Oltinsoyni bilasizmi? 

4 530

  Oltinsoy – Navoiy viloyati Xatirchi tumani hududidagi qishloqning  nomi. XIII  asrning  birinchi  choragida (1220-yil) Buxoro  va  Samarqandga  Chingizxon  boshliq  mug`ullar  xujum  qilganlar. Avval  Nur  shahri,  so`ngra  Buxoro  va  Karmana  qo`lga  olindi. Samarqand  bilan  Buxoro  yo`lidagi  Dabusiya  qal`asi  mug`ul  lashkarlariga  mardona  qarshilik   ko`rsatdi, so`ngra  ro`yi  zamining  sayqali  Samarqand  110  ming  jangchi  bilan  3 hafta  mobaynida  mudofaada  turdi.

  Afrosiyob  yaqinidagi  jangda  g`olib  chiqqan  bo`lsada,  sillasi  qurigan  Chingiz  lashkarlari  tezda  o`zini  o`nglab  olib,  qarshi  xujumga  o`tdi. Kuchlar  teng  emas  edi. Shunday  bo`lishiga  qaramay  kindik  qoni  to`kilgan  tuprog`ini  so`nggi  nafasigacha  himoya  qilishga  qasamyod  qilgan  vatanparvarlar  bor  kuchlarini  Oqdaryo  va  Qoradaryo  tutashgan  joyda  to`plab,  uzil-kesil  jang  qilishga  qaror  qildilar. Pahlavonlarning  sherdek  na`rasi, qon   hididan   hurkigan  otlarning  o`rtanib  kishnashi,  chang-to`zon  yeru  ko`kni  tutdi.  Shu  tariqa  Faraxin  qal`asi  ham  (Navoiy viloyati Xatirchi tumani  markazining  XVII  asrgacha  bo`lgan  nomi,  hozir  ham  shu  nomdagi  mahalla  mavjud)  qo`ldan  boy  berildi. 

  Jangchilar  toqqa  chekinishdi.  Endilikda  ular  eng  so`nggi  tayanchlari – qal`aga  kirib  olib,  bir  tomchi  qonlari  qolgunicha  dushman  bilan  kurashishga  ahd  qiladilar.  Qal`ani  qamal  qilgan  Chingizxon  qo`shinlari  har  daf`a  xujumga  ko`tarilganda,  ularni  uchiga  qalayidan  nayza  qilingan  o`q-yoy  va  olov  kutib  olardi. Qal`ani  mudofaa  qilayotganlar  bir  oydan  ziyod  qamalga  bardosh  berdilar.  Lekin  qalayi  tamom  bo`lgach,  yoyga  o`q  nayza  yasashga  ma`dan  izlash   tashvishi  boshlandi.  Daf`atan  topilgan  ma`danni  eritib,  nayza  o`q  yasashga  kirishiladi.  Bu  ma`dan – sof  oltin   edi.  Istilochilarga  o`lim  eltayotgan  yoyning  o`q-nayzasi  sof  oltindan  ekanligini  ko`rgan  bosqinchilarning  jazavasi  ortib, ularning  safi  kun  sayin  ko`paya  boradi.  Ikkinchi  oyga  o`tib,  ular  qal`ani  zabt  etib,  so`nggi  jangchilarni,  keksayu-yosh  qilichdan  o`tkazadilar. Oltin  topilgan  soydan  qimmatbaho  ma`dan  qazib  olishni  yo`lga  qo`yadilar. Shundan  buyon  bu   qishloqning  nomi  «Oltinsoy» deb  ataladi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.