Abu Rayhon Beruniy
Abu Rayhon Beruniy
(973-1048)
Abu Rayhon Beruniy 973-yilning 4-sentyabrida Xorazmda, Amudaryoning o`ng
sohilidagi Kot shahrida tug`ilgan. X asr oxirida Janubiy Xorazm viloyatining
poytaxti hisoblangan Kot shahri hozirgi Qoraqalpog`istonning Beruniy tumani o`rnida
joylashgan edi. Olimning nomi ba’zi manbalarda Pokistonning Sind
shtatidagi Berun shahri nomi bilan bog`liq deyilsa, boshqasida u Hind viloyatining
Berun shahridandir deyilgan. Mutaxassislarning fikricha, Abu Rayhon uning asl ismi emas, bu uning homiysi xorazmlik Rayhona xonimning ismidan
olingandir. Bundan tashqari, uning gullar va o`simliklarni sevib o`rgangani,
chakkasiga doim rayxon taqib yo`rganligi uchun «Rayxon» nomini olgan, degan
taxminlar ham bor.
Beruniyshunos Ubaydullo Karimovning ta’kidlashicha, «olimning ismi
Muhammad, otasining ismi Ahmad, Beruniy esa uning nisbasi, ya’ni kelib chiqishi
va nasl-nasabini bildiruvchi nomdir. «Beruniy» forscha «Berun» («tashqari») so`zidan
olingan bo`lib, «shahar tashqarisida tug`ilgan» degan ma’noni bildiradi. Abu Rayhon
esa uning lakabi bo`lib, arab tilida Abu Rayxon «marhamatli», «rahmdil» degan
ma’nolarni ham bildiradi».
Abu Rayhon dastlabki ta’limni o`z shahrida va Xorazmning boshqa
shaharlaridagi mahalliy maktablarda mashhur ustozlardan olgan. Bolaligidanoq
juda idrokli, ancha talabchan va bilim olishga ishtiyoqi zo`r edi. 18 yoshida
Beruniy Xorazm observatoriyasida mustaqil ko`zatish ishlari bilan shug`ullana
boshlagan. 22 yoshida Bushkotir degan joyda kuzatishlar o`tkazib, dastlabki
kichik asarlarini xuddi shu yerda yozgan. Sayyoralarning holatiga qarab
kishilarning umrini bashorat qilish mumkin emasligi aytilgan risola «Aldamchilik
san’ati», ya’ni «Yo`lduzlar hukmidan ogohlantirish kitobi» shular
jumlasidandir.
Abu Rayhon Beruniyning umri doimiy sayohat va bir shahardan ikkinchisiga
ko`chib yurib, tadqiqotlar o`tkazish bilan o`tgan. Jumladan, Beruniy 995-yilda
22 yoshida Kotdan chiqib, o`sha vaqtlarda Tehrondan shimolroqda bo`lgan Ray
shahriga jo`nagan. Ammo manbalarga ko`ra, u 997-yilda Xorazmga kelib ketgan
bo`lishi mumkin. Buni Beruniy yozgan quyidagi misralardan ham bilsa bo`ladi:
«Biz Abulvafo Muhammad ibn Muhammad al-Buzjoniy bilan, u Bag`dodda, men esa
Xorazm shahrida ekanligimda, Oy tutilishini ko`zatish to`g`risida shartlashgan
edik; biz bu hodisani hijriy yili hisobida uch yuz sakson yettinchi yili
birgalikda ko`zatdik» (hijriy bilan 387-yil 997-milodiy yilga to`g`ri keladi).
Beruniy 998-yilda Kaspiy dengizining janubi-sharqiy burchagida,
dengizdan ichkaridagi alohida bir viloyatning markazi bo`lgan Jurjon shahriga ko`chib
kelgan. Jurjonda istiqomat qilgan vaqtida, taxminan 1000-yilda 27 yoshida
«Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» nomli birinchi yirik asarini yozib
tamomlagan. 1004-yilda Beruniy Xorazmning yangi hokimi ma’rifatparvar Abul
Abbos Ma’mun chaqirig`iga binoan yana vataniga qaytib kelgan.
Agar Beruniyning butun umri davomida qilgan sayohatlarini sarhisob qilsaq,
u shimolda Xorazmga, janubda Hindistonga, g`arbda Kaspiy sohili va Bag`dod
oralig`ida sayohat qilgan, ilmiy ko`zatishlar o`tkazgan. Manbalarda ko`rsatilishicha,
Beruniy Xorazmda Kot va Urganch (Jurjoniya); hozirgi Eronda - Jurjon va Ray; Iroqda
– Bag`dod; hozirgi Afgonistonda - Juzjon, Balx Bomiyon, Qobul, Gazna; hozirgi
Pokistonda - Gandi, Dunpur, Peshovar, Vayxand (Attoq), Jaylam, Siyolqut, Lohyp,
Nandna, Mo`lton shaharlarida bo`lgan. Olim bulardan tashqari Buxoro, Qoraqum cho`li,
Qizilqum shimoli, Badaxshonda ham bo`lgan. Shuning uchun ham Beruniy bir necha
tillarni, jumladan, qadimiy xorazm tilini, fors-tojik tilini, o`zbek tili (eski
turkiy til)ni, arab va yunon tillarini bilgan.
Beruniy Xorazmga qaytgach, ilm ahlining qadriga yetuvchi Ma’mun
yordamida Xorazm olimlarini birlashtirib, «Ma’mun akademiyasi»ga asos
solishda ishtirok etgan. Beruniy «Geodeziya» asarida yozishicha, Ma’mun
akademiyasida ilmiy faoliyat olib borgan vaqtida ixtiyorida turli asboblar,
jumladan, diametri 3 metr keladigan va oraliq minutlarga bo`lingan kvadrant
bo`lgan ekan. Ammo o`sha vaqtlardagi siyosiy vaziyat tufayli «Ma’mun akademiyasi»
qisqa muddat faoliyat ko`rsatgan. Hammamizga ma’lumki, mustaqillik sharofati
bilan Yurtboshimizning bevosita boshchiligida ushbu tarixiy «Ma’mun akademiyasi»
yana qayta tiklandi va Xorazmda yana faoliyat olib bormoqda. 2008-yilda esa
ushbu Akademiyaning 1000-yilligi UNESKO bilan hamkorlikda keng nishonlandi.
Beruniy hayotining 1017-yildan keyingi qismi
Afg`onistonning G`azna shahrini davlatiga poytaxt qilib olgan Sulton Mahmud
yoki boshqacha qilib aytganda Mahmud G`aznaviy Xorazm Ma’mun bilan bog`lik. Shu
yili Mahmud G`aznaviy Beruniyni boshqa bir guruh olimlar qatori G`aznaga olib ketgan. Umrining
oxiriga qadar Abu Rayhon shu shahar fuqarosi bo`lib yashagan, tez-tez
Hindistonga sayohat qilgan va Hindlarning tarixi, fani, tili hamda madaniyatini
o`rganib, o`zining mashhur «Hindiston» kitobini yozgan. Mutaxassislarning
fikricha, ushbu asar Hind fani va madaniyatiga qo`yilgan haykal bo`lib,
mamlakatning haqiqiy ensiklopediyasi hisoblanadi.
Beruniy Hindistonda yashagan chog`ida sanskrit tilini o`rgangan. Olim
ushbu mamlakat etnografiyasi, geografiyasi, biologiyasi, filologiyasi va
tarixiga oid juda muhim ma’lumotlarni turli manbalardan to`plab, ularni
«Hindiston» asariga kiritgan. Bir qator xalqlarning yilnomalariga asoslangan holda
Beruniy turli, shu jumladan, dehqonchilikni yo`ritishga mo`ljallangan taqvimlar
tuzishning umumiy tamoyillarini taklif etgan. Ma’lumotlarga ko`ra, olim
tomonidan arab yozuvi asosida yaratilgan transkripsiya tizimi Hind so`zlarini
urdu tilida talaffuz qilishning zamonaviy tizimidan hech ham qolishmaydi.
Hindiston hayotining turli qirralarini o`rganish jarayonida Beruniy qiyosiy
usuldan keng foydalangan. Uning yozishicha, «men hindlarning nazariyasini
qanday bo`lsa shu holda keltirdim va unga parallel ravishda greklarning
nazariyasi haqida so`z yuritdim va ularning o`rtasidagi o`zaro yaqinlikni ko`rsatishga
harakat qildim». Shuningdek, olim o`z asarida Hind va islom g`oyalarini o`zaro
solishtirgan, ayniqsa, so`fiylik ta’limotini Hindlarning yoglar nazariyasiga
birmuncha yaqin ta’limot sifatida alohida ajratib ko`rsatgan. Beruniy
Hindistonda yashaydigan xalqlarning urf-odatlarini slavyanlar, tibetliklar,
xazarlar va turkiy xalqlarning bu boradagi xususiyatlari bilan qiyoslab
yoritgan.
Beruniyning «Hindiston» asari keng qirrali ilmiy manba bo`lib, dunyoning
turli tillariga, jumladan, o`zbek, rus, fransuz, ingliz va boshqa tillarga
tarjima qilingan. Ushbu asar Hindistonning IX-X asrlardagi geografiyasi,
tarixi, aholisining turmushi va madaniyatiga oid nodir manba sifatida o`z
ahamiyatini yo`qotmagan.
1030-yilda Sulton Mahmud G`aznaviy vafot etgandan keyin dastlab uning
kichik o`g`li Muhammad, keyin katta o`g`li Mas’ud taxtga o`tirdi. Ilm-fanga
katta e’tibor bergan Sulton Mas’udning topshirig`iga binoan Beruniy o`zining shoh
asari astronomiya va geografiya qomusi «Konuni Mas’udiy»ni yozgan. Beruniy o`z
asarlarida keltirgan ma’lumotlarni turli manbalardan, xususan, kitoblardan
olgan. Bundan tashqari, olimlar bilan bo`lgan suhbatlari, oddiy xalq, sayyohlar
va elchilardan eshitgan hikoyalaridan ham yozgan asarlarida keng foydalangan.
Sharq manbalariga tayangan holda H.Hasanovning yozishicha, «Abu Rayhon
yozgan kitob va risolalar qopga solinganida bir tuyalik yuk bo`lar ekan». XIII
asr geografi Yoqut Hamaviy Marv shahridagi (hozirgi Turkmaniston hududida)
Jome’ masjidining vaqfnomasida Beruniy asarlarining 60 sahifaga mayda qilib
yozilgan ro`yxatini ko`rgani haqida yozadi. Olim bu ro`yxatni 65 yoshida tuzgan
bo`lib, u «Fixrist» nomi bilan mashhurdir. Unda Beruniyning 113 asari ko`rsatilgan
bo`lib, har bir asar kim va nima uchun yozilgani keltiriladi. Shuningdek, 70
asarning hajmi ham ko`rsatilgan. Sharqshunoslarning taxminicha, Beruniy 150
tacha asar muallifidir, ba’zi mutaxassislar esa olim 180 tacha kitob yozgan,
degan fikrdalar.
Sharqshunoslarning eng keyingi hisobiga ko`ra, Beruniy asarlari
quyidagicha taksimlanadi: astronomiyaga oid -70 ta; matematikaga -20 ta;
geografiya-geodeziyaga -12 ta; kartografiyaga -4 ta; iqlim va ob-havoga -3
ta; mineralogiyaga -3 ta; falsafaga - 4 ta; fizikaga -1 ta; dorishunoslikka -2 ta; tarix etnografiyaga -15 ta; adabiyotga oid asari esa 28 tadir.
Beruniy Ptolemeyning «Geografiya»siga qisqacha sharh ham yozgan va uning
bu asari «Kitob taqosim va aqolim» («Iqlimlar bo`linishi kitobi»), deb ataladi.
Mazkur asarning dunyo tabiiy geografiyasiga oid kitob ekani uning nomidan ham ko`rinib
turibdi. Yuqorida ko`rsatib o`tilgan asarlardan tashqari Beruniyning «Oso-ri boqiya»
(«Al-osor al-boqiya an al-qurun al-holiya» - «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar»,
yevropalik Sharqshunoslar uni «Xronologiya» deb ataydilar), «Kartografiya» («Tastih
as-suvar va tabtih al-quvar»), «Geodeziya» («Kitobu taxdidi nihoyot al-amokin
li tashih masofat al-masokin» - «Turar joylarning oralaridagi masofalarni
aniqlash uchun joylarning chegaralarini belgilash haqida kitob») kabi ilmiy
to`plamlari geografiya va tabiatshunoslikka oid juda qimmatli ma’lumotlarni o`z
ichiga oladi.
Beruniy Yerning shar shaklida ekanini ilmiy dalillar bilan isbotlab
bergan edi. «Hindiston» asarida olimning yozishicha, «Quyosh ko`rinmay
qolishining sababi uning Yerdan uzoqlashib ketishida emas, balki Yerning dumboqligidadir».
Olimning fikricha, agar «Yer yumaloq bo`lmaganda... yozda va qishda kun va tun har
xil bo`lmas edi, ular o`zgarib turmas edilar. Yer umuman yumaloqdir, biroq
ayrim joylari g`adir-budir, chunki tog`lari duppayib chiqib turadi, botiqlari
chuqur kirgan. Shunday bo`lsa-da, uning shakli sharga o`xshash, tog`larning
balandligi butun Yerga nisbatan juda kichikdir».
Yerning shar shaklida ekanligidan kelib chiqib, Beruniy Amerikani kashf
etgan Xristofor Kolumbdan 450 yilcha oldin Atlantika okeanining narigi tomonida
quruqlik borligini bashorat qilgan. «Hindiston» asarida yozilishicha,
«...Yerning choragi ma’muradir. Ma’murani g`arb va Sharq tomondan Muhit okeani
(Atlantika va Tinch okean) o`rab turibdi. Bu Muhit okeani, Yerning obod qismini
dengizlarning narigi tomonida bo`lishi mumkin bo`lgan quruqlik yoki odam
yashaydigan orollardan ikkala tomondan (g`arbdan va sharqdan) ajratib turadi...».
Allomaning bu fikrlari XV asrdan boshlab avj olgan Buyuk geografik
kashfiyotlarning amalga oshirilishi uchun o`ziga xos poydevor bo`lgan, desak
xato bo`lmaydi.
Beruniy sayyoramizning shaklini aniq tasavvur etish bilan birga, uning
tasvirini ham yaratmoqchi bo`lgan. Olim o`zining «Geodeziya» asarida
yozishicha, «joylar va shaharlar uchun diametri 10 cho`zim keladigan yarimkurra
(shar) ishladim. Unda masofalarga qarab uzunlik va kengliklarni belgilash
mumkin edi». Beruniy bu shaklni nimadan (yog`och, qog`oz, temir yoki loydan)
yasaganini aytmagan, ammo globus yasagani aniq. Xorazmda yasalgan globusning
diametri nihoyatda katta bo`lgan bo`lishi kerak. Chunki u aytgan «10 cho`zim»
taxminan 5 metrga teng keladi. Ta’kidlash kerakki, bu sharq olamidagi dastlabki
globus bo`lishi bilan birga, eng birinchi burtma (relefli) globus ham edi.
Sharq ilm-fani rivojiga o`lkan hissa qo`shgan Beruniyning ilmiy merosi
yana uzoq vaqt ilmiy tadqiqotlar uchun muhim manba bo`lib qoladi. Qomusiy
olimning nomi mamlakatimizda e’zozlanib, turli ob’ektlarda abadiylashtirilgan.
Jumladan, Qoraqalpog`istondagi tuman va shahar, Toshkentdagi metro stansiyasi
va Toshkent
davlat texnika universiteta allomaning nomi bilan ataladi. Shuningdek, buyuk
allomaning haykallari dunyoning turli mamlakatlarida ham o`rnatilgan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.
Комментарий - 1