Yevrosiyo aholisi va siyosiy xaritasi 

11 444

Aholi soni va irqlari. Yevrosiyoda 2016-yil 1-iyul hisobi bo‘yicha 5 mlrd 177 mln kishi yashaydi (Yevropada 740 mln, Osiyoda 4 mlrd 437 mln). Bu dunyo aholisining asosiy qismini tashkil etadi. Yevrosiyo aholining zichligi (1 kv km ga 96 kishiga yaqin) va o‘sishi bo‘yicha boshqa  materiklarga nisbatan oldinda turadi. Aholining o‘sishi O‘rta Osiyoda, Osiyoning janubi va janubi-sharqiy qismida yuqori bo‘lsa, Yevropada ancha past. Hindiston yarimoroli, Buyuk Xitoy tekisligi, Yevropada aholi zich, materikning shimoliy qismi, tog‘lar va cho‘llarida juda siyrak yashaydi.

Yevrosiyoda, asosan, yevropeoid va mongoloid irqlariga mansub bo‘lgan aholi yashaydi. Aholining deyarli yarmi yevropeoid irqiga tegishli bo‘lib, Yevropa va Osiyoning janubi g‘arbida tarqalgan.

Yevrosiyo xalqlari. Odatda, aholini xalqlarga ajratishda mezon hisoblangan tili, tarixan an’ana bo‘lib kelgan madaniy-ma’naviy merosi (urf-odatlari), turmush tarzi hisobga olinadi. Jumladan, tiliga ko‘ra, Yevropa qit’asida uchta yirik guruh - german, roman, slavyan guruhlari mavjud. Osiyoda esa xitoylar va hindlar dunyodagi eng ko‘p sonli xalqlardir. Turklar, turkmanlar, o‘zbeklar, qozoqlar, qirg‘izlar, ozarbayjonlar, qoraqalpoqlar, tatarlar, boshqirdlar turkiy til guruhini tashkil etadi.

Yevrosiyoning siyosiy xaritasi. Materikning siyosiy xaritasida 90 tadan ortiq davlat bor. Maydoniga ko‘ra yirik davlatlardan Rossiya (maydoni 17,1 mln kv km), Xitoy (9,6 mln kv km), mitti davlatlardan Vatikan (0,4 kv km), Lixtenshteynni (0,2 ming kv km) ko‘rsatish mumkin. Eng ko‘p sonli aholisi bor davlatlarga Xitoy (1,35 mlrd dan ortiq), Hindiston (1,3 mlrd ga yaqin), Indoneziya (259,4 mln), Pokiston (203,4 mln), Bangladesh (162,9 mln), Rossiya (144 mln dan ortiq), Yaponiya (125,3 mln) kiradi. Bu davlatlarda Yevrosiyo aholisining yarmidan ko‘p qismi yashaydi. Yevrosiyo siyosiy xaritasining shakllanishi uzoq davom etgan tarixiy jarayon bo‘lib, unda jamiyatning rivojlanishi aks etadi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.