Yuklanmoqda...

S- harfiga oid bo`lgan ma`lumotlar to`plami 

1352

Savanna (ispancha sabana) - har yer-har yerda yakka holda to`p-to`p daraxtlar o`sadigan quruq tropik o`t o`simliklari. Savanna - nam tropik o`rmonlarning har ikki tomonida joylashgan tabiat zonasi. Savannada bo`liq o`tlar (2 m va undan ham baland o`tlar, asosan boshoqlilar) orasida to`p-to`p daraxtlar va bo`­talar (Afrikada soyabonsimon akatsiyalar, baobablar, palmalar, daraxtsimon molochaylar, Janu­biy Amerikada palmalar, Avs­traliyada evkalipt va akatsiyalar) o`sadi. Yil ikki mavsumdan ibo­rat: qish quruq va issiq, yoz esa issiq hamda seryomg`ir bo`ladi. Laterit tuproqlar keng tarqalgan. Sernam mavsumda o`simliklar bars urib o`sadi, quruq mavsumda o`tlar qurib, daraxt va bo`talar barg tashlaydi. Xilma-xil hayvonlar: fil, jirafa, antilopa, zebra, begemot, arslon, qushlar (tuyaqush) va b. yashaydi. Hozirgi vaqtda savannalarning ko`p qismlari haydab yuborilgan yoki yaylovga aylantirilgan.

Savr - 1) zodiak yulduz turkumlaridan biri; 2) shamsiya (qu­yosh) yil hisobida ikkinchi oyning nomi; 22-apreldan 21-maygacha davom etadi.

Sayozlik- dengiz va okeanlar tagi reylefning ko`tarilgan qism­lari. Sayozlik to`lqinlarga, oqimlarga va suvda yashovchi hayvon hamda o`simliklarga ta’sir ko`rsatadi. Quyosh nuri suv ostiga yetib borganligidan suvutlar ko`p, binobarin, suvda kislorod serob bo`lib, sharoit baliqlar uchun qulay bo`ladi.

Sayrob- tog`larda orografik yomg`ir ko`p tushadigan, sersuv joy, vodiy boshi.

Sayxon- atrofi ochiq, tekis, keng yalang yer.

Sakrama- daryoning tog`, tez- oqar qismi, ostonatosh, shalola.

Samum (arabcha samum - issiq shamol)- Arabiston va Shi­moliy Afrika cho`llarida esadigan issiq va quruq shamol. Samum esganda qum bo`roni turib, harorat 50 darajaga yetadi va undan ham oshadi.

Sangbo`ron- tog yonbag`iridan toshlarning ko`chib, yumalab tushi­shi. O`simlik bilan qoplanmagan quruq toshloq yonbag`irlarda ko`p bo`ladi. Sangbo`ron toshbo`ron shaklida ham ishlatiladi.

Sangir- tog`lardagi tik jarlik daryoning qulashi natijasi­da hosil bo`lgan tik qirg`og`i.

Sangzor(tojikcha)-toshloq, daryo vodiysidagi sertosh maydon.

Sapropel (yunoncha sapros - sassiq, pelos - loyqa) - oqmay turgan suv havzalari tubida o`simlik va hayvon organizmlari qoldiqlaridan hosil bo`ladigan organik loyqa, balchiq. Tibbiyotda (balchiq bilan davolashda), yoqilg`i va o`rit sifatida ishlati­ladi.

Saraton - 1) Zodiak zonasidagi yulduzlar turkumi; 2) Shamsiya (quyosh) hisobida to`rtinchi oy, 22-iyundan 21-iyulgacha davom eta­di. Shu oyda Quyosh osmon sferasida Saraton yulduzlar turkumidan o`tadi; 3) yoz faslining eng issiq davri. «Saraton olovi», «Saratonning sariq kuni» iboralari bor. Saraton– yoz faslining eng issiq davri, 22 iyundan 21 iyulgacha davom etadi, shamsiya oyi.

Sardoba– cho`llarda (ayniqsa taqirlarda) yer ustidagi suv­lar to`planadigan suv ombori. Ko`pincha usti suv kam bug`lansin uchun g`ishtin gumbaz bilan yopilgan, suv yerga shimilib ketmasin uchun ba’zilarining tagiga g`isht yotqizilgan bo`ladi. Ayrim sardobalarda suv yil bo`yi saqlanadi. Hovuzli yerto`lalar ham sardoba deyiladi. O`rta Osiyoda, xususan Janubiy O`zbekiston va Sharqiy Turkmanistonda ko`p uchraydi. Sardoba hovuzining chuqurligi 10-15 m, diamet­ri 12-16 m, devorining qalinligi 1-1,5 m bo`lgan. Sardoba gumbaziga uch tomondan ventilyatsiya darchasi va tepasiga bitta mo`ri ishlangan. Bular suvning buzilmay saqlanishiga imkon bergan.

Sarisuv– tog`oldi lyoss va gildan iborat qiya tekisliklardan oquvchi loysa suv. Ba’zi joy­larda daryo nomiga aylanib ket­gan. Masalan, Markaziy Qozog`istondagi Sarisuv daryosi.

Sari chashma - buloq ko`zi, buloqning suv chiqadigan joyi.

Sarin shamol -salqin sha­mol.

Sariq tuproq - sernam subtropiklarda keng bargli o`rmon­lar tagida gilli slanetsdan ibo­rat ona jinsdan paydo bo`lgan tuproq. Chirindisi kam. Temirning suvli oksidlari tufayli sariq bo`ladi. Xitoyda, AQShning janubida, Avstraliyaning janubi-sharqida va Yangi Zelandiyada, G`arbiy Gruziya va Ozarbayjonda (Lenkoran) uch­raydi. Bunday yerlarda subtropik ekinlar (sitrus, choy va b.), tok, efir moyli o`simliklar, tamaki, sabzavot va boshqa ekinlar ekiladi.

Sarob- atmosferada nurning anomal refraksiyasi hodisasi. Sarobda ko`rinish (manzara) va predmetlar o`z holicha ham, teskari ham ko`rinishi mumkin. Sarob atmos­ferada haroratning yuqoriga qarab o`zgarishining to`g`ri holati juda barqaror yoki nihoyatda beqaror bo`lganda ro`y beradi. Sarobda predmetlar o`z haqiqiy joyidan yuqorida ham, pastda ham, yon tomonda ham ko`rinishi mumkin. Sarob cho`llarda havo juda qizib ketganda, tinch ob-havoda ko`proq so­dir bo`ladi.

Sarg`on yer - qamish sarg`ayib qurib qoladigan yer.

Sahro- 1) Yaqin va O`rta Sharq mamlakatlarnda, chunonchi arab va eroniy tillarda «cho`l» ma’nosida ishlatiladigan so`z, joy nomlari tarkibida ham uch­raydi, Masalan, Sahroi Kabir; 2) o`zbek tilida cho`l so`zining sinonimi sifatida (1960-yillargacha) ishlatilib kelgan; 3) hozirgi o`zbek geografik adabiyotida Arkti­ka, Antarktikadagi va baland tog`lardagi doimiy sovuq, qor-muzlar makoni (muz sahrosi).

Seddlar- Nil daryosining o`rta oqimida, Sudan soyligidan oqib o`tadigan qismida pastak qirg`oqlar hamda sayoz o`zanlarni qoplab yotadigan qamish va papirus to`qaylari.

Sedimentatsiya (lotincha sedimentum – o`tirib qolish) – tog` jinslari zarralarining o`tirib qolishi. Cho`kindi jinslar paydo bo`lishining dastlabki bosqichi.

Seysmograf (yunoncha seysmos - zilzila, grafo - yozaman) - zilzila bo`lganda yoki mod­dalar portlatilganda yer po`stida ro`y beradigan tebranishlarni qayd qiladigan asbob.

Seysmologiya (yunoncha seysmos - zilzila, logos - fan) - zilzilalar sathidagi fan. Zilzilaning sabablari, seysmik to`lqinlarning yer ichida tarqalishi, zilzilalar geografiyasi va zilzi­lalar oqibatiga qarshi kurash yo`llarini o`rganadi.

Sel– tog` vodiylari, soylar va jarlardan qisqa vaqt ichida juda katta tezlik bilan oqib keluvchi tosh aralash loyqa suv oqimi. Sellar qattiq jala qo`yishi, tog`lardagi qorning juda tez erishi, yonbag`irning qiya va unda nuroq jinslarning ko`p yig`ilib qolishi natijasida vujudga ke­ladi. Odatda sel oqimlari qurg`oqchil iqlimli, o`simliksiz yonbag`irlarda kuchli bo`ladi. Sel hodisasi O`rta Osiyoda (Farg`ona, Qashqadaryo, Surxondaryo vodiylarida, Kopetdog`da, Tyanshanning G`arbiy va Shimoliy tizmalari vodiylarida), Kavkazda, G`arbiy Yevropa, AQSh, Janubiy Amerikaning tog`li rayonlarida, Yaponiyada ko`p kuzatiladi. Xo`jalikka katta zarar keltiradi.

Seldara - tog`larda, tog` oldi qirlarida sel hosil bo`ladigan, sel keladigan dara; soy. Odatda sel hosil bo`ladigan soy uncha uzun bo`lmaydi va ko`llari - irmoqlari ko`p hamda kalta bo`ladi. Lekin bosh soy - seldara tog`dan chiqishda tog` o`zanga ega bo`lib, yoyilma konusi hosil qiladi.
Selena - qadimgi yunonlarda Oy nomi; Selena atamasi ba’zi bir so`zlar tarkibida uchraydi; Masalan, selenografiya - Oy litosferasini o`rganadigan fan.
Selvaslar (lotincha selva - o`rmon) - Janubiy Amerika (Braziliya)dagi nam tropik (ekvatorial) o`rmonlar.

Selva - portugalcha o`rmon degani. Ekvatorial o`rmonlar Janubiy Amerikada Selva deb ataladi.

Sellyuloza (fransuzcha - sellyuloza asli lotincha sellyula - katak so`zidan), kletchatka - o`simlik hujayralari po`stlog`ining suvda erimaydigan eng aso­siy tarkibiy qismi, tabiatda eng ko`p tarqalgan polimerlardan bi­ri. Sellyuloza o`simlik tolasi (paxta, zig`ir, konoplya) ning tarkibiy qismi, sun’iy tolalar, plyonka (sel­lofan), plastmassa, lak, portlovchi moddalar ishlab chiqarishda asosiy xom ashyo hisoblanadi.

Serir (arabcha) - Sayroi Kabirning qattiq shag`allardan tar­kib topgan pastroq qismlari.
Sizot suv - yerning g`ovak yuza qatlamidagi va tuproqdagi bo`shliqlarni to`ldirgan suv. Sizot suv suvli qatlam yer yuzida yotgan joy­larda bo`ladi. Suvli qatlam ustini suv o`tkazmaydigan qatlam qoplamaydi. Sizot ssuv sathi bevosita yer usti suvlari va yog`in suvlari bilan tutash bo`lgani uchun fasldan-faslga o`zgarib turadi; ba’­zan botqoqliklar hosil qiladi.
Siljish - tog` jinslarining tektonik yoriq bo`ylab, bir-biriga nisbatan gorizontal siljishi.
Siljiq - tog` jinslarining tektonik yoriqlar bo`ylab gorizon­tal siljigan palaxsasi. Katta siljiqlar yuzlab, hatto minglab km ga chuziladi, uzoq davr mobaynida ro`y beradi.

Siklon (yunoncha syklon - aylanuvchi) - front zonasida atmosfera bosimi atrofdan markazga tomon kamayib boradigan, shamollar soat strelkasi harakati yo`nalishiga teskari esadigan havo girdoblari. Siklon - atmosferaning past bosimli oblasti; Siklonda bosim markazda eng past bo`lib, shamol atrofdan markazga qarab esadi. Yerning aylanishi ta’sirida siklonda shamol shimoliy yarim sharda soat strelkasi yo`nalishiga qarshi, janubiy yarim sharda soat strelkasi yo`nalishi bo`ylab esa­di; atmosferaning quyi qatlamida quyun shaklida havo oqimlari hosil bo`ladi. Siklonning eni 1000-3000 km bo`ladi. Sikonda ayniqsa markazida havo bulut bo`lib, yog`in yoradi. Ayrim sikon bir necha kun tu­radi; dastlab soatiga 20-30 km va undan ham tezroq harakat qiladi; shundan so`ng asta-sekin so`na borib tugaydi. MDHda siklonlar Atlantika okeanidan keladi va o`zgaruvchan ob-havo keltiradi. Siklon kelganda yozda havo sovub, sha­mol turadi, bulut bo`lib yomg`ir yog`adi; qishda havo ilib ketib, qor bo`roni turadi va qor yog`adi.

Silikat sanoati – olovbardosh, chinni - fayans va keramik buyumlar (g`isht, cherepitsa; vodo­provod va kanalizatsiya trubalari, sopol idishlar), sement, ohak oyna shisha ishlab chiqaradigan sanoat tarmoqlari. 

Singma suv - yer yuzasidan chuqurga singib ketadigan suv. Yer po`stidagi yer osti suvlari harakat yo`nalishiga qarab ikkiga bo`linadi: mantiyadan ajrab chiqadigan va yuqoriga yo`nalgan yuvenil suv hamda pastga sinib boruvchi singma suv.
Sinekliza (yunoncha sin - birgalikda, yenklisis - egilish) - yer po`stining platformadagi sal bukilgan katta (diametri bir ne­cha yuz km keladigan) qismi (Masalan, Rossiya platformasidagi Moskva sinklizasi).
Sinklinal (yunoncha sinklino - egilaman) - qabariq tomoni pastga qaragan tog` jinslari qatlamlari. Sinklinal antiklinal bilan yonma-yon uchraydi. Sinklinal qavariq tomoni pastga qaragan tog` jinslari qatlamlari burmasi.
Sinoptik xaritalar (yunoncha sinoptikos - hamma narsani birdan ko`radigan), ob-havo xaritalari - muayyan hududda ma’­lum vaqtda ob-havoning holati raqamlar va shartli belgilar bi­lan ko`rsatilgan xaritalar. Butun Yer shari yoki biron hududning sinoptik xaritalari tuzilishi mumkin. Sinoptik xaritalar asosida ob-havo bashoratlari e’lon qilinadi.
Sintetik mahsulotlar - mu­rakkab kimyoviy reaksiyalar yo`li bilan olinadigan sun’iy mahsulotlar. Hozirgi vaqtda xilma-xil bo`yoqlar, dori-darmonlar, zaharli moddalar, suyuq yoqilg`i, sun’iy kauchuk tola va boshqa sintetik mahsulotlar  olinmoqda.
Sirokko (arabcha sharq so`zi­dan) - Sayroi Kabirdan O`rta dengiz havzasi, jumladan Apen­nin yarim oroliga tomon esadigan issiq va quruq qattiq shamol. Sirokko o`simliklarga zarar yetkazadi, ba’zan quritib qo`yadi.
Sirt - 1) Tyanshan tog`larida 3500-4000 m balandlikda joy­lashgan usti tekis, salgina to`lqinsimon yer, tekislangan yuza. Sirtlar tog`larning mezozoy erasida pasaygan va tekislangan hamda keyinchalik qayta ko`tarilgan qoldiqlaridir. Landshafti alp o`tloqlaridan iborat. Iqlimi salqin. Yozgi o`tloqlar sifatida foydalaniladi; 2) Volga daryosi bi­lan Ural tog`lari oralig`ida joy­lashgan, yer yuzasi salgina parchalangan keng suvayirg`ich yer; masalan, Yalpi Sirt.
Sig`alon - tog`larda tik yon bag`irlarning o`rta va quyi qism­larida to`plangan silliqlanmagan parcha toshlar. Tub tog` jinslari­ning nurashi va nuroq jinslarning yuqoridan qulab tushishi na­tijasida hosil bo`ladi. Sig`alondagi jinslarning katta-kichikligi ularning tarkibiga bog`liq: sla­nets, granit sig`alonlar mayda toshli, ohaktosh sig`alonlar yirik toshlidir.
Skreb - Avstraliyaning qurg`oqchil hududlarida bo`tasimon evkalipt, tikanli akatsiya va butilkasimon daraxtlardan iborat doimiy yashil chakalakzorlar.
Slanetslar - tarkibi turlicha bo`lgan qat-qat yoki kitob varaqlari kabi yupqa plastinkalardan iborat cho`kindi yoki metamorfik tog` jinslari.
Slyudalar - urganda yuzasi silliq, juda yupqa varaqlarga ajraladigan, jins hosil qiluvchi minerallar. Masalan, tabiatda keng uchraydigan muskovit bilan flo­gopit izolyator sifatida, metal­lurgiya pechlari oynalari uchun, elektr sanoati va radio sanoatida, biotit esa elektrotexnika sanoatida izolyator sifatida ish­latiladi. Konlari:  Ural, Sharqiy Sibir, Kareliya, Ukraina, Hindiston, Shri-Lanka, Kanada, AQSh va b.
Sovuqlik qutblari - yer sharida havo harorati eng past bo`lgan joylar. Verxoyansk-Oymyakon Shi­moliy yarim sharning sovuqlik qutbidir; bu yerda mutlaq harorat -70 daraja, yanvarning o`rtacha harorati -50,5 darajaga yetadi. Sharqiy Antarktidadagi «Vostok» stansiyasi atrofi janubiy yarim sharninggina emas, balki butun planetaning sovuqlik qutbidir - bu yerda mutlaq minimum harorat -88,3 darajaga, yillik o`rtacha harorat esa -55 darajaga teng bo`lgan.
Soztuproq - zarrachalari ju­da mayda to`g` jinslari (gil), berch - yopishqoq tuproq.
Soy - 1) kichik daryo, irmoq; 2) soylik quruq vodiy.
Soylik - 1) tekisliklar, tog` oldi qiya tekisliklari, qir va adirlarda keng, sayoz, bir tomon­ga cho`zilgan pastlik yer. Yuzalama eroziya va to`lqinsimon kuchsiz burmalanish natijasida vujudga keladi; 2) yer po`stining turli xil yo`llari bilan hosil bo`lgan botiq qismlari.
Solyar iqlim - (lotincha solaris- quyoshli) - radiatsion iqlim. Joyning geografik kengligi va Quyoshning gorizontdan balandligining o`zgarishinigina nazarda tutib, nazariy hisoblab chiqariladigan iqlim. Bunda iqlim hosil qiluvchi boshqa omillar: quyosh nurining atmosferadan qaytishi, havo qatlamida tarqalishi, yer yuzasining holati, reylef, atmo­sfera sirkulyatsiyasi, oqimlar va h.k. lar hisobga olinmaydi. Shu sababli solyar iqlim haqiqiy iqlimdan farq qiladi.
Sopka - Zabaykale va Uzoq Sharqda tepalik va tog`lar shunday ataladi. Kamchatkada va Kuril orollarida vulkan (Klyu­chi sopkasi, Avacha sopkasi), Qrim bilan Kavkazda balchiq vulkan sopka deyiladi.
Sochilmalar – tog` jinslari, rudali yertomirlarning yemirilishidan hosil bo`lgan va tarkibida qimmatli minerallar: oltin, platina, olmos uchraydigan g`ovak yotqiziqlar. Nuragan jinslar shu yerning o`zida qoladi yoki boshqa yerlarga, ko`proq daryo vodiylari, ko`l qirg`oqlariga olib borib tashlanadi.
Sohil (arabcha) - quruqlikning dengiz, ko`l va daryo qirg`og`iga parallel cho`zilgan hamda unga nishab bo`lgan qismi. Sohilda qirg`oqlarga xos bo`lgan hozirgi za­mon va qadimgi reylef shaklla­ri - terrasalar, eski o`zanlar bo`ladi.
Speleologiya (yunoncha sepelayon – g`or, logos - fan) – g`orlarni, ularning paydo bo`lishini, g`or ichidagi mikroiqlim, suvlar, organik dunyoni, o`tmishda va hozirgi vaqtda g`orlardan foydalanilishini o`rganadigan fan.
Stalagmitlar (yunoncha stalagma - tomchi) – g`orlarning tagida ustun, sumalak shakllarida cho`qqayib turgan mineral hosilalar. Stalagmitlar kalsiy karbonatga to`yingan suvning go`r tepasidan tomib tushib bug`lanib ketishi va kal­siy karbonatning cho`kib qolishi­dan paydo bo`ladi.

Stratisfera– yer po`stining asosiy cho`kindi va metaformik jinslardan tashkil topgan ustki qismi. 

Stalaktitlar (yunoncha stalaktos - tomchilab tushib qotgan) – g`orlarning shipi va devorlarining yuqori qismlarida sumalak naycha, popuk shakllarida osilib turgan mineral hosilalar. Kal­siy va karbonat angidridga to`yingan suvning g`op tepasidan sizib o`tib bug`lanib ketishi va kalsiy karbonatning to`planib qolishidan hosil bo`ladi.

Statut (lotincha statuo - qaror qilaman) - muayyan hudud yoki xalqaro tashkilot idora organlarining tashkiliy tartibi va faoliyatini belgilab beradigan Nizom.
Statsionar metod - geografik tadqiqot metodlaridan biri. Statsionat metodda geografik ob’ekt, hodisa va jarayonlar uzoq vaqt davo­mida uzluksiz ishlovchi ilmiy- tadqiqot stansiyalarida o`rgani­ladi. Bu metod ekspeditsiya metodidan farqli ularoq, geogra­fik jarayon va ob’ektlarning maydonda tarqalishini emas, bal­ki vaqt davomida o`zgarishini, dinamikasini va rivojlanishini o`rganishga imkon beradi. Statsionar metor landshaftlarning strukturasi, dinamikasi, mavsumiy o`zgarishlari va rivojlanishini tadqiq qilish­da muhim ahamiyatga ega. 
Subalp mintaqasi - o`rtacha va subtropik kengliklardagi yil bo`yi bir tekisda yetarli miqdorda yog`in yog`adigan tog`larning ba­landlik mintaqasi. Alp mintaqasidan pastda, tog` o`rmon mintaqalaridan yuqorida. Baland bo`yli subalp o`tloqlari, qing`ir-qiyshiq daraxtlar, chakalakzorlar xarakterli. Subalp mintaqasi o`tloqlaridan yozgi yaylov sifatida foydalani­ladi.
Subantarktika mintaqasi - janubiy yarim shardagi geografik mintaqa, okeanlarning 58°-60° va 65°-67° gacha janubiy kenglik­lardagi qismlarini o`z ichiga ola­di. Iqlimi sovuq (havoning o`rtacha harorati qishda -5° dan -15° gacha, yozda 0°-2°, qattiq shamollar bo`lib, tuman tushib tu­radi. 500 mm yog`in yogadi. Qishda yoppasiga suzib yuruvchi muzlar bi­lan qoplanadi. Suvda plankton ko`p. Subantarktika mintaqasidan ko`plab baliq va dengiz hayvonlari ovlanadi.
Subarktika mintaqasi - Shi­moliy yarim shardagi geografik mintaqa. Janubda 60°-65° sh.k., shimolda 67°-73° sh.k.gacha bo­radi. Iqlimi sovuq, yanvarning o`rtacha harorati materiklarda va orollarda -5° dan -40° gacha, iyulniki +5° dan +12° gacha. Vegetatsiya davri 70-110 kun, 300-500 mm yog`in yog`adi. Zamin tungib yotadi. Subarktika mintaqasi tundra va o`rmonli tundra zonalariga bo`linadi. Okean suvida baliq va boshqa hayvonlar ko`p.
Subtropik iqlim - mo`tadil iqlim bilan tropik iqlim orasidagi iqlim, qishi iliq, yozi issiq; eng sovuq oyning o`rtacha harorati 0° dan yuqori. Subtropik iqlimli hududlar 30°-40° sh.k. bilan 30°-35° j.k. larda. Subtropik iqlim bir necha xil bo`ladi: O`rta dengiz bo`yi iqlimi, nam subtropik o`rmonlar iqlimi, subtropik cho`llar iqlimi va mussonli subtropik iqlim.
Subtropik mintaqalar, subtropiklar - Yerning har ikkala yarim sharidagi geografik mintaqalar, 30° va 40° kengliklar orasida. Mo`tadil mintaqalardan farq qilib, vegetatsiya yil bo`yi davom etadi, sovuq oyning o`rtacha harorati 0° dan yuqori. Tropik mintaqalardan farqi esa mavsumlarda termik rejimning keskin tafovut qilishidir, den­gizdan quruqlik ichiga kirib bor­gan sari yog`in miqdori kamayib iqlim kontinentallasha boradi. Nam va quruq subtropik mintaqalar bo`ladi. Nam subtropik mintaqalar Kavkazning Qora dengiz sohilida va Lenkoran pasttekisligida uchraydi. Tuprog`i qizil tuproq, xilma-xil va boy o`simliklar o`sadi. Quruq subtropiklarga Qrimning Janubiy sohili, Sharqiy Zakavkaze, shuningdek O`rta Osiyo cho`llarining janubiy chekkalari kiradi.
Suburbanizatsiya (inglizcha suburb - shahar yoni) - shaharlarning shahar atroflari hisobiga o`sishi. Shahar atrofida qurilgan uy-joylar va sanoat korxonalari hisobiga shahar kengayib, tobora katta hududni qamrab oladi.

Sublimatsiya - suvning suyuq holatdan qattiq holatga o`tishi. 

Suv- vodorod bilan kislorodning birikishidan hosil bo`lgan suyuq, rangsiz modda. Qalinligi 2 m dan oshsa, havo rang tusga kiradi. Normal bosim sharoiti­da +100°C da qaynaydi. +4° da eng zich bo`lib, 1 sm.kub suv 1 grammga tenglashadi. Tabiatda uch xil ko`rinishda - muz, suyuq suv, bug` holatda uchraydi. Ko`pchilik mineral va tog` jinslarida birikma holda bo`ladi. Suz so`zi geografik nom­lar yasalishida ishtirok etadi. Masalan, Qizilsuv, Oqsuv, Ko`ksuv, Qashqasuv, Qorasuv.
Suv boshi - daryo, kanal, ariqlar boshlanadigan joy, manba. Suv boshi buloqlar, tog`lardagi qor va muzlardan boshlanuvchi jilg`alar, ko`llar, boshqa daryo va h. k. lar bo`lishi mumkin.
Suv bo`yi - daryo, ko`l, kanal, ariq, dengizlar qirg`og`i bo`ylab cho`zilgan kambar yer, sohil.
Suv yig`iladigan havza - bi­ror daryo, ko`l yoki dengizga yer osti suvlari oqib keladigan yer, maydon. Suv yig`iladigan suvayirg`ich bilan chegaralangan bo`ladi.
Suv ko`tarilishi va qaytishi - Oy bilan Quyosh ta’sirida dengiz sathining davriy ravishda (sutkasiga ikki marta) ko`tari­lib va pasayib turishi.
Suv ombori - kishilar tomo­nidan biror maqsadni ko`zlab (suv chiqarish, GES qurish, suv oqimini tartibga solish, mikroiqlimni o`zgartirish va h.k.) bunyod etilgan suv havzasi. O`rta Osiyoda daryo oqimini tartibga solish, suv to`plash, GESlar qu­rish maqsadida quriladi. Masalan, Kattaqo`rg`on, Janubiy Surxon, Tuyamo`yin suv omborlari va b. Suv ombori – suv yig`ish va saqlash uchun quriladigan suv havzasi.
Suv osti tizmalari - okeanlar va ba`zi bir dengizlar tagidagi uzun cho`zilgan va baland­ligi 4-5 km ga yetadigan ko`tarilmalar. Suv osti tizmalari uzun cho`zilgan tektonik tizmalardan (ular hammasi bo`lib 75 ming km cho`zilgan), burmali-palaxsali, vulkanik tiz­malardan, yoysimon orollarning burmali-palaxsali tizmalari va vulkanlardan, yer po`stining yoriqlari bo`ylab cho`zilgan jarliklardan iborat bo`ladi.

Suv osti vodiylari – okean va dengiz tublarida materik sayozligi va materik yon bag`rida bo`ladigan chuqur vodiylar.

Suv toshqini – turli sabablar bilan suv sathini ko`tarilishi natijasida quruqlikni suv bosishi.

Suv eroziyasi – oqar suvlarning tog` jinslari, tuproqni yuvib ketishi.

Suv massasi – o`ziga xos maydon va chuqurlik bilan o`lchanadigan, uayyan tabiiy geografik sharoitda shakllangan fizik, kimyoviy va biologik xususiyatlari nisbatan bir xil bo`lgan suv hajmi.

Suv sarfi - suv oqimining ko`ndalang kesimidan muayyan vaqt davomida oqib o`tgan suv miqdori. Daryo, kanal, jilg`a, anhorlarning suv sarfi soniyasiga kub metr (m.kub/sek) hisobida, buloq, kichik ariq, quduqlar suv sarfi soniyasiga litr (l/sek) hisobida beriladi.
Suv o`tkazadigan jinslar - suvni o`zidan oson o`tkazadigan tog` jinslari. Masalan, qum, ohaktosh.
Suv o`tkazmaydigan jins­lar - suvni o`zidan juda sekin o`tkazadigan tog` jinslari, Masalan, gil, granit.
Suvayirg`ich, jun - ikki daryo havzasi yoki ikki dengiz, okean havzasi orasidagi chegara. Yog`in-sochin suvi, daryo suvlari ana shu chegaradan ikki qarama-qarshi tomonga oqadi. Masalan, Volga bo`yi qirlari Volga va Don daryolari oralig`idagi suvayirg`ichdir. Tinch okean (Tinch okean bilan Hind okeaniga quyiladigan daryolar) havzasini Atlantika okeani (Atlantika hamda Shimoliy Muz okeanlariga quyiladigan daryolar) havzasidan ajratib turadigan chegara Yer sharining bosh suvayirg`ichi. deyiladi.
Suveren davlat (fransuzcha suverenite - oliy hokimiyat) - ichki ishlarda va tashqi aloqalarda mustaqil ish ko`radigan, boshqa davlatlarning aralashishiga yo`l qo`ymaydigan, siyosiy jihatdan mustaqil davlat.
Suvli qatlam - Yer po`stining tog` jinsi parchalari orasidagi bo`shliqlarda, yoriqlarda og`irlik kuchi yoki gidrostatik bosim ta’­sirida siljib yuradigan suvlar mavjud bo`lgan qatlami. Suvli qatlam yer yuziga chiqqan joylarda buloqlar chiqadi, yer yuzida bo`lsa, botqoqlik zahob, sho`rxok vujudga ke­ladi.
Suvning aylanishi- quyosh radiatsiyasi va og`irlik kuchi ta’­sirida Yer sharida suvning to`xtovsiz aylanib yurishi. Quyosh ra­diatsiyasi ta’sirida Dunyo okeani yuzasidan taxm. 450 ming km.kub, quruqlikdan 61 ming km.kub suv bug`lanadi. Okean yuzasidan ko`tarilgan suv bug`larining aksari qismi to`yinib, yana okean ustiga yog`in bo`lib yog`adi (403 ming km.kub); bug`larning havo oqimlari olib ket­gan qismi quruqlikka yog`adi (108 ming km.kub). Bu yog`inlarning bir qismi yerga singib, yer osti suvlarini hosil qiladi, bir qismi yer yuzasidan oqib, daryolarni vujud­ga keltiradi, qolgan qismi esa bug`lanib ketadi. Havo oqimlari quruqlikka keltirgan suv pirovard natijada Dunyo okeaniga yetib boradi.

Sunami (yaponcha) - suv ostida yoki qirg`oq yaqinida zilzila bo`lganda yoki vulkan otilganda okean suvida hosil bo`ladigan ulkan to`lqinlar. Soatiga 50-1000 km tezlik bilan tarqaladi. Tulqin balandligi ochiq okeanda 5 m ga yetadi, qirg`oqqa urilganda 50 m dan oshishi mumkin. Sunami qirg`oqni bosib, ko`p yerlarni vayron qilishi mumkin. Asosan Tinch okean qirg`oqlarida kuzatiladi. 

Sunbula- 1) zodiak zonasidagi yulduzlar turkumi; 2) Shamsiya hisobidagi yilning oltinchi oyi, 22-avgustdan 22-sentyabrgacha davom etadi. Bu vaqtda Quyosh os­mon sferasida sunbula yulduzlar turkumi oldidan o`tadi. Bu oyda suv tiniydi, soviydi. Sunbula suvini ichgan meva qishda yaxshi saqlanadi.
Sunbul havo - salqin, bulutli, ob-havo.
Sun’iy yo`ldosh, Yerning sun’iy yo`ldoshi – ko`p bosqichli eltuvchi raketalar yordami­da Yer atrofi orbitasiga chiqarilgan va xilma-xil ilmiy hamda texnik priborlar bilan jihozlangan kosmik apparat. Birinchi sun`iy yo`ldosh 1957-yil 4-oktyabrda uchirilgan. Endilikda sun`iy yo`ldoshlardan Yer atmosferasining yuqori qismi va kosmik fazoni o`rga­nish bilan birgalikda radio masalalari va telealoqalar o`rnatish, Yerning tabiiy boyliklarini o`rganishda foydalanilmoqda.
Sun’iy tolalar - tabiiy or­ganik polimerlardan olinadigan kimyoviy tolalar, viskoza tolalari, mis-ammiak tolalari, atsetat tolalar, oqsilli sun’iy tolalar sun’iy tolalardir. Sun’iy tolalar to`qimachilik yoki kord iplari, shtapel tolasi holida chiqariladi.
Supasimon tog`lar - usti yas­si va yonbag`irlari qattiq jins­lardan tuzilganligidan tik tush­gan tog`lar.

Supasimon o`lkalar – tektonik harakatlar oqibatida tevarak atrofdan bir oz ko`tarilgan tekisliklar. 

Supatog` - usti tekis yoki sal­gina ur-qir, yonbag`irlari kesilgandek tik tushgan yakka-yakka tog`, tepa, qir. Ustki qismini gorizontal joylashgan cho`kindi jins­lar yoki lava qoplagan bo`ladi. Supatog` supasimon o`lkalarning ero­ziya natijasida parchalanishi, te­kislangan yuzalarning tektonik yoriqlar bilan ayrim palaxsalarga bo`linishi natijasida vujud­ga keladi.
Sur o`rmon tuproqlari - ak­sari keng bargli o`rmonlar tagida hosil bo`ladigan tuproqlar. Tarkibida 2-9% chirindi bor. Podzol tuproqlarga nisbatan serunum. Sur o`rmon tuproqlari shimoldan podzol tuproqlar bilan janubdan qora tuproqlar orasida. Sur o`rmon tuproqlari Moldaviyadan Zabaykalegacha, shuningdek Kanada bilan AQShning chegaradosh hududlarida uch­raydi.
Surilma– tog` yon bag`ridan jinslarning o`z og`irligi ta`sirida pastga tomon siljishi. Surilma– tog` jinslarining og`irlik kuchi ta’sirida yonbag`ir bo`ylab pastga surilib tushishi. Ko`pincha suvli va suv o`tkazmay­digan gilli qatlamlar ustma-ust joylashgan, yonbag`ir ostini suv yuvib ketgan joylarda ro`y beradi. Surilmalar tog`li rayonlar xo`jaligiga ba’zan katta zarar yetkazadi. Yonbag`irlarni yalang`ochlab, yo`l va inshootlarni ko`mib yuboradi. Surilmalarga qarshi yonbag`irlarga o`simlik ekish, suvli qatlamga tushadigan suv miqdorini kamaytirish tadbirlari amalga oshiriladi. 
Sutka- Yerning o`z o`qi atro­fida g`arbdan sharqqa bir marta aylanib chiqishi uchun ketgan vaqt, 24 soatga teng. Vaqt o`lchov birligi.

Suzib yuruvchi nasos inshooti - daryo qirg oqlarini tez o'zgartirib turishligidan nasos inshooti maxsus qayiqchaga o'rnatiladi. Suv sathining o'zgarishidan qat'iy nazar suv kerakli balandlikka bir maromda ko'tarilib beriladi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash