylashgan. 

Yakkachakka – Qorako’l tumanidagi qumlik, Qizilqum cho’lidan janubga cho’zilgan. Toponim tarkibidagi "yak” fors-tojik tilida "bir”, "chakka” – "bir cheti”, "yoni”, "burchagi” degan ma’nolarni bildiradi (mahalliy aholi bu so’zni "chekka” deb talaffuz qiladi va yuqoridagicha ma’nolarda tushunadi). Agar cho’lning joylashgan o’rnidan kelib chiqadigan bo’lsak, Yakkachakka – "bir chetdagi qumlik” demakdir. Bu cho’l (qumlik) aholi manzillaridan ancha olisda joylashgan. Shu sababli ham shunday nom olgan bo’lishi mumkin. Yana bir talqin: Qorako’l vohasida mahalliy aholi qumni "chaga” deb ataydi. Chakka – chaganing fonetik o’zgargan shakli bo’lishi ham mumkin.  

Shimoliy – Quyi Zarafshon tabiiy geografik o’lkasidagi kollektor nomi. Zarafshon daryosidan suv oladi va o’lkaning shimoliy qismidan oqib o’tib, Qoraqir ko’liga quyiladi. Kollektor o’lkaning, shu jumladan aholi manzilgohlarining shimolidan oqib o’tganligi uchun ham shunday atalgan bo’lishi mumkin. 

Nomozgartepa – Buxoro tumanidagi tepalik. Quyi Zarafshon tabiiy geografik o’lkasining janubi-sharqida, Qorovulbozor tumanining g`arbiy qismida joylashgan. Mahalliy aholi tilida "nomozgar” – "kun botadigan tomon” (g`arb), "tepa” – "tepalik”, "balandlik”, "qir” ma’nolarini bildiradi. Toponimga shu nuqtai nazardan izoh beradigan bo’lsak, "g`arbdagi tepalik” degan ma’noni bildiradi. 

Ko’rinib turibdiki, Quyi Zarafshon tabiiy geografik o’lkasi toponimlari orasida joyning geografik o’rniga bog`liq nomlar ham talaygina. Hududiy toponimik tadqiqotlar shu kabi nomlarning o’ziga xos xususiyatlari, haqiqatga yaqin izohi bilan bir qatorda nomlarning xalqona va ilmiy talqini haqida ko’plab ma’lumotlar to’planishiga asos bo’ladi.  
Muxriddin AVEZOV,
Olmazor tumanidagi 278-maktabning 
geografiya fani o‘qituvchisi.

Foydalalanilgan adabiyotlar:
1. Qorayev S. O’zbekiston toponimlarini hosil qiladigan asosiy terminlar va boshqa so’zlar lug`ati. –T.: "O’zgeodezkadastr”, 2004. – 150 b. 
2. Hasanov I., G`ulomov P. O’zbekiston tabiiy geografiyasi. II qism. –T.: "Universitet”, 2010.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar