Kimyo sanoati 

14 181

  Kimyo sanoatining shakllanishi 1932-yili Sho'rsuv oltingugurt koni ishga tushirilishi bilan boshlandi. Uning mahsuloti ko'proq mashinasozlik (plastmassa, oyna), to'qimachilik sanoati (tola, bo'yoqlar), qishloq xo'jaligi (o'g'itlar, zaharli ximikatlar), transport (motor yoqilg'isi, surtish moyi, sintetik kauchuk), qurilish (yopishqoq plyonka, oyna, plastik) kabilarda ishlatiladi.
 Kimyo sanoati tarkibida mineral o'g'itlar ishlab chiqarish salmoqli o'rin egallaydi. Shuningdek, qishloq xo'jalik zararkunandalariga qarshi defoliantlar ham ishlab chiqariladi. U ko'plab tarmoqlarni xomashyo va materiallar bilan ta'minlar ekan, o'z navbatida boshqa tarmoqlardan energiya, jihozlar va transport vositalarini oladi. Kimyo sanoati gaz hamda paxta sanoati xomashyosini va rangli metallurgiya chiqindilarini qayta ishlaydi. Demak, kimyo sanoati tarmoqlararo ikki tomonlama aloqadorlikda bo'lib, ko'plab tarmoqlarning rivojlanishi va hududiy joylashishiga ta'sir ko'rsatadi. 
  Kimyo sanoati sifat jihatdan tabiiy mahsulotlardan ustun turuvchi sun'iy materiallar yaratadi. Bunday materiallar tufayli kishilar mehnati ham, qishloq xo'jaligi xomashyosi ham tejaladi.
  Masalan, kapron ishlab chiqarish uchun tabiiy ipak tayyorlashga qaraganda 20 barobar kam mehnat sarf qilinadi. Shuningdek, kimyo sanoati tufayli ishlab chiqarishni kombinatlashtirish istiqbollari yaraldi. Chunonchi, ko'mir, neft, gaz singari yoqilg'i xomashyolaridan energiya hosil qilishda ham, kimyo mahsulotlari (benzin, parafin) olishda ham foydalanilishi energetika-kimyo kombinatlari qurishga olib keldi. 
  Kombinatlashtirish - sanoatning texnologik jarayon jihatidan o`zaro bo`g`langan, ba`zan turli tarmoqlarga taalluqli bo`lgan bir qancha ishlab chiqarish korxonalarining bir korxonaga birlashtirilishidir.
  Kimyo sanoatining xomashyo bazasi boy va xilma-xil. U turli foydali qazilmalardan, ishlab chiqarish chiqindilaridan, yog'och, suv, hatto havodan foydalanadi. Turli xil xomashyolardan foydalanish imkoniyatining cheksizligi kimyo sanoati korxonalarini hamma joyda qurishga imkon beradi. Biroq kimyo korxonalari energiya va suvni ko'p ishlatishi, ayniqsa, tabiatga jiddiy salbiy ta'sir ko'rsatishi sababidan ularni hamma joyda ham qurish maqbul bo'lavermaydi. 
  Kimyo sanoatining yirik korxonasi - Chirchiq elektr-kimyo kombinati 1940-yilda ishga tushgan. Chirchiq elektr-kimyo kombinati dastlab havo tarkibidagi azotdan elektr energiyasi vositasida azotli o'g'it ishlab chiqargan. Buxoro viloyatida topilgan tabiiy gaz quvur orqali Chirchiqqa keltirilgach, kombinat gazdan xomashyo o'rnida foydalanadigan bo'ldi. Bu mahsulot ishlab chiqarishning keskin ko'payishi va tannarxning arzonlashishiga olib keldi. Kombinatda azotli o'g'itdan tashqari, magniy xlorit (g'o'za bargini to'kishda qo'llaniladigan kimyoviy modda) hamda plastmassa va sintetik tola olish uchun organik sintez mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. 
  Tabiiy gazdan azotli o'g'it va kimyoviy tola ishlab chiqaradigan zavodlar Farg'ona va Navoiy shaharlarida ham barpo etildi. 1946-yilda Qo'qonda, 1957-yilda Samarqandda superfosfat zavodi ishga tushdi. 1998-yilda Qizilqum fosforit kombinati ishga tushirildi. Unda 2,7 million tonna fosforit konsentrati olinadi. 
  Mamlakatimiz osh tuzi konlariga ham boy. Xo'jaykon, Borsakelmas, Boybichakon va Oqqal'a kabi konlarda 90 milliard tonna xomashyo bor. Olmaliqda yuqori sifatli ammofos ishlab chiqaruvchi zavod barpo etildi. Toshkentda Sovplastital, Angrenda rezina ishlab chiqaradigan kimyo korxonalari mavjud. 
  O'zbekistonda tabiiy gazdan yoqilg'i o'rnida ham, xomashyo o'rnida ham foydalanish samaralidir. Tabiiy gazdan kimyoviy tola ishlab chiqarish, Rossiya Federatsiyasidagidan 40-50 foiz arzonga tushadi. Gazli, Muborak, Uchqir, Odamtosh, Sho'rtan kabi tabiiy gaz konlaridan olinayotgan gaz yuqori kondensatliligi bilan ajralib turadi. Gaz kondensati organik sintezning asosidir. Uning har tonnasidan 50 kg sun'iy kauchuk, 150 kg plastik massa, 150 kg sun'iy tola, 100 kg erituvchi modda, 400 kg motor yoqilg'isi olish mumkin.
  Muborakda tabiiy gaz tarkibidagi oltingugurtni ajratib oladigan zavod qurildi. Rangli metallurgiya korxonalari chiqindisidan sulfat kislota olinadi. Popdagi rezina zavodida kalish, rezina quvurlar hamda mashina va mexanizmlar uchun turli xil rezina qismlar ishlab chiqarilmoqda. Jizzaxdagi zavodda esa polietilen plyonkalar hamda plastmassa quvurlar tayyorlanadi. 
  Qazib olinayotgan oltingugurt kolchedani, marganes, bariy, talk, ohaktosh singari minerallar kimyo sanoatining turli tarmoqlari ehtiyojini qondirmoqda. Lak-bo'yoq sanoati, sun'iy tola va to'qimalar (Farg'onada), sun'iy charm va sun'iy jun ishlab chiqaradigan zavodlar quvvati oshirildi. 
 Gidroliz korxonalari o'tgan asrning 50-yillarida qurila boshladi. Farg'ona furon birikmalari, Yangiyo'l biokimyo, Andijon gidroliz zavodlarida asosiy xomashyo - chigit sheluxasi, sholi qobig'idan texnik etil spirti, furfurol, ozuqa achitqilari (xamirturush) kabi mahsulotlar ishlab chiqarilgan. 90-yillar boshidan bu zavodlarda g'alladan etil spirti ishlab chiqarila boshlandi. 
  Natijada oziq-ovqat, tibbiyot, atir-upa va boshqa sanoat tarmoqlariga zarur spirtni chetdan keltirishga barham berildi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.