Oziq-ovqat sanoati 

7 702

  Bu sanoat dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash negizida shakllangan. Uning korxonalari geografik joylashuvini qayta ishlanadigan xomashyo xususiyati belgilaydi. Xomashyo tez buziluvchan va qayta ishlanganda chiqindi ko'p chiqadigan hamda olis masofaga tashishga chidamsiz bo'lgan holatlarda korxona xomashyo yetishtiradigan joyda joylashtiriladi (sabzavot, go'sht, konservalar, shakar ishlab chiqarish, meva sharbatlari tayyorlash). Endilikda oziq-ovqat sanoati korxonalari yuksak mexanizatsiyalashgan ishlab chiqarish tarmog'iga aylangan. O'tmishda faqat xomashyoga, ya'ni qishloq xo'jaligigagina bog'liq bo'lgan bu sanoat hozirda mashinasozlik, energetika va kimyo tarmoqlari bilan chambarchas bog'langan. Demak, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda xomashyo xarajatidan tashqari turli mashina, mexanizmlari va yoqilg'i xarajatlari hissasi tobora ortib bormoqda. Masalan, bug'doy oz mablag' evaziga yetishtirilsa-da, un tortish va non tayyorlash jarayonidagi (mashina mexanizmlarga, yoqilg'i-energetikaga) sarf-xarajatlar bois tayyor non bahosi 
o'zgarmasligi, va hatto, qimmatlashishi mumkin. 
  Un va yorma sanoati korxonalarida bug'doy qayta ishlanadi. Bug'doyni tashish un tashishdan birmuncha qulay. Ammo bug'doy yetishtiriladigan maydonlar iste'molchilar yashaydigan joy bilan deyarli yonma-yon joylashgani tufayli bug'doyni qayta ishlaydigan korxona (elevator)lar bug'doy yetishtirilayotgan joyda ham, yirik shaharlarda ham uchraydi. 
  O'zbekiston o'simlik moyi ishlab chiqaruvchi yirik davlatlar sirasiga kiradi. O'simlik moyi bizda asosan paxta tozalash zavodlarida ajratib olingan chigitdan olinadi. Endi yog'-moy ishlab chiqaradigan korxonalarning geografik joylashuviga e'tibor qarataylik. Bu korxonalarning barchasi avvalo xomashyoga yaqin joyda, qolaversa, aholi zich hududlarda joylashganini ko'ramiz. 
 Oziq-ovqat sanoatining yana bir muhim tarmog'i go'sht korxonalaridir. Hozirda transportning tezligi va maxsus muzlatgichlar go'shtning sifatini buzmay uzoq masofaga tashish imkonini bermoqda. Shuning uchun go'sht mahsuloti ko'p iste'mol qilinadigan Toshkent, Andijon, Namangan, Farg'ona, Ohangaron kabi shaharlarda yirik go'sht kombinatlari ishlamoqda. Non zavodlari, makaron, qandolat fabrikalari kabi korxonalar yirik aholi manzillarida joylashtiriladi. 
  Yaqin vaqtlargacha Samarqanddagi choy qadoqlash fabrikasi nafaqat mamlakatimizda, balki butun O'rta Osiyoda shu turdagi yagona fabrika edi. Endilikda choy Toshkentda ham qadoqlanmoqda. Ma'lumki, o'rta osiyoliklarning asosiy qismi ko'k choy iste'mol qiladi. Shunga ko'ra, bu yerda qadoqlanayotgan choyning 80 foizini ko'k choy tashkil etadi. Toshkent, Farg'ona, Samarqand va Buxoroda mineral suv tayyorlab idishlarga quyadigan maxsus zavodlar bor. Urgutda tamaki-fermentatsiya zavodi ishga tushirilgan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.