Joy nomlarining to'g'ri yozilishi
Geografik
nomlarning to'g'ri yozilishi masalasi juda muhim va murakkab masala. Chunki
geografik nomdagi biror harf noto'g'ri yozilib qolsa, ma'no butunlay o'zgarib
ketishi mumkin. Masalan, Qoraqo'l (Qirg'izistondagi daryo) va (Qorako'l
(Tojikistondagi ko'l). «Q» harfi «K»ga almashib qolishi, daryo ko'lga aylanib,
joyi o'zgarib ketadi. 1980-yilda O'sh shahridagi to'qimachilik kombinatidan
Ukrainanning Nemirovo stansiyasiga gazlama yuborilishi kerak bo'lgan.
Xo'jalik bo'limi boshlig'ining e'tiborsizligi oqibatida yuk Nemirovoga emas
Sibirdag Kemerovo shahriga yuborilgan. Beshariq, Oltiariq, (Farg'ona
viloyatida) aslida Peshariq va Ortariq bo'lgan. Fonetik o'zgarishlar oqibatida
boshqa ma'noli toponimlarga aylangan. Toponimlarning to'g'ri yozilishi
masalasining murakkabligi shundaki, ular turli tillarda bo'lib, aslida o'sha
tillar qoidalariga muvofiq yoziladi. Boshqa tillarga o'tganda talaffuzida ham, yozilishida ham o'zgarishlar
bo'lishi mumkin.
Geografik
nomlarning yozilishida chalkashliklar
ko'p uchraydi. Geografik nomlarni to'g'ri yozish juda muhim. Bu xalqning bilim
va madaniy saviyasini ko'rsatadi. Kundalik matbuotda, xususan gazetalar,
jurnallarda, radio va televideniyeda, darsliklarimiz hamda badiiy adabiyotda
mamlakatimizga va chet ellarga doir minglab geografik nomlar uchraydi.
Bularning hammasining ham to'g'ri ekanligiga hech kim kafolat bera olmaydi.
Hatto davlatlar nomi (shahar, qishloq va
h.k.larni qo'yaturaylik) har hil aytiladi, har xil yoziladi. Biri Olmoniya
desa, biri Germaniya, biri Fransiya desa, biri Farangiston deydi, biri Tursiya
desa, yana biri Turkiya deydi. Aslida bizga tradision bo'lib qolgan Germaniya,
Fransiya, Tukriya deb yozish va aytish lozim.
Geografiyada
nomlarni yozishning bir qancha tartib qoidalari mavjud.
Chet el
nomlarini yozishda ko'pincha
transkripsiya usuli qo'llaniladi. Ba'zan transliterasiya usulidan
foydalaniladi. Umuman, har bir geografik nomni uning mahalliy tildagi asl talaffuziga
yaqinlashtirib yozishga harakat qilinadi.
Agar
biror mamlakat o'z nomini, poytaxti, shahar, qishloq va boshqa geografik
ob'yektlari nomini o'zgartirishni rasmiy ravishda taklif etsa, o'zbek tilida
ham o'sha nom qabul qilinadi.
Qo'shma
geografik nomlarni yozishda ko'pincha xatoga yo'l qo'yiladi. Agar
geografik xaritalarni ko'zdan
kechirsangiz bunday nomlar bir joyda qo'shib yozilganini (Kattaqo'rg'on,
Qorasuv), boshqa joyda ajratib yozilganini (Moyli suv) (O'zbekiston iqtisodiy
xaritasida) ko'rasiz. Ba'zi nomlar defis bilan ajratib yoziladi (Volga-Don,
Petropavlovsk-Kamchatsk).
O'zbekistondagi
bunday geografik nomlarni yozishda quyidagi qoidaga amal qilinadi: agar
murakkab (qo'shma) geografik nomlarning ikkinchi o'zagi (komponenti) atoqli ot
bo'lsa, ularning har biri alohida – alohida va bosh harf bilan yoziladi.
Masalan; Eski Toshkent, Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq, O'rta Chirchiq, Yangi
Urganch, Qo'hna Urganch va h.k. Agar murakkab geografik nomlarning ikkinchi komponenti turdosh ot bo'lsa, u
holda qo'shib yoziladi; Kattaqo'rg'on, Yangiyo'l, Jumabozor, Bekobod. Murakkab
geografik nomlarning har ikkala komponenti bosh kelishikdagi atoqli otlardan
iborat bo'lsa, u holda defis orqali bosh harf bilan yoziladi; Orexovo-Zuyevo,
Volga-Don, Kualo-Lumpur, Buenos-Ayres va boshqalar.
Geografik
nomlarni yozishda bizda rus tilidagi manbalar – atlas, xarita, lug'at va
qo'llanmalar asos qilib olinar edi. Bunda geografik nomlarni yozish
osonlashgan. Chunki turli shakldagi toponimlardan foydalanilmasdan faqat rus
tilidagi shaklidan foydalanilgan. Lekin ruscha yozishda yo'l qo'yilgan xatolar
o'zbekcha yozganda ham takrorlangan. Masalan,
Xamburg-Gamburg, Xollandiya-Gollandiya, Xenova-Genuya, Norge-Norvegiya,
Napoli-Neapol, Kyobenxavn-Kopengagen va h.k. deb yozilgan. Endi bularni
tuzatish mumkin, lekin ayrimlari an'anaviy (tradision) nomga aylanib qoladi va
shunday xatoligacha yozilaveradi.
Rus
tilida geografik nomlar ba'zan bosh kelishikda (mis Chelyuskin, ostrov Chkalov,
gora Amundsen, ozero Rudolf), ko'pincha qaratqich kelishikda (mis Dejneva, ostrov Vrangelya, gora Kuka, proliv
Laperuza) yoziladi. O'zbek tilida bunday nomlarning hammasi, rus tilida qanday
yozilganidan qat'iy nazar, bosh kelishikda yozila beradi. Masalan, Chelyuskin
burni, Chkalov oroli, Amundsen tog'i, Rudolf ko'li, Dejnev burni, Vrangel
oroli, Kuk tog'i, Laperuz bo'g'ozi.
An'anaviy
nomlar, ya'ni o'zbek tilida qadimdan muayyan shaklda yozilib kelinayotgan joy
nomlarining talaffuzi ham, yozilishi ham bir xil. Bunday nomlar o'zgartirilmay
yozilaveradi. Ular o'zbek tilida o'nlab va yuzlab yillar davomida bir xil
yozilib kelmoqda. Qadimgi ilmiy, tarixiy va sayohatnoma, badiiy asarlarda ko'p
uchraydi. Bular asosan sharq mamlakatlaridagi nomlardir; Bag'dod, Dehli, Iroq,
Misr, Tehron, Hirot, Eron, Qashg'ar, Hindiston, Marokash, Xitoy, Suriya,
Damashq, Bombey, Karochi va b. Rus tilida an'anaviy bo'lib qolgan ko'pchilik
geografik nomlar o'zbek tiliga o'tib, shundayligicha saqlanib qolgan. Bularga
Avstriya (asli Osterreyx), Albaniya (Shkiperiya), Angliya (Ingland), Bryussel
(Bryuksel), Buxarest (Bukaresht),
Vashington (Uoshington), Oslo (Uslo), Rim (Roma), Tibr (Tevere), Finlyandiya
(Suomi), Fransiya (Frans), Shvesiya (Svere), Yaponiya (Nippon) va boshqalarni
misol qilib keltirish mumkin.
An'anaviy
nomlar ham o'zgarishi mumkin. Eski an'anaviy nomlar yangilari bilan
almashinadi. Bunda hozirgi zamon nomlari bilan almashinadi, hato bo'lsa
tuzatiladi. Afriqo Afrika deb, Amriqo Amerika deb tuzatildi. Bahri Muhit
Kabiriy o'rniga Tinch okean, Bahri Muhit Atlosiy o'rniga Atlantika okeani,
Bahri Muhit Hindiy o'rniga Hind okeani, Bahri Hazar o'rniga Kaspiy dengizi,
Otalar dengizi o'rniga Egey dengizi deyiladigan bo'ldi.
O'zbek
tiliga davlat tili maqomi berilgandan keyin (1989-yil) tilimizni chetdan,
asosan rus tilidan kirib kelgan yod
so'zlardan tozalash bahonasi bilan yangi an'anaviy nomlarni yana eski nomlar
bilan almashtirishga urinishlar bo'ldi. Albatta bu to'g'ri emas. Xato bo'lsa
tuzatish kerak, lekin eskisiga noo'rin qaytish noto'g'ri.
O'rta Osiyo o'lkasidagi
geografik nomlarni yozishda tog'larning nomiga qo'shiladigan tog' atamasi tog',
tov, too, dog', Qirg'iziston va Qozog'istonda tov shakllari
qo'llaniladi.
Mirali MIRAKMALOV
geografiya fanlari nomzodi, dotsent
O`zbekiston Milliy Universiteti
geografiya fanlari nomzodi, dotsent
O`zbekiston Milliy Universiteti
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.