Yevrosiyo iqlimi 

13 820

Yevrosiyoning iqlimi boshqa materiklar iqlimiga qaraganda ancha xilma-xil. Materik iqlimining xususiyatlari, avvalo, Yevrosiyo hududining shimoldan janubga va g‘arbdan sharqqa qarab juda katta masofaga cho‘zilganligiga bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, okeanlardan keladigan havo massalariga va relyefiga bog‘liq.

Geografik kenglikning iqlimga ta’siri. Quruqlikning shimoldan janubga qarab uzoq masofaga cho‘zilganligi issiqlikning taqsimlanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Yevrosiyoda iyul oyining o‘rtacha harorati ancha yuqori. Uning shimolida bu harorat +12 °C ga va janubida +28 °C ga teng. Arabiston yarimorolida esa +32 °C ni tashkil etadi. Qish materikning g‘arbida iliq, lekin shimoli-sharqida juda sovuq bo‘ladi. Ayniqsa, Sibirda yanvar oyining o‘rtacha harorati –48 °C gacha pasayadi. Ayrim kunlari bu harorat Oymyakonda –71 °C ga tushib ketgan. Shuning uchun bu yer Shimoliy yarimsharning „sovuqlik qutbi" deb ataladi. Qish Yevropaning janubi-g‘arbida iliq, Osiyoning janubida esa issiq (+20 °C) bo‘ladi. Asosiy iqlim elementlaridan hisoblangan yog‘in miqdori ham materik ichkarisi tomon kamayib boradi. Dunyodagi eng ko‘p yog‘in tushadigan joy Hindistondagi Cherrapunja qishlog‘idir. Bu yerda o‘rta hisobda yiliga 12 665 mm yog‘in yog‘adi. 1856-yilda bu yerga 23 000 mm ga yaqin yog‘in tushgan.

Okeanlarning iqlimga ta’siri. Yevrosiyoda iqlim sharoiti faqat kenglik bo‘ylab o‘zgarib qolmasdan, balki g‘arbdan sharqqa tomon ham o‘zgaradi. Iqlimning bunday o‘zgarishiga asosiy sabab, Yevrosiyo materigining g‘arbiy qismi doimo Atlantika okeanidan keladigan iliq va nam dengiz havo massasi ta’sirida bo‘lganligidir. Natijada, G‘arbiy Yevropada yog‘in ko‘p yog‘adi, qish ancha iliq, yoz esa salqin bo‘ladi.

Sharqqa borgan sari dengiz havo massasining tarkibida namlikning kamaya borishi natijasida yog‘ingarchilik miqdori ham kamayadi, iqlimning kontinentalligi orta boradi, yoz oylarining harorati ko‘tariladi, qishning harorati esa juda pasayadi, natijada qish va yoz oylarining haroratlari o‘rtasida katta farq vujudga keladi. Yozda Tinch okeandan keladigan dengiz havo massasi, ya’ni yozgi musson shamollari o‘zi bilan ko‘p miqdorda yog‘in keltiradi. Qishda materik ustida, ayniqsa, Markaziy Osiyoning katta qismida yuqori havo bosimi markazi tarkib topadi, natijada ob-havo quruq va ochiq bo‘ladi, yog‘in kam tushadi, sovuq havo hukmronlik qiladi. O‘zbekiston hududida ham ana shunday ob-havoning kuzatilishiga Markaziy Osiyodan kirib keladigan havo sababchidir.

Relyefning iqlimga ta’siri. Yevrosiyo Yer yuzasining tuzilishi ham iqlimning hosil bo‘lishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, baland tog‘ tizmalari atmosferada harakat qilayotgan iliq va sovuq havo massalarini to‘sib qolib, iqlimning keskin o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Bunday holni Alp, Kavkaz, Tyanshan, Himolay tog‘lari misolida ko‘rish mumkin. Bu tog‘ tizmalari g‘arbdan sharqqa tomon cho‘zilgan bo‘lib, shimoldan keladigan sovuq shamollarning janubga o‘tishiga to‘sqinlik qiladi. Yevrosiyo tog‘larida iqlim sharoiti balandlik mintaqalari bo‘yicha ham o‘zgaradi. Balandlik iqlim mintaqalari Alp, Karpat, Kavkaz, Tyanshan, Himolay kabi tog‘larda ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. Tibet va Pomir tog‘liklaridagi iqlim baland tog‘ iqlimi bo‘lib, yozining iliqligi, qishining qattiq sovuqligi va atmosfera yog‘inlarining juda kam yog‘ishi bilan boshqa joylardan farq qiladi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.