Hamidulla Hasanov 

15 629

 

Hamidulla Hasanov
(1919-1985)
  O`zbekistonda geografiya fanining rivojlanishiga hissa qo`shgan olimlar talaygina. Ammo ular orasida butun umrini geo­grafiya faniga, uning tarixi, ta’limi va uslubiyoti masalalariga bag`ishlagan ustoz-olim, geografiya fanlari doktori, profes­sor Hamidulla Hasanovning alohida o`rni bor. O`zbekistonda XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab geografiya fani sohasida ijod qilgan va bugungi kunda ham yoshlarga ushbu fanning sir-asrorlarini o`rgatib kelayotgan olimlarimizning deyarli barchasi Hamidulla Hasanovni haqli ravishda o`z ustozlari sifatida hurmat bilan tilga oladilar.
  Shu bois ham O`zbekiston geografiyasining zabardast namoyandalaridan biri bo`lgan olim to`g`risidagi ba’zi xotiralarni sayyoh-olimlar qatorida berishni shogirdlik burchimiz, deb bildik. Zero, ustozning hayoti va ijodiga oid xotiralar o`sib kelayotgan yosh avlodda geografiya faniga bo`lgan ishtiyoq va qiziqishni yanada oshirish uchun xizmat qilishiga shubha yo`q.
  Hamidulla Hasanov 1919-yilda Toshkent shahrida tavallud top­gan. Yoshligidanoq ilmga chanqoqligi uning maktabni tamomlagach, o`sha paytdagi O`rta Osiyo universitetining (hozirgi O`zbekiston Milliy universiteti) geologiya-geografiya fakultetiga yetakladi. Ikkinchi jahon urushi yillarida front gazetalaridan birining muxbiri hamda harbiy aerodromda ob-havo nazoratchisi bo`lib xiz­mat qildi. Urushdan keyingi 1946-1948-yillarda respublika markaziy gazetalaridan birida adabiy xodim sifatida faoliyat olib borgan. 1948-yildan boshlab to umrining oxiriga qadar ustozning hayoti va ilmiy faoliyati O`zbekistonda geografiya fani va uning rivoji bilan bevosita bog`liq.
  H.Hasanov geografiya sohasidagi faoliyatini 1948-yilda O`zbekiston xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Pedagogika il­miy tekshirish institutida geograf-uslubchi lavozimidan boshlagan. Geografiya faniga bo`lgan yuksak ishtiyoq ustozni Moskvadagi Fanlar Akademiyasi aspiraturasiga yetaklagan va H.Hasanov 1954-yilda uni muvaffaqiyatli tamomlab, geografiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo`lhan.
  1954-yildan boshlab u faqat bir dargoh Toshkent davlat (hozirgi O`zbekiston Milliy) universitetining geografiya fakultetida faoliyat ko`rsatib, geografiya tarixi, toponimika va uslubiyot borasida tinmay izlanishlar olib borgan. Ana shu izlanishlarning natijasi o`laroq, dastlab, 1956-yilda geografiya fakulteti dotsenti unvonini olgan. 1968-yilda uzining doktorlik dissertasiyasini muvaffaqiyatli ximoya kilgach, 1972-yildan boshlab Tosh­kent Davlat universiteti (hozirgi O`zMU) geografiya fakulteti professori unvoniga sazovor bo`lgan. Umrining so`nggi yillarida, ya’ni 1982-1985-yillarda ustoz geografiya fakulteti tabiiy geo­grafiya kafedrasining mudiri lavozimida faoliyat ko`rsatdi.
  Hamidulla Hasanov geografiya tarixi, ta’lim uslubiyoti, geo­grafik atamashunoslik, transkripsiya va toponimikaga oid 100 dan ortiq salmoqli ilmiy ishlar muallifi. Ammo «O`rta Osiyolik geograf va sayyohlar», «Sayyoh olimlar», «Bobur - sayyoh va tabiatshunos», «Mahmud Qoshg`ariy» kabi ustoz yaratgan asarlar nafaqat Respublikamiz, balki chet mamlakatlar geograflari orasida ham mashhur. Ustoz O`zbekiston tuprog`ida yashab o`tgan sayyoh-olimlarning ilmiy merosini va geografiya fani taraqqiyotiga qo`shgan hissasini o`rganish orqali ularga o`ziga xos mangu «haykal» qo`ygan.
  Ustozning atamashunoslikka bag`ishlangan eng yirik asari - «Ruscha-o`zbekcha va o`zbekcha-ruscha geografiya atamalari lug`ati»dir. Ushbu asar 1400 ga yaqin ilmiy-geografik atamalarning o`zbekcha ma’nosini o`z ichiga olgan bo`lib, ularning aksariyati H.Hasanov tomonidan ilmiy muomalaga kiritilgan.
Hamidulla Hasanov o`zining ilmiy faoliyatini bevosita amaliyot bilan bog`liq holda olib borgan. Jumladan, ustoz olim nafaqat qo`lyozma manbalar, balki o`zining butun dunyo bo`ylab qilgan sayohatlari chog`ida olingan ma’lumotlar asosida turli ajoyib ilmiy-ommabop asarlar yaratgan. Ustoz asarlarida keltirilgan ma’­lumotlar, sayohatlaridan olgan taassurotlarini geografiya fakul­teta talabalariga ta’lim berish jarayonida keng qo`llagan. 
  Hamisha mehnat ta’tillarini dunyo mamlakatlari bo`ylab sayohat qilish, turli geografik kuzatish va tadqiqotlar bilan utkazgan ustozni respublikamiz geograflari birinchi «O`zbek Magellani», deyishlari bejiz emas. Ustoz o`zining Osiyo, Yevropa, Shimoliy Amerika va Afrikaga qilgan sayohatlari natijalarini doimo talabalarga maroq bilan hikoya qilib berardi.
  «Sayyoh olimlar» kitobida u Boburning bosib o`tgan yo`lini takrorlab, O`zbekistonga qo`shni mamlakatlar, jumladan, Tojikiston, Afg`oniston, Pokiston va Hindistonda bo`lganligini yozadi. Ayniqsa, uning Qobul shahridagi Bogi Bobur, Agradagi Boburiylar ko`rdirgan takrorlanmas me’moriy obidalar haqidagi lavhalari kitobxonlar tomonidan hozir ham katta qiziqish bilan uqiladi.
  XX asrning 70-yillari va 80-yillarining boshida hozirgi O`zMU geografiya fakultetida tahsil olgan va hozirgi kunda respub­likamiz viloyatlarida turli sohalarda xizmat qilayotgan geograf hamkasblarimiz ustozning Neptun bayrami, turli tabiiy ob’ektlar, jumladan, ekvator, suvayirg`ich haqidagi qiziqarli hikoyalari va auditoriyada bevosita talabalar bilan o`tkazgan ko`rgazmali darslarini yaxshi eslashsa kerak.
  Shuningdek, ustozning sayohati davomida Shimoliy Amerikaning Buyuk ko`llaridan shisha idishda olib kelgan suvni dars paytida har bir talabaning ko`liga oz-ozdan quyib, «ana endi sizlar ham har biringiz Buyuk ko`llarga sayohat qilganman va uning suviga bevosita ko`limni tekkizganman, deya olishga haqlisiz», degan so`zlari har bir talabaning bir umr yodida qolishi shubxasiz.
  H.Hasanov xushtabiat, quvnoq, kamtar va shu bilan birga o`zining tashqi ko`rinishiga alohida e’tibor beradigan kishi edi. Ammo ustozni tanigan shogirdlar yaxshi eslashsa kerak, u kishi doimo so­chini ustarada oldirib yurar va tashqi ko`rinishi sariqroq, ya’ni yevropaliklarga juda o`xshab ketar edi. Uning yevropoidlarga xos tashqi qiyofasi bilan bog`liq bir qiziq voqeani ustoz ko`pchilikka so`zlab bergan.
  Fransiya safariga H.Hasanov professor Z.Akramov bilan birga borgan. Olimlar o`zlarining Novosibirsklik to`ladan kelgan hamrohlari bilan birga Parij shahridagi Sena daryosi buyida sayr qilib yurishganida bir fransuz jurnalista ularni suhbatga chorlabdi. Ular o`zlari haqida gapirib berib, ayniqsa, geograf ekanliklarini aytishganda suhbat juda qizib ketibdi. Ana shu suhbatdan so`ng, ertasiga «Pa­rij oqshomi» gazetasida «Ruslar har xil: do`ppili, mutlaqo sochsiz va to`la bo`ladi» degan maqola chop etilgan. Maqolaning bunday nomlanishiga sabab O`sha vaqtlarda bitta, sobiq Ittifoq tarkibida va hozirda mustaqil bo`lgan davlatlarning turli tilda gaplashadigan aholisini G`arbiy Yevropada unchalik farqi ga borishmaganida edi. Bundan tashqari, O`sha vaqtlarda chet el safariga chiqqan yurtdoshlarimiz doim do`ppi kiyib, o`zbek ekanliklarini namoyish etib yurishgan. Parijda chop etilgan mazkur maqola qahramonlaridan biri professor Z.Akramov esa ayni shu sayohatda boshida do`ppi bilan fransuz jurnalistining e’tiborini o`ziga tortgan.
 Tinib-tinchimas sayyoh H.Hasanov uzoq yillar O`zbekiston televideniyesidagi «Olamga sayohat» ko`rsatuvinning boshlovchisi sifatida ham tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirgan.
  Hamidulla Hasanovdan respublikamiz geograflariga qolgan yana bir muhim yodgorlik - bu dunyodagi birinchi globusni yaratgan Beruniy an’analariga sodiq qolgan holda ustozning bevosita rahbarligida yaratilgan Toshkent globusidir. Ma’lumki, hozirgi vaqtdagi eng yirik globus Sankt-Peterburg shahrida saqlanmoqda. Uning diametri 310 santimetrga teng. Ammo Toshkent globusi ham o`z ko`rsatkichlari bilan Rossiyadagi eng katta globusdan qolishmaydi.
  Uning yaratilish tarixi ustozning 1979-yilda Rossiyaning Perm universitetiga qilgan xizmat safari bilan bog`liq, chunki bu universitetdagi diametri bir metrli globusni ko`rgandan so`ng ustozda undan ham kattaroq relefli globusni yaratish g`oyasi paydo bo`lgan. Natijada Toshkent Davlat universiteti va Perm uni­versiteti maxsus laboratoriyasining o`zaro hamkorligida Toshkent globusi 5 yil davomida ustozning bevosita ilmiy rahbarligida bunyod etilgan.
  Toshkent globusining miqyosi 1:7 OOO OOO, ya’ni undagi har bir santimetrdagi masofa 70 km.ga teng yoki Yer shari 7 million marta kichraytirilgan holda tasvirlangan. Globusning balandligi taglamasi bilan birga 2,5 metr. Sharning ogirligi 240 kg, taglamasi 250 kg, demak globusning umumiy ogirligi yarim tonnaga boradi. Globusning diametri 2 metr, aylanasining uzunligi esa 6 metr va umumiy sathi 13 kv.m. ga teng.
Globusning eng ahamiyatli tomoni unda yer yuzining turli shakllari - tog`lar, qirlar, tekisliklar, botiqlar va okean osti relyefi ular tabiatda qanday ko`rinishda bo`lsa, shundayligicha tasvir­langan. Shuningdek, globusda yer yuzining landshaftlari kartografiyada qabul qilingan tamoyillarga binoan tasvirlangan. Agar globusga nazar soladigan bo`lsangiz, dunyodagi turli tabiat zonalari - tundra, o`rmonlar, cho`llar, dashtlar va uzoq shimoldagi va baland tog`lardagi muzliklar xuddi o`zidek turli ranglar bilan ko`rsatilgan.
  Globus Toshkentga olib kelingach, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O`zMU) geografiya fakultetidagi Hamidulla Hasanovning tashabbusi va bevosita sa’y-harakatlari bilan bunyod etilgan muzey-uslubiyot xonasiga o`rnatilgan. 1992-yilda ushbu xonaga profes­sor Hamidulla Hasanovning nomi berilgandi.
  Hamidulla Hasanov O`zbekistonda geografiya fanini rivojlantirishga qo`shgan o`lkan hissasi uchun 1980-yilda «O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan fan arbobi», degan sharafli unvonga sazovor bo`lgan. Geografiya fani oldidagi xizmatlarini inobatga olib, 1980-yilda sobiq Ittifok Geografiya jamiyatining faxriy a’zoligiga qabul qilingan. Bularni ustozning uzoq yillar qilgan tinimsiz mehnati va dunyo bo`ylab qilgan sayohatlariga bog`liq holda yaratilgan betakror ilmiy ishlarining e’tirofi, deb aytish mumkin.
  Ustoz Hamidulla Hasanov nomi uning boshlagan ishlarini davom ettirayotgan shogirdlar tomonidan ardoqlanib kelinmoqda. Chunonchi, 2009-yilda O`zMU geografiya fakultetining tashabbusi bilan ustoz tavalludining 90 yilligiga bag`ishlab «Tabiiy geo­grafiya nazariyasi, metodika va toponimika» mavzusida respubli­ka ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi. Tadbirda ustozning O`zbekiston geografiyasi faniga qo`shgan salmoqli hissasi uning hozirgi kunda o`zlari ustoz darajasiga yetgan shogirdlari tomonidan yana bir bor ta’kidlandi.
   Ustoz xotirasini yod etish, uning ibratli hayot va ijod yo`li bilan kelajak avlodni tanishtirib borishdek xayrli ishlar yoshlarimizning, ayniqsa, o`z hayotini geografiya fani bilan bog`lashga qaror qilgan talaba-yoshlar, tadqiqotchi va izlanuvchilarda ustoz qoldirgan o`lkan ilmiy merosga munosib shogird bo`lish tuyg`usini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.