K - harfiga oid izohli lug`atlar 

19 549

Kaatinga -  Braziliya yassi tog`ligidagi San-Fransisko daryosi havzasida keng tarqalgan quruq, juda siyrak bo`tazor o`rmon­lar. Katingalar tropik chala cho`llar landshaft tipiga kiradi. O`simlik qoplamida kaktus va sutlamalar oilasiga kiruvchilar ko`p tarqalgan. Kaatinga yaylov chorvachiligida foy­dalaniladi.

Kabir (arabcha katta) - geogra­fik nom va atamalar tarkibiy qismi sifatida qo`llaniladigan so`z: Sahroi Kabir - «Katta cho`l».

Kabisa yili - 366 kunlik yil. Tropik yil 365, 2422 sutkaga teng. Mana shu farqni hisobga olib, Grigoriy kalendarida har to`rtga bo`linadigan yil (4, 8, 12... 72, 76, 80..) va 1700, 1800 kabi yillardan yuzliklarning soni to`rtga bo`linadiganlari (1600, 2000) kabisa yili bo`lib, 366 kunga teng. 

Kabisa yili  Yer Quyosh atrofini 365 sutka va 6 soatda bir marta to`liq aylanib chiqadi. Hisobga to`g`rib o`lsin deb bir yili 365 kun deb qabul qilingan. Shundan har yili 6 soatdan yig`ilib, bir yilda 24 soat, ya`ni, bir sutka bo`ladi. Shuning uchun har uch yilda to`rtinchi yil 366 kundan iborat bo`ladi, bu yil kabisa yili deb aytiladi. 

Kabotaj - bir mamlakatning portlari orasida kema qatnovi. Kabotaj ikki xil bo`ladi: katta kabotaj - turli dengizlarda joylashgan portlar orasida kema qatnovi; ki­chik kabotaj - bir dengizda joylashgan portlar orasida kema qatnovi. Kabotaj– bir mamlakat ichidagi portlar orasida kemalar qatnovi.

Kavir - O`rta Osiyo janubi va Erondagi sho`rxok cho`llar. Reylefning botiq shakllarida bo`ladi. Cho`l nomlari tarkibida ham uch­raydi: Dashti Kavir.

Kadastr (fransuzcha kada­stre - aholini ro`yxatga olish) - biron ob’yektni davriy yoki muntazam ravishda kuzatish yo`li bilan to`plangan ma’lumotlar majmui. Oliq-soliq kadastri (soliq solish uchun aholini birma-bir ro`y­xatga olish), suv kadastri, yer ka­dastri va h. k.

Kaynozoy erasi, kaynozoy (yunoncha, kaynos - yangi, zoye - hayot) - Yer geologik tarixining eng yangi erasida paydo bo`lgan yoqiziqlar. 60-70 mln. yil davom etgan. Uchta davrga bo`linadi: paleogen, neo­gen va antropogen (to`rtlamchi).

Karrali yulduzlar – osmon sferasida bir-biriga nisbatan yaqin joylashgan ikki va undan ortiq yulduzlar.

Kasanachilik tuzilgan mehnat shartnomasiga muvofiq jismoniy shaxs kasanachining yashash joyi bo`yicha yoki unga yoki uning oila a`zolariga tegishli boshqa binolarda ish beruvchining buyurtmlari bo`yicha kasanachi tomonidan amalga oshirilayotgan ishni anglatadi.

Karst– so`zi janubiy slavyan tilida "qoya", "tosh" degan ma`noni beradi. U Istriya (Xorvatiya) yarim orolining shimoli-sharqida joylashgan va ohaktoshlardan tashkil topgan Karst nomli plato nomidan olingan. Bu yerda karst jarayonlari keng tarqalgan va dastlab shu yerda o`rganilgan. 
  Karst (Yevropadagi Karst platosi nomidan), karst hodisasi - suvda yaxshi eriydigan tog` jinslari (ohaktosh, dolomit, bo`r, gips, toshtuz)da ro`y beradigan va bu jinslarning erish jarayoni bilan bog`liq bo`lgan hodisa; oqibatda tog` jinslarida bo`shliqlar, g`orlar, yer yuzasida esa voronkalar, o`pirilmalar, chuqurliklar paydo bo`ladi. Bunday joylarda daryolar yer ostiga kirib ketadi va bir qancha masofadan so`ng yana yer yuzasiga chiqadi. Karst Qrimda, Rossiya tekisligining bir qancha joylarida, Kavkazda, Ural va O`rta Osiyoda uchraydi.
Karst dalalari - bir-biriga qo`shilib ketgan karst vannalari, voronkalari. Odatda tog` jinsla­ri qatlamlari bo`ylab chuzilib ketadi. Tagi tekis, yonbag`ri tik bo`ladi. G`ovak gil jinslar tagida to`planib, unumdor tuproq hosil qiladi, yaxshi ekinzor bo`ladi.
Kartografik metod - geogra­fik ob’yekt, hodisa va jarayonlarni xaritalar yordamida o`rganish va tahlil qilish. Geografik tadqiqotlarda kartografik metod yordamida ob’yekt, komponent, hodisa va jarayonlarning hududiy tarqalishi, o`zaro aloqasi, rivojlanishini aniqlash mumkin. Bu metod ayniqsa ayrim komponentlarni (relyef, iqlim, tuproq va o`simlik­lar) o`rganishda muhim ahamiyatga ega.
Kartografiya - geografik xaritalar, xarita tuzish va undan foy­dalanish to`g`risidagi fan. Quyidagilar kartografiyaga kiradi: 1) kartashunoslik - xaritalar ta­rixi va ularning taraqqiyoti; 2) matematikaning tasvirni shar yuzasidan yassi yuzaga ko`chirish usulini o`rganadigan maxsus bo`limi; 3) originallar tuzish usuli; ke­yinchalik bosmaxonada ana shu originallardan xarita ko`paytiriladi.
Kartometriya - turli ob’yektlarning maydoni, hajmi va b. o`lchamlarini xaritalarga qarab o`lchash usullarini o`rganadigan fan. Davlatlar, okeanlar, havzalarning maydonlarini, dengizlarning qirg`oq chizig`i, daryolarning uzunligini, yer maydoni ko`lamini aniqlashda ishlatiladi.
Kartosxema - odatda karto­grafik tur ishlatilmaydigan va katta aniqlik talab qilinmaydigan xarita. Sxematik tasvirlash kartosxemada tasvirlangan voqea (hodisa) haqida yaqqol umumiy tasavvur berishga va uning muhim tomonlarini ta’kidlab ko`rsatishga imkon beradi.
Kaskad (fransuzcha kaskade - shiddat bilan tushmoq) - zinapoyaga o`xshab tushadigan qator sun’iy yoki tabiiy sharsharalar. Gidroelektrostansiyalar kaskadi - bir daryoda joylashgan bir qancha elektrostansiyalar. Bunday GESlar qo`shimcha elektr energiya olishga yordam beradi.

Kartografik to`r – geografik meridianlar va paralellarning xaritada jadval asosida tasvirlanishi.

Kaskadlar– tez oquvchi daryolardan elektr stansiyalarni ketma-ket qurilishi.

Kaledon burmalanishi - ilk paleozoy bilan O`rta paleozoy boshlarida burmalar, tog`lar paydo bo`lishi va magma otilib chiqishi. Ikkiga bo`linadi: erta kaledon burmalanishi bosqichi ordovik oxiri - silur boshlari; kech kaledon burmalanishi bosqichi silur oxiri - devon boshlari. Grenlandiya, Britaniya orollari, Skandinaviya, Markaziy Qozog`istonning g`arbiy qismi, Shimoliy Tyanshan, Oltoy, G`arbiy Sayan, Shimoliy Mongoliya, Janubi-Sharqiy Xitoy va Sharqiy Avstraliya kaledonidlari (tog`lari) kaledon burmalanishida paydo bo`lgan tog`lardir.
Kaliyli tuzlar - tarkibida kaliy bo`lgan va suvda tez eriydigan minerallardan (silvin, kar­nallit, kannit va b. lardan) iborat cho`kindi tog` jinslari. Tarki­bida 10-15% kaliy bo`lgan kaliy tuz konlari sanoat ahamiyatiga ega bo`ladi. Kaliy tuzlardan, asosan, o`g`it tayyorlanadi. Konlari: Ural (Solikamsk), Orenburg, G`ar­biy Ukraina, Qozog`iston, GFR, AQSh, Kanada, Polsha va b.

Kaldera (ispancha kaldera - doshqozon) - vulkan tepasidagi cho`zinchoq yoki yumaloq chuqurlik. Diametri 10-20 km gacha chuqur­ligi bir necha yuz m gacha bo`ladi. Vulkan bo`g`zidan gaz portlab, oti­lib chiqishi yoki vulkan so`ngandan keyin g`ovak jinslarning o`pirilib tushishi oqibatida paydo bo`ladi.

Kamalak - atmosferadagi optik hodisa. Bir yoki bir necha rang-barang katta yoylar. Yomg`ir yog`ayotgan bulut tomonda suv tomchilariga quyosh nuri tushib sinishidan hosil bo`ladi. Doimo quyoshdan teskari tomonda ko`rinadi. Kamalak ranglari quyosh spektrining ranglaridan iborat.
Kamar - 1) jarlik, daryoning tik tushgan chuqur, suv aylanib oqadigan joyi, pastlik yerni o`rab turuvchi qirlar, qirdagi uzun cho`­zilgan do`nglar. Joy nomlari si­fatida ham uchraydi. Masalan, Kamar qishlog`i (Ohangaron vodiysida); 2) tog`lardagi tokchasimon o`yiq joy.
Kamgak – tog` yonbag`ridagi o`yiq, ungur, botiq, tog` yo`lak.
Kampos (portugalcha kampos - tekislik) - Braziliya tog`ligidagi savannalar nomi.

Kamsuvlik - daryolarda suv oqimining eng kamaygan davri. O`rta Osiyodagi katta daryolarda kamsuvlik kuz oylariga to`g`ri keladi, past tog`lardan boshlanuvchi daryolar bahorda qor yog`ib, yomg`ir ko`proq yog`adigan davrdan boshsa hamma vaqt kamsuv bo`ladi.

Kanallar - suvni bir joydan ikkinchi joyga olib borish uchun qurilgan katta ariqlar. Kanallar bir necha turga bo`linadi: 1) kema qatnaydigan kanallar 2) energetika kanallari; 3) irrigatsiya kanallari; 4) quritish yoki drenaj kanallari; 5) vodoprovod kanallari; 6) yog`och oqiziladigan kanallar va h.k. yirik kanallar ko`pincha bir necha funksiyani bajaradi.

Kan`on (ispancha kanon - da­ra) – yonbag`irlari tik tagi tog` chuqur daryo vodiysi. Kolorado daryosidagi (AQSh) Katta Kan`on eng yirik kan`onlardandir (uzunligi 320 km, eng chuqur joyi 1800 m).
Kaolin, chinnigil - oq tus­li gil, asosan kaolinit mineralidan iborat; tarkibida dala shpati bo`lgan tog` jinslarining nurashidan hosil bo`ladi. Kimyo, to`qimachilik, qog`oz, rezina va sovun sanoatida to`ldiruvchi sifa­tida ishlatiladi; Kaolindan chinni ishlanadi.
Karrlar - karst taraqqiy etgan o`lkalarda uchraydyagan, chuqur­ligi bir necha sm dan 1-2 m gacha bo`lgan jo`yaksimon chuqurliklar. Qator-qator bo`ladi yoki tarvaqaylab ketgan xillari uchraydi. Karrlarni o`tkir qirralar ajratib turadi.

Kauchukli o`simliklar - to`qimalarida tabiiy kauchuk olish uchun ishlatiladigan sutshira - lateks ko`p bo`lgan o`simliklar (ge­veya, tovsag`iz, gvayula va b.).
Kashtan tuproqlar— dasht tuproqlari turi. Kashtan daraxti mevasi tusida (jigar rang) bo`lganligidan shunday ataladi. Aso­san, chalov va burgan o`sadigan dashtlarda yog`in yetarli bo`lmagan sharoitda rivojlanadi. Kashtan tuproqlar tarkibidagi chirindi (gumus) miqdoriga qarab, och kashtan, oddiy kash­tan, to`q kashtan xillarga bo`linadi. Qozog`iston, Janubiy Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Volga bo`ylari, G`arbiy Sibirning janu­biy qismida, Turkiya, Mongoliya, Shimoliy Xitoy, AQSh va Argentinada keng tarqalgan. Bunday yerlarda bug`doy, makkajo`xori, kungaboqar va boshqalar ekiladi.
Kvars - mineral. Oq, rangsiz, shishasimon yaltiroq. Tarkibi­da boshqa aralashmalar bo`lsa, tur­li rangda tovlanadi. Rangsiz, tiniq kristalli kvars tog` xrustali, binafsha ranglisi - ametist, kulrang yoki qo`ng`ir tusli shaffof xili - rauxtopaz, qora ranglisi - moreon, oltindek sariq ranglisi sitrin deb ataladi. Kvarslar qimmatbaho toshlar hisoblanib, zargarlikda ishlatiladi. Shuningdek optika, radiotexnika, o`tga va kislotaga chidamli asboblar tayyorlashda, tibbiyotda, oyna, kera­mika, abraziv sanoatida va qurilishda ishlatiladi. O`zbekistonda Chimyonda tog` xrustali, Chirchiqda kvarsli qumtosh konlari bor. 

Kollektor– neft, gaz va suvlarni saqlaydigan g`ovak va darz tog` jinslar. Kollektor osti va usti qismi gilli zich qatlam bilan o`raglan bo`ladi.

Kometa– dumli yulduz. Quyosh sistemasining osmonda tumanli dog` shaklida ko`rinib, yulduzlarga nisbatan sezilarli darajada harakat qiladigan jismlar. Ular Quyoshdan uzoqlashgani sari dumlari uzun bo`lib boradi.

Koma– Kometa yadrosi juda mayda, qattiq moddalardan va muzlagan, turli gazlardan iborat. Kometa quyoshga yaqinlashganda tashqi qismi erib bug`lana boshlaydi. Bug`langan moddalar kometa yadrosi atrofida gazsimon qobig` hosil qiladi – bu koma deyiladi.

Kompas– magnit meridianning yo`nalishini aniqlashda foydalaniladigan asbob.

Kon– yer po`stining ma`lum maydonida tabiiy holda to`plangan va ishlab chiqarilishi iqtisodiy tomonlama foydali bo`lgan qazilma boyliklar.

Kondensatsiya - suv bug`ining suyuq holatga o`tishi.

Konveyyer pech – metal buyumlarni bosim bilan ishlash oldidan qizdirish, termik ishlov berish.

Kontinental iqlim -sutka­lik va yillik harorat amplitudalari katta farq qiladigan va yog`in kam yog`adigan joylar iqlimi. Kontinental iqlim aksari dengizlardan uzoq o`lkalarda, shuningdek okeandan tog`lar bilan to`silgan yoki shamol quruqlikdan okeanga qarab esadigan joylarda kuzatiladi.
Konsentrat (lotincha konsen­tratus - to`plangan) - foydali qazilmalarni boyitish (konsen­tratsiya qilish) yo`li bilan olin­gan mahsulot.
Kontsessiya - (lotincha kontses­sio - ruxsat, yon berish) - yer os­ti boyliklari, yer-suv, korxona va shu kabilarni ma’lum shartlar bilan davlat yoki mahalliy idora organlari tomonidan foydalanishga berish shartnomasi. Kontsession shartnomalar mazmuni shartnomada belgilangan shartlarga bog`liq. 
Kooperatsiya (lotincha kooporasio - hamkorlik) - mehnatkashlarning birgalikda xo`jalik yuritish uchun mablag` (pay) to`lab turadigan ommaviy ko`ngilli bir­lashmasi. 
Koordinatalar - Yer sharidagi har qanday nuqtaning geogra­fik kengligi va geografik uzunligi.
Kopra - kokos palmasi mevasi, ya’ni yonrog`ining mag`zi. Kopradan kokos yog`i olinadi, kunjarasi chorva mollariga beriladi.
Koriz - bir-birlari bilan yer ostida birlashtirilgan oqar quduqlar. Koriz trassasi belgilab chiqilgach, trassa bo`ylab har 10 metrda quduqlar qazilgan. Suvli qatlam qalinligiga qarab, suv chiqadigan bosh quduqning chuqurligi 14-30 m, ba’zan 60-70 metr bo`lgan. Quduqlar lahim (tunnel) orqali bir-biriga birlashtirilgan. Lahimning bo`yi 1,5 m, eni 1 m, uzunligi bir necha km gacha bo`lgan. Koriz Yaqin Sharq mamlakatlari, Eron, Afg`oniston va Sharqiy Turkistonda ko`p qurilgan. Korizdan Zakav­kaze va O`rta Osiyoning tog` oldi hududlarida ham keng foydalanilgan.
Kosmos, koinot - atrofimizni o`rab turgan dunyo, zamon va makon bilan cheklanmagan va materiyaning o`z taraqqiyot jarayonida kiradigan shakllariga qarab haddan tashqari xilma-xil borliq. Kosmos cheksiz ko`p kosmik jismlardan iborat bo`lib, ular Yerga nisbatan cheksiz kattadir. Kosmos doimo o`zgarib turadi; planetalar, yulduzlar, yul­duz sistemalari paydo bo`ladi, rivojlanadi, parchalanib ketadi, ularni tashkil etgan materiya yangi shakllarga ki­radi - yangi yulduzlar, yangi yulduz sistemalari paydo bo`ladi. Zamonaviy astronomik asboblar yorda­mida milliard-milliard yulduzlardan iborat son-sanoqsiz yulduz sistemalarini (galaktikalarni) ko`rish yoki rasmga olish mumkin. Ana shu yulduz sistemalari shu qadar uzoqdaki, ularning eng yaqinidan tarqalgan nur bizgacha bir necha yuz ming yilda keladi. Bizdan 15 mlrd. yorug`lik yilidan uzoqda bo`lgan galaktikalar ham ma’lum.
Kredit (lotincha kredituya - qarz) - tovar yoki pul mablag`larini qarzga berib turish.
Krik - Avstraliyada vaqtincha oqadigan suvlar yoki yilning issiq faslida qurib qoladigan daryolar nomi. Yilning quruq paytida ko`pgina kriklar ayrim-ayrim suv havzalariga aylanadi.
Kriogen morfoskulptura (yunoncha krios - sovuqlik) - doi­miy muzlab yotgan yerlar va tog`larning nival (qor-muz) zonasida ekzogen kuchlar ta’sirida paydo bo`lgan relyef shakllari. Masalan, termokarst reylefi, soliflyuksiya reylefi, gidrolakkolitlar va h.k.
Kriolitozona - Yer po`stidagi doimiy muzlab yotgan qatlamli qobiq. Kriolitozonani kriolitologiya fani o`rganadi.
Kriologiya, kriografiya (yunoncha krios - sovuqlik), umu­miy muzshunoslik muz haqidagi fan. Krilogiya qor qoplami, muzlar va muzliklarning fizik, kimyoviy va mineralogik xususiyatlarini o`r­ganadi.

Kriosfera - Yer yuzasining atmosfera, gidrosfera va lito­sfera o`zaro tutashgan hamda muzlari bor yoki muz hosil bo`la oladigan qobig`i. Kriosferaning o`rtacha qalinligi 10 km.
Kuzgi ekinlar - kuzda ekilib kelgusi yili pishib, hosil beradigan ekinlar. Kuzgi ekinlar bahorda bahori ekinlardan oldin rivojlanib, bahorda tuproqda bo`lgan namlikdan to`laroq foydalanadi va be­tona o`tlarni sitsib suyadi. Kuzgi ekinlar bahori ekinlarga nisbatan serhosil bo`lib, ertaroq pishadi - kuz­gi bug`doy, arpa, javdar va boshqa ana shunday ekinlardir.
Kulcha muz - diametri bir necha sm dan 3-4 m gacha yetadigan, qalinligi 10 sm gacha bo`lgan doy­ra shaklidagi parcha muz kulcha muz qor va muz qalamiqlardan hosil hosil bo`ladi. Ko`l va dengizlarda suv muzlashi oldidan kuzatiladi.

Kulob - daryolar qayirida si­zot suvlar, toshqin suvlari, bosh­qa joylarda qor va yomg`ir suvlari to`planib qolgan botiq joylar, zax yerlar. 

Kun botish - gorizontning quyosh botadigan g`arb tomoni.
Kunash - quyoshga qaragan, quyoshga o`ng, yorug` tomon; 
Kun tomon - gorizontning janub tomoni: «kun tomonga qaratib qurilgan uylar quruq bo`ladi. Kunga (kun tomonga) qaratib qurilgan uyda kasal bo`lmas» degan naql bor.
Kungay – tog`, tepa, jar, vo­diy va boshqalarning quyosh nuri ko`p tushadigan, janubga qaragan yonbag`ri, quyosh ko`p tushib turadi­gan joy. Tog`, joy nomlari sifatida ham ishlatiladi: Kungay Olatovi.
Kunduz - sutkaning quyosh chiqqandan botguncha utgap yorug qismi. Kunduzning uzun-qissaligi geografik kenglik bilan yil fasllariga bog`liq. Yer sharining turli joyida kunduz uzunligi xar xildir. Ekvatorda doim kecha bilan kunduz teng bo`ladi. Lekin refraksiya tu­fayli doim kunduzi kechasidan uzoqroq. Shimoliy yarim sharda eng uzun kun 21-22 iyunda, eng qisqa kun 22-dekabrda kuzatiladi.
Kun-tun tengligi - Quyoshning osmon sferasidagi yillik harakat yo`lida uning markazi osmon sferasi ekvatorini bahorgi va kuzgi tun bilan kun tengligi nuqtalarini kesib o`tgan vaqt. Bu vaqtda Yerning qutblardan boshqa hamma qismida kecha bilan kunduz teng bo`ladi. Kun-tun tengligi bir yilda 2 marta: 21-22 mart va 23-sentyabrda bo`ladi.
Kun turish - gorizontning qu­yosh chiqadigan, sharq tomoni. «Kun tug`ish tomondagi tepa tagida joy­lashgan bizning qishloq».

Korroziya - tabiiy suvlar ta`sirida tog` jinslarining erishi.

Kolla - Habashiston tog`laridagi issiq balandlik landshaft mintaqasi. 1800-2000 m gacha ba­landlikda joylashgan. Havoning o`rtacha oylik harorati +20 darajadan ortiq. Tabiiy o`simliklari siyrak o`rmonlar va savanna o`simliklaridan iborat. Tuproqla­ri laterit tipidagi sizg`ish-qo`ng`ir, qizil tuproqlardir. Kofe daraxtining vatani.
Kom - Zarafshon vodiysida katta ariq shunday deb atalgan. Kom jo`ydan ko`ra kattaroq bo`lgan. Bu so`z hozir asosan joy nomlari tarkibida qolgan: Komi Zar (Buxoroga suv bergan Shoxrud kanalining ikki tarmog`idan biri), Shopurkom, Komi Abu Muslim, Konimex (to`g`risi Komi Mug` - «otashparastlar arig`i») va b.
Kombinat (lotincha kombino - birlashtiraman) - 1) korxonalarning bir-birlari bilan texnolo­gik jihatdan birlashishi; 2) bir tarmoqqa mansub bo`lgan va texno­logik jihatdan bir-birlari bi­lan o`zaro bog`lanmagan korxonalarning ma’muriy jihatdan birlashishi (Masalan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati).
Kometalar (yunoncha kometes - sochi uzun) - Quyosh sistemasidagi jismlar; planetalar kabi harakat qiladi. 500 dan ortiq kometa ma’lum. Kometaning yadrosi, bosh qismi va dumi bo`ladi. Kometaning yadrosi eng yorug` qismi bo`lib, yulduzga o`xshay­di. Ba’zi bir kometaning dumi bir necha yuz mln. km keladi, lekin juda siyrak gaz va changlardan iborat bo`ladi.
Kompleks (lotincha komplekus – bog`liqlik) - bir butunni tashkil etadigan predmet, hodisa va xususiyatlar majmui. Masalan, hududiy ishlab chiqarish kompleksi - biron hududda rivojlanayotgan va bir-biri bilan bog`liq tarmoqlar hamda ishlab chiqarishlar majmui.
Kon - yer po`stida bir yoki bir necha xil foydali qazilmalar to`planib qolgan joy, qatlam. Shunday konlarning muayyan geolo­gik tuzilishi bilan bog`langan hududiy to`plami havza de­yiladi.
Kon sanoati - ishlab chiqarishning turli xil xom ashyo va yoqilg`i qazib chiqarish bilan shug`ullanadigan tarmoqlari. Kon sanoati yoqilg`i - energetika xom ashyosi (neft, yonuvchi gaz, ko`mir, yonuvchi slanets va b.) qora, rangdor, asl, nodir, radioaktiv metall rudalari, kimyo sanoati xom ashyosi (apatitlar, fosforitlar, kaliy tuzlari, oltingugurt va b.), mi­neral binokorlik materiallari qazib chiqarish tarmoqlariga bo`linadi. Fan-texnika yutuqlarini joriy qilish natijasida ishlab chiqarishning bu tarmoqlari juda rivojlandi. Foydali qazilmalarni ochiq usulda qazib olish, materik sayozligidan qazib chiqarish tez rivojlanmoqda.
Konveksiya, atmosferadagi konveksiya - harorat farqlari natijasida havoning verti­kal harakat qilishi. Bunda ayrim havo oqimlari yuqoriga ko`tarila­di, dam pastga tushadi. Havo oqimi kondensatsiya darajasiga yetganda bulut paydo bo`ladi.
Konglomerat (lotincha konglomeratus - to`plangan) - qum, sha­g`al va b. tosh bo`laklarining bir-birlariga yopishishidan hosil bo`lgan tog` jinsi. Temir oksidi, karbonatlar, gilli materiallar va silikat kislota konglomeratda sementlovchi material rolini o`ynaydi. Den­giz, ko`l, allyuvial, prolyuvial konglomerat turlari bor.
Kondensatsiya (lotincha konden­satsio - quyuqlashish) - moddaning gaz holatidan quyuqlik holatiga o`tishi. Masalan, atmosferadagi, yer-suv yuzasidagi, tog` jinslari ichidagi suv bug`lari havoning suv bug`lariga to`yinishi yoki haroratning shudring nuqtasigacha pasayishi oqibatida kondensatsiyalanadi.
Konstruktiv geografiya - hozirgi zamon geografiyasida fan-texnika yutuqlari ta’sirida vu­judga kelgan eng yangi, istiqbolli kompleks yo`nalish. Bu atamani fanga akademik I.P.Gerasi­mov kiritgan. Konstruktiv geografiyaning asosiy vazifasi tabiiy va xo`jalik komplekslarini oqilona o`zgartirish, rivojlantirnsh hamda boshqarishdan iborat. Konstruktiv geografiya geografik bashorat va aholi geografiyasining muammoli masalalarini ham o`z ichiga oladi. Ayrim tadqiqotchilar konstruktiv geografiyaning sinonimi sifatida antropo­gen landshaftshunoslik, perspek­tiv landshaftshunoslik, futurgeografiya (kelajak geografiyasi) kabi atamalarini ishlatmoqdalar. Biroq, bularning mazmuni konstruktiv geografiyadan torroq.

Kenglik zonalari – tabiat zonalarini ekvatordan qutblarga tomon Quyoshdan keladigan issiqlikning kamayishi va namlikning taqsimlanishiga qarab, qonuniy ravishda almashinib borishi.

Kemirchak -silliqlanmagan mayda toshlar, shag`al. Yo`llarga solish uchun toshlarni tegirmonda maydalab ham kemirchak tayyorlanadi.
Kvarsit - tarkibi asosan kvarsdan iborat zich, qattiq tog` jinsi. Kvarsli qumtoshlarning qayta kristallanishidan hosil bo`ladi. Kvarsitdan o`tga chidamli g`isht (dinas), kislotabardosh qurilish materiallari tayyorlanadi.
Keng bargli o`rmonlar - qishda barg tashlaydigan shapaloq yaproqli daraxtlar – buk, dub, zarang, jo`ka, grab va boshqalardan iborat o`rmonlar. Keng bargli o`rmonlar deyarli butunlay Shimoliy yarim sharning mo`tadil iqlim mintaqasida tarqalgan.
Kent — katta qishloq, shahar. Sug`d yozuvida va arab geograflarining asarlarida kat (kas) shak­lida qayd qilingan va «uy» ma’nosini anglatgan. K- (kat) qadimiy atamalardan bo`lib, butun O`rta Osiyoda, shuningdek Sharqiy Turkistonda, Eron va Afg`onistonda ko`plab joy nomlari tarkibi­da uchraydi. Kat eroncha, to`g`rirog`i, sug`diycha bo`lib, dastlab bir oila yoki bir necha oila yashaydigan va devor bilan o`ralgan hovlini anglatgan. Kat hind-yevropa, fin-ugor, mongol tillarida ham turli shakllarda ishlatiladi (ukraincha xata so`zi ham kat so`zidan olingan). Kent so`zi joy nomlari tarkibida kan, kand, kat shakllarida ham saqlanib qolgan. Kent shahar nomlari tarkibida ham va qishloq nomlari tarkibida ham uchraydi. Masalan, arab geograflarining asarlarida Iloqda, ya’ni Ohangaron vodiysida tilga olin­gan 14 shahar va qishloqdan 7 tisa, Choch, ya’ni Toshkent atrofida qayd qilingan 27 shahar va qishloqdan 14 tasi kat so`zidan tarkib topgan. Hozirgi davrda joylarga nom qo`yishda kent so`zidan kam foydalani­ladi.
Kechuv, kechik - daryo, soy, ko`llardagi piyoda, otda, mashina va boshqalarda o`tish mumkin bo`lgan sayoz joy.
Kimberlit - tarkibida olmos bo`lgan otqindi tog` jinsi. Kimberlit yumaloq yoki oval shaklidagi quvursimon jismlar hosil qiladi: gaz portlashi natijasida yer po`stida hosil bo`lgan bo`shliqlarga kimberlit to`­lib qolgan.
Kichik metallurgiya - yirik mashinasozlik zavodlaridagi me­tallurgiya sexlari.
Klarklar - Yer po`stidagi kimyoviy elementlarning o`rtacha miqdorini (foiz hisobida) ko`rsatuvchi raqamlar. klerklar akademik A.Ye.Fersman tavsiyasiga ko`ra akademik olim F.Klark nomi bi­lan ataladi. Klark landshaftlarni va ayrim komponentlarni geokimyoviy jihatdan o`rganishda muhim ahamiyatga ega. Landshaftlarda ayrim elementlar klarkining oz-ko`pligi katta rol o`ynaydi. Masalan, O`rta Osiyoning ba’zi tog` oldi hududlari suvi tarkibida iod klarkining kichikligi butqoq hosil bo`lishiga olib keladi.
Konglomerat– qum, shag`al va boshqa tosh bo`laklarining bir-biriga yopishishidan hosil bo`lgan tog` jinsi.

Koks - kokslanuvchi ko`mirlari maxsus pechlarda havo ishtirokisiz 950-1050 darajagacha qizdirish yo`li bilan olinadigan yoqilg`i. Koks g`ovak parchalardan ibo­rat bo`lib, tarkibida uglerod 98% ga yetadi. Issiqlik berish qobiliyati - 8000 kkal/kg. Domna pechlarida cho`yan eritib olishda yoqilg`i bo`lib xizmat qiladi.

Koks gazi – toshko`mir kokslanayotganda olinadigan gaz; bu jarayonda gaz bilan bir qatorda suyuq mahsulot (smola) va qattiq qoldiq (koks) hosil bo`ladi. Koks gazi qimmatli yoqilg`i va kimyo sanoatida keng ishlatiladigan xom ashyodir.

Kontakt konlar – magma tog` jinslarini yorib chiqayotganda magma bilan tog` jinslarining bog`lanish doirasida hosil bo`ladigan konlar.

Kontenintal yotqiziqlar – tog` yon bag`irlari, daryolar, botqoqliklar, ko`llar hamda cho`l va sahrolarda hosil bo`lgan yotqiziqlar. Har xil sharoitda har xil ko`rinishda bo`ladi.

Kontenintal iqlim – katta quruqliklarning atmosferaga ta`siri ostida shakllanadigan iqlim.

Konsentrat– foydali qazilmalarni boyitish natijasida olinadigan va qayta ishlanadigan mahsulotlar.

Koriz– yer osti suv inshooti, suvi tashqariga oqib chiqadigan oqar quduq.

Kosmik zondlar – quyosh sistemasidagi jismlar va sayyoralararo fazoni o`rganish uchun uchuriladigan ilmiy apparat. 

Kokslanuvchi ko`mir – toshko`mirning kokslanganda (havosiz qizdirilganda) koks, koks gazi va smolalar beradigan turi.

Kriklar– mavsumiy, qurib qoluvchi daryolar.

Kryaj– silliq, do`ng shaklida uzunasiga cho`zilgan qir, qadimgi qor qoldiqlari.

 
Krater– otilib chiqqan vulqon cho`qqisida yoki yon bag`rida hosil bo`lgan kosa yoki voronka shaklidagi chuqurlik.

Kriolitozona– yer osti muzlari uzoq saqlanadigan hudud.

Kriklar - mavsumiy qurib qoladigan daryo yoki vaqtincha oqim. Asosan Avstraliyada qo`llaniladigan oqim. 

Kserofitlar namlik yetishmaydigan sharoitda o`sadigan o`simliklar.

Ko`rfaz– okean, dengiz yoki ko`lning quruqlik ichkarisiga ancha kirib borgan qismi.

Kungay– tog`, tepa, jar, vodiy va boshqalarning Quyosh nuri ko`p tushadigan, janubga qaragan yon bag`ri.

Ko`chki– tog` yon bag`rining yuqori qismida yig`ilib qolgan qorning shiddat bilan pastga otilib tushishi.

Ko`lob– daryolar qayirida sizot suvlar, toshqin suvlari, yog`in suvlari to`planib qolgan botiq joylar.
Ko`zanak qum - gryadalari ari uyasiga o`xshab bir-biriga tik yo`nalgan qumlar. Ko`zanak qumlar odatda bir-biriga perpendikulyar shamollar kuchi teng bo`lgan sharoitda vujudga keladi. Qizilqumning markaziy qismida ko`p uchraydi.
Ko`k - osmon. «Ko`kka bulut chiqibdi, havo ayniqsa kerak».
Kuk suv - toza, tiniq suv. Qattiq tog` jinslaridan oqib o`tadigan, ko`llardan, tog`dagi muzdan oqib tushadigan, buloqlardan oqib chiqadigan suvlar ana shunday tiniq, ko`kimtir rangda bo`ladi. Daryolar nomi sifatida ham uch­raydi. Masalan, Ko`kko`ldan oqib chiqadigan Ko`ksuv daryosi.
Ko`l - quruqlikdagi chuqurliklarni to`ldirgan suv havzasi. Ko`llar hosil bo`lishiga ko`ra tek­tonik (Issiqko`l, Baykal va b.), vulkan ko`llari (vulkan kraterlarida – og`izlarida), muzlik ko`llari (muzlik o`yib hosil qil­gan chuqurliklarda, morenalar to`sib qo`ygan vodiylarda), karst ko`llari, liman ko`llari, o`zan ko`l­lari, sun’iy ko`llar (suv omborlari) bo`ladi. Suv rejimiga ko`ra oqar va oqmas ko`llar bo`ladi. Suvida erigan tuzlar miqdoriga qarab sho`r (mineralli) va chuchuk suvli ko`llarga bo`linadi. Eng katta ko`llar O`rta Osiyoda - Kas­piy, Orol, Issiqko`l va boshqalar.

Ko`l temir rudasi – ko`lda hosil bo`ladigan temir rudasi. Ko`lga suv bilan oqib kelgan gil holidagi temir va organik moddalarning chuqishidan hosil bo`ladi. Ko`l temir rudasi bir oz miqdorda O`zbekistonning quyi yura qatlamlarida (Angren ko`mir koni, Farg`ona vodiysi va Hisor tog`lari janubida uchraydi.
Ko`lanka - soya joy.
Ko`lmak (halqob) - kuchli yog`in, toshqin vaqtlarida chuqur, past, botiq yerlarni to`ldiradigan suv, grunt suvlari yer yuzasiga chiqib to`planib qolgan zax, botqoq yerlar.
Ko`lshunoslik, limnolo­giya - gidrologiyaning ko`llarni, suy omborlari, hovuzlarni o`rganadigan sohasi. Ko`lshunoslik suv havzalarining kelib chiqishi, geografik o`r­ni, morfologiyasini, suvning fizik va kimyoviy xossalarini suv havzalaridagi jarayon va hodisalarning vujudga kelishi hamda ri­vojlanish qonuniyatlarini, o`simlik va hayvonot dunyosini o`rga­nadi. Ko`lshunoslik suv transporti, gidro­energetika, suv ta’minoti, sug`orish, baliq ovi va baliq urchitish, tabiiy boyliklar qazib olish, tibbiyotda muhim ahamiyatga ega.
Ko`p yillik muzloq yer - mangu go`ng yer, abadiy muzloq yer. Uzoq vaqt davomida (bir necha yildan to ming yillargacha) muzlab yotadi­gan (harorati 0 darajadan past bo`lgan) tog` jinslari. Odatda qutbiy o`lkalarda va baland tog`larda uch­raydi. Ko`p yillik muzloq yerlarning vujudga kelishi haqida ikki xil fikr bor: bir fikrga ko`ra, ular muz bosish davridan qolgan relikt hosiladir, boshqa fikrga ko`ra, hozirgi zamonda vujudga keladi. Yillik o`rtacha harorat 0 darajadan past o`lkalarda hozir ham ko`p yillik muzloq yerlar vujudga kelayotgani haqida ma’lumotlar bor. Ko`p yillik muzloq yerlarning yuza qatlami qisqa yoz faslida eriydi, sovuq tushishi bilan muzlab qoladi; bu qatlam faol qatlam de­yiladi.
Ko`rtosh - katta qismi mayda, g`ovak jinslar, suv, o`simliklar orasida ko`milib qolib, kichik qismi ko`rinib turgan yirik g`ulatosh, Ko`rtoshlar suvda kemalar qatnoviga, yo`llarda izsiz transport harakatiga qiyinchilik tug`diradi.
Ko`r g`or – og`zi ochilmagan yoki nuroq jinslar, o`simliklar bilan berkilib ketgan tog`lar.
Ko`sa yer - o`simlik o`smaydigan taqir, yalang`och yer.
Ko`tal - tog`lardan oshib o`tgan yo`l, pastroq dovon. Ko`tal so`zi tarixiy manbalarda, masalan, «Bobirnoma»da joy nomlari tarki­bida uchraydi. Jizzax viloyatida O`zbekko`tal, Qozoqko`tal degan joylar bor.
Ko`tarilma buloq - quvi ko`­tarilib, «qaynab» chiqadigan bu­loq. Katta bosim ostidagi suvli qatlam eroziya natijasida ochilib qolishidan hosil bo`ladi. Ko`tarilma buloqlar daryo o`zanlarida, jarlarda, yonbag`irlarda uchraydi. Tektonik yoriq, siljiqlarda ham bo`ladi.
Ko`tarilma oqim— ko`l, dengizlarda suvning yuqoriga ko`tari­lib chiqishi. Shamol ko`l, dengiz­ning yuza qismidagi suvni haydab ketib, suv sathi pasayganda pastdan suv ko`tarilib chiqadi. Mo`tadil mintaqalardagi ko`llarda qish boshida yuzadagi suv sovib, og`irlashib pastga tushadi va uning o`rniga pastdan yengil iliq suv chiqadi. Natijada ko`tarilma va pasayma oqim vujudga keladi.
Ko`tarilma shamol - 1) iliq havo massasining front yuzasi bo`ylab yuqoriga tomon harakatlanishi. Siklonlarning iliq frontida yer yuzasini qoplagan sovuq havo ustiga iliq yengil havo chiqa boradi va dastlab patsimon, so`ngra yomg`irli qat-qat bulutlarni hosil qiladi; 2) Yer yuzasi sizishidan pastdagi havo ham isib yuqoriga ko`tarilishi. Bunda to`p-to`p bulutlar hosil bo`ladi. Bun­day hodisa O`rta Osiyo tekisliklarida bahorda, tog`larda yozda ham kuzatiladi. 
Ko`tarma - ikki izza oralig`idagi baland joy. Ko`pincha zahob, botqoq, izza joylarda turli inshoot, yo`l qurilishi maqsadlarida bunyod etiladi.
Ko`chki - 1) tog`larda yonbag`irning yuqori qismida yig`ilib qolgan qorning shiddat bilan otilib tushishi. Qor ko`chishiga qorning ko`p yig`ilib qolishi, yonbag`irdagi qorning qaytadan kristallanishi, harorat ta’sirida zichlanishi oqiba­tida qor qoplami ichida bo`sh qatlamning vujudga kelishi sabab bo`ladi. Bir qor ko`chishda 1,5-2 mln. m.kub gacha qor ko`chgani kuzatilgan. Qulab tushgan qorning qalinligi 60 m ga yetgan. Qor ko`chkilari O`rta Osiyoda, Kavkazda, Alp, Kordilyera tog`larida ko`p ro`y berib turadi. Ba`zan qishloqlarga, yo`llarga, aloqa liniyalariga, tog`lardagi o`rmonlarga katta zarar yetkazadi; 2) tog` jinslarining og`irlik kuchi ta’sirida yonbag`ir bo`ylab pastga surilib tushishi (Surilma); 3) tog` jinslari katta massasining tog`larining tik, jarlik yonbag`irlarida tog`dan uzilib, qulab tushishi.
Ko`histon(tog`iston) – tog`lar o`lkasi, tog`li o`lka.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.