Ch- harfiga oid izohli lug`atlar 

12 592

 
Chala cho`llar - quruq iqlim sharoitida tarkib topgan, mo`tadil mintaqada dashtlar bilan cho`llar orasida joylashgan tabi­at zonalari. Iqlimi quruq kontinental; yog`ingarchilikka (300 mm) nisbatan potensial, bug`lanish 5-6 marta ko`p; daryolar juda kam. Tuproqlari: och kash­tan, qo`ngir, buztuproq; chirindisi kam (2-4%), sho`rlangan yer­lar ko`p. O`simliklari: shuvoq, sho`ralar, chim hosil qiladigan boshoqlilar, namgarchilik tanqisligiga moslashgan, past bo`yli chala bo`talar. Hayvonlari: kemiruvchilar (yumronqoziq, qo`shoyoq, olaxurjun), yirtqichlar (qarsak tul­ki), sudralib yuruvchilar (toshbaqa, ilonlar).
Changal (changalzor) - daryo bo`ylaridagi, ayniqsa uning qa­yir va quyi terrasalaridagi o`tish qiyin bo`lgan bo`tazor - o`rmon­lar. Jangal shaklida ham talaffuz qilinadi.
Chashma- yer osti suvlari yer yuziga oqib chiqadigan joy, buloq. Ko`pincha jilgalarga suv beradigan buloqlar chashma deyi­ladi.
Chag`irtosh- qirrali parcha toshlar sementlashib hosil bo`lgan tog` jinsi (brekchiya).
Chekka dengizlar - materiklarga yondashib turgan va okeandan yarim orollar va orollar bi­lan bir oz ajralgan dengizlar. Chekka dengizlar odatda materik sayozligida va materik yonbag`rida bo`ladi. Barens, Kara, Sharqiy Sibir, Chukotka, Laptevlar, Norvegiya, Bellinsgauzen dengizlari chekka dengizlardir.

Chet el investitsiyalari – iqtisodiyotning sanoat, qishloq xo`jaligi, transport va boshqa tarmoqlariga chet el mulkdorlari kapitalining uzoq muddatga qo`yilishi. 

Chilla (forscha - tojikcha chil- qirq) - qishning va yozning o`rtasidagi qirq kuni. Qishda 26-dekabrdan 5-fevralgacha va yozda 26-iyundan 5-avgustgacha o`tgan davr chilla deyiladi.
Chink - 1) qir va balandliklarning, supatog`larning tik tush­gan baland (350 metrgacha) yonbag`ri. Qozoq va qoraqalpoqlar shing, qirgizlar ching deyishadi. Chinklar oldida ko`pincha pastliklar bo`lib, sho`r, botqoq bosgan bo`ladi. Masalan, Ustyurt, Mang`ishloq chinklari; 2) cho`qqi, tog` tepasi, kimsasiz qor bosgan tog`lar.
Chirik tosh - nurab turli shakllarga kirib qolgan tosh. Chirik toshlar cho`tir-cho`tir, chandi, tosh ustun va h.k. shakllarida bo`lishi mum­kin.
Chirindi - tuproqning to`q jigar rangdagi organik qismi. Tuproqlar unumdorligi chirindining miqdori va sifatiga bog`liq. Ch.irindi o`simlik hayvon va mikroorganizm qoldiqlaridan iborat bo`lib, nuragan tog` jinslarining mineral zarra­lari bilan aralashib, kimyoviy jihatdan birlashib ketadi. Chirindi tarkibida o`simliklarning oziqlanishi uchun zarur bo`lgan azot, fos­for, oltingugurt kabi asosiy ele­mentlar bo`ladi.
Chiqish - Quyosh chiqar tomon, sharq.
Chig`ir, chiyir – to`qay chetidan o`tgan, to`qay o`rtasidan ochilgan, qordan o`tkazilgan yo`l.
Chopqun yog`in - qor va yomg`irning aralash yog`ishi.
Chorvachilik – qishloq xo`jaligining chorvachilik mahsulotlari yetishtirish maqsadida chorva mollari urchitish bilan shug`ullanadigan tarmog`i. Chorvachilik aholini oziq-ovqat (sut, go`sht, yog`, tuxum va b.), yengil sa­noatni xom ashyo (jun, xom teri, sil va b.) bilan ta’minlaydi, ot-ulov (ot, eshak, ho`kiz, xachir, bug`u, tuya) va organik o`g`it (gung) yetkazib beradi. Parrandachilik, asalarichilik, ipakchilik, darrandachilik ham chorvachilikka kiradi.
Chuv - daryo, soy, oqin suv.
Chuvoq - kungay, oftobro`, oftobi atamalarining sinonimi.
Chuqurlik mintaqalari - Dunyo okeanida suv osti landshaftlarining chuqurlik ortgan sari almashina borishi natija­sida hosil bo`ladi. Chuqurlik ort­gan sari suvning harorati, yoritilish darajasi, fizik-kimyoviy xossalari, suvdagi organik hayot o`zgara boradi. Dunyo okeani­da quyidagi chuqurlik mintaqalari ajratiladi:
1)    qirg`oq bo`yi yoki suv osti o`simliklari mintaqasi;
2)    suv osti faunasi ustun turuvchi shelf mintaqasi;
3)    materik yon­bag`ri yoki okean chala cho`llari mintaqasi;
4)    okean havzalarining tubi yoki okean sovuq sahrolari mintaqasi.

Cho`kindi jinslar - oldindan mavjud bo`lgan magmatic, meta­morfik va boshqa tog` jinslarining yemirilib quruqlikda yoki suv havzalarining tubida to`planishidan paydo bo`lgan tog jinslari. Cho`kindi jinslar qat-qat va g`ovak bo`lib, ularda hayvon va o`simlik qoldiq­lari uchraydi. Dona-dona (chaqiq), gilsimon, kimyoviy va orga­nogen cho`kindi jinslar bo`ladi. Dona-dona (chaqiq) cho`kindi jinslar turli xil qattiq tog` jinslarining parchalaridan iborat bo`ladi (mayda va yirik shag`al, qum). Konglomerat va qumtosh ham dona-dona cho`kindi jinslardan tarkib topgan. Turli xil gillar gilsimon cho`kindi jinslardir. Kimyoviy cho`kindi jinslar xilma-xil moddalar suvli eritmalarining cho`kishidan vujud­ga keladi: tuzlar, gips, dolomit. Organogen cho`kindi jinslar o`simlik va hayvon qoldiqlarining to`planishidan paydo bo`ladi (boksit, ko`mir, yonuvchi slanets, bo`r, torf, bitum va b).
Cho`l - 1) mo`tadil, subtropik, tropik mintaqalardagi juda qurg`oqchil kontinental iqlimli tekis­lik yerlar. Yillik yog`in miqdori odatda 200 mm dan oshmaydi. Po­tensial bug`lanish juda katta - ba’zan yog`indan 10-15 hissa ko`p. Mahalliy doimiy oqar suv butunlay yo`q. Suvsiz yoki qor tez eriganda suvga to`ladigan quruq o`zanlar uchrab turadi. Yer osti suvlari chuqurda va sho`r bosgan (asosan xlorid tuzli). Tuprog`i unumsiz, qatlami yupqa. O`simliklari juda siyrak bo`ta, o`tlardan iborat (saksovul, yulg`un, qo`uyonsuyak, cherkes, yantoq, sho`ralar, efemer va efemeroidlar, semizo`tlar). O`simlik­lar ko`pincha bargsiz, mayda barg­li, sertuk, ildizi uzun bo`ladi. Hayvonlari ham o`ziga xos. Suv qidirib uzoqqa bora oladigan chopqir (sayg`oq, qulon) yoki o`simlik tarkibidagi suv bilan kifoyalanadigan (toshbaqa), yemishidagi suvga qapoat qiladigan (ilonlar), hayvonlardan va parrandalardan iborat. Ba’zi hayvonlar issiq yoz vaqtida uyquga ketadi, ba’zilari faqat tunda tirikchilik qiladi. Cho`ldarda yerlarni sun’iy sug`oribgina dehqonchilik qilish mumkin. Toshloq, gilli, shag`alli, qumli, sho`rxok cho`llar bo`ladi; 2) o`simlik kam, daraxt yo`q, kimsasiz keng joylar.
Cho`l tiplari - cho`llarning landshaft xususiyatlariga ko`ra xillari. Cho`l tiplarini ajratishda tuproq-grunt qoplami yetakchi rol o`y­naydi. O`rta Osiyo cho`llari quyidagi asosiy tiplarga bo`linadi: 1) qumli cho`llar; 2) gilli cho`llar; 3) gipsli cho`llar; 4) lyossli cho`l­lar; 5) taqirlar; 6) sho`rxok cho`l­lar.

Cho`l kuyugi – himoya po`sti - cho`l va dashtlarda tog` jinslari yuzasini qoplagan to`q qo`ng`ir – qora tusdagi yaltiroq yupqa qobig`i. 

Cho`qqi– tog`, tepa, qirlarning baland, nayzasimon o`tkir, ko`pincha kristalli qattiq toshlardan iborat qismi. Tog`larning ba’zi eng baland qismi uchli bo`lmasa ham cho`qqi deyiladi. Dunyodagi eng ba­land cho`qqi Jomolungma 8848 metr Himolay tog`larida joy­lashgan.
Cho`qo`lak- cho`llarda bo`ta, o`t­lar atrofida to`planadigan qum do`ngchasi; Cho`qo`laklar bir-birlari bi­lan qo`shilib, kichik-kichik qum homalarini (gryadalarini) hosil qiladi.

Cho`qqi – tog`, tepa, qirlarning baland, nayzasimon, o`tkir, ko`pincha qattiq kristall, qattiq toshlardan iborat qismi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.