Yer sharini nima tutib turadi? 

20 847

  Odamlar qadim zamonlarda Yer shari haqida nimalarni to`qib-bichishmagan. Masalan, uni katta obi non, qalin quymoq yoki toqqa o`xshatishgan. Bugungi kunda jajji bolakaydan so`rasangiz ham, u hech ikkilanmasdan bizning sayyoramiz shar shaklida ekanini aytib beradi. Yer sharini nima tutib turadi, degan savol tug’ilishi tabiiy. Qadim zamon odamlari Yerni qalin bir quymoq tarzida tasavvur qilishganida, u tirgaksiz turishi mumkin emas, deb o`ylashgan. Shuning uchun ham quymoq fillarning yelkasida, fillar esa ulkan toshbaqaning ustida turadi, degan xulosaga kelishgan. Shu tariqa Yerdagi emas, kosmik okeanda suzib yuradigan qiziq bir piramida — ehrom hosil bo`lgan. Albatta, bugungi kunda bunday cho`pchakka hech kim ishonmaydi. Lekin Yerni nima tutib turadi? Mabodo, uni hech narsa tutib turmasligini va ostida hech qanday tirgak yo`q ekanini bilib qolsangiz, siz buni qanday tasavvur qilar edingiz? Savol, albatta, qiyin. Keling, yaxshisi, savolga javob izlab topishni oddiy narsadan boshlay qolaylik. Bir faraz qilib ko`ring: suv to`la chelakni boshingiz ustida ag’darsangiz nima bo`ladi? To`g’ri, suv boshingizga to`kilib ketadi. Endi, bor-ey, tavakkal, deb shunday bir sirk nomerini bajarib ko`ring. Bolalar chelakchasiga ip bog’langda, oldin uni bo`sh holda, so`ngra suv to`ldirib boshingiz uzra aylantiring. Yaxshisi, buni tashqarida mashq qilganingiz ma'qul. Mashqlarni takrorlayversangiz, aylanayotgan chelakdan biror tomchi suv ham yerga tushmay qoladi. Agar chelakni aylantirishni to`satdan to`xtatsangiz, suv ustingizga to`kilib, kiyim-boshingiz shalabbo bo’ladi. Demak, chelak harakatda bo`lgan vaqtda suv to`kilmadi, biroq u harakatdan to`xtashi bilan to`ntarilgan chelakda suv turmay, to`kilib ketdi. Yer aylanayotganda ham xuddi shunday hol yuz beradi. Haqiqatan ham Yer sharini hech narsa muallaq tutib turmaydi, uning qulab ketmasligi sababi Quyosh atrofida betuxtov har biri bir yilga teng bo`lgan aylana ketidan aylana yasab harakat qilaverishidadir. Albatta, Yer Quyoshga hech bir arqon bilan bog’lab qo`yilmagan. Aslida arqonning keragi ham yo`q. U siz ham Quyosh Yer va boshqa sayoralarni o`ziga tortib turadi. Yer bir vaqtning o`zida ham Quyoshga tomon qulaydi, ham undan uzoqlashib ketayotgan bo`ladi. Natijada milliardlab yillardan beri uchib ham ketmay, qulab ham tushmay, Quyosh atrofida aylanadi... Agar Quyosh Yerni tortib turmaganida kosmik fazoning biror tomoniga uchib ketgan bo’lar edi. Mabodo, Yer nima sababdandir aylanishdan to`xtab qolganida Quyoshga qulab tushishi mumkin edi. Yaxshiki, u uchib ham ketmaydi, qo’lab ham tushmaydi.Yer bir daqiqa ham to`xtamay, o`z orbitasi bo`ylab uchib ketayotgan ekan, biz ham u bilan birgalikda uchib ketyapmiz. Yer shari Quyosh atrofida aylanishi bilan birgalikda o`z o`qi atrofida ham pildiroq o`yinchoq singari bir kecha-kunduzda bir marta aylanadi. Shuning uchun ham biz o`z o`qi atrofida aylanadigan karuselda yashayotganga o`xshaymiz. Yer Quyoshga goh u, goh bu tomoni bilan qarab aylanaveradi. Shu sababdan kun bilan tun to`xtovsiz almashinib turadi. 

YER O`QI NIMA?

  Yerning andozasi bo`lmish globusni hammangiz ko`rgansiz. Globusda Yer shari qiya holda tasvirlanadi. Yerning o`qi haqiqatan ham qiya va bu biz uchun katta ahamiyatga ega. Faqat Yerning o`qi globus yoki velosiped g’ildiragiga o`xshar ekan, deb o`ylamang. Yerning o`qi to`g’ri chiziqdir, uni xayolan Shimoliy va Janubiy qutblar o`rtasidan o`tkazish mumkin. Yerning o`qi qiyaligi tufayli ham biz yashab turgan joyda fasllar almashadi, yoz o`rniga kuz, kuz o`rniga qish, qish o’rniga bahor va bahor o`rniga yoz keladi. Bunga ishonch hosil qilish uchun quyidagicha tajriba o`tkazing: bitta globus va stol chirog’i oling. Unda Yerni globus, stol chirogini esa Quyosh deb faraz qiling. Agar siz globus ushlagan qo`lingizni chiroq atrofida aylantirsangiz, Quyosh Janubiy va Shimoliy yarim sharlarni bir xil yoritmayotganini ko`rasiz. Shimoliy yarim sharga ko`proq yorug’lik tushganda, u yerda yoz, Janubiy yarim sharda qish bo`ladi. Janubiy yarim sharda yoz bo`lganda, Shimoliy yarim sharda qish bo`ladi. Globus va chiroq tun va kun almashinuvini tasavvur qilishingizda ham yordam beradi. Endi globusdan o`zingiz yashadigan joyni toping-da, u yerga to`g’nog’ichni qadab qo`ying. Globusni chiroq atrofida aylantirganingizda, siz yashayotgan joyda goh tun, goh kunduzi bo`lganini ko`rasiz. 360 gradus burilishi bu Yerning o`z o`qi atrofida to`liq bir marta aylanib chiqishi) uchun 23 soat 56 minut 4,091 sekund vaqt ketadi. Ming yillar davomida Yerning aylanish tezligi hech qachon o`zgarmagan, doimiydir, degan qarash mavjud edi. Ammo, bir oz bo`lsada, og’ish, baribir, kuzatilgan. Dengiz suvining ko`tarilishi bilan bog’liq ishqalanish va Yer qobig’ida ro`y berayetgan o`zgarishlar natijasida kun har yuz yilda sekundning mingdan bir ulushiga uzayib bormoqda. Olimlar bu o`ta oz o`zgarishlarni ham kuzatib, o`lchab turishibdi. Yer, shuningdek, Quyosh atrofida ham aylanadi. U o`z orbitasining ayrim nuqtalarida boshqa sayyoralarga nisbatan Quyoshga yaqinroq boradi. Uning Quyoshga eng yaqin borgan holati «perigey», undan eng uzoqlashgan holati esa «apogey» deb ataladi. Yer ham boshqa sayoralar kabi ma'lum orbita bo`ylab Quyoshdan uzoq-yaqinligiga bog’liq tezlik bilan harakat qiladi. Sayyoralar Quyoshga yaqin kelganida tezroq harakat qilishadi. Shunday qilib, ular perigeyda tezroq, apogeyda sekinroq aylanishadi. Yer bilan Quyosh orasidagi masofa har vaqt har xil bo`lgani uchun ham orbita tezligi doimo o`zgarib turadi. Perigeyda Yer o`z orbitasi bo`ylab sekundiga 30,2 kilometr, apogeyda esa 29,7 kilometr tezlik bilan harakat qiladi.

NEGA BIZ YERNING AYLANISHINI SEZMAYMIZ?

  Odamlar bundan bir necha asr muqaddam, Yer tek turadi, Quyosh, Oy va yulduzlar uning atrofida aylanadi, deb o`ylashgan. Nega shunday deb o`ylashganini tushunish uncha qiyin emas. Bir qarashda hozir ham shunday tuyuladi. Hech kim Yer aylanishini sezmagan. Nega Yer aylansa, uning ustidagi narsalar, okeanlardagi suvlar to`kilib, sochilib ketmaydi? Endilikda biz Yer ikki yo`nalishda aylanayotganini yaxshi bilamiz. U Quyosh atrofida aylanishi bilan birga o`z o`qi atrofida ham aylanadi. Nega biz buni sezmaymiz, degan savolga kelsak, biz ham Yer yuzasi bilan birga aylanamiz. Bizni va okeanlardagi suvlarni gravitatsiya, Yerning tortish kuchi tutib turadi. Yerning aylanishi biz kuzatadigan va sezadigan ko`pgina narsalarda ko`rinadi. Yer aylangani uchun ham tun bilan kun almashadi. Agar u aylanmaganida, uning Quyoshga qaragan tomonida abadiy kunduz, orqa tomonida esa abadiy tun hukm surgan bo`lar edi. Yerning har bir nuqtasi 24 soat ichida dastlab Quyosh nuri tushadigan tomonda, so`ngra qorongi tomonda bo`ladi. Yerning biz «sezmaydigan», ammo hayotimizni o`zgartiradigan yana bir muhim harakati Quyosh atrofida aylanishidir. Aynan shu harakat yil fasllari almashuviga sabab bo`ladi, tevarak-atrof har faslda o`zgaradi. Quyosh atrofidagi sayohat 365,25 kun, ya'ni bir yil davom etadi. Yil esa tarix, har birimizning hayotimiz va hokozolar o`lchovidir. Fasllar almashuvi Yer uqining qiyaligi bilan bog’liq. Yer o`qining ekliptika (Quyoshning ko`z bilan ko`rish mumkin bo`lgan yillik harakati sodir bo`ladigan katta sfera aylanasi)ga nisbatan qiyaligi 66 gradusdir. Har bir qutb yarim yil davomida Quyoshga, yana yarim yilda esa undan teskari tomonga qiyalagan bo`ladi. Shuning uchun yerning shimoliy qismiga yarim yil davomida Quyosh nuri ko`proq, keyingi yarim yilda esa ozroq tushadi. Quyosh nuri ko`proq tushgan vaqt kamroq tushgan vaqt yilning eng sovuq fasllari bo`ladi.

NIMA UCHUN KOINOTDAGI GRAVITATSIYA YERDAGIDAN FARQ QILADI?

  Koinotda har bir jism boshqasiga ta'sir etadi, ular o`zaro«tortishadi. Bu tortish kuchi yoki gravitatsiya deb ataladi. Tortish kuchi ikki omilga bog’liq. Birinchidan, u ob'yekt, jism yoki narsa tarkibida qancha modda borligiga bog’liq. Jism moddasining massasi qancha katta bo`lsa, gravitatsiya shuncha kuchli bo`ladi. Agar jismning massasi kichik bo`lsa, uning tortish kuchi ham kam bo`ladi. Masalan, Yerning massasi Oynikidan ko`p marta katta, shuning uchun Oyga nisbatan ko`proq og’irlik kuchiga ega. Ikkinchidan, og’irlik kuchi jismlar o`rtasidagi masofaga bog’liq. Jismlar birbiriga qancha yaqin joylashgan bo`lsa, ular o`rtasidagi tortish kuchi shuncha katta bo`ladi. Ular o`zaro uzoq joylashgan bo`lsa, gravitatsiya ham kam bo`ladi. Endi Yerda odamlarning yashashiga bir nazar solaylik. Yerning massasi odamnikiga nisbatan katta, shuning uchun ham og’irlik kuchi uni Yerda ushlab turadi. Yer butun materiyasi, butun moddalari markazda turganday ta'sir ko`rsatadi. Yerning har bir nuqtasidagi og’irlik kuchini hisoblaganda, o`sha nuqta bilan uning markazi o`rtasidagi masofani hisobga olish kerak bo`ladi. Dengiz sohilidagi og’irlik kuchi tog’ cho`qqisidagiga nisbatan ko`proqdir. Endi Yer yuzasidan juda olis masofaga uzoqlashgan odamni ko`z oldingizga keltiring. U yerda Yerning tortish kuchi juda zaif bo`ladi. Nima uchun Yerning tortish kuchi bizning atrofimizda oddiy holda ko`zga tashlanmaydi? Nima uchun biz stollar, tarvuzlar yoki odamlar o`zaro tortishayotganini ko`rmaymiz? Chunki kichik narsalarning o`zaro tortish kuchi juda zaif. Masalan, birbiridan ikki metr narida turgan ikki kishi bir-birini tortadi, ammo bu tortish kuchi shu darajada ozki, milligrammning yuzdan bir ulushidan ham kam og’irlikni tashkil etadi. Boshqacha aytganda, o`sha kishilarning uzaro tortish kuchi tarozi posangisini bosayotgan grammning yuz mingdan bir ulushichalik toshga teng. Bunday yuk og’irligini ilmiy laboratoriyalarning o`ta sezgir tarozilari sezishi mumkin, xolos. Bunday kuch bizlarni joyimizdan qo`zgatishga qodir emas. Bunga poyabzalimiz tagcharmining yerga ishqalanishi yo`l qo`ymaydi. Bizni polda turgan joyimizdan qo`zg’atish uchun 20 kg.dan oshiqroq yuk kerak bo`ladi. Shuning uchun ham, biz oddiy sharoitda Yerdagi jismlarning o`zaro tortishishini sezmasligimizdan ajablanmasak ham bo`ladi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.