O`rmon sanoati (Yog`ochsozlik)
O'rmon sanoati yog'och tayyorlash va
yog'ochni qayta ishlash tarmoqlariga bo'linadi. Yog'ochni qayta ishlash
hunarmandchilik turi sifatida qadimdan ma'lum. Hunarmandlar yog'ochga ishlov
berib undan arava, egar, panjara, sandiq, eshik, beshik, rom kabilarni
yasashgan, uylar qurishgan.
Yog'ochsozlik yillar davomida
takomillasha borib, undan yangi-yangi sanoat tarmoqlari vujudga keldi. Ayniqsa
yog'ochni kimyoviy qayta ishlash tufayli yog'ochsozlikda tub (inqilobiy)
o'zgarish yasaldi.
Mamlakatning yog'och-taxta
xomashyosiga bo'lgan yillik ehtiyoji 10 mln m kubdan ortmoqda. Ammo yog'och
xomashyosi bo'ladigan tabiiy o'rmonlar bizda nihoyatda cheklangan. Shu bois har
yili millionlab nihol ekiladi, «ko'kalamzorlashtirish oyligi» o'tkaziladi. O'rmonlar barpo etish va
yog'och boyliklaridan oqilona foydalanish bilan maxsus o'rmon xo'jaliklari
shug'ullanadi. Respublikamizda 100 ga yaqin o'rmon xo'jaligi korxonalari,
qo'riqxonalar va milliy bog'lar bor.
O'rmon sanoati mahsulotlaridan
mashinasozlik, kimyo sanoati, yengil sanoat, transport va qurilishda
foydalaniladi. O'z navbatida o'rmon sanoati ham boshqa tarmoqlardan laklar, bo'yoqlar (mebel ishlab
chiqarish uchun), soda, natriy, oqartiruvchi ximikatlar (qog'oz tayyorlash
uchun), avtomashinalar, traktorlar, stanoklar (yog'och tayyorlash va ishlov
berish uchun) oladi. Boshqacha qilib aytganda, o'rmon sanoati bilan boshqa
tarmoqlar orasida keng tarmoqlararo aloqalar mavjuddir.
Mustaqillik yillarida Toshkent
duradgorlik buyumlari zavodi, quyoshdan himoya uskunalari zavodida esa
plastmassadan deraza romlari ishlab chiqaradigan sex, Asakada duradgorlik
buyumlari zavodi ishga tushirildi. Toshkentda O'zbekiston-Gretsiya qo'shma
korxonasi «O'z Ellas» gugurt zavodi mahsulot bera boshladi. Ammo yog'och
xomashyosi tanqisligi sanoatga jiddiy qiyinchilik tug'dirmoqda. Vazirlar
Mahkamasining 1994-yil 8-fevraldagi «Sanoat terakchiligini rivojlantirish
va boshqa tez o'suvchi yog'ochbop daraxtlarni barpo etishga oid chora-tadbirlar
to'g'risida»gi maxsus qarori o'rmon sanoatida keskin o'zgarish yasadi. Qarorga
muvofiq terakzorlar maydoni har yili 10 ming gektarga kengaymoqda. Yaqin
kelajakda har yili 5 mln m kub sanoatbop yog'och tayyorlanadi. Yog'och
tayyorlash korxonalari taxta tilish zavodlariga g'o'la yog'och yetkazib beradi.
Tilingan yog'och - taxta-mebel sanoati uchun xomashyodir. Yog'och tayyorlash va
yog'ochsozlik chiqindilari (shox-shabba, qipiq, payraxa, po'stloq)dan
o'rmon-kimyo sanoatida spirt, moylar, bo'yoqlar ishlab chiqariladi. Shu sababli
o'rmon-kimyo kombinatlari qurish o'ta samaralidir. Yog'och xomashyosi taqchil
O'zbekistonda chiqindilarni to'la qayta ishlaydigan yog'ochsozlik kombinatlari
ayniqsa o'ta muhim.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.