Yevrosiyoning geografik o‘rni, o‘rganilish tarixi 

13 094

Geografik o‘rni. Yevrosiyo materigi Shimoliy yarimsharda to‘liq joylashgan (Malayya arxiрelagining ayrim orollari ekvatordan janubda).

Quruqlik maydonining deyarli 36,5 % ini egallaydi. Bu materik Yevropa (maydoni 10 mln kv.km) va Osiyo (maydoni 44 mln kv.km) qit’alaridan tashkil topgan. Yevropa atamasi qadimgi finikiyaliklarning (assiriya) Yerep — g‘arb va Osiyo atamasi Osu esa sharq  so‘zlaridan kelib chiqqan. Yevrosiyo materigi sharqda Bering bo‘g‘izi orqali Shimoliy Amerikadan ajralsa, g‘arbda Gibraltar bo‘g‘izi uni Afrikadan ajratib turadi.

Yevrosiyoning Atlantika va Tinch okean qirg‘oqlari kuchli parchalangan. Materikning atrofida minglab orol va ko‘plab yarimorollar joylashgan.

O‘rganilish tarixi. Yevrosiyo eng qadimgi sivilizatsiya markazi hisoblanadi. Dastlabki geografik xaritalar, globuslar ham shu hududda kashf etilgan. Eratosfen va Ptolemey tuzgan xaritalarda Yevrosiyo va Shimoliy Afrika aks ettirilgan. Materik to‘g‘risidagi dastlabki geografik ma’lumotlar qadimgi faylasuf, tabiatshunos  allomalardan Gerodot (er.av.485-425-yillar), Geraklit (er.av.IV asr), Strabon, Aflotun, Ptolemey va boshqalarning asarlarida berilgan.

Yevrosiyoning ichki o‘lkalari tabiatini o‘rganishda O‘rta Osiyolik geograf olimlarning xizmatlari juda katta. O‘rta Osiyo va arab geografiyasiga asos solgan Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning (783-850-y.) xizmatini alohida ta’kidlash lozim. Xorazmiy ilmiy faoliyati davomida tabiiy fanlarni rivojlantirishga, tabiatni o‘rganishga alohida e’tibor bergan. Uning boshchiligida 70 ga yaqin olimlar „Jahon xaritalari"ni tuzishgan. Bu xaritalar asosida Xorazmiy „Kitob surat al-arz" (Yerning surati) kitobini yozgan.

Abu Rayhon Beruniy (973-1048-y.) Hindistonda yashagan davrida o‘lkaning daryolari, tog‘lari, o‘simlik va hayvonot olamini batafsil o‘rganib, „Hindiston" asarini yaratdi. U Amudaryo misolida „daryolar keltirayotgan tog‘ jinslarining massasi (katta-kichikligi) suv oqimining tezligiga to‘g‘ri proporsional" ekanligini aniqladi. Bu, keyinchalik, Beruniy qonuni deb aytiladigan bo‘ldi. Beruniy Qoraqum va Qizilqum hududlarining paydo bo‘lishini, materiklarning siljish g‘oyasini birinchilardan bo‘lib aytgan. Beruniy 1010-1017-yillarda Xorazmda olimlarni birlashtirib, „Fanlar akademiyasi" („Ma’mun akademiyasi") ni barpo etdi. Olimlar orasida Ibn Sino ham bo‘lgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur O‘rta Osiyo, Eron, Afg‘oniston, Hindiston hududining aholisi, xo‘jaligi haqida qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirgan. Ayniqsa, uning „Boburnoma" asaridagi geografik ma’lumotlari ibratli va diqqatga sazovordir. Umuman, o‘rtaosiyolik olimlar dunyo geografiya tarixiga, kishilik madaniyatiga ulug‘ hissa qo‘shgan xalq vakillaridir. Ularning ilmiy merosi haqida H.Hasanov„Sayyoh olimlar" asarida (1981-y.) zavq-shavq bilan yozadi.

XVIII-XIX asrlarda tashkil etilgan sayohat va ilmiy ekspeditsiyalar paytida Yevrosiyoni ilmiy jihatdan o‘rganish ishlari olib borildi. Olimlar Yevrosiyoning turli qismlarini atroflicha o‘rgandilar. XX asrdagi olib borilgan ilmiy ishlar avvalgi tasavvurlarni kengaytirdi va yangi ma’lumotlar bilan boyitdi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.