Yuklanmoqda...

21-mart Umumxalq Navro`z bayrami


 
Navro’zi olamni biz barcha sharq xalqlari qatorida azal-azaldan, ming yillar davomida e’zozlanib kelayotgan, eng qadimiy va eng sevimli, haqiqiy umumxalq bayrami sifatida qadrlaymiz. Azaliy va abadiy bayram – Navro’z el-ulus qalbida yaratish va bunyodkorlik hislarini o’zida mujassam etgan, elimizning tabiati, ongu – tafakkuri va qalbiga, har bir oila va xonadoniga shodu - hurramlik olib kirishi bilan aziz va suyuklidir. Mana hozir yurtimizda bayromona kayfiyat jo'sh urmoqda. Qozonlarda sumalaklar qaynamoqda. Ana shunday ajoyib kunlarda Sizlarni ulug’ ayyom bilan muborakbod etib, Sizlarga, barcha yaqinlaringizga quvonch va shodlik, tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, farovon hayot, Ona-Vatanimizning gullab yashnashi yo’lidagi ezgu ishlaringizda ulkan zafarlar tilayman. Navro'z sizga xursandchilik, quvonch, baxt - omad keltirsin. Yana bir bor Navro'z bayramingiz muborak bo'lsin, aziz yurtdoshlar.

NAVRO’Z -  O’n ikki maqom. Navro’z (fors. - yangi kun) - shamsiya (quyosh) yil hisobida yilning birinchi kuni (Kalendar); O’rta Osiyo va Sharq mamlakatlarida yashovchi xalqlarning qadimiy an'anaviy bayrami. Bahorgi teng kunlikka (21- yoki 22-mart), ya'ni Quyoshning Hamal burjiga kirishiga to’g’ri keladi.  Navro’z dehqonchilik ishlarini boshlash bayrami ham hisoblanadi. Navro’z bayramida ommaviy xalq sayillari uyushtirilgan, yangi ungan ko’katlardan tansiq taomlar pishirilgan, ba'zi ekinlarni ekish boshlangan. Dastlab, Navro’z bayramini o’tkazish o’troq dehqonlarda rasm bo’lgan, keyinchalik ular orqali yarim o’troq va ko’chmanchi turkiy xalqlarning ham urf-odatlariga aylangan. Asrlar o’tishi bilan turli xalqlarda Navro’z bayramini o’tkazish marosimlari ularning turmush tarziga, mafkurasiga moslashgan. Tarixiy manbalarga ko’ra, Navro’zni bayram qilish axomaniylar davridan boshlangan va O’rta Osiyo, Eron, Afg’oniston xalqlarida eng katta bayramlardan biri hisoblangan. Bu o’lkalarga islom dini kiritilganidan keyin Navro’z bayrami man qilingan, ammo xalq o’z sevgan bayramini nishonlashda davom etgan. O’rta Osiyo va Eron xalqlari arab xalifaligi hukmronligidan qutulgan davr (IX-X asr)dan boshlab, Navro’z bayramini o’tkazish yana rasmiy tus olgan. Qadimiy kitoblardagi ma'lumotlarga asoslanib, Abulqosim Firdavsiy o’zining «Shohnoma» asarida Navro’z bayramining paydo bo’lishini afsonaviy shoh Jamshid nomi bilan bog’laydi. Navro’z bayrami haqidagi ma'lumotlar Abu Rayhon Beruniyning «Qadimgi xalqpardan qolgan yodgorliklar» va boshqa asarlarida, Umar Xayyomning «Navro’znoma» asarida uchraydi. Mahmud Koshg’ariyning «Devonu lug’otit-turk» asarida Navro’zga bag’ishlang’an xalq qo’shiqlari keltirilgan. O’rta osiyolik tarixchi olim Abu Bakr al-Narshaxiy (899- 959) o’zining «Buxoro tarixi» asarida Navro’z kuni Siyovush qabri boshida odamlar xo’roz so’yishlarini va bunga uch ming yildan ortiqroq vaqt o’tganini yozgan («Buxoro tarixi», T., 1966). O’rta Osiyo hududida Navro’z bayrami nishonlanganligi to’g’risida boshqa manbalarda ham ma'lumotlar bor.  O’zbekiston hududida yashagan xalqlar ham bu kunni yangi yilning boshlanishi deb quvonch bilan kutib olganlar. Bir necha kun ilgari tayyorgarlik ishlari boshlangan. Bug’doyni undirishga qo’yilgan va uning maysasidan sumalak tayyorlangan, ko’kat chuchvara, yalpiz somsa kabi taomlar pishirilgan, otchopar, uloq, kurash singari xalq o’yinlari, sayillar o’tkazilgan, bahor haqida qo’shiqlar kuylangan. Navro’zning birinchi kuni qishloq joylarida bolalar to’p-to’p bo’lib xonadonlar eshigi oldida Navro’zga bag’ishlangan qo’shiq aytishgan. Xonadon egasi ularni sovg’a-salom va yeguliklar bilan siylagan. Bolalar yeguliklarning bir qismini qishloqdagi beva-bechoralarga ulashishgan. Bu udum hozir ham Samarqand va Jizzax viloyatlarining ayrim qishloqlarida saqlangan. Navro’z yangi yil bayramigina bo’lib qolmay, mehnat bayrami ham hisoblangan.Keltirilgan ma'lumotlardan ko’rinib turibdiki, O’rta Osiyoda ham Navro’z bayrami islom dini qabul qilinmasdan ancha ilgari rasm bo’lgan. Lekin, sobiq sovet tuzumi davrida (XX asr 80-yillar o’rtalaridan) asossiz ravishda Navro’z diniy bayram va marosimlar qatorida man qilindi. O’zbekiston va O’rta Osiyodagi boshqa mamlakatlar mustaqillikka erishgach, boshqa qadriyatlar qatorida Navro’z bayrami yana tiklandi. Hozir O’zbekistonda ham Navro’z umumxalq bayramlaridan biri sifatida nishonlanadi, 21-mart dam olish kuni deb e'lon qilingan. Har yili shu kuni respublikaning barcha viloyatlaridagi xiyobon va maydonlarda bayram sayillari tashkil qilinadi, konsertlar beriladi. Bir necha kun mobaynida mahallalarda Navro’zga bag’ishlangan tadbirlar o’tkaziladi, sumalak, halim va boshqa tansiq taomlar pishiriladi. Navro’z kunlari hokimliklar, mahallalarning faollari, xayr-ehson tashkilotlari - mehribonlik uylari bolalari, urush va mehnat faxriylari, yolg’iz keksalar huzuriga tashrif buyurib, ularni qutlab, sovg’a-salomlar ulashadi.

21-mart Xalqaro Irqiy kamsitilishga qarshi kurashish kuni
1966-yil 26-oktyabr kuni o'tkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi XXI sessiyasi qaroriga asosan Irqiy kamsitilishga qarshi Xalqaro kurashish kuni har yili 21 martda o'tkazila boshlangan.1960-yilning shu kunida, Janubiy Afrikaning Sharpevile shahrida, YUARdagi afrikaliklarni majburiy pasportlashtirish yuzasidan, aparteid rejimi qonunlariga qarshi chiqqan tinch demonstrasiyasi polisiya tomnidan o'tga tutildi va 69 nafar kishini o'ldirdi. 1966-yil bu kunni e'lon qilganda Bosh Assambleya xalqaro uyushmalarga irqiy kamsitilishni barcha turlariga barham berishni kuchaytirishga chaqirdi. Irqiy diskriminasiya asosan, ozodlik va adolatni, inson xuquqlarini inkor qilib, inson qadr-qimmatiga qarshi jinoyat hisoblanadi deb ta'kidladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti diskriminasiyani ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishga, tinchlik va xalqaro hamkorlikga to'sqinlik qilinishini tan oladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti barcha davlatlarni irqiy diskriminasiyaning turli shakllarini yo'qotish haqidagi Deklorasiyasi, inson xuquqlari, umumiy deklorasiyasiga rioya qilishga da'vat etadi.

 21-mart Xalqaro astrologiya kuni
Astrolog – olimlar va tashabbuskorlar tomonidan xar yili 21-mart kunlari Xalqaro astrologiya kuni, Bahorgi teng kunlikda o'tkaziladi. Bu kundan yangi astrologiya yili, quyosh Qo'y (Oven) burjiga kirganda boshlanadi. Shimoliy yarim sharida Bahorgi teng kunlik, Janubiy yarim sharida Kuzgi teng kunlikka to'g'ri keladi. Astrologiya ayrim kishilar va xalqlar taqdirini osmon yoritqichlarining vaziyatlariga qarab aytish bilan shug'ullanadigan ta'limot (Ilmi nujum, Munajjimlik). Astrologiya qadimdan paydo bo'lib, yulduzlarga sig'inish va yulduzlarga oid afsonalar bilan chambarchas bog'langan. Astrologiya Rim imperiyasida keng tarqalgan (Birinchi goroskoplar miloddan avval I-II asrda paydo bo'ldi). Bugungi kunda astrologiyaga qiziqish kundan-kunga ommaviylashib bormoqda. Ayniqsa, biznesmen, siyosatchilar munajjimlar bashoratiga xaddan tashqari ahamiyat bera boshlashdi. Psixologlar fikriga ko'ra, o'ziga ishonmagan insonlar munajjimlar bashorati bilan ish yuritishadi. Ammo, juda ko'p odam astrolog bashoratiga murojaat qiladilar. Munajjimlik (arab tilida), astrologiya - ayrim kishilar va xalqlarning takdirini osmon yoritqichlarining vaziyatlariga qarab bashorat qilish (fol ochish) bilan shug'ullanadigan ta'limot, kasb (Ilmi nujum). Munajjimlar bilan shug'ullanuvchi shaxslar munajjim deb atalgan. Abu Rayxrn Beruniy astronomiyaga oid «al-Qonun al-Mas'udiy» («Ma'sud qonuni») asarida munajjim atamasini ko'proq falakshunos (astronom) ma'nosida qo'llaydi. U munajjimlarni folbinlar deb ataydi. Qadimda muhim voqealar, urushlarni boshlash munajjimlarning bashoratlari bilan amalga oshirilgan.

21-mart Butunjahon she'riyat kuni bayrami
1999-yili YUNESKO bosh konferensiyasining 30-sessiyasida 21-mart kunni Butunjahon she'riyat kuni bayrami deb nishonlanishi qaror qilindi. Ilk bora she'riyat kuni, YUNESKO shtab kvartirasi joylashgan, Parijda o'tkazildi. YUNESKO qarorida - "She'riyat, insonning eng muhim, dolzarb ma'naviy savollariga javob beruvchi vosita xisoblanadi -ammo, buning uchun imkon darajada she'riyatga jamoat diqqatini jalb etish kerak. Butunjahon she'riyat kuni, zamonaviy shoirlar ijodini targ'ib qiluvchi kichik nashriyotlar, adabiy klublarga o'zi haqida imkon qadar kengroq ma'lumot berishi kerak”. Ushbu kun, YUNESKO hisobi bo'yicha, ommaviy axborot vositalarida she'riyatning insonlarga ochiq, chinakkam zamonaviy madaniyatni pozitiv obrazini yaratishga xizmat qiladi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar



<- Post / End -->
[comments]