Afrika materigining geografik o‘rni va o‘rganilish tarixi

Ma’lumki,
Yer sharida okeanlar va materiklar turlicha taqsimlangan. Jumladan, Shimoliy
yarimsharning 39% i, Janubiy yarimsharning esa 19% i quruqlikdan iborat. Agar
globusni ko‘proq materiklar hududiga to‘g‘rilansa, „Materiklar yarimshari"
hosil bo‘ladi. Ushbu yarimsharda quruqlik 53% maydonni egallaydi. Shularga
asoslanib, keyingi paytda olimlar „Materiklar
yarimshari"ni ajratishmoqda.
Geografik o‘rni. Afrika - to‘rtta yarimsharda joylashgan yagona materik. Ekvator Afrikani
deyarli qoq o‘rtasidan ikkiga bo‘lib turadi. Uning shimoliy va janubiy chekka
nuqtalari ekvatordan deyarli teng masofada joylashgan. Gibraltar bo‘g‘izi
orqali Yev ropa, Suvaysh kanali orqali Osiyo qit’alari bilan tutashib turadi.
Materikning shimoliy va g‘arbiy sohillarini Atlantika okeani suvlari,
shimoli-sharqiy va sharqiy sohillarini esa Hind okeani suvlari yuvib turadi.
Afrikaning qirg‘oqlari kam parchalangan bo‘lib, uzunligi 30500 km ga teng.
Afrika
shimoldan janubga torayib boradi. Shimoliy qismining eni (Almadi va Ras-Xafun
burunlari oralig‘i) 7500 km bo‘lsa, janubining eni 3000 km ga teng. Materik
sharqida yirik Somali yarimoroli va Mozambik
bo‘g‘izi bilan ajralgan Madagaskar oroli joylashgan. G‘arbida yirik
Gvineya qo‘ltig‘i bor.
O‘rganish
tarixi. Afrika materigi dastlab Liviya deb atalgan. Olimlarning fikricha, Afrika so‘zi eramizdan avvalgi II asrdan qo‘llanilgan. Olimlarning fikriga ko‘ra, materik nomi uning shimoli-g‘arbiy qismi (Tunis, Marokash yerlari)da yashagan qadimgi berberlarning afarik qabilasi nomidan olingan.

Afrika
sivilizatsiyaning beshigi hisoblanadi. Unda 3-4 mln yil avval odamlar
yashaganligi arxeolog olimlar tomonidan aniqlangan. 6000 yil avval Nil daryosi
vodiysining hosildor yerlarida ilk sivilizatsiya tarkib topgan.
Afrika
tabiatini, aholisining urf-odatlarini, xo‘jaligini o‘rganishda mashhur
marokashlik sayyoh Ibn Battutaning alohida o‘rni bor. U Afrikaning shimoliy va
sharqiy sohillarini, Nil havzasini (1325-1349-y.), Sahroyi Kabirning g‘arbiy
qismini, Niger daryosining yuqori oqimidan o‘rta oqimigacha o‘rgangan.
XV asr yevropaliklarning Afrikani o‘rganishida muhim bosqich bo‘lsa-da, unga qora kunlarni — qullar savdosini keltirdi. 1487-yilda Bartolomeu Diash Afrikaning janubidagi Yaxshi Umid burniga qadar Atlantika okeani sohillarini o‘rgandi. 1497-1498-yillarda portugaliyalik Vasko da Gama Afrikani janubdan aylanib o‘tib, 1498-yil 20-mayda Hindistonning Kalkutta (Kolkata) portiga yetib keldi. U yevropaliklar uchun Hindistonga boradigan dengiz yo‘lini kashf etdi.
Afrikaning ichki qismi tabiatini o‘rganishda ingliz tadqiqotchisi D.Livingstonning xizmatlari katta bo‘ldi. U
Kalaxari cho‘lini, Zambezi daryosini, Kongo daryosining yuqori oqimlarini,
Nyasa, Tanganika ko‘llarini o‘rgandi. Zambezi daryosi dagi sharsharaga
Viktoriya nomini berdi. Ingliz-Amerika
ekspeditsiyasining boshlig‘i G.M.Stenli (1817-1877-y.) Zanzibar orolini,
Viktoriya ko‘lini va Nil daryosining boshlanish irmog‘i Kagera ekanligini
aniqladi, Lualaba va Kongo daryolarini quyi oqimiga qadar o‘rgandi.
Afrika
tabiati va xalqlari hayotini rus olimlaridan V.V.Yunker, Y.P.Kovalevskiy, A.A.Yeliseyev,
N.I.Vavilovlar tekshirdilar. N.I.Vavilov
tashkil etgan ekspeditsiya (1926-1927-y.) 6000 dan ortiq madaniy
o‘simliklardan namuna oldi. U Efiopiya qimmatli qattiq bug‘doy navining vatani
ekanligini aniqladi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.