Yer yuzi aholisi, irqlar 

13 961

Yer yuzi aholisi, irqlar. Aholi soni jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti davomida o‘sib kelgan. Masalan, eramizning boshlarida 230 mln, 1 000-yilda 305 mln, 1 500-yilda 440 mln kishiga yetgan. Oxirgi ming yillikda aholining ikki baravar ko‘payishi uchun 600 yil kerak bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi marta ikki baravar ko‘payishi uchun 230 yil, uchinchisiga 100 yil va to‘rtinchisiga 40 yil kerak bo‘lgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, Yer yuzi aholisi 2020-yil 1-iyul holatiga ko`ra, 7 mlrd 773 mln. kishidan ortdi. Aholi soni eng ko‘p (100 mln dan ortiq) mamlakatlar Xitoy, Hindiston, AQSH, Indoneziya, Braziliya, Pokiston, Nigeriya, Bangladesh, Rossiya, Meksika, Yaponiya va Filiрpin.

XX asrning 60-yillarida „demografik portlash", ya’ni aholining juda tez sur’atlar bilan o‘sishi kuzatildi. Aholining o‘sishi Afrika, Osiyo va Amerika mamlakatlarida yuqori bo‘lsa, ko‘plab Yevropa mamlakatlarida past ko‘rsatkichga ega.

Dunyo aholisi, asosan, uchta katta irqqa mansub. Bular yevropeoid, mongoloid va negroid. Bu asosiy irqlar orasida ko‘p oraliq (aralash) irqlar mavjud.

Aholining joylashish xususiyatlari. Dunyo aholisining notekis tarqalganligiga mamlakatning geografik o‘rni, tabiiy sharoiti, tarixan rivojlanishi, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, tabiiy boyliklar bilan ta’minlanganligi kabi omillar ta’sir ko‘rsatadi.

Dunyo aholisining asosiy qismi dengiz va okean sohillariga yaqin masofada yashaydi. Bunga sabab tabiiy sharoitining yashash uchun qulayligi, eng arzon dengiz transportiga yaqin bo‘lganligi, eng yirik dengiz port-shaharlari tarkib topganligi bilan bog‘liq.

Yer yuzida aholi zich joylashgan to‘rtta yirik hudud shakllangan. Bular: Janubiy Osiyo, Sharqiy Osiyo, G‘arbiy Yevropa va Shimoliy Amerikaning sharqiy qismi. Buning omillari — tabiiy sharoitning qulayligi, xo‘jalikning yaxshi rivojlanganligi va qadimdan aholi yashab kelayotganligidir.

Tabiiy boyliklar va ularning inson uchun ahamiyati. Inson o‘zining kundalik ehtiyojlarini qondirish maqsadida tabiat boyliklaridan foydalanishga majbur. Tabiat boyliklarini beshta asosiy guruhga ajratish mumkin: mineral, iqlimiy, suv, yer va biologik boyliklar.

Aholining yashashi uchun yoqilg‘i, rudali va noruda mineral boyliklar zarur. Ularsiz jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini tasavvur etish qiyin. Rudali foydali qazilmalarga temir, mis, olmos, oltin, uran va boshqalar, noruda mineral boyliklarga oltingugurt, fosforit, osh tuzi va boshqalar kiradi.

Insoniyatning qishloq xo‘jalik mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish hamda tabiat qo‘ynida dam olishi (rekreatsiya) uchun iqlimiy boyliklarning ahamiyati beqiyos.

Xo‘jalikda eng ko‘p foydalaniladigan tabiiy boylik suv hisoblanadi. „Suv bor joyda hayot bor", „Suv tugagan joyda hayot tugaydi", degan xalq maqollari suvning bebaho tabiiy boylik ekanligidan dalolat beradi.

Dehqonchilikni rivojlantirishda hosildor tuproqlarning ahamiyati juda katta. Muayyan hududning hayvonot olami va o‘simlik qoplami biologik boyliklarni tashkil etadi. Bu boyliklarning eng muhim xususiyati ularni qayta tiklash mumkinligidir.

Aholining tabiat bilan aloqadorligi. Inson o‘z ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni tabiatdan oladi. Natijada, tabiatga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa turli tabiat komplekslari shakllanishiga olib keladi.

Tabiiy komplekslar inson ta’siri darajasiga ko‘ra uch guruhga ajratiladi:
1. Tabiiy landshaftlar. 2. Tabiiy-antropogen landshaftlar. 3. Antropogen landshaftlar.
Tabiiy landshaftlar deganda insonlar tomonidan foydalanilmaydigan hududlar landshaftini tushunamiz. Ularga Antarktida, Shimoliy Muz okeanidagi doimiy muzliklar va orollar, baland tog‘lar, cho‘llar, qalin o‘rmonzorlar misol bo‘ladi.

Tabiiy-antropogen landshaftlar tabiiy va antropogen landshaftlarning oralig‘ida tarkib topadi. Ularga yaylovlar, lalmikor yerlar kiradi.

Antropogen landshaftlar — kishilarning xo‘jalik faoliyati ta’sirida o‘zgargan tabiiy landshaftlar bo‘lib, ular Yer yuzasida keng tarqalgan. Aholi punktlari — qishloq va shaharlar antropogen landshaftlarning namunasi hisoblanadi. Shaharlar landshafti dastlab 5-4 ming yil muqaddam „qal’a shahar", „shahar-davlat" sifatida shakllana boshlagan.

Tabiatni va tabiiy resurslarni muhofaza qilish maqsadida qo‘riqxonalar, buyurtma maskanlari, milliy bog‘lar tashkil etiladi. Yo‘qolib ketish xavfi bo‘lgan o‘simlik va hayvonot olami „Qizil kitob"larga kiritiladi va alohida muhofaza qilinadi. Bunday chora-tadbirlar yagona umumiy uyimiz Yer tabiatini va insonlar sog‘lig‘ini asrash uchun xizmat qiladi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.