Yuklanmoqda...

Dovul, to`fon va quyunlar 

1905

Dovul, to`fon va quyunlar Dovul, tufon, quyunlar - birgina shamolning turlicha nomlanishi bo`lib, ularning bir-biridan farqi tezligidadir.
 Dovul (tayfun) - qattiq bo`ron bo`lib, uning chekkalarida shamol tezligi 30 m/soniyani tashkil qiladi, shamolning shidda tezlik bilan «yashaydi», sayyoramiz bo`ylab 9-12 sutka davomida harakatda bo`ladi. Sinoptiklar dovullar bilan ishlash oson bo`lishi uchun unga nom berishadi.
  Dovul o`zining vayron qiluvchi kuchi bilan zilzilaga teng keluvchi sayyoraning atmosfera dahshatlaridan biri. U binolarni vayronaga aylantiradi, ekinzorlarni payhon qiladi, daraxtlarni ildizi bilan sug`urib tashlaydi, yengil inshootlarni buzib yuboradi, ko`prik va yo`llarni shikastlaydi. U odamni bemalol havoga ko`tarishi yoki uning ustiga shifer, oyna, gisht, turli buyumlar bo`laklarini olib kelib tashlashi mumkin.
  Dovullar sodir bo`lishini oldindan aytib berish mumkin. Shu sababli dovul boshlanishidan avval aholini ogohlantirish uchun «DIQQAT, BARCHAGA!» signali beriladi. Signal ovozini eshitgach, televizor va radiopriyemniklardan beriladigan axborotni tinglash kerak. Berilgan axborot mazmuniga qarab, muhofaza tadbirlarini ko`rish lozim, ya’ni binoning shamol uradigan tomonidagi deraza, eshiklarni yopish, deraza oynalariga qogoz yopishtirish, iloji bo`lsa tusqichlar bilan to`sish, ichki bosimni muvozanatlash uchun shamol tegmaydigan tomondagi eshik va derazalarni ochib, shu holatida qotirib quyish, suv va oziq-ovqat, dori-darmonlar, fonar, kerosin lampa, sham, poxod plitasi, batareyka bi­lan ishlaydigan radiopriyemniklarni shay qilib qo`yish kerak. Hujjatlar va pullar yoningizda bo`lsin. Hovli, tom, ayvon, deraza tokchalaridagi buyumlarni shamol uchirib ketmaydigan joyga qo`yish yodingizdan ko`tarilmasin. Uylar pechkalar bilan isitiladigan bo`lsa, olovni o`chiring va elektr ta’minoti uzilib qolishi mumkinligiga tayyor turing.
  Radiopriyemnik va televizor doimo ishlab turishi kerak, chunki yangi muhim axborot berib qolinishi mumkin.
  Bolalar bog`chalari va makеablardagi o`quvchilar uylariga tarqatilish, mashg`ulotlar bekor qilinishi lozim. Agar ogohlantirish signali kechroq berilgan bo`lib, bolalarni tarqatishga ulgurilmasa, ularni binoning yerto`lasiga yoki markaziy qismiga joylashtirish lozim. Yaxshisi dovul paytida avvaldan tayyorlab qo`yilgan panajoylarda yoki hech bo`lmaganda yerto`lada panoh topgan ma’qul. Agar buning iloji bo`lmasayu, siz tabiiy ofat vaqtida binoda bo`lishingizga to`g`ri kelsa, u holda eng xavfsiz joyni tanlash zarur. Uyning o`rta qismi, yo`laklar, binoning birinchi qavati shunday xavfsiz joy hisoblanadi. Deraza oynalari parchalari sizni yarador qilishi mumkin, shuning uchun ham devorga yopishib turish, devorga qurilgan shkaf ichiga kirib olish yoki ustingizni ko`rpalar yordamida muhofaza qilishingiz zarur.
 Agar dovul kuchi avvaldan ma’lum bo`lsa, uning qanchalik xavfli ekanligini oldindan taxminan bilish mumkin.
  Dovul yoki tufon vaqtida siz ko`chada bo`lsangiz, iloji boricha binodan uzoqroqda bo`lish va ariq ichiga, yerga yopishib yotib olish zarur. Bu sizni xavf manbalaridan muhofaza qiladi. Agar yaqin orada panajoy yoki bino yertulasi mavjud bo`lsa, iloji boricha tezroq u yerga kirib olishga harakat qiling.
  Ko`prik, gaz magistrallari kabi yirik inshootlarni har qanday holda ham chetlab o`tish kerak. Shuni yodda tutish lozimki, bunday kuchli tabiiy ofatlarning natijasi odatda yong`in va boshqa texnogen avariyalardir. Shu sababli kimyoviy korxonalar va neftni haydovchi zavodlar, turli xavfli ob’ektlar va elektr tarmoqlaridan uzoqroqda bo`lgan ma’qulroq. Aytgandek, tufon bilan birga ko`p hollarda momaqaldiroq birga kelgani uchun undan shikastlanish ehtimoli ham yo`q emas.
  Shamol to`xtashi bilanoq darhol ko`chaga chiqish mumkin emas: bir necha daqiqadan so`ng shamol yana qaytarilishi mumkin. Dovul to`xtaganiga ishonch hosil qilinganidan so`nggina osilib turgan narsalar, bino qismlari, uzilgan simlar yo`qligini tekshirib ko`rish, shundan keyin uydan chiqish mumkin. Gaz hidi kelmayot ganini ham tekshiring. Avval bunga ishonch hosil qilib, so`ng olov yoqing. Liftdan foydalanmang.
  Tabiiy ofatning yana bir turi - qor bo`roni. U bir necha sutka davom etishi mumkin. Biroq, oz fursat - bir necha soat davom etgan shamol ham shahar hayotini jiddiy izdan chiqarishi mumkin. Bunday vaqtda juda zarur bo`lgandagina uydan chiqing.
 Avtomobilda bo`lsangiz, faqat katta yo`ldan harakat qilish mumkin. Agar mo`ljalni yo`qotib qo`ysangiz va qayoqqa yurish kerak ekanligini mashinadan tashqariga chiqib qurmoqchi bo`lsangiz, u holda mashinadan juda ham uzoqlab ketmang. Umuman, eng yaxshisi yaqin o`rtadagi biror aholi yashash joyida qor bo`roni o`tib ketishini kutgan ma’qulroq.
  Qum bo`roni ham bu turdagi tabiiy ofatlardan biridir. Qum bo`roni boshlanishining eng to`g`ri belgisi – to`satdan jimjitlik boshlanishidir. Tovushlar birdaniga o`chadi. Cho`l xuddi jonsizga o`xshab qoladi. Havo yetishmayotgandek tuyuladi.
  Gorizontda ko`ringan bulut tezlikda kattalashib, qora bulutga aylanadi. Go`yoki yo`qlgandek tuyulgan shamol birdan ko`tarilib, tezda 150-200 km/s tezlikka erishadi.
  Qum bo`ronidan muhofazalanish uchun avvalo joy tanlay bilish kerak. Katta tosh, daraxt sizni qumdan muhofaza qilishi mumkin. Mashinada ketayotgan bo`lsangiz, uni shamol yo`nalishiga nisbatan shunday to`xtatish kerakki, yashirinish joyi shamol urmaydigan tomonda bo`lsin. Agar muhofaza vositasi faqatgina tosh yoki daraxtdan iborat bo`lsa, yerga yotib, boshingizni latta bilan o`rang, ro`mol orqali nafas oling.
Hech qachon harakatni davom ettirishga harakat qilmang. Qum bo`ronlari odatda, uzoq davom etmaydi.
  Quyun (tornado) - diametri bir necha undan yuzlab metrga yetadigan aylanuvchi havo ustunidir.
Quyun yaqinlashganda quloqni qomatga keltiruvchi shovqin eshitiladi. Quyun ona yoki boshqacha aytganda
quyun bulutidan (momaqaldiroq buluti) tug`iladi, uzun xartum ko`rinishida pastga yergacha tushadi. Ustundagi havo soat millariga teskari yo`nalishda 100 m/soniyadan ortiqroq tezlikda aylanadi.
Ulkan havo girdobi ichida bosim doimo past, shu sababli u yerga shamol ko`tara olishi mumkin bo`lgan barcha narsalar surib olinadi va spiral bo`yicha yuqoriga ko`tariladi.
  Quyun yer yuzi bo`ylab 50-60 km/s tezlikda harakat qiladi. Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, uning paydo bo`lishi kishini darhol vahimaga soladi. Bu faqat uning dahshatliligidan emas, balki uning halokatli oqibatlaridan ham tushunarlidir. Quyun qumni minglab metr balandlikka ko`tarishi mumkin. U daraxtlarni ildizi bilan qo`porib tashlashi, avtomobillarni havoga ko`tarishi, telegraf ustunlarini atrofga sochib yuborishi, binolarning yuqori qavatlarini vayron qilib, unlab kilometr masofaga uchirib ketishi mum­kin.
Agar kuchli quyun vaqtida muhofaza choralari ko`rilmasa, u odamni 10 qavatli bino balandligigacha ko`tarib chiqishi, odamning ustiga uchirib ketayotgan narsalar bo`laklarini olib kelib tashlashi, bino vayronalariga yopishtirib qo`yishi ham mumkin.
 Quyun yaqinlashib kelayotganida eng yaxshi qutqaruv vositasi - panajoylarda jon saqlashdir. Agar metereo loglar oldindan ogohlantirgan bo`lsalar, favqulodda vaziyatlar bopqarmasi (bo`limlari) xodimlari mahalliy televideniye va radiotarmoqlari orqali aholiga xabar beradilar. Axborotda sizning qanday harakat qilishingiz lozimligi aytiladi.
  Dovul yoki tufon vaqtida qanday muhofaza choralarini ko`rgan bo`lsangiz, bu holda ham xuddi shunday ishlarni amalga oshiring. Quyun vaqtida binoning ichida emas, balki faqat yerto`lalarda yashirinish mum­kinligini esdan chiqarmang. Agar ochiq yerda quyunga duch kelsangiz, u holda yo`l chetida, jarlik, chuqurliklarda berkinish va yerga mahkam yopishib yotish kerak. Shahardan tashqarida mashinada ketayotgan bo`lsangiz ham harakatlaringiz shu tariqa amalga oshirilishi lozim. Shahar ichida transport vositasida bo`lsangiz, tezlikda uni tark etib, yaqin oradagi bino yerto`lasiga kirish zarur.
 Bunda shamol yoniga jala yoki do`l hodisasi qo`shilishini ham e’tiborga olish lozim.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash