Geosiyosatning fan sifatida shakllanishida Rudolf Chellen va Karl Xausxofer ishlarining ahamiyati 

7 991

  Geosiyosat fanining rivojlanishiga Rudolf Chellen va Karl Xausxofer juda katta hissa qo‘shgan.
  Rudolf Chellen birinchi bo‘lib davlat inson kabi sezuvchi, his qi­luvchi va o‘ylovchi mavjudotdir, degan fikrni aytgan. Davlat Yer yuzasida o‘zining kuchiga bog‘liq holda mavjuddir. U kurash holatida bo‘lib, tirik mavjudotlarga o‘xshab so‘ladi va halok bo‘ladi, deb ta’kidlaydi R.Chellen.
  Yashash uchun kurash, R.Chellen fikriga ko‘ra, har qanday davlat organizmining mohiyatini tashkil etadi. Urush geografik makonni egallash maqsadida olib borilayotgan ushbu kurashning aniq bir shaklidir.
  Kuch-qudrat davlatni ushlab turish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qonunga nisbatan muhimroq asosdir. Chunki qonunning o‘zi faqat kuch orqali ushlab turiladi. Qonun davlatga ma’naviy-axloqiy elementlarni olib kirsa, kuch-qudrat uning faoliyatini ta’minlaydi, deb ta’kidlaydi. R.Chellen davlat o‘z nomi bilan maqsaddir, u fuqarolari farovonligini yaxshilashga xizmat qiluvchi organizm emas, degan xulosaga kelgan.
  Karl Xausxofer (1896-1946) jahonda birinchi geosiyosatchilar maktabining asoschisi va tashkilotchisi hisoblanadi. Uning ilmiy izlanishlarida «hayotiy makon» kategoriyasiga katta e’tibor berilgan.
  «Hayotiy makon» tushunchasi (kategoriyasi)ning shakllanishida F.Maltus ishlari va g‘oyalari muhim o‘rin tutadi. F. Maltus aholi o‘sishi biologik qonunlar asosida geometrik progressiya bo‘yicha, oziq-ovqat mahsulotlari esa arifmetik progressiya bo‘yicha o‘sadi, degan g‘oyani olg‘a surgan. Shuning uchun aholining ko‘payishi oziq-ovqat mahsulotlarining ko‘payishiga nisbatan tezroq bo‘ladi. Demak, u aholisi eng zich va eng ko‘p mamlakat - Germaniyada urushlarning oldini olib bo‘lmaydi, shunday sharoitda tirik qolish uchun «hayotiy makon»ni kengaytirish zarur, degan xulosaga kelgan.
  K.Xausxofer boshqa milliy g‘oya tarafdorlari kabi, nemis davlatining kuch-qudratini kuchaytirishga harakat qildi. Bu maqsadga esa o‘z-o‘zidan, mamlakat industrial qudrati va madaniyatini ko‘tarmasdan geosiyosiy ekspansiya qilmasdan erishish mumkin emas edi. Germaniyaning Yevropa qoq markazida joylashganligi uni tabiiy holda g‘arbiy dengiz mamlakatlari — Angliya, Fransiya va kelajakda AQSH ga qarshi qilib qo‘ymoqda edi.
  Shuning uchun ham Germaniyaning «Atlantika mamlakatlari» bilan siyosiy ittifoq tuzishi xomxayol hisoblanar edi. Bunda Fransiya va Angliyaning hududiy e’tirozlari ham muhim o‘rin egalladi.
  Mana shunday fikr-mulohazalar K. Xausxofer geosiyosiy qarashlarining asosi bo‘lib xizmat qildi.
  Katta davlatlarning kichik davlatlar oldidagi yutuqli jihatlari to‘g‘risidagi Ratsel g‘oyasini o‘ziga asos qilib olib, K.Xausxofer Germaniyaning qo‘shni kichik davlatlar ustidan hech qanday gap-so‘zsiz hukmronlik qilishini mutlaq haqiqat deb, Germaniyaning iqtisodiy jihatdan Rossiyani o‘ziga tobe qilib olishini esa asosiy vazifalardan bin deb hisoblardi.

Eslab qoling!
Geosiyosiy ekspansiya — biror-bir davlatning boshqa bir davlatni o‘ziga tobe qilish maqsadida bosib olishi.
«Atlantika mamlakatlari» — dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lgan, uning suvlari bilan o‘rab turilgan davlatlar.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.