O‘zbekiston mustaqilligi davrida turizmning yangi yo‘nalishlari va ularning istiqbollari 

4 384

Mamlakatimiz Birinchi Prezidenti I.A.Karimov "Jamiyatni ma’naviy yangilashdan ko‘zlangan bosh maqsad–yurt  tinchligi,  Vatan ravnaqi, xalq erkinligi va farovonligiga erishish, komil insonni tarbiyalash, ijtimoiy hamkorlik va millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik kabi ko‘p-ko‘p muhim masalalardan iborat”, – deb mustaqillik jarayoni haqida fikr bildirgan. Bunda turizm, ayniqsa, xalqaro turizmning o‘ziga xos xususiyatlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, ijtimoiy-madaniy turmush sharoitlari davlat tasarrufidagi ko‘p sohalar, boshqaruv organlari faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi. Ayniqsa, iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy jarayonlar uning asosini tashkil etadi. Fan, sog‘liqni saqlash, ta’lim, jismoniy madaniyat va sport kabi eng muhim sohalar insoniyat uchun eng zarur hayotiy tadbirlar sirasiga kiradi.
O‘zbekiston mustaqilligi yangi yo‘nalishdagi va o‘z istiqbolidagi ijtimoiy-madaniy hayotga yo‘l ochdi. Shu asosda deyarli barcha sohalarda tub islohotlar jadallik  bilan olib borilmoqda. Ta’lim, kadrlar tayyorlash, sog‘liqni saqlash tizimi, madaniyat va boshqa sohalardagi islohotlar o‘zining ijobiy va samarali natijalarini bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasining "Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonunida (12-modda) belgilanganidek, "Sanatoriy-kurort muassasalarida, dam olish uylari va turistik bazalarda jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish ishlari” muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlardan biridir. Shu sababdan "Barcha sanatoriy-kurort muassasalarida, dam olish uylari va turistik bazalarda jismoniy tarbiya moddiy bazasi hamda yakka tartibda va guruh bo‘lib o‘tkaziladigan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari uchun shart-sharoit yaratiladi”, – deb alohida ta’kidlangan.  Buning boisi shundaki, sayohatlar sog‘lomlashtiruvchi jismoniy tarbiya vositalarining muhim tarkibiy qismidir.
Aholining barcha qatlamlarida sog‘lomlashtirish, hordiq chiqarish va ko‘ngil ochish tadbirlarini yanada keng yoyish, bunda sayr-sayohatlarni (turizm) maqsadli tashkil qilishga katta e’tibor berilmoqda. Buyuk  kelajak  avlodlarini tarbiyalab  yetishtirish, ularning ma’naviy va jismoniy kamolotini oshirishda sayohatlarning barcha turlari hamda shakllaridan keng foydalanish ko‘zda tutilmoqda.
O‘zbekistonning mustaqilligi xalqaro madaniy-ma’rifiy aloqalarni kuchaytirish hamda ularning ko‘lamini kengaytirishni taqozo etmoqda. Xalqaro madaniy aloqalar mazmunida tarixiy shaharlar, avlod-ajdodlardan meros bo‘lib qolgan turli xil obidalar, zamonaviy koshonalar,  muzey, teatr, sport  inshootlari, aholi istiqomat qiluvchi joylari muhim o‘rinlarni egallaydi. Shu sababdan bu sohalarni yangilash, ta’mirlash, sayqal va zeb berish, ayniqsa, sayohatchilar va mehmonlarga turistik xizmatlarni yaxshilash talab darajasida bo‘lmog‘i zarur. Ana shunday keng qamrovli ijtimoiy-tarbiyaviy jihatlarni tashkil qilish va uyushtirish maqsadida Respublikada "O‘zbekturizm” kompaniyasi tashkil etildi (1995-yil).
Uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilganligini eslatish lozim:
1. Aholining madaniy dam  olishlari va sayohat  qilishlarini ta’minlash.
2. Qadimiy buyuk iрak yo‘li o‘tgan shaharlarga aholining sayr-sayohatlar qilishiga shart-sharoitlar yaratish.
3. Ulug‘ allomalar xotirasiga bag‘ishlab qurilgan maqbaralar, yodgorlik maskanlari va hokazolarga ziyorat qilish uchun sayohatlar uyushtirish.
4. O‘quvchi-yoshlarning tarixiy yodgorliklarni sayohatlar orqali o‘rganishi va sayr qilib, dam olishlarini ta’minlash.
5. Xalqaro turizmni rivojlantirish, chet mamlakatlarga sayohat qilish, chet eldan keladigan sayohatlar guruhini ko‘paytirishga alohida e’tibor berish.
6. Tijorat, o‘zaro hamkorlik va boshqa maqsadlarda sayohat tadbirlaridan keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish.
7. Turizm bo‘yicha madaniy xizmatlarni kengaytirish, ularga yoshlarni jalb etish va mutaxassis kadrlar tayyorlash ishlarini jadallashtirish va hаkazolar.
Ta’kidlash zarurki, mustaqillik sharoitida sayohatlarga bo‘lgan talablar avvalgi davrlardagi turizmdan keskin farq qilmoqda. Bular o‘z navbatida Respublikada turizmni rivojlantirishning yangi yo‘nalishlari hamda shakllarini ochib bermoqda. Bunday jarayonlarni yanada rivojlantirish masalalari Respublika hukumatining diqqat-markazida turibdi. Buni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 15-apreldagi "2005-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish Davlat dasturi to‘g‘risida” va 1999-yil 30-iyundagi "O‘zbekistonda turizm uchun malakali kadrlar tayyorlash to‘g‘risida”gi Farmonlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekistonda turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” 1999-yil 2-iyuldagi 324 sonli Qarori va boshqalarda ko‘rish mumkin. 1999-yil 2-iyuldagi qaror asosan mamlakatda turizm bo‘yicha zamon talablari darajasida mutaxassis kadrlar tayyorlaydigan maxsus ta’lim muassasalarini yaratish hamda shu asosda turizmning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash va uning samaradorligini yanada oshirish maqsad qilib qo‘yilgan. Shunga ko‘ra:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi "O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi bilan birgalikda 1999-yil 1-avgustga qadar tuzilgan rejalari amalga oshirilib, ya’ni:
Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti tarkibida xalqaro turizm fakulteti faoliyat ko‘rsatib turibdi.
Toshkent shahar mehmonxona xo‘jaligi va turizm litseyi negizida Toshkent turizm kasb-hunar kolleji tashkil qilindi.
2. Toshkent Madaniyat institutidagi turizm fakultetiga rejalashtirilgan qabul (80 ta) Toshkent Davlat Iqtisodiyot universitetiga o‘tkazilsin, degan ko‘rsatmalar amalga oshirildi.
3. Termiz, Shahrisabz, Samarqand shaharlarida turizm kasb-hunar kollejlari tashkil etildi.
Ushbu qaror (5-band)da ko‘rsatilishicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligi, "O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi, "O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi turizm sohasidagi ta’lim muassasalariga har tomonlama yordam berishlari ta’kidlangan. Bunday ma’muriy va tashkiliy ishlarni bajarishdan maqsad shundaki, Respublikada turizm xizmatlari hamda ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan  amaliy  faoliyatlarni yuqori  darajaga ko‘tarishdan iboratdir. Bu bilan yurtimiz shon-shuhratini jahonga tanitishdagi faoliyatlarda turizm muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qilishi ko‘zda tutilganligini bilish va anglash qiyin emas, albatta. Respublikaning barcha ijtimoiy-madaniy salohiyatlarini yuqori darajaga ko‘tarish, ayniqsa, aholi o‘rtasida turizmni ommalashtirish asosiy tadbirlardan biriga aylanmoqda. Shu jihatdan uni huquqiy kafolatlash davri yetib keldi. Buni esa O‘zbekiston Respublikasining "Turizm to‘g‘risida”gi Qonuni (1999-yil 20-avgust) misolida ko‘rish mumkin. Bu qonun 22 moddadan iborat. Ularning ba’zi bir o‘ta muhim jihatlarini namuna tariqasida keltiramiz:
1-modda. Ushbu qonunning maqsadi turizm sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, turistik xizmatlar bozorini rivojlantirish, shuningdek, turistlar va turistik faoliyat subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
3-modda. Asosiy tushunchalar. Turizm–jismoniy shaxsning doimiy istiqomat joyidan sog‘lomlashtirish, ma’rifiy, kasbiy-amaliy yoki boshqa maqsadlarda borilgan joyda (mamlakatda) haq to‘lanadigan faoliyat bilan shug‘ullanmagan holda uzog‘i bilan bir yil muddatga jo‘nab ketish (sayohat qilish): turist – O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab yoki boshqa mamlakatga sayohat qiluvchi (doimiy istiqomat joyidan turizm maqsadida jo‘nab ketgan) jismoniy shaxs.
Ekskursiya faoliyati – turistik faoliyatning tarixiy yodgorliklar, diqqatga  sazovor joylar va boshqa  obyektlar bilan  tanishtirish maqsadida oldindan tuzilgan  yo‘nalishlar  bo‘yicha ekskursiya yetakchisi hamrohligidagi 24 soatdan oshmaydigan ekskursiyalarni tashkil etishga doir qismi.
11-modda. Turistik sayohat va turistik xizmatlar majmuyi. Turistik sayohat yakka tartibda yoki turistik guruh tarkibida amalga oshiriladi. Turistik xizmatlar majmuyi transport xizmati ko‘rsatishni, yashash, ovqatlantirish, ekskursiya xizmati ko‘rsatish, madaniy, sport dasturlarini tashkil etish va boshqa xizmatlarni o‘z ichiga oladi.
Qonunning boshqa moddalarida turistlar va turistik tashkilot larning huquqlari, vazifalari, turli xil shartnomalar va ular bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyatlar o‘z ifodasini topgan. Mazkur qarorlar va qonun asosida uyushtiriladigan turizm asosan davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan tadbirlardir. Bular asosan yo‘llanma (путевка) va ruxsatnomalar (лицензия) orqaligina amalga oshiriladi va turli xil ulovlarda (samolyot, poyezd, avtobus, yengil mashinalar va hokazolar) yurish orqali amalga oshiriladi.
E’tirof etish lozimki, jahondagi juda ko‘p mamlakatlarda, ayniqsa, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida (MDH) turizmning bu shakllari bilan bir qatorda havaskorlik turizmi (piyoda yurish, toqqa chiqish, transportlarda yurish, daryo, ko‘llar va hokazolarda sayr qilish) ham asosiy hisoblanadi. O‘zbekistonda havaskorlik turizmining shakllanishi va uning rivojlanishida kasaba uyushmalari tashkilotlari g‘amxo‘rlik qilib kelganligi yuqorida bayon etildi. Lekin mustaqillik davrida havaskorlik turizmi shaklan va mazmunan o‘z kuchini qisman pasaytirdi. Buning obyektiv va subyektiv sabablari bor, albatta. Ya’ni moddiy  ta’minot, transport, jihozlar, xavfsizlikni saqlash, tashkiliy va xo‘jalik ishlari hamda boshqa ko‘p muammolar vujudga keldi. Shunga qaramasdan aholining salomatligini yaxshilash, o‘quvchi-yoshlarning jismoniy kamolotini ta’minlash yo‘lida turizmning o‘rni va mohiyati yo‘qolgan emas. Bular davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan e’tirof etilmoqda. Bunday ijtimoiy-madaniy va tarbiyaviy jarayonlarni amalga oshirish maqsadida "Alpomish” va "Barchinoy” maxsus testlari majmuyi ishlab chiqilib, u 2000-yil 1-martdan boshlab amalga oshirib kelinmoqda. E’tiborli tomoni shundaki, bunda barcha yoshdagi (6 yoshdan 60 yoshgacha) kishilar uchun  mo‘ljallangan sinov  me’yorlar tarkibida sayr-sayohatlar (piyoda yurish) o‘rin egallagan. Ularni namuna qilib ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir:
1. Boshlang‘ich sinf (I-IV) o‘quvchilari uchun dam olish kunlarida 2–5 km masofalarga sayr (ekskursiya) tashkil qilish, piyoda yurish bilan atrof-muhitni kuzatish, tanishish.
2. V-VII sinf o‘quvchilari bilan ta’til paytlarida 10–12 km masofalik joylarga sayohat tashkil qilish yoki o‘quv yili davomida kamida 2–3 marotaba 3–5 km masofaga sayohat qilish. Bunda turistik sharoitlar, jihozlar, chodir o‘rnatish malakalarini oshirish.
3. VIII-IX sinflarda dam olish kuni sayohatlarini (yil davomida 2–3 marotaba) o‘tkazish va 20–25 km uzoq masofalarga piyoda yurish. Chodir o‘rnatish, kompas va boshqa vositalar orqali chamalab topish, madaniy dam olish va hokazolarni o‘rganish.
4.  Akademik-litseylar  (yuqori sinflar),  kasb-hunar kollejlari o‘quvchi-yoshlari hamda Oliy ta’lim muassasalarining talabalari tunab kelish sayohatida qatnashishlari, turistik texnika bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etish va boshqa talablarni bajarishlari ko‘zda tutilgan.
5. O‘rta va katta yoshdagi kishilar ham dam olish kunlari hamda tunab kelish sayohatlarida faol qatnashishlari tavsiya etilgan.
Maxsus testlardagi turistik talablar va sinov me’yorlari shug‘ullanuvchi yoki qatnashchilarning yoshi, jismoniy tayyorgarligi, jinsi hamda sayohatlarga qiziqishlarini e’tiborga oladi. O‘z navbatida ularning jismoniy jihatdan rivojlanishi, salomatlikni yaxshilash, chiniqish  kabi  sifatlar hamda  o‘zaro  hamkorlik,  do‘stlik, o‘lkani o‘rganish bilan Vatanga mehr-muhabbat, sadoqat, ekologik muhitni saqlashga  ko‘maklashadigan nazariy  bilim hamda amaliy ko‘nikmalarni yanada mustahkamlash, ularni boyitish fazilatlari ham mujassamlashtirilgan.
Xulosa qilib aytganda, turizm Respublikamiz aholisining ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini yanada mustahkamlashga ma’lum darajada o‘z hissasini qo‘shmoqda. Bu yo‘lda Respublikamiz Prezidenti va hukumati tomonidan olib borilayotgan turli-tuman tadbirlar, bevosita g‘amxo‘rliklar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
E’tirof etish kerakki, Islom dini olamida haj safarlari, ziyorat qilish, ulug‘ allomalarni eslash kabi jihatlar ancha ustun turadi. Bunday mo‘tabar tadbirlarni o‘tkazishda yurtimiz fozillari, ulamolari va turli sohadagi kishilar faol ishtirok etmoqda. Samarqanddagi tarixiy yodgorliklar, ayniqsa, Amir Temur maqbarasi, Shohizinda, Bibixonim, Registon, Xo‘ja Ahror, Imom al Buxoriy kabi ulug‘ zotlarning ziyoratgohlari, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Toshkent kabi shaharlardagi tarixiy-madaniy yodgorliklar faqat O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo xalqlarinigina emas, hatto Arab mamlakatlari, AQSH, Yaponiya, Germaniya, Fransiya, Angliya va jahondagi juda ko‘p davlatlarning diqqatini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘z navbatida yurtimiz aholisi haj qilish maqsadida Saudiya Arabistoni va boshqa arab mamlakatlariga sayohat qilishi yaxshi yo‘lga qo‘yildi.
Ziyolilar, yirik mulkdorlar, tijoratchilar va o‘quvchi-yoshlar, talabalar ham xizmat yuzasidan turli sayohatlarda faol ishtirok etmoqda. Bu jihatdan olib qaraganda sobiq Sovetlar davridagi turizmdan hozirgisi ancha boy, keng qamrovli, buyuk maqsadlar yo‘lida yangilanib borayotgan, oldingidan keskin farq qiluvchi sayohatlardir.
O‘quvchi-yoshlar va mehnatkash aholining sevimli sayohatlaridan biri piyoda yurish, toqqa chiqish, ot va boshqa ulovlarda go‘zal manzarali tabiat qo‘ynida sayohat qilish kabi faoliyatlar ham yangi shakl va mazmunga ega bo‘lib, ular ham ommalashmoqda. O‘quvchi-yoshlar va talabalarning yozgi  sog‘lomlashtirish va dam  olish oromgohlaridagi sayohatlari o‘ziga xos mazmunga ega bo‘lmoqda.
Aholining salomatligini yaxshilash, o‘quvchi-yoshlarning jismoniy barkamolligini tarbiyalashda turizm o‘z mavqeyi va maqomiga erishmoqda. Bu jihatlar "Alpomish” va "Barchinoy” maxsus testlari majmuyida o‘z ifodasini topganligi muhim ahamiyatga egadir.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.