Ziyovuddin Akramov
Ziyovuddin
AKRAMOV
(1923-2003)
Geografiya fani sayohatlar bilan
chambarchas bog`liqligi bois, unda «birinchi bo`lish» hamisha sharafli va
mas’uliyatli hisoblanadi. Xoh sayohat qilib, turli yerlarni kashf etish, xoh
geografik tadqiqotlar olib borib, keyinchalik uni rivojlantirish bo`lsin, birinchi
bo`lgan kishining xizmatlari bunda doimo muhim rol o`ynaganligi tarixdan yaxshi
ma’lum.
Professor Ziyovuddin Muhitdinovich
Akramov ana shunday birinchilardan. U O`zbekistonda iqtisodiy geografiya
fanini rivojlantirish ishiga katta hissa qo`shgan va bu sohada respublikamizda
«geografiya fanlari doktori» ilmiy darajasiga erishgan birinchi o`zbek olimi hisoblanadi.
Olim respublikamizning turli chekkalarini chuqur o`rganish bilan bir qatorda
dunyoning turli mamlakatlariga safar qilgan va o`z sayohatlari haqida qiziqarli
asarlar yozib qoldirgan sayyoh hamdir.
Haqiqatan ham, Z.Akramov O`zbekistonda
iqtisodiy geografiya fanining rivojlanishiga, jumladan, mamlakatimizda qishloq
xo`jaligi kompleksiga bog`liq turli sohalarni majmuali iqtisodiy-geografik jihatdan
o`rganish, shu asosda iqtisodiyot tarmoqlarini respublika mintaqalari bo`ylab oqilona
hududi y tashkil etish va kompleks rivojlantirishni tadqiq etish ishlariga asos
solgan olimlardan biri. U Respublikamizda faoliyat olib borayotgan minglab
geograflarga nafaqat ta’lim bergan, balki ularning aksariyatiga ilmiy tadqiqot
ishlarini olib borish sirlarini o`rgatgan. Hozirgi vaqtda geografiya sohasida
faoliyat olib borayotgan yosh olimlarimizning «bobo ustozi» sanalmish Z.Akramov
Respublikamizda iqtisodiy geografiya maktabini yaratgan.
Ziyovuddin Muhitdinovich Akramov
1923-yilning 23-sentyabrida o`sha vaqtlar Toshkent
shahrining chekkasida joylashgan Allon qishlogida (hozirda Talabalar shaharchasi
va Chig`atoy darvoza o`rtasidagi Toshkent
shahar Olmazor tumaniga qarashli Allon mahallasi) tug`ilgan. Otasi oddiy kishi bo`lsa-da,
ilm-ma’rifatni juda qadrlagan. Shuning uchun ham ma’rifatli oila muhiti
ta’sirida Ziyovuddin Akramov yoshligidanoq bilimga chanqoqligini namoyish etib,
turli fanlardan chuqur bilim olishga harakat qilgan.
1939-yilda maktabni tamomlagach, Z.Akramov
O`sha vaqtlardagi Toshkent muallimlar oliygohiga
(hozirgi Nizomiy nomidagi Toshkent
davlat pedagogika universiteti) o`qishga kirgan va uni 1945-yilda muvaffaqiyatli
tamomlagan. Oliygohni bitirgan bo`lajak olim o`z mehnat faoliyatini
Toshkentdagi maktablarning birida o`qituvchilikdan boshladi. Uch yil davomida
yosh avlodga geografiya sirlarini o`rgatgan Z.Akramov 1949-yilda M.Lomonosov
nomidagi Moskva Davlat universitetining geografiya fakultetiga aspiranturaga o`qishga
kirgan. Aspiranturada o`qib yo`rgan vaqtlarida XX asrning taniqli iqtisodiy
geograflaridan biri professor Yu.G.Saushkin rahbarligida Namangan viloyatini majmuali iqtisodiy-geografik
jihatdan o`rganish bo`yicha tadqiqotlar olib bordi.
Olib borilgan ilmiy ishlarining
natijasi o`laroq, 1953-yilda «Namangan
viloyatiga iqtisodiy-geografik tavsif» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli
himoya qildi. Olimning nomzodlik ishi doirasida olib borgai ilmiy tadqiqotlarining
natijalari 1955-yilda «Namangan
viloyati» nomi bilan nashr etilgan. Toshkentga qaytgach, ilmiy faoliyatini
davom ettirish bilan birga 1954-yildan O`zbekiston geografiya jamiyati
prezidentining o`rinbosari vazifasini ham bajargan. 1990-yilda O`zbekiston
Geografiya jamiyati prezidenti etib saylanib, umrining oxiriga qadar shu
vazifada faoliyat olib bordi. Z.Akramov XX asr 50-yillarning o`rtalaridan
boshlab Respublikamizda qishloq xo`jalik geografiyasi, qishloq joylarini majmuali
iqtisodiy-geografik tadqiq qilish masalalari ustida ish olib borgan. Ushbu sohalardagi
ilmiy tadqiqotlarga O`zbekistonda alohida e’tibor berilishi va ularning
50-yillardan keyingi rivojlanishi bevosita Z.Akramov nomi bilan bog`liq.
Shuning uchun ham Respublikamizda
geografiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni tizimli tashkil etish maqsadida 1958
yilda Z.Akramov tashabbusi bilan O`zbekiston Fanlar Akademiyasi (UzFA)
tarkibida Geografiya ilmiy tadqiqot bo`limi tashkil etildi. Ustoz ushbu bo`limning
tashkilotchisi bo`lish bilan bir qatorda mazkur ilmiy dargohning 1958-1970
yillardagi birinchi rahbari ham bo`lgan.
Ushbu ilm dargohida XX asrning
ikkinchi yarmida tabiiy geografiya, iqtisodiy geografik muammolar, tabiatni muhofaza
qilish va resurslardan oqilona foydalanish hamda kartografiya laboratoriyalari
ish olib borib, qator muhim geografik tadqiqotlar amalga oshirildi. Bo`lim
ilmiy xodimlari tomonidan respublikaning turli hududlarini iqtisodiy-geografik baholash,
turli tematik, o`quv haritalari va atlaslarini barpo etish hamda Orol dengizi
muammolariga bag`ishlangan ilmiy ishlanmalar bevosita amaliyot bilan bog`lab
olib borilgan.
XX asrning 80-yillarida O`zFA
Geografiya bo`limi olimlari Janubiy Orolbuyiga bir qator ilmiy ekspeditsiyalar
tashkil etib, bu hududdagi ekologik muvozanatni ta’minlash masalalari borasida qimmatli
tavsiyalarni ishlab chiqishgan. Shuningdek, professor Z.Akramovning bevosita rahbarligi
ostida bo`limda 1981 va 1985 yillarda O`zbekistonning ikki jildli majmuali
geografik atlasi tuzilgan va nashr etilgan. Hozirgi kunda ustoz tashkil etgan
Geografiya bo`limi O`zbekiston Fanlar Akademiyasining Seysmologiya ilmiy
tekshirish instituta tarkibida faoliyat olib bormoqda.
Ma’lumki, o`tgan asrning 50-yillari o`rtalariga
kelib, Mirzachul hamda Qizilqum cho`lining Zarafshon va Buxoro vohalariga
tutash yerlari jadallik bilan o`zlashgirila boshlagan. Buning natijasida O`zbekistonda
iqtisodiyotni mahalliy tabiiy sharoit va resurs imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda
oqilona va samarali hududiy tashkil etish, mavjud mehnat resurslaridan unumli
foydalanish, aholining turmush sharoitini yaxshilashga bag`ishlangan kompleks
geografik ilmiy tadqiqotlarga bo`lgan ehtiyoj birmuncha kuchaygan.
Ana shuni hisobga olgan holda Z.Akramov
50-yillar oxiri va 60-yillar boshida O`rta va Quyi Zarafshon vohalarida
kompleks iqtisodiy-geografik tadqiqot ekspeditsiyasini tashkil etishda faol
ishtirok etgan. Zarafshon vohasida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida Z.Akramov
1961-yilda «Samarqand va Buxoro viloyatlarining qishloq xo`jalik geografiyasi»
nomli ikki jildli ilmiy risolasini yozib, chop ettirdi. Ushbu risolaning ikkinchi jildi A. Rakitnikov, O. Zamkov va A. Shermuhammedov kabi olimlar bilan hamkorlikda yozilgan.
Ushbu asar klassik iqtisodiy-geografik tadqiqot usulida yozilgan bo`lib, unda vaqt utishi bilan asta-sekin o`z ahamiyatini yo`qotadigan turli iqtisodiy ko`rsatkichlarga iloji boricha kamroq ahamiyat berilgan. Mamlakatimizning Samarqand, Buxoro viloyatlari hududini, ulardagi har bir qishloq va shaharni kezib chiqqan olim o`z asarida bu hududlar qishloq xo`jaligiga tabiiy sharoit, resurslar, demografik holat, iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilmalar va boshqa qator omillar nuqtai nazaridan baho bergan.
Asarda har ikkala viloyatning qishloq xo`jaligidagi o`ziga xosliklar, uning eng muhim tarmoqlari bo`lgan dehqonchilik va chorvachilikka bog`liq holda qayta ishlash sanoatini rivojlantirish imkoniyatlari keng ochib berilgan.
Ammo ustoz tomonidan bundan 50 yil muqaddam asoslab berilgan Samarqand va Buxoro viloyatlari hududining, ayniqsa, ularning Qizilqum cho`li va Zarafshon vohasi o`zaro tutashgan qismlarida mavjud imkoniyat va salohiyatdan Faqat Vatanimiz Mustaqillikka erishgandan keyingina to`la foydalanish mumkin bo`ldi.
Shuning uchun ham ushbu asarlarni hozir o`qigan kishi (ayniqsa, ko`ursatilgan viloyatlarda yashaydigan) beixtiyor o`zi yashab to`rgan hududning bundan 50 yil avvalgi iqtisodiy-geografik holatini ko`z oldiga keltirishi va uni hozirgi holat bilan bemalol taqqoslay olishi mumkin. Asar hozirgi vaqtda ham o`z ahamiyatini yo`qotmagan. Undagi ko`pgina ma’lumotlar, jumladan, aholi soni tobora ko`payib borayotgan Zarafshon vohasida qishloq xo`jaligini rivojlantirishda hisobga olinishi lozim bo`lgan omillar, tabiiy sharoit va qishloq xo`jaligining turli tarmoqlari o`rtasidagi bog`liqlikni aniq ifodalovchi ba’zi qonuniyatlar bugungi kunda ham dolzarb bo`lib qolmoqda.
Z.Akramov 1962-yilda Zarafshon vohasida olib borgan kompleks iqtisodiy-geografik tadqiqotlarining hosilasi sifatida respublikamiz iqtisodiy geograflari o`rtasida birinchi bo`lib «geografiya fanlari doktori» ilmiy darajasini olishga erishdi. Olim O`zbekiston Fanlar Akademiyasining Geografiya bo`limiga rahbarlik qilish bilan birga yosh geograf olimlarni tayyorlash ishiga ham katta hissa qo`shgan. Shu maqsadda ustoz Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O`zbekiston Milliy Universiteti) geografiya fakultetining iqtisodiy geografiya kafedrasida faoliyat olib borgan va
1966-1998-yillarda shu kafedraning professori bo`lgan.
1970-yildan
boshlab Z. Akramov O`zMU Geografiya fakultetining
iqtisodiy geografiya kafedrasiga mudir etib tayinlangan va 14 yil, ya’ni 1984-yilgacha
ushbu lavozimda faoliyat olib bordi. Olim universitetda faoliyat ko`rsatgan vaqtida
birinchilardan bo`lib nafaqat
oliy ta’lim, balki o`rta umumta’lim maktablari uchun mo`ljallangan «O`zbekistonning iqtisodiy geografiyasi» darsligini yozgan. Ushbu darslikning
keyinchalik to`ldirilgan
va uzoq yillar davomida maktablarda foydalanib kelingan qayta nashrlari hammualliflikda
yozilgan. Ammo shunday bo`lsa-da, Z. Akramovning nomi Respublikamizda iqtisodiy geografiyadan birinchi maktab
darsligini yaratgan ustoz-olim sifatida zamonlar osha qolaveradi. Shuningdek, Z.Akramov Mustaqillik sharofati bilan O`zbekiston Milliy universiteti geografiya fakultetida
1993-yilda tashkil etilgan «Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya» mutaxassisligi bo`yicha nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish maxsus kengashining birinchi raisi bo`lib, Respublikamizda yuqori malakali geograf mutaxassislar tayyorlash ishiga o`zining katta hissasini qo`shgan.
Z.Akramovning keng qirrali olim bo`lganligi uning yozib qoldirgan ko`p sonli ilmiy asarlaridan ham ma’lum. Ustoz 200 dan ortiq risola va ilmiy maqolalar muallifi.
Bu o`rinda iqtisodiy geografiya, qishloq xo`jalik geografiyasi va ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishga bag`ishlangan ko`plab risolalardan tashqari, tabiatni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va Orol dengizining ekologik muammolariga bag`ishlangan asarlarni ko`rsatish mumkin. Ular qatoriga «O`zbekistonda tabiiy resurslardan foydalanish, ularni saqlash va qayta tiklash muammolari», «Farg`ona vodiysi», «Tabiat imkoniyatlari va hayot»
(A. Xisomov bilan hammualliflikda), «Orolbo`yida ekologik muvozanatni tiklash», «Orol dengizi: hozir va kelajakda» va «Orol dengizining o`tmishi, hozirgi holati va kelajagi»
(professor A. Rafiqov bilan hammualliflikda) kabi ko`plab asarlar kiradi.
Z.Akramov keng miqyosli kompleks iqtisodiy-geografik tadqiqotlar olib borish
bilan birga dunyoning turli mamlakatlariga sayohat qilib, o`zining chet el safarlari davomida qiziqarli
tabiiy, iqtisodiy va siyosiy-geografik kuzatishlarni ham amalga oshirgan.
Olimning «Ispaniya sayohatidan lavhalar», «Yevropa bo`ylab», «Hindiston lavhalari», «Mustaqil Mag`rib mamlakatlarida
(Tunis, Marokash, Jazoir)» kabi yozgan asarlarida uning nafaqat sayyoh, ko`zi bilan ko`rganlari,
balki geograf-olim sifatidagi qiziqarli kuzatishlarining tahlili ham keltirilgan. Shunisi e’tiborga loyiqki, Z.Akramov o`zining
Yevropa safarida, jumladan, Fransiyaga «O`zbek Magellani» professor H.Hasanov
bilan birga borgan va Parijdagi Luvr muzeyi, Eyfel minorasi, Yelisey maydoni va
boshqa ko`zga ko`ringan me’moriy obidalar hakida qiziqarli taassurotlarni yozib
qoldirgan.
Olim o`zi sayohat qilgan mamlakatlarning
tabiati, xo`jaligi, aholisining turmush tarzi va asosiy mashg`ulotiga oid qiziqarli
ilmiy xulosalarni keltiradi. Ayniqsa, Z.Akramovning o`zi tashrif buyurgan
mamlakatlarning tashqi iqtisodiy va siyosiy aloqalariga oid ma’lumotlari
kishining e’tiborini o`ziga tortadi. Ana shunga ko`ra, ustozni XX asrning
60-70-yillaridayoq O`zbekistonda ilk bor siyosiy-geografik yoki hozirgi zamon
tili bilan aytganda geosiyosiy tadqiqotlarni amalga oshirgan dastlabki geograf
olim, deb aytish mumkin.
Z.Akramovning Respublikada ilm-fanni
rivojlantirishga qo`shgan hissasi munosib tatdirlangan. Olim bir guruh iqtisodchilar
bilan bir qatorda O`zbekistonda ishlab chiqarish kuchlarini oqilona hududiy
joylashtirish va respublika iqtisodiyotini kompleks rivojlantirish borasidagi
ilmiy tadqiqot loyihasi uchun 1977-yilda Beruniy nomidagi _O`zbekiston Davlat
mukofoti sovrindori bo`ldi. 1983-yilda esa Z.Akramovga «O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan
fan arbobi» faxriy unvoni berilgan.
Z. Akramov 2003-yil 8-mayda vafot
etgan. Olim uzining ijodiy hayoti davomida 30 ga yaqin fan nomzodi va fan
doktorlarining ilmiy ishlariga rahbarlik qilib, O`zbekiston iqtisodiy
geografiya maktabini yaratdi va uni rivojlantirishga katta hissa qo`shdi. Ustoz
asos solgan ilmiy maktabning vakillari hozirgi vaqtda vatanimizning turli
burchaklarida va iqtisodiyotning turli sohalarida mehnat qilib, uning boshlagan
ishlarini davom ettirib kelmoqdalar.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.