Yuklanmoqda...

Geografiya ta`limida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining o`rni 

525

Umumiy o`rta ta`lim tizimida o`qituvchi tomonidan bajariladigan muhim vazifa o`quvchilarning olgan bilim, ko`nikma va malakalarini kelajak hayotida amalda qo`llash ya`ni kompetensiyaviy ta`lim-tarbiya berishdan iborat. Biz pedagoglar har bir o`quvchiga shaxs sifatida qarashimiz kerak. Sababi, maktab ostonasidan kirgan har bir o`quvchi – ertangi kundagi jamiyat a`zosi, kelajak egasidir. Yosh avlodga sifatli ta`lim-tarbiya berish uchun hozirgi taraqqiyot bosqichida bo`layotgan iqtisodiy-ijtimoiy va yangi texnologik o`zgarishlar, ta`lim tizimini yangi pog`onaga ko`tarish uchun ta`lim sohasida eng maqbul usullarni qo`llash ehtiyoji tug`ilmoqda.

Ta`lim tizimida geografiya fanining o`rni bo`lakcha. Geografiya yer yuzasining tabiati, aholisi va xo`jalik faoliyatini o`rganuvchi ko`hna hamda navqiron fandir. Fanlar ichida geografiya fanidagidek ko`plab ma`lumotlarga va qo`shimcha manbalarga boy fanni uchratish qiyin.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish ta`lim tizimida ham izchil amalga oshirilmoqda. Chunki bu soha o`quvchilarga murakkab ilmiy tushunchalarni izohlashda, biron-bir hududning aniq tasvirini ko`rsatishda, turli interfaol mashg`ulotlarni o`tkazishda yengillik tug`dirmoqda. O`qituvchilar uchun dars o`tish jarayonida asosiy ko`makchiga aylanganligini aytib o`tish joizdir.

Geografiya darslarida ma`ruza, og`zaki bayon, tushuntirish orqali ko`p samaraga erishib bo`lmaydi. Biz o`qituvchilar har bir darsda o`quvchilarni lol qoldirishni unutmasligimiz kerak. Zero, "donolikga intilish lol qolishdan boshlanadi”.

Har bir geografiya o`qituvchisining o`z darslariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni avvalo Microsoft - Word, Excel, Power Point dasturlaridan boshlashi zarur. Word dasturida o`qituvchi kundalik dars rejasi va darsga ta`luqli bo`lgan yozuv ishlarini bajarsa bo`ladi. Excel dasturi murakkab hisoblanib, geografiya uchun ko`p xizmat qilishi mumkin. Ayniqsa iqtisodiy-ijtimoiy geografiya kurslaridagi jadval, chizma va diagrammalarni tayyorlashda ko`p qulayliklarga ega. Power Point dasturida darsning barcha bosqichlari uchun taqdimot tayyorlab ketma-ketlikda matn, rasm va videoroliklarni namoyish etish mumkin.

Geografiya ta`limida "Google Earth” dasturi o`qituvchining eng yaqin ko`makchisiga aylanishi zarur. Bu dastur sayyoramizning landshaftini va relyefini asl holida ko`rsatish imkoniyatiga ega. Hatto kichik hududlarni ham yuqoridan ko`rish imkoniyati mavjud. Bunda albatta kompyuter internet tarmog`iga ulangan bo`lishi zarur.

"Pinnacle studio” videorolik tayyorlovchi dastur hisoblanadi. Ma`lumki, geografiyaga ta`luqli videoroliklar ko`plab topiladi. Ammo u videoroliklarning barcha qismlari dars mavzusiga mos kelmaydi. Bunda biz ushbu dasturning imkoniyatlaridan foydalanib, kerakli, mavzuga mos joylarini olib va mikrofon orqali ovozlashtirgan holda o`quvchilarga namoyish etishimiz mumkin.

O`qituvchi darsga puxta tayyorgalik ko`rishi uchun wikipedia.org, ziyonet.uz, geografiya.uz kabi internet resurslarining o`rni katta. Bu saytlar orqali maktab geografiya ta`limining barcha mavzulariga mos qiziqarli va qimmatli ma`lumotlarni topish mumkin. Shuningdek, google.com qidiruv tarmog`idan foydalangan holda foto va videomanbalardn foydalanish yaxshi samara beradi.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda har bir geografiya o`qituvchisida…

- mavzuli xaritalar;

- mavzuli fotojamlanmalar;

- mavzuli videoroliklar bo`lsa va bu ma`lumotlarni interfaol dars o`tish usullari orqali hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo`llagan holda amalga oshirsa darslarda yuqori samaradorlikka erishadi.

Umumta`lim maktablarining geografiya darslarini tashkil etish va uni o`tkazishda uchraydigan ba`zi tashkiliy hamda metodik muammolarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali yechish yo`llari:

Darslarini tashkil etish va uni o`tkazishda uchraydigan tashkiliy-metodik muammolar

Muammolarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali yechish

Ko`pgina mavzularga mos xaritalarning yetishmovchiligi. Masalan, okeanlar xaritalari, iqlim xaritalari, mamlakatlar va regionlar xaritalari v.b.

Internet tarmog`idan foydalangan holda izlash tizimi orqali mavzuga mos, kerakli xaritani izlab topish. Bu xaritalarni videoproyektor orqali katta ekranda namoyish etish

Topografik xaritalarning yetishmovchiligi va ular bilan ishlash

Bu muammoni hal qilishning yo`li sifatida "Google Earth” dasturidan foydalanishni ko`rsatish mumkin. Dasturdan foydalanib o`quvchilarga maktabining, uyining va mahallasining topografik xaritasi ko`rsatish hamda masshtab asosida ishlash mumkin

Ko`p hollarda o`qituvchilar uy vazifasini so`rashda an`anaviy usullarda foydalanmoqda. Har safar yangi mavzuni tushuntirib, keyingi darsda o`sha mavzuni uy vazifasi sifatida og`zaki so`rash o`quvchini zeriktiradi

Bu muammoni qisman hal qilish yo`li sifatida o`quvchining o`zi izlanib, qo`shimcha ma`lumotlarni yig`ib slayd orqali berilgan vazifani 1-2 daqiqali taqdimot tayyorlab kelsa o`quvchining o`zida vazifaga nisbatan o`zgacha ishtiyoq paydo bo`ladi. Hozirgi vaqtda ko`pgina o`quvchilarda shaxsiy kompyuterlar mavjud. Yo`qlari esa maktab kompyuterlari orqali bu vazifani bajarsa bo`ladi. Natijada o`quvchilar bir-birini takrorlamaslikka, yaxshiroq ishlashga intiladi

Hozirgi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan bir vaqtda o`quvchilarning kitob o`qishga qiziqishi pasaygan va kutubxonalarga borishi kamaygan

Hozirgi kunda zamonaviy taraqqiyotga mos holda elektron kitoblardan foydalanish ancha qulaylik tug`diradi. Bunday kitoblarni telefonlar, planshetlar va kompyuterlar orqali o`qish mumkin. Shuningdek, mp3 formatdagi audio kitoblardan foydalanish ham samaralidir.

O`qituvchilar didaktik va ta`limiy o`yinlarni tashkil etish hamda o`tkazish uchun ko`p vaqt va jihozlar sarflamoqda

Mazkur jarayonni yengillashtirish maqsadida zamonaviy elektron doskalardan foydalanish samara beradi

Shuni ta`kidlab o`tish kerakki o`quvchilarni faqatgina axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga bog`lab qo`yish ham noto`g`ridir. Albatta bu jarayon meyori bilan bo`lgani yaxshi.

Maktab geografiya ta`limini o`qitishda har bir o`qituvchi dars avvalida o`z oldiga maqsad qo`yibdarsdan so`ng o`z oldiga qo`ygan maqsadiga erisha olgan dars, eng yaxshi darsdir.

O`qituvchi bo`lish katta mas`uliyatni, tinimsiz mehnatni, izlanish, ijodkorlikni va zamonaviy texnologiyalarni o`zlashtirishni talab qiladi. Buyuk pedagoglardan biri K.D.Ushinskiy "o`qituvchi – o`zining bilimini uzluksiz ko`tarib borgandagina o`qituvchi, u o`qishdan, izlanishdan to`xtaganda uning o`qituvchiligi ham tugaydi” degan edi.Maktab geografiya ta`limida mashaqqat va sharaf bilan, yosh avlodlarga ta`lim-tarbiya berishda, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta o`zlashtirgan o`qituvchining o`rni beqiyosdir.

Madiyar ABDULLAYEV
Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani
22-umumiy o`rta ta`lim maktabi
geografiya fani o`qituvchisi

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash