Geografik qobiq va uning umumiy qonuniyatlari 

24 265

Yerning ichki va tashqi (koinot) omillari va jarayonlari yer po‘stining yuza qismida to‘qnashib va o‘zaro ta’sirlashib sayyoramizning boshqa hech bir qismida  uchramaydigan o‘ziga xos tabiiy tizim – geografik qobiqni vujudga keltirgan.

Geografik qobiqning mohiyati shundaki, faqat undagina  suv  uch xil  holatda uchraydi, hayvonlar va o‘simliklar yashaydi, tuproq qoplami hosil bo‘ladi, turli tog‘ jinslari va relyef shakllari vujudga keladi, quyosh energiyasi to‘planadi va xususiyatlarini o‘zgartiradi. Eng asosiysi, hayot  mavjud,  kishilik jamiyati faqat  shu  qobiqda  paydo  bo‘lib yashamoqda  va rivojlanmoqda.

Geografik qobiq juda murakkab tuzilgan bo‘lib, unda 3 tarkibiy tuzilish darajalari ajratiladi: geokomponentli, geosferali, geotizimli.

Geokomponentli eng sodda tuzilish darajasi. Geokomponentlar yer yuzidagi bir xil holatdagi (qattiq, suyuq, gazsimon)  moddalardir. Bular tog‘ jinslari, tuproq, suv, havo, o‘simlik va hayvonlar.

Geosferali tuzilish bitta geokomponentdan tashkil topgan geosferalardan  iborat.  Geosferalar  geografik  qobiqning  vertikal  tuzilishini  belgilaydi,  ular  solishtirma  og‘irligi  bo‘yicha  vertikal  tabaqalanib  joylashgan:  litosfera,  gidrosfera,  atmosfera  va  biosfera.  Litosfera, gidrosfera va  atmosfera  deyarli  bir  xil  moddalardan  tarkib  topgan  va  uzluksiz,  yaxlit qobiqni hosil qiladi. Biosfera esa tirik moddalar tarqalgan qobiq  bo‘lib, yaxlit qobiq hosil qilmaydi. U boshqa  qobiqlar tarkibiga kiradi  va yuqorida aytilgan qobiqlarning tutashgan joyida yupqa qatlamni hosil qiladi.   

Geotizimli  tuzilish  geografik  qobiqning  gorizontal  tuzilishini  ifodalaydi.  Geotizimlar  barcha  komponentlarni  qamrab  olib,  ularning  o‘zaro  ta’sir  va aloqalaridan hosil bo‘lgan murakkab tizimlardir.  

Geografik  qobiqning  chegaralari  haqida  quyi  sinfl ardan  bilasiz.  Geografik  qobiqning  o‘lchamlari,  pastki  va  yuqori  chegaralari  haqida  turli  olimlarning  fikrlari turlicha. Uning  chegarasini barcha geokomponentlar  o‘zaro  ta’sirda  bo‘ladigan  va  geografik  qonuniyatlar  namoyon  bo‘ladigan yuzadan,  sathdan o‘tkaziladi. Bu chegara Yer  yuzining turli  qismlarida har xil qalinlikka ega.

Geografik  qobiq uni tashkil qiluvchi  qobiqlardanko‘p xususiyatlariga ko‘ra farq qiladi, ulardan asosiylari quyidagilardan iborat: 

1. Geografik  qobiq  moddiy  tarkibi  va  tuzilishining  xilma-xilligi.  Geografik  qobiqda  moddalar  uch xil, ya’ni  qattiq, suyuq va  gazsimon  holatda  uchraydi. Ularning  fizik  va  kimyoviy  xususiyatlari  turlicha  va o‘zgaruvchan.  Moddalarning  tuzilishiga  ko‘ra,  organik,  noorganik  va  aralash turlari ajratiladi. 

2. Geografik  qobiqda  energiyaning  turli  xillari  uchraydi.  Quyosh  ener giyasi kimyoviy jarayonlar, issiqlik va mexanik energiyaga aylanadi. 

3. Geografik qobiqda issiqlikning o‘zgarishi va to‘planishi. Geografik  qobiqqa issiqlik koinotdan va Yerning ichki qismidan keladi. Ushbu issiqlikning bir qismi organik moddalarda va ularning qoldiqlarida to‘pla- nadi (ko‘mir, gaz, neft, torf va h.k.) 

4. Geografik  qobiqda  uni tashkil  etuvchi  komponentlar  va  geosferalarning  o‘zaro  ta’siri  va  aloqalari  natijasida  sifat  jihatidan  yangi hosilalar – geotizimlar vujudga kelgan. 

5. Geografik qobiqda  hayotning  mavjudligi. Tirik  organizmlar,  jumladan inson uchun faqat shu yerdagina qulay muhit mavjud.  

6. Geografik qobiq o‘ziga xos qonuniyatlar asosida rivojlanadi.  Geografik  qobiqning  bir  nechta  qonuniyatlari  mavjud  bo‘lib,  eng  asosiylari:  bir butunlik, zonallik, azonallik, modda va energiyaning  aylanma harakati, ritmiklik.

Geografik  qobiqning  bir  butunligi  qonuniyati  muhim  qonuniyatlardan  biri  bo‘lib,  barcha  komponentlarning  bir-biri bilan chambarchas  bog‘liqligi  va  ulardan  birining  o‘zgarishi  butun  qobiqning  yaxlitligini  buzilishiga olib kelishida  namoyon bo‘ladi. Chunki, geografik  qobiq –  tabiat  komponentlarining  oddiygina  yig‘indisi  bo‘lmasdan,  balki  maxsus xususiyatlarga ega bo‘lgan va yaxlit, bir butun rivojlanuvchi sifatiy  yangi hosiladir.

Geografik qobiqning bir butunligi va komponentlarning o‘zaro bog‘liqligini  to‘rtlamchi  davr muz bosishlari  misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Muz bosish davrlarida katta hajmdagi suv muzliklarda to‘planadi. Bu esa Dunyo okeani sathining sezilarli pasayishiga (100–110 m)  olib  kelgan. Dunyo  okeani  sathining  pasayishi,  o‘z  navbatida, Yerning  butun  tabiatida  aks  etadi:  shelfning  qurishi  yuz  beradi,  materiklar  va  okeanlarning qirg‘oq chegaralari, qiyofasi o‘zgaradi,  orollarning  ayrimlari  materiklar bilan tutashadi, ayrim bo‘g‘izlar  (masalan, Bering,  Gibraltar)  quruqlikka  aylanib  materiklar  tutashib  ketadi  va  "kontinental  ko‘priklar” vujudga keladi. Ushbu "ko‘priklar” orqali turlarning  migratsiyasi ro‘y berib, o‘simliklar va hayvonlar yangi yerlarni egallaydi. Yer yuzining  barcha  daryo  havzalarida  eroziya  ba’zisining  pasayishi  natijasida  chuqurlatma eroziya faollashadi. Muz  bosish davrlari  oralig‘idagi  issiq  vaqtlarda  materik  muzliklari  erib,  daryo  suvlarining  okeanga  quyilishi va  okeanlardagi muzliklarning erishi  natijasida  Dunyo okeani  suv sathi ko‘tarilgan. Eroziya ba’zisining ko‘tarilishi hisobiga daryolarda  yonlama  eroziya  faollashgan. "Kontinental  ko‘priklar”  yo‘qolib,  quruqlik  organizmlarining  migratsiyasini  chegaralab,  suv  organizmlari  mig ratsiyasini kuchaytirgan. Agar, "kontinental ko‘priklar” so‘nggi muz  bosish  davrlarida  vujudga  kelmagan  bo‘lsa,  materik va  orollarda  (masalan, Avstraliya, Madagaskar) o‘ziga xos o‘simlik va hayvonot dunyosi shakllangan, ularda endemiklar ko‘proq uchraydi.

Modda va energiyaning aylanma harakati. Geografik qobiqda modda va  energiyaning aylanma harakati uning bir butunligini ta’minlaydi.  Aylanma harakatda litosfera, gidrosfera, atmosfera va biosferadagi moddalar ishtirok etadi.  Litosferada, asosan, gipergenez zonasigacha, ya’ni  nuragan g‘ovak jinslar tarqalgan chegaragacha bo‘lgan moddalar aylanma harakatda ishtirok etadi. Atmosferada aylanma harakat  atmosferaning umumiy sirkulyatsiyasida namoyon bo‘ladi, sayyoraviy miqyosdagi shamollar (havo oqimi)ning shakllanishi sodir bo‘ladi. Atmosferaning umumiy  sirkulyatsiyasiga mintaqaviy va mahalliy aylanma harakatlar qo‘shiladi. Gidrosferada suvning katta va kichik aylanma harakati sodir bo‘ladi. Okeanda suv  massalarining  gorizontal va vertikal  aylanma  harakati, quruqlikda suvning daryo o‘zanlari bo‘ylab oqishi, ko‘llarning, muzliklarning va yerosti suvlarining  hosil bo‘lishi va boshqalar kuzatiladi.  Katta  ahamiyatga ega  biologik aylanma harakat  – organik  moddalarning hosil bo‘lishi va parchalanishida namoyon bo‘ladi.

Aylanma harakatlar murakkabligi bo‘yicha turlichadir. Ayrim aylanma  harakatlarda  moddaning  mexanik aralashmasi  (masalan,  atmosfe raning  umumiy sirkulyatsiyasi, okean oqimlari) yuz bersa, boshqalarida modda  holatining o‘zgarishi (masalan, suvning aylanma harakatida gaz, suyuq,  qattiq holatga o‘tishi) kuzatiladi, uchinchi xilida esa kimyoviy aylanish  (fotosintez reaksiyasi) kuzatiladi.

Bir  butunlik  hamda  modda  va  energiyaning  aylanma  harakati  qonuniyatlarini  o‘rganish  tabiatdan,  uning  boyliklaridan  to‘g‘ri  foydalanishda juda muhim.

Ritmiklik  deb,  bir  yo‘nalishda  rivojlanuvchi  tabiiy  hodisa  va  jarayonlarning  muayyan  vaqt  davomida  takrorlanib  turishiga  aytiladi.  Ritmiklikning  ikki  xil  shakli  ajratiladi:  davriylik  –  bir  xil  davom  etadigan  ritmiklik  bo‘lib,  hodisa va  jarayonlarning aniq  bir  vaqt  davomida  takrorlanib turishi; sikllik  –  vaqti-vaqti  bilan  davom etadigan  ritmiklik  bo‘lib, hodisa va jarayonlarning turli muddatda takrorlanishi.

Ritmik hodisalar turlicha davomiylikda bo‘ladi: ko‘p asrlik, asr ichidagi, yillik, sutkalik.  Yer  tarixidagi  eng  katta  ritmiklik  (sikllik)  Quyosh sistemasining galaktika markazi atrof da aylanishi bilan bog‘liq va  180–220 mln yilni o‘z ichiga  oladi. Yer tarixida  ular  tektonik davrlarda  namoyon bo‘lgan:  kaledon  (kembriy, ordovik,  silur), gersin  (devon,  tosh ko‘mir,  perm),  mezozoy  (trias,  yura,  bo‘r),  kaynozoy.  Bu  davrda  tektonik harakatlar, vulqon otilishlari faollashadi, materiklarning qiyofasi, iqlim, oxir oqibatda Yer tabiati o‘zgarishini keltirib chiqaradi.

Ko‘p asrlik  ritmik  hodisalardan  1800–2000  yil  davom  etadigan  rit- miklik yaxshi o‘rganilgan. Bu hodisa Yerda qalqish hodisasini hosil qiluvchi  kuchlarning  o‘zgarishi  bilan  bog‘liq.  Taxminan,  1800-yilda  bir  marta Quyosh, Oy va Yer bitta  tekislik va bitta to‘g‘ri chiziqda joylashadi, Quyosh bilan Yer orasidagi masofa eng kichik bo‘ladi. Bu hodisada 3 faza – transgressiv, regressiv, oraliq fazalari ajratiladi.

Asr ichidagi ritmik hodisalardan Quyosh faolligi bilan bog‘liq bo‘lgan  11,  22  va  33  yillik siklliklar  yaxshi  o‘rganilgan.  Olimlarning  fikricha,  ushbu siklliklar bilan Yerdagi ko‘p jarayonlar bog‘liq: epidemiyalarning  tarqalishi,  vulqon  faolligining  kuchayishi,  siklonlar  hosil  bo‘lishining  ortishi,  qurg‘oqchiliklar  yoki  zararkunanda  hasharotlarning  (masalan,  chigirtkalar) ko‘payishi va h.k.

Yillik  (fasliy)  ritmiklik  Yerning  Quyosh  atrof  dagi  harakati  va  ayla- nish o‘qining 66,5° qiyaligi  bilan  bog‘liq. Yil  fasllarining almashinishi  bilan bog‘liq fasliy ritmiklik barcha geosferalarda kuzatiladi: atmosferada namlik,  harorat, atmosfera  yog‘inlarining  yillik  o‘zgarishi,  mussonlar  (mavsumiy  shamollar)ning  esishi  va  h.k.  Litosferada  yil  davomida  nurash va boshqa ekzogen jarayonlarning faolligi o‘zgaradi. Gidrosferada suvning harorati, sho‘rligi, zichligining yillik o‘zgarishi, baliqlarning  mavsumiy  migratsiyasi  kabilar  kuzatiladi.  Fasliy  ritmiklik  tirik  organizmlarda birmuncha aniq namoyon bo‘ladi.

Turli  kengliklarda  har  xil  miqdordagi  fasllar  ajratiladi.  Ekvatorial  kengliklarda yil bo‘yi issiq va nam, faqat bitta fasl hukmron. Subekvatorial kengliklarda 2 ta fasl ajratiladi – quruq va nam. Mo‘tadil  kengliklarda yilning to‘rt fasli aniq ifodalangan – bahor, yoz, kuz va qish.

Fasliy ritmiklikning sababi turli kengliklarda  turlicha: quyi  kengliklarda  namlik  bilan, mo‘tadil kenglikda quyosh radiatsiyasi faolligining o‘zgarishi bilan, qutbiy kengliklarda esa yorug‘lik bilan bog‘liq.

Sutkalik ritmiklik Yerning o‘z o‘qi atrofda aylanishi natijasida vujudga keladigan tun va kunning almashinishi bilan bog‘liq. Sutkalik ritmiklik barcha meteoelementlarning sutka  davomida  o‘zgarishida namoyon bo‘ladi; fotosintez faqat kunduzi, yorug‘da sodir bo‘ladi. Inson ham "quyosh  soati” bo‘yicha  yashaydi: organizmning faolligi soat 2 dan  5 gacha va 12 dan 14 gacha pasayadi; bu paytda yurak urishi chastotasi  sekinlashadi, xotira bo‘shashadi, tana harorati pasayadi.

Ritmiklik geografik qobiq rivojlanishining muhim qonuniyatlaridan biri bo‘lib, ularni  o‘rganish tabiiy hodisa va jarayonlarni prognoz qilishda muhim ahamiyatga ega.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.