Ekspertiza haqida tushuncha 

13 259

  XX asrning 60-70-yillaridan e’tiboran yirik xo‘jalik korxo­nalarini qurish va boshqa loyihali tadbirlar mutaxassislarning har tomonlama ko‘rigidan o‘tib, ularning ruxsati bilangina amalga oshirila boshlandi. Bu jarayon umumiy ma’noda ekspertiza deb ataladi. Mavzular bayonida ekspertiza tushunchasi, ularning turlari, ekspert xulosalarini chiqarish va O‘zbekiston hududida geografik-ekologik ekspertiza o‘tkazilishi bilan bog‘liq masalalarni o‘rganamiz.
  Ekspertiza deb yirik muhandislik inshootlarini qurish loyihalarining mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazilishiga aytiladi.
  «Ekspert» so‘zi lotin tilida «tajribali» degan ma’noni bildiradi. Ekspert - biror sohada ekspertiza o‘tkazuvchi mutaxassisdir. Masalan, qurilish, geologiya, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, atom energetikasi, mashinasozlik va h.k. sohalar bo‘yicha ekspertiza asosan loyihalanayotgan muhandislik inshootining atrof-muhitga ta’sirini baholash yuzasidan o‘tkaziladi. Ekspertizalar geografik va ekologik ekspertizaga bo‘linadi.
 Geografik ekspertiza deb loyihalanayotgan muhandislik inshootining atrof-muhit talablariga mos kelish-kelmasligini aniqlashga aytiladi.
 Ekologik ekspertiza deb inson faoliyatining geografik muhit biologik (o‘simlik, hayvonot dunyosi va mikroorganizmlar) qismiga ta’sirini baholashga aytiladi.
  Geografik va ekologik ekspertiza bir-biriga barcha jihatdan yaqin va bir-birini taqozo qilishini e’tiborga olib, geologik-ekologik ekspertiza deb ataladi.
  Ekspertiza - ilmiy tekshirish, loyihalash boshqa tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar va ishlanmalarni o‘rganish hamda ularni amalga oshirish maqsadga muvofiq ekanligini aniqlab, chuqur asoslangan xulosa berishdan iboratdir. Ekspertiza jarayonida muhandislik inshootining atrof-muhitga, aholi salomatligiga qanday ta’sir qilishi e’tiborga olinadi.
 Ekspertiza turli darajalarda amalga oshiriladi. Davlat ekspertizasi, Vazirlik ekspertizasi, Davlat fan va texnika qo‘mitasi ekpertizasi, ilmiy va jamoatchilik ekspertizasi va boshqalar. Atrof-muhit bo‘yicha ekspertiza O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi tomonidan belgilanadi. Ushbu tashkilotda ekologik-geografik ekspertiza boshqarmasi mavjud.
  Loyihalarning mazmuniga binoan mazkur yo‘nalish bo‘yicha yetakchi mutaxassislar u bilan tanishib chiqib, o‘z mulohazalarini bildiradilar. Masalan, ma’lum bir foydali qazilma konini ishga tushirish loyihasi ekspertizasini geologlar, tog‘-kon sanoati muta- xassislari, iqtisodchilar, ekologlar va boshqa mutaxassislar o‘tkazishadi.
 Ekspertiza bir necha usulda amalga oshiriladi: shaxsiy eksper­tiza usuli, jamoa ekspertiza usuli, ekspertlar komissiyasi usuli.
 Bitta ekspert xulosasiga asoslangan ma’lumotlar asosiy manba sifatida qabul qilinadigan ekspertiza - shaxsiy ekspertiza usuli deb ataladi.
  Jamoa ekspertiza usuli jamoaga kiradigan ekspertlarning mustaqil xulosalari tahlili asosida umumlashgan ekspertiza xulosalarini ishlab chiqishga asoslangan.
  Ekspertlar komissiyasi usuli tegishli ekspertiza guruhlari tomo­nidan ma’lum bir hudud yoki obyektning alohida jihatlari (qism­lari) bo‘yicha ishlab chiqilgan ekspertiza xulosalarining yagona ekspertiza xulosasiga birlashtirilishiga asoslanadi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.